O‘lim Jozibasi

0
1241

Jubron Halil

hikoya

1

Chorlov

Izn bering, uyqu bilan qorishib ketay. Chunki, ruhim ishq bilan poklanayotir.

Izn bering tin olmog‘imga, chunki ruhim kechayu kunduzlardan olib bo‘ldi nasibasini. Shamlarni yoqing, boshimga tutantiriqlar qo‘ying, vujudimni gul va yosumanlarga ko‘ming. Sochlarimga yog‘ suring, oyoqlarimga ifor sepib, ortidan o‘qing o‘limning manglayimga yozganlarini. Uyquning qo‘llarida huzur topmog‘imga izn bering, chunki ochiq qolgan ko‘zlarim horg‘indir hamon. Titroq kumush torning ruhimni tinchlantirmog‘iga yo‘l bering. Chiltor va udning dolg‘alari so‘lg‘in qalbim atrofini parda yanglig‘ chulg‘ab olsinlar. Ko‘zlarimda umid shafag‘ini tomosha qilgan ko‘yi o‘tmish qo‘shig‘ini kuylang, chunki bu qo‘shiqning ma’nosi issiq to‘shakdagi orom kabidir. Do‘stlarim, ko‘zingizdan yoshlarni arting va shafaqqa salom bergan gul navdasi yanglig‘ boshingizni xiyol eging. Mangulik va yotog‘imning orasida bir nur ustuni misol sobit turgan O‘lim kelinchagiga boqing.  Nafas olmoqdan to‘xtang va men bilan uning titroq, oppoq qanot qoqishlariga quloq osing.

Yaqinroq kel, men bilan vidolash. Tabassum bezagan lablaringni ko‘zlarimga bos. Qo‘yib ber, bolalar nimpushti, nozik barmoqlari bilan qo‘llarimga teginsinlar. Qo‘yib ber, yillar qadoq qo‘llarini qo‘llarimning ustiga qo‘yib, men uchun duo qilsin.

Qo‘yib ber, navnihol qizlar yonimga kelishsin, ko‘zlarimda Tangrini ko‘rib, uning nafasim-la bellashgan irodai shu’lasini his qilishsin.

2

Yuksalish

Men bir tog‘ cho‘qqisidan o‘tdim va ruhim ko‘k qubbasi uzra muqaddas erk tomon yuksalib bormakda. Men olisda, juda olisdaman va bulutlar yashirayotir ko‘zlarimdan yuksakliklarni..

Vodiylar sukunat bahrida oqayotir va afvning qo‘llarini yo‘lu uylar tomon oqizmoqdadir. Daralaru o‘ngurlar sham yog‘dusi yanglig‘ zarhal va nimqorong‘i  bo‘lib ko‘ringan oppoq sharpalarning ortida ko‘zdan yo‘qolyapti. To‘lqinlarning taronasi va oqimlarning oyatlari sochilayotir, ortidan shovqin saslari jimlikka aylanmoqda. Va, men ruh orzusi-la hamohang cheksizlik musiqasidan boshqasini eshitmayapman. Oqlik bosib kelyapti meni, rohatu farog‘at ichida jim ketayotirman.

3

Ortda qolganlar

Meni bu oq tobutdan chiqar va yosumanu chechaklar ko‘ylagini kiydirgil menga.

Filsuyak rangidagi tobutdan vujudimni ol va norinj gulli ko‘rpaga yotqiz. Marsiya emas, yoshlik shavqiyu farahlarga to‘la  bir qo‘shiq kuyla. Kuylagilki, ko‘zyosh emas, havasu sharob madh etilsin unda. Iztirobning og‘rig‘ini emas, yuzimga barmoqlaring bilan ishq va zavqning ramzini chiz. Duolaru yig‘i bilan havoning hafifligini bezovta qilma. Qo‘yib ber, qalbingning men bilan mangu yashamog‘i haqida alyorlar aytsin. Qora kiyib motamimni tut, rangin ko‘ylaklar kiyib meni qutla, ketmog‘imga chin ko‘ngildan rizolik ber. Ko‘zlaringni yum va oxiratga qadar yoningda bo‘lishimni anglab yet. Yaproqlardan choyshab tikib, egninga tashla va astalik birla unutilgan o‘rmon sari yur. Oromim suyagu bosh chanoqlarning qisirlashidan buzilmog‘in istamasang gar, meni gavjum makonga ko‘mma. Meni sarvlar o‘rmoniga olib borgil va binafshayu atirgullar emas, boshqa soyalar ostiga yotqiz. Mozorimni chuqurroq qaz, toki sellar ustihonimni ochiq vodiylarga oqizib ketmasin.  Lutfimni keng tutgil, toki zulmatdagi horg‘in ko‘lkalar yonimga kelsinldar. Zohiriy liboslarimni yech va Ona Tuproq teranliklariga, onamning shundoq ko‘ksiga joylagil meni. Ishonib topshir… Ustimga mayin tuproqlardan tort, har hovuchda yosuman, gulbarg va olxo‘ri gullari bo‘lsin. Kun kelib, vujudim bir daraxtdek qad ko‘targanda qalbim nafasining ifori olamni tutgay. Va, hatto quyoshga ham sirimni fosh qil. Shamollarga yelkan tut va muazzam safarga yo‘llan.

Birodarlar, endi keting. Jimlikni buzmasin qadamingiz sadolari ham. Keting, kimsasiz vodiyda kezingan sukunat yanglig‘. Meni Xudo bilan holi qoldiring, bodom va olma gullarining nayson shamolida titrab sochilganidek siz ham asta-asta tarqaling. Kulbangizning sevinchiga qaytganingiz dam o‘limning men va sizdan tortib ololmagan yagona narsani topgaysiz.  Zaminni qo‘ying, zero bunda ko‘rganlaringiz dunyoviy mantiqdan ancha uzoqdir. Meni shundoq tashlab keting.

YARALISH

Xudo botinidan bir parcha ruh oldi va uni go‘zallikka aylantirdi. Bu go‘zallik ustiga yog‘ilgan butun fasohatu ezgulik birla uni pokladi. Unga bir qadah baxt berib, shunday dedi: O‘tmish va kelajakni unutmoq istamasligingni anglamaguningcha bundan ichma, zotan o‘shal LAHZA kelmagunga qadar baxt deganing bekordir.

So‘ngra unga bir qadah qayg‘u berdi: Buni ich va shundagina hayotning qisqa shodliklari ham borligini anglab yetgaysan. Zero, qayg‘u hechlikdan binodir.

Parvardigor unga ilk nafasdayoq xiyonat etguvchi dunyoviy ishq huzurini baxsh etdi va unga yana ilk isyondayoq vayronu yakson bo‘lajak shuur totini ehson ayladi. Unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoqlik-chun  qalbining qa’riga samoviy ilmdan bir qatra joylab, ko‘rinmasni ko‘rgan ko‘z bilan har neni sevgiyu yaxshilikka aylantirguvchi tilsimni yaratdi. Kamalakning qanotlari ostidagi jannat maloiklari to‘qigan kiyimlar-la uni muzayyan etdi. Hayot va nur chaqmog‘i soya solgan g‘avg‘oga ostiga yashirdi uni. Ortidan nadomat tandiridagi otash bilan olovlantirgani holda jaholat sahrosidagi qaynoq shamollar-la xudbinlikning qirg‘og‘idagi tig‘dor qum va umrning oyoqlari ostidagi nam tuproq bilan birlashtirib, Odamzotni bino qildi. Unga ko‘ru kar kuch berdi, g‘azab bilan uni telbalik chohlariga itqitgan va faqat orzu hamda farah birla so‘najak o‘limning soyasi bo‘lmish hayotni tortiq etdi. Va, Tangri o‘shu kun ham kuldi, ham yig‘ladi. O‘zi yaratgan insonga bo‘lgan mehru shafqatini his qilgan ko‘yi uni o‘z panohiga noil ayladi.

Ingliz tilidan Mirzohid Muzaffar tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting