maqola
Aytish kerakki, so‘nggi yillarda internet adabiyoti tushunchasi tobora kengayib bormoqda. Bunda avvalo, ijtimoiy tarmoqlar va adabiy saytlarning o‘rni kattadir. Yosh nosirlarning ijodiy faoliyati asosan telegram kanallari, feysbuk tarmog‘i, elektron saytlarda yil davomida e’lon qilib kelindi. Bir necha yil ilgari yurtimizda faqatgina Ziyo.uz, Xurshid Davron kutubxonasi saytlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan yil davomida Nodirabegim.uz, Esdalik.uz, nasrimizizdoshlari.uz, injasanat.uz kabi saytlar ish boshladi. Ularning tarkibidagi nasr, nazm, tarjima, adabiy suhbat va maqolalar kabi ruknlar ostida har kuni internet foydalanuvchilariga materiallar ulashib kelinmoqda.
Jumladan 2020-yil davomida Nodirabegim.uz saytida yosh nosirlardan Furqat Alimardonning “O‘tmagan kunlar”, Tillanisoning “Ko‘rpa”, Xoliyor Safarovning “Sumalaklar pishmagan yil”, Baxtiyor Abdug‘afurning “Nomus”, Rahshona Ahmedovaning “Qirg‘oqda qolgan baliq”, Farhod Eshonovning “Shaxs”, Sherzod Ortiqovning “Bahor yakshanbasi”, Fazo Abdumurod qizining “Alvido, Ann”, Tozagul Jumanovaning “Maktub va diydor”, Asliddin To‘lanovning “Alif”, Bayram Aytmurodning “Xudxud”, Murod Najmiddinovning “Panatseya”, Sanjarbek Ikromovning “Atillaning tulpori”, Rafiq O‘zturkning “Ov”, Mohira Eshpo‘latovning “41-kun”, Alisher Fayzullayevning “Ajdar sayyorasi”, Jasur Kengboyevning “Maktubdan chiqmagan muhabbat”, Sanjar Tursunovning “Cho‘pon”, Sherzod Xalilovning “Qora musiqa”, Ma’ruf Menglining “Modern”, Jamshid Bo‘ronning “Navqiron iztiroblar” kabi hikoyalari e’lon qilindi va muxlislar tomonidan iliq qarshi olindi.
Ayniqsa “Panatseya” hikoyasi jahon adabiyoti namunalaridan kam emas, deb bemalol aytsa bo‘ladi. Bu yosh muallifning ilk asari bo‘lib, e’lon qilingan vaqtida ko‘plab ijobiy fikrlarga bildirildi, bahslar yuritildi. Hikoyada qotil yigit, bemor qiz va Xudo o‘rtasidagi ruhiy munosabatlar aks ettirilgan, badiiy jihatdan puxta. O‘zbek adabiyotida e’tibordan chetda qolgan esse janrini ommalashtirishda Sherzod Ortiqovning hissasi katta bo‘ldi. Uning o‘tgan yil ichida bir biriga o‘xshamagan, o‘ziga xos usulda, jahon adabiyoti vakillariga bog‘lab yozilgan 40 dan oshiq esselari saytda eng ko‘p ko‘rilganlik darajasiga chiqdi. Ushbu to‘plam bahor faslida kitob bo‘lib chiqishi kutilmoqda.
Yuqoridagi hikoyalar bosma nashrlarga ham tavsiya etib kelinmoqda. Jumladan, “Sharq yulduzi” jurnalining yoshlar nasri rukniga saytdagi sara hikoyalar tanlab berilmoqda. Sh.Ortiqovning “Otamning kabutarlari”, N.Ibrohimovaning “Adibning vafoti”, Bayram Alining “Shifoxona”, Abdulatif Abdullayevning “Frontovik” hikoyalari 5-sonda chop etildi. Shuningdek, haftalik gazetalarda ham saytdagi ko‘plab hikoyalar nashr etildi.
Adabiy saytlarda yosh ijodkorlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida turli adabiy tanlovlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Esdalik.uz saytida Doston, tarjima va esselar tanlovi hamda “Martin Iden” taqrizlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan Shaxriyor Shavkat, Rahmat Bobojon, Sanjarbek Ikromov hamda 2,3- o‘rin egalari taqdirlandi. nasrimizizdoshlari.uz saytida o‘tkazilgan “Eng yaxshi hikoya” tanlovida Dilora Holiqova, Azizbek Norov, Manzura Abdullevalar g‘olib deb topildi. Nodirabegim.uz saytidagi “Kuz hikoyalari” tanlovida Rashid Xo‘jamov, Afifa Umidova, Farhod Eshon kabi yangi qalamkashlar nomi kashf etilib g‘olib deb topildi.
Adabiy saytlarning feysbuk tarmog‘i orqali xalqaro aloqalarni rivojlantirayotgani ham e’tiborli molikdir. Yosh ijodkorlar o‘ziga tengdosh bo‘lgan chet ellik shoir va nosirlar bilan tanishib, o‘zaro tarjimalar qilishmoqda. Jumladan, Nodirabegim.uz saytida o‘ndan oshiq zamondosh ijodkorlarning asarlari ilk bora o‘zbek tilida e’lon qilindi. Tarjimalar marg‘ilonlik nosir Sherzod Ortiqov tomonidan taqdim etilmoqda. Aytish kerakki, 2020-yil davomida Sh.Ortiqov xalqaro adabiy aloqalarni jonlantirishda jonbozlik ko‘rsatdi. Uning hikoyalari bir yil ichida 36 ta mamlakatda 18 ta tilda e’lon qilindi. Shuningdek, u Meksikadagi “Kardenal” jurnalida koordinator vazifasida ishlab, yosh qalamkashlarimizning hikoyalarini ispan tiliga tarjima qilishga kirishgan. Lotin Amerikasi, arab mamlakatlari, rus va ukrain adabiy saytlarida o‘zbek nosirlarining hikoyalari ko‘payib borayotgani quvonarli holdir.
Horijiy festivallarga taklif qilingan A’zam Obid, Asror Allayorov, Sh.Ortiqov o‘zbek adabiyoti nomidan xalqaro adabiy mitinglarda ishtirok etishyapti. Bunda albatta feysbuk tarmog‘ining o‘rni kattadir. Xalqaro adabiy munosabatlar asosan shu yerda kechmoqda.
Ilgari yosh nosirlarning kitoblari kamdan kam chop etilardi, ehtimol sotilmay qolishidan cho‘chish bo‘lgandir. Lekin so‘nggi vaqtlarda kitob do‘konlarida yosh nosirlarning yangi asarlari haridorgir bo‘lmoqda. Nashriyotlar bildirgan ishonch oqlanmoqda. Sherzod Ortiqovning «Kuz simfoniyasi», Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» romani, Tillanisoning «Sunbula» hikoyalari to‘plami feysbuk adabiy qatlami doirasida trend darajasiga chiqdi.
Shuningdek, Jasur Kengboyevning «O‘zbekning qarzi» , Sanjar Tursunovning «Osmontalosh», Sherzod Komil Xalilning «O‘lim labirinti», Nodirabegimning “Men, dadam va Alsgeymer” nomli kitoblari nashr etilishi kutilmoqda. “G‘afur G‘ulom” nashriyotida yaqin kunlarda Yosh nosirlar almanaxi bosmadan chiqadi, unga 20 dan oshiq yosh yozuvchilarning sara hikoyalari kiritilgan.
Aytish kerakki, yosh nosirlarning kitob taqdimotlari ham o‘zgacha ruhda o‘tkazilyapti. Taqdimotda spektakllar, kuy-qo‘shiqlar, tanlovlar, dastxat qo‘yish marosimlari, rasmiylikdan holi nutqlar, kofe breklar tashkil etilmoqda. Feysbek va telegram tarmoqlarida yangi kitoblar yaxshi piar qilinmoqda. Ayniqsa, feysbukdagi “Kitobxonlar davrasi” guruhida yosh nosirlarning kitoblariga yozilgan taqrizlar, kitob bilan tushilgan suratlar ko‘paymoqda. O‘ylaymizki, yuqorida nomi tilga olingan barcha yosh yozuvchilar o‘zbek adabiyotini rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilda Yozuvchilar uyushmasi qoshida “Umid” nomli nasr to‘garagi ochilgan edi. Unda o‘ndan ortiq yosh qalamkashlarni kashf etgandik. Pandemiya sabab to‘garak faoliyatini to‘xtatgach, to‘garak a’zolari ham tarqab ketgandi. Fursatdan foydalanib, ushbu to‘garakni tiklash taklifini bildirmoqchi edim. To‘garakda katta yoshdagi adiblarimizdan ijodiy mahorat sirlarini o‘rganish, yosh yozuvchilar bilan ham muloqot qilish, kitob taqdimotlariga borish, yaxshi hikoya mualliflarini kitoblar bilan rag‘batlantirish, ularning ijodini adabiy saytlarda yoritishni yo‘lga qo‘ysak yaxshi bo‘lardi. E’tiboringiz uchun rahmat.
Nodirabegim Ibrohimova