Daraxtlar
Biz qorda qolgan daraxt tanasiga o‘xshaymiz, asli. Ko‘rinishidan ular bemalol yotishganday va siljitish uchun ozgina surish yetarli. Yo‘q, asli buni amalga oshirmoq imkonsiz — ular yerga mahkam o‘rnashgan. Ammo qarang, bu ham faqat ko‘rinish, xolos.
Tog‘ sayohati
Bilmayman, hech kim meni eshitmasada, baqirdim: Bilmayman! Agar hech kim kelmasa, demakki, hech kim kelmaydi. Hech kimga yomonlik qilmaganman, hech kim menga ham yomonlik qilmagan, ammo yordam ham bermagan. Hech kimlar to‘dasi. Yo‘q, asli bari ham haqiqatmas. Hech kimlar to‘dasi afzalrog‘i, biroq yolg‘iz hech kim menga yordam beradi. Ne sababdan hech kimlar to‘dasi bilan sayohatga chiqishni xohlamasligim kerak?! Tog‘larga, albatta, yana qayerga ham bo‘lardi.
Qarang, hech kimlar to‘dasi qanday bir-biriga turtilib-surtilib, chirmashgan qo‘llarini birgalikda ko‘targancha, qadamlarini qanchalar yaqin tashlab ketishmoqda! Albatta, ular kostyum-shimda.
Biz judayam xursand ketib borayotirmiz, shamol esa oralarimizdagi bo‘shliqlardan esib o‘tmoqda. Biz tog‘larda erkinmiz va tomoqlarimizda nedir to‘lib-toshib, mavjlanayotir. Dabdurustdan baqirib qo‘shiq aytmayotganimiz esa g‘alati.
Liboslar
Ko‘pgina kelishgan qomatlarga silliq yarashib turgan turli hashamdor burmali liboslarni ko‘rsam, ular bu silliqlikni uzoq saqlay olmasligi, qachonlardir dazmollab bo‘lmaydigan darajada g‘ijimlanishi, bezaklari tozalab bo‘lmas qalin chang bilan qoplanishi mumkinligi va hech qachon hech kim har kuni ertalabdan kechgacha ayni mantiyani kiyish bilan baxtsiz va ahmoqqa aylanishni istamasligi haqida o‘ylayman.
Va haligacha anchagina barno, mushaklari maftunkoru, suyaklari ingichka, silliq badaniyu qalin nafis sochlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan qizlarning ayni bir xil maskarad libosida hamisha bir xil yuzlarini bir xil kaftlarida ushlagancha, voqelikning ko‘zguda akslanishiga izn berayotganining guvohi bo‘laman.
Faqat ba’zan kechalari ziyofatdan uyga kech qaytarimda, eskirgan, solqigan, chang bosganu, allaqachon ko‘pchilik tomonidan ko‘rib bo‘lingan va deyarli kiyishga yaroqsizday ko‘rinadi ko‘zguda ular.
Ko‘chaga qaragan deraza
Biror kim hanuz yolg‘izlikda kun ko‘rsa, keyinchalik kun tartibidagi, kayfiyatidagi, ish ahvoliyu, shunga o‘xshash holatlardagi o‘zgarishlar sababli o‘ziga hujum qilish payiga tusha boshlaydi — ko‘cha tomonga qaragan derazasiz ayni holatni boshqara olmay qolishi mumkin; to‘satdan shunchaki tuta olishi mumkin bo‘lgan qo‘l istab qoladi ba’zan.
Ammo-lekin, hech narsani istamaslik kayfiyatida bo‘lsayu, deraza rafi yoniga charchagancha, ko‘zlarini olomondan Arshga, Arshdan olomonga tikkanicha, mufassal kuzatishni xohlamay, shunchaki boshini derazadan ozgina chiqarib tursa ham, pastdagi otliqlar izdihomi o‘zining safiyu, shovqiniga, oxirida esa insoniyatga uyg‘unlik tomon tortqila boshlaydi uni.
Ingliz tilidan Salimjon qizi tarjimasi