Biz tarixiy hodisa ila ro‘baro‘ turibmiz. Bu tarixiy hodisa – muhtasham Jaloliddin Rumiy “Masnaviyi ma’naviy”sining o‘zbek tilidagi tarjimasidir. Bu muazzam badiiy obidani bu gal betakror shoir va mutarjim Odil Ikrom tarjimasida o‘z tilimizda mutolaa qilish baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz. “Pravo-press” nashriyoti yaqinda “Masnaviyi ma’naviy”ni ham asliyat, ham tarjimada salmoqli kitob shaklida chop etdi. Bundan tashqari, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyida yangi tarjima 5000 nusxada nashrdan chiqish arafasida.
Zukko kitobxonga yaxshi ma’lumki, Jaloliddin Rumiy mahobatli Sharqning qudsiy ruhini o‘zida jamlagandir. Rumiy – butun Sharqdir. Rumiy yettinchi osmondadir. Insoniyat ma’naviy-ma’rifiy hayotining, Badiiy So‘z dunyosining Odam Ato Yerga tushgandan to shu kunga qadar yashab o‘tgan, yashayotgan sultonlari bor. Ular katta-katta davrlar ruhini o‘zlarida mujassamlashtiradilar. Ulug‘vor Gomer biz hozircha inson ruhiy uyg‘onishining ilk bosqichi hisoblagan antik dunyo kishisining yuksak ruhiy parvozini, shu inson hayotining jamiyki tomonlarini badiiy so‘zda muhrlab qoldirdi. U antik dunyo donishmand faylasuflari va san’atkorlarining mujassamidir. Dante qo‘rqinchli ishga qo‘l urdi. U o‘zini Insoniyat hakamiday, ikki dunyo qozisiday tutdi. Xabarini hali-hozirga qadar bu yorug‘ olamni tark etgan hech bir inson yetkazmagan, qandayligi odamizodga ilohiy payg‘omlar orqaligina ma’lum bo‘lgan boqiy dunyoni o‘zi kezib chiqqan kabi jonli tasvir etdi. Dante – ziddiyatli hodisadir. Uning “Ilohiy komediya”sini nimadir bizning zehniyatimizdan itaradi. Buning sababi dono kitobxonga ma’lum, albatta. Ammo bu – dunyodagi tafakkur sohiblarini chuqur-chuqur o‘ylarga toldiradigan Danteni inkor qilishga to‘la haqlimiz, degani ham emas. U biz ko‘rmagan dunyoda kezibdimi, uni shunday tasvir etibdimi, bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgan emas. Bunda ham ilohiy, biz bilmagan nimadir bor.
Abulqosim Firdavsiy o‘z “Shohnoma”sida Allohning yerdagi soyasi sanalmish shohu sultonlar mavzusi bahonasida buyuk bir xalqning tarixini yozib qoldirdi. “Shohnoma”ni xalq eposlariga mengzashadi – bu Firdavsiy badiiy tafakkurining miqyoslarini tasavvur qilish imkonini beradigan qiyosdir. Butun bir xalqning ilohiy borliq va tarixiy zamonlarni idrok etish bosqichlari Firdavsiy shuuri-zehniyatida bir butun holda in’ikos etdi. Uilyam Shekspirning asarlari birbutun holda ikki ma’naviy davr chegarasida turgan Insonni butun erishganlari-topganlari, ishtibohlari, adashishlari, mavhumiyatlari ila tarixlantirdi. Nafaqat qahramonlari, shaxsiyati, yozganlaridan ulug‘vor Tolstoy inkor etgan jihatlari bilan ham. Nega Tolstoy Shekspirni inkor etdi? Nega sirli Shekspirning jahoniy shuhrati kechikib keldi? – bu kabi savollar azim epopeya singari qiziq.
Urush va tinchlik insoniyat dorulfanodagi hayotining o‘zak masalasidir. Urush va tinchlik butun-butun xalqlar uchun ham¸ alohida inson uchun ham hayot va mamot masalasidir. Insoniyat tarixi – urushlar tarixidir, desak-da unchalik oshirib yubormagan bo‘lamiz. Bu urush tashqi hayotda kabi, insonning yoki xalqning ichki dunyosida ham kechadi. Unisi bunisini, bunisi unisini tug‘diradi. Mubolag‘aliroq qilib, benazir Lev Tolstoy o‘zidan oldingi va keyingi insoniyatning urush va tinchlik haqidagi o‘ylarini, xulosalarini jamlab berdi deyishimiz mumkin. “Urush va tinchlik”ning zabt etish siri – unda urushlarning ma’nisiz hodisa ekanligi, urush ma’nisi hatto qo‘liga qurol tutib odam o‘ldirayotganlarning o‘zlariga ham ma’lum emasligi, urushlarni nafs va da’vo tug‘dirishi, Inson fitratiga yaratuvchilik muhrlangani, odam farzandlari o‘ldirish uchun emas, o‘ziga o‘xshaganlarni dunyoga keltirish va Insoniyat hayotini bardavom qilish uchun xalq etilgani haqidagi haqiqatlaridadir. Donishmand Gyote Mag‘ribu Mashriq devonini yaratdi. Bu – dunyo kitobidir. U Mashriq va Mag‘ribni bir butunning ikki tomoni kabi idrok etdi, ko‘rsatdi. Gyote olamshumulligining, dahosining siri mana shunda.
Sharq “Xamsa”lari o‘ziga xos alohida hodisa. Faqat mana shu beshliklar yaxlit holda o‘z ruhi va ko‘lami ila Rumiy “Masnaviy”siga yaqin keladi. Sharq Uyg‘onish adabiyoti – chegaralarini ilg‘ash mumkin bo‘lmagan darajadagi ko‘lamli hodisadir. Uni yolg‘iz holda idrok etish mushkul. Uni butun avlod bo‘lib, boshqalarning ko‘magidagina idrok etish mumkin. Shundan kelib chiqib, imkon darajasida o‘qiganlarimiz hamda ular haqida yozilgan sharhu ilmiy tadqiqlardan kelib chiqib, taxminiyroq tarzda deymizmi, umumiy ruhiyatidan kelib chiqib deymizmi – bu “Xamsa”larda ham, bizningcha, muqaddas Islom ruhidan tashqaridagi biror so‘z yo‘q, deyish mumkin.
Buyuk deya e’tirof etilgan kishilarda butun insoniyat ruhida yetilib kelgan hodisalar yaxlit, yig‘ilgan holda in’ikos etadi. Shuning uchun ham buyuk insonlar har kun emas, vaqt-vaqti bilan tug‘iladilar. Har qanday buyuk inson ma’lum davrlarning yig‘indisidir, mujassamidir. Ulkan bahri muhitlardan uchgan suvlar aylana-aylana pirovardida mo‘jizaviy chaqmoqlarni zohir etgani kabi; vulqonlar uzoq muddatlarda kuch yig‘ib otilgani singari Insonlik ruhiyatida, butun-butun xalqlar ruhiyatida davrlar osha pishib kelgan hodisalar muayyan Shaxsda chaqmoqlanadi, portlaydi. Negaki insoniyat ruhiyati ham uzoq fursat davomida tashqi tarixiy hodisalardan va ularning ichki tahlil-talqinidan, o‘z-o‘zini uzoq muddatlarda taftish etishdan kuch yig‘adi.
Agarda insoniyat tarixida yaratilgan shu kabi jamiyki ulug‘vor kitoblarni bir xalqqa qiyoslasak, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”si ularning sultoni;
— ularni sultonga qiyoslasak, “Masnaviy” – shu sultonning toji;
— ularni tojga qiyoslasak, “Masnaviy” – shu tojning guhari sharifidir.
Negaki, bu kitob haqda:
Masnaviyi ma’naviyi mavlaviy,
Hast Qur’on dar zaboni pahlaviy, — demishlar.
Odam Ato farzandlariga samovot qavatlarining arshidan irsol etilganidan ham ulug‘roq kalom bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, albatta. Qur’oni Karim esa payg‘om qilingan ana shunday ilohiy kitoblarning so‘nggisidir. Yo‘qolmasligi, o‘zgarmasligi Haq Taoloning o‘zi tomonidan kafolatlangan Kalomdir. Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy”si har bir so‘zida Qur’oni majid ruhini jo etgan, o‘sha Kalomni odamzod bolalari zehniyatiga chuqurroq o‘rnashtirish muddaosi ila bitilgan. “Masnaviy” to o‘zigacha va o‘zidan keyin aytilajak Badiiy So‘zning, shak-shubhasiz, shohonasidir. Oddiyroq qilib aytsak, jamiyki badiiy asarlarning peshravidir. Insoniyat tarixida Buyuk ko‘tarilishlar bor. Alohida insonning Ko‘tarilishi ham ma’lum bir xalqniki, butun basharnikidir. Insoniyat ma’lum odam siymosida parvoz qilajak. “Masnaviy” – inson bolasining Rumiy siymosida So‘z osmonidagi me’rojidir.
Bu kitob dardu alamlar kitobi, iztirobu qayg‘ular, o‘gitlar kitobidir. Bu gapdagi “dardu alam, iztirob” aslo tushkunlik yoki badbinlik deb talqin qilinmasligi kerak. Negaki, ma’nosi nihoyatda keng va chuqur bo‘lgan dardu alam, iztirob ruhan tozarish vositasidir. Iztirob, g‘am-qayg‘u – insoniy qalb nishonasi, mahaktoshdir.
Alloh maxfiy bir xazina edi. U tanilish, bilinish uchun olamni va undagilarni yaratdi (“Kuntu kanzan maxfiyan”). O‘sha maxfiy xazinani saqlash mas’uliyatini insondan bo‘lak maxluqotlar o‘z zimmalariga olishga jur’at etolmadilar. Bu olimaqom vazifani Inson o‘z mas’uliyatiga oldi. Alloh oldida Insonning rutbasi, maqomi barcha mavjudotlarnikidan baland bo‘ldi. Shuning uchun ham so‘z guhari Insonga berildi. Inson atalmish xilqat o‘z parvardigorining nazarida shu qadar mukarramdir. Biz o‘z farzandimizni qanchalar yaxshi ko‘ramiz, uni asraymiz, yo‘l ko‘rsatamiz, xato qilsa kechiramiz. Bularning bari insoniylik arkonlaridandir. Allohning o‘z bandasiga mehri, marhamati ham xuddi shunday. Ammo bu muhabbat rabboniydir, ilohiydir. Borliqning asosida muhabbat yotadi. Inson jamiyki illatlariyu, gunohlari, xato va adashishlariga qaramasdan, “koinot gultoji”dir (Abdulla Oripov). Shuning uchun ikki dunyo saodati va’da qilingan muqaddas kitoblarda ham insonlar faqat va faqat bir-birini sevishga, bir-birini suyashga, qo‘llashga, kechirishga, jamoa bo‘lib yashashga da’vat etilgan.
Insonni sevingiz. Tarixda bunyod bo‘lgan jamiyki So‘z durdonalarining mag‘zi-mohiyati ham shu. Insonni sevmoq – u yashayotgan ilohiy borliq, odam va uning hayot makoni bo‘lmish ikki jahonning Parvardigorini sevish demakdir. Allohni sevish Insonni sevmay turib sodir bo‘lmaydi. Zero, Allohni Insonsiz idrok etib bo‘lmaydi. Insonni sevingiz. Shunda Allohni sevgan bo‘larsiz – Rumiy ma’naviy-adabiy dasturining ham asl mohiyati mana shu. Shoir jamiyki intilishari, yozganlari, shiorlari, bonglari, qalbining tub-tublari bilan shuni istadi, shunga intildi, shunga da’vat etdi. Allohga muhabbat yo‘llari insonga muhabbat ustidan o‘tadi. Majoz haqiqat ko‘prigidir, deganlarining ma’nosi shu. U Insonni sevdi, unga komillik sog‘indi, xatolaridan iztirob chekdi. “Masnaviy” she’rda, aruzda bunyod bo‘ldi. Bunda ham chuqur mazmun bor. She’r o‘zini she’r qilgan asosiy unsurlar – vazn, qofiya, ramz va obrazlilikni ilohiy kitoblardan oldi. She’rda ilohiylik bor. Aruz unsurlari Qur’oni Karim va hadislarda mavjudligini bevosita misollar bilan isbot etgan Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”da aruzni “sharif fan” deydi shuning uchun ham. Shuning uchun ham Rumiy ruhining parvozini, samo’ majlisisiz, she’rsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umuman, shu xil yondashuvda muazzam Sharqda badiiy so‘zning she’r shaklidagi ravnaqi asrori ham bir qadar oydinlashgandek. Inson aytgan Badiiy So‘z tojidagi guhari sharif bo‘lmish “Masnaviy” shu lahza o‘zida turkiy va fors-tojik kabi ikki ulug‘vor xalq ruhiy qadriyatlarini mujassam etgan nozikta’b shoir Odil Ikrom tarjimasida bizning qo‘limizda turibdi. Odatda, tarjima ishiga ijodkorlar ham, mustaqil ijod qilmaydiganlar ham qo‘l urishadi. Tarjimonlarni mana shunday shartli ikki toifaga ajratish mumkin. Dunyo tarjimachiligi tarixida ham, milliy adabiyotimizda ham badiiy ijod bilan shug‘ullanmasa-da, tarjima ishini san’at darajasida eplaganlar oz emas. Bu yerda tasodif yo‘q. Bizningcha, ijodkor bo‘lmay turib, tarjimon bo‘lib bo‘lmaydi. Aslida ikkinchi toifadagilarning fitratida ham reallashmagan ijodkor yotadi. Qandaydir ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra reallasha olmagan ijodiy potensial tarjima shaklida voqelanadi. Bu potensial ba’zan badiiy so‘z tadqiqotchisiga aylantiradi o‘z sohibini. Ko‘pgina adabiyotshunos olimlarning badiiy ijod bilan shug‘ulannishi faktlari ham ma’lum.
Shunisi ham borki, tarjimon ruhi o‘zi asarini tanlagan ijodkor ruhiy dunyosi ila uyg‘un bo‘lmog‘i lozim. Tarjimaning bosh sharti shu, ehtimol. Yana ehtimolki, bu uyg‘unlik faqat tarjimonning intilishlarigagina bog‘liq bo‘lmay, sub’yektiv omildan tashqari – ato etilgan bo‘lishi ham kerak. Men “O‘quvchi kitobni emas, kitob o‘quvchini tanlaydi” degan gapimni shu yerda ham takrorlashdan istihola qilmayman. Tarjima asar ham qancha-qancha yo‘llar yurib, qancha-qancha ijodkor insonlar qoshidan o‘tib o‘z tarjimonining huzuriga keladi. Qancha-qancha yo‘llar yurib deganimiz Vaqtga daxldor emas. Buni bugun yaratilib, bugun tarjima qilingan asar haqida ham aytsa bo‘ladi. Ba’zan o‘sha yo‘llarda u begona qo‘llarga tushib qolishi ham mumkin. Bu qo‘llarda u o‘z asrorini ochmay turaveradi. Toki o‘z tanlaganini topguniga qadar.
“Masnaviy” Odil Ikromni tanladi. Odil Ikromni topdi. Bu hodisalar shunday yaratilgan. Mubolag‘a, dersiz. Mayli, “Masnaviy” va uning tarjimasi har qanday mubolag‘aga arziydi. Odil Ikrom bu tarjimaga yetib keldi. U shungacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Odil Ikrom moddiy borliq to‘qnashtirgan ziddiyatlar, ruhiy izlanishlar, sinov va toblanishlar yo‘li orqali; va nihoyat, goho anjuman ichra o‘rtagan mahzun yolg‘izlik orqali o‘z ruhiyatini Rumiy ruhiyati ila uyg‘unlashtirdi. Odil Ikrom undanam avvalroq Rumiy ila bir ruhiy iqlimda yaratilgan edi. Shu ikkisisiz bu tarjima maydonga kelmasdi.“Masnaviy” shu daraja muhtashamki, biz kabi oddiyroq o‘quvchi qo‘lga olish tugul, unga yaqinroq borishga ham hayiqib turamiz. Mana shu xayollar, mana shu hadiksirash manzarasida Hazrati Rumiy ilohiy ilhom shavqi ila barpo etgan “Masnaviy”ni boshqa tilga o‘girish uchun qo‘lga olish ham, umuman, bu haqda o‘ylash ham jasoratdir, desak, So‘zga uncha-muncha daxli bo‘lmagan odam ham inkor qilolmasa kerak.
“Masnaviy”ning mazkur tarjimasi – tarix taqozosi, ehtiyoj, xalqimiz jamiyati taraqqiyotining qonuniy bekati bo‘ldi. Bu tarjima bosqinlaru istilolar, shu istilolarga qarshi o‘qtin-o‘qtin ko‘tarilgan isyonlarga mubaddal tariximiz, xususan, dahriylikni bayroq qilgan sho‘ro imperiyasi davrida yurak-bag‘rimizni o‘rtagan achchiq sog‘inchdir. Sho‘ro hukmronligi davri tarix oldida juda qisqa fursat, ammo asliyatini, asl ruhiy mezonlarni ixtiyorsiz, ichkin va qattiq qo‘msagani bois xalqimiz uchun uzoqday, judayam uzoqday tuyulgan bir zamon bo‘ldi. “Masnaviy” tarjimasi – o‘zi qisqayu, uzoq tuyulgan o‘sha davr mobaynida islomiy boshlang‘ichimizga ichkin qattiq intiluvning hosilasidir.
Jalolidin Rumiy yettinchi osmondadir, dedik. Odil Ikrom bizni Rumiyning yettinchi osmoniga, ilohiy parvoz yo‘liga olib chiqib qo‘ydi. Negaki, har qanday tarjima muayyan asarning, muayyan daho ruhining yuksak toqlariga chiqishga yo‘lko‘rsatkichdir. Tarjimon talabgorni yo‘llab qo‘yadi. Yettinchi osmonga chiqish o‘quvchining o‘z qo‘lida. U o‘z ruhini o‘qiyotgan So‘zning ruhi bilan uyg‘unlashtira bilishi kerak.Yana ozgina chekinish qilib aytish mumkinki, tarjima asliyatni jamiyki jihatlari ila to‘la voqelantira olmaydi. Bu mumkin bo‘lmagan ish. Negaki, bir zamon aytilgan Badiiy So‘z boshqa bir insonning qalb prizmasidan o‘tadi. Ikkinchi bir insonning, qolaversa, bo‘lak bir xalqning borliqqa munosabati, ruhiyati, bosib o‘tgan tarixiy yo‘li ila qo‘shilib-qoriladi. Munosib tarjimon idrokida, ehtimol, yangi jilvalarini namoyon qiladi. O‘zimiz misolimizda aytadigan bo‘lsak, Abdurahmon Jomiyning “Arba’in”i, Xoja Ahrorning “Masnaviy”si, Aligyeri Dantening “Ilohiy komediya”si, Iogann Volfgang Gyotening “Faust”i, Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”si kabi birmuncha so‘z durdonalari o‘zbek tilida ana shunday yangi jilvalarda qayta tug‘ildi.Tarjimon muayyan daho ko‘tarilgan osmonning qaysidir qavatlariga olib chiqadi bizni. Shuning o‘zi yetarli aslida. Tarjimaning vazifasi – o‘quvchi ruhiy idrokini harakatga keltirishdir.
Yana bir gap: Hazrat Alisher Navoiy “Layliyu Majnun”ning xotimasida asarning yozilishi boisidan so‘z ochib, o‘zidan oldin forsiy alfoz ila doston etilgan ishqning bu munglig‘u o‘tlig‘ afsonasidan sof idrok va xushta’b turkiyzabon xalq ham bahra olishini maqsad qildim, deydilar:
Chun forsi erdi nukta shavqi,
Ozroq edi anda turk zavqi,
Ul til bila nazm bo‘ldi malfuz.
Kim, forsi anglar o‘ldi mahzuz.
Men turkcha boshlabon rivoyat,
Qildim bu fasonani hikoyat
Kim, shuhrati chun jahong‘a to‘lg‘ay,
Turk eliga dog‘i bahra bo‘lg‘ay.
Nevchunki bukun jahonda atrok.
Ko‘ptur xushtab’u sofi idrok….
Men dog‘i bu maynikim suzubmen,
Turkona surud anga tuzubmen.
Nozika’b o‘quvchiga bu qiyos, balki, tom emas kabi tuyular. Ammo mohiyat yaqin: Odil Ikrom ham biz o‘zbeklar ham shu ulug‘ ma’naviy obidadan to‘la-to‘kis bahramand bo‘lishimizni astoydil istadi, shu beg‘araz maqsad yo‘lida zahmat tortdi U Rumiyning tarjimoni degan maqomga intilmadi; qalamini unvonlar tamaida yo‘nmadi. Agar shunday bo‘lmaganda, “Masnaviy”ning har bir so‘zu jumlasi zimnida yotgan, ularni ichdan nurlantirib turgan Qur’onu hadisga oid ishoralarni izlash, topish, qiyoslash, o‘z o‘rniga qo‘yish, sharhlash; “Masnaviy”ga oid son-sanoqsiz manbalarni mutolaa qilish kabi mashaqqatlardan o‘zini ozod qilgan, tarjima bundan bir necha yillar oldinroq nashr qilingan bo‘lardi. Chunki Odil Ikrom o‘n yillarga yaqin fursatlardan buyon “Masnaviy” bilan shug‘ullanib keladi, ammo u tarjima qiyomiga yetmaguncha, sharhlar mukammal bo‘lmaguncha, “Masnaviy” bor mahobatiyu tagma’nolari bilan o‘quvchiga yetarli darajaga kelmaguncha tahrirdan, izlanishdan, zahmat chekishdan to‘xtamadi. Zero, Odil Ikrom ulug‘ shoirning o‘quvchilari ham oddiy odamlar emasligi, bilimdonu nozikta’b ekanini ichdan his etdi. Rumiy ruhi oldidagi, tarix va zukko kitobxonlar olidagi mas’uliyatni arzon shon-shuhratga alishmadi.
Darvoqe, muhtasham “Masnaviy”ning birinchi daftari birinchi kitobi dastlab orif shoir Asqar Mahkam tarjimasida forsiy matn, tagmatn va she’riy o‘girma hamda sharh bilan chop etilgan edi. Mazkur nashr ham oddiy o‘quvchi uchun, ham xoslar va ham ahli ilm uchun birdek manfaatli bo‘ldi. Professor Najmiddin Komilov yozgan so‘zboshida bu hol alohida ta’kidlangan, ustoz tasavvufshunos olim “Asqar Mahkam ishining fazilati va foydali tomoni shundaki, u faqat Rumiy baytlarini tarjima qilish bilan chegaralanmagan. Balki turkiyalik atoqli masnaviyshunos olim Mavlono Obiddin Poshsho sharhini ham o‘zbek tiliga tabdil qilib keltiribdi. Boshqacha aytganda, Asqar Mahkamning ishini ijodiy va tadqiqotiy ish desa bo‘ladi”, deya alohida qayd etgan edi. Rumiy “Masnaviy”si keyinroq O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasida e’lon qilindi. Bu tarjima “Masnaviy”ning eng mukammal nusxalaridan biri – eronlik mavlaviyshunos olim Muhammad Iste’lomiy tomonidan 7 jildda tayyorlanib, Eronda chop etilgan nusxasi asosidagi amalga oshirildi. O‘zbekcha bu “Masnaviy” o‘zbek kitobxoni uchun katta tuhfa bo‘ldi. Ayni choqda “Masnaviy”ni inja tagma’nolarini ham anglash uchun sharhu izohlarga ehtiyoj bor edi. Odil Ikrom tarjimasi o‘sha ehtiyojga javob o‘laroq maydonga keldi. Har uchala tarjima aruzda amalga oshirilgani ham quvonarli holdir.
Bir holatni alohida ta’kidlab o‘tmasa bo‘lmas. Odil Ikrom Sharq adabiyotining bilimdoni, so‘zu tovushlarning tovlanishlarini o‘ta ingichka his etguvchi savqi tabiiy shoir va tarjimon. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Masnaviy” tarjimasida ramal ohangi juda ravon oqan. She’r vazni, alaxusus, aruzda ohang barmoq sanash, hijoni cho‘ziq-qisqaga hijjalab ajratib, yozib-chizish bilan hosil bo‘lmaydi. Ichingda ilohiy musiqachi bo‘lmasa va uni uyg‘otmasang, faqat o‘qib-o‘rganish bilan aruzda ravonlikka, ohangdorlikka erishib bo‘lmaydi. Aruz ohanglari tog‘dan tushib kelgan jilg‘aday tabiiy ravishda ichdan oqib kelishi kerak. Odil Ikrom “Masnaviy” tarjimasida ham aruzga oid bilimlariga, ham ana shu g‘aybiy sezimga tayangan. Mana:
Ul dam oshiqlar farah jomin suzar,
Ma’shug‘in ilkinda sarmast jon uzar.
Yuqoridagi baytda “vasl” hodisasi bor. Vasl – cho‘ziq bo‘g‘inni qisqa hijoga aylantirish uchun yopiq bo‘g‘in oxiridagi undoshni o‘zidan keyingi unli bilan boshlangan bo‘g‘inga qo‘shishdir. Baytni “foilotun foilotun foilun” ohangiga moslash uchun birinchi taqte’ni “ul-da-mo-shiq” shaklida o‘qish talab etiladi. Odil Ikrom tarjimasidagi ravonlik aruzning mana shunday inja sirru asrorlariga asoslangan.
Bundan bir muddatroq avval Rauf Parfi – Navoiy, Bobur, Mashrab, Fitrat-Qodiriy-Cho‘lpondan keyin ruhi birmuncha cho‘kkan milliy adabiyotimizda turkchilik ruhi yangi So‘zni maydonga qo‘yajagini bashorat qilgan edi. Shoir to‘la-to‘kis haq. Maydonga qo‘yilajak bu yangi adabiyot Ozodlik va Erk qayg‘usi ila uyg‘unlashib, Rauf Parfining o‘z ijodida ilk nafasini oldi. Bizningcha, tug‘ilib kelayotgan porloq milliy adabiyotimizda turkchilik va hurriyat tarannumi – sho‘ro davrida ham yo‘qolib-bitmagan, Istiqloldan keyin yakkam-dukkam holda namoyon bo‘layotgan islomiy ruh ila mubaddal bo‘lg‘usi. Islomiy ruh – bu insondo‘stlik; dini va boshqa tafovutlaridan qat’i nazar, odamga tamasiz muhabbatdir. Islomiy ruh – komillik sari intiluvdir. Turkchilik, Erk va Islomiy ruh uyg‘unlashib, yaxlitlashib kuchli milliy adabiyot dunyoga yuzlanajak. Turk dunyosi uzoq davrlar O‘rxun-Enasoy munojotlariyu, “Irq bitig” follaridan, balki undanam avvalroqlardan boshlab Navoiyga zamin hozirlagani kabi, bizda hozir tayyorgarlik davri kechmoqda. “Masnaviy” tarjimasi – uch asosli shu kuchli adabiyotning tug‘ilib kelayotgani xushxabaridir. O‘ziga xos ibtidodir. Bu xushxabarning xabarchisi Odil Ikrom bo‘ldilar. Yuqorida aytilganidek, Odil Ikromga qadar ham “Masnaviy” tarjimasiga, shu ruhdagi boshqa mo‘tabar asarlarga-da qo‘l urildi. Ul harakatlarda ham xosiyat, xayr bor, albatta. Ammo “Masnaviy”ning buyuk islomchilik ruhi – asl mohiyati Asqar Mahkam tarjimasida bo‘lgani kabi, Odil Ikromning tasavvur qilib bo‘lmas darajadagi zahmatli mehnati orqasidan keng ko‘lamlarda yuz ochdi. “Masnaviy” ilgari voqea tarzida qabul qilingan bo‘lsa, Odil Ikrom tarjimasi tufayli biz uni mohiyat o‘laroq idrok eta boshlaymiz. Bu mohiyat asarning har bir jumlayu so‘zlariga Qur’oni Karim va Hadisi shariflarga berilgan havolalar vositasida bizga to‘la namoyon bo‘ldi. Aniqroq qilib aytsak, ”Masnaviy”ning mahobati, ilohiy go‘zallik asrori biz oddiy o‘zbekzabon o‘quvchisiga Odil Ikrom mashaqqatlari tufayli ma’lum bo‘ldi. Bu tarjima kelajakda katta-katta ilmiy tadqiqotlarning mavzusi bo‘lishiga shubha yo‘q.
“Masnaviy”ga olib kelgan yo‘l iqrori, Rumiy dahosi ila yuzma-yuz qolish saodati, kulli hayrat, ul muhtaram bergan qanot ila samovotning ilohiy qavatlarida charx urish havosi, shu havoni o‘zgalarga ham yetkazish istagi va mashaqqatlari, hadik va jasorat, mo‘jiza va ko‘ngil to‘lmaslik, ojizlik qo‘rquvi va yaratish zavqi, mahrumiyat va muyassariyat… – aziz tarjimonimiz, o‘ziga xos betakror shoir, o‘zbek va fors-tojik tilining daqiq bilimdoni Odil Ikrom bularning barisi haqida bayonot beradilar. Asl tadqiqotchilar o‘z ilmiy tahlillarida shu bayonotga tayanadilar, deya umidlanamiz.
Qushlar olis manzillarga yetish uchun ulkan okeanlar ustidan oylab yerga qo‘nmay tanafussiz baland-baland parvoz qilgani singari, Jaloliddin Rumiy ham “Masnaviy”da mana shunday osmonidan tushmay qanot qoqdi. Odil Ikrom ham Rumiyning ko‘kdagi parvozini izma-iz takrorladi, yillarcha yerga qo‘nmadi. Bu parvoz, ehtimol haliyam davom etayotgandir… Rumiyning samoviy yo‘llarida ucha-ucha, uning tarjimoni o‘z yo‘llariga chiqib ketgandir va hamon uchayotgandir, ehtimol… Bor gapki, biz muxlislari Odil Ikromdan Rumiyning ilohiy gulshanidagi gulgashtlar aksi-sadosi o‘laroq qog‘ozga tushgan she’rlarni ham kutayotirmiz.
Hozircha esa deymizki: “O‘zbekcha “Masnaviy” barchamizga muborak bo‘lsin!”
Tarixiy hodisa ishtirokchisiga aylanishga shoshiling, aziz o‘quvchi!
Nodira AFOQOVA, filologiya fanlari doktori.