QISHLOQ AYOLLARIGA
Men shu xalqning holidan xabar
Olguvchisi bo‘loldimmi hech.
Baxtlar tashlab ketsa yonida
Qolguvchisi bo‘loldimmi hech?
Ey, onamday mustar ayollar,
Jannatiy baxt istar ayollar,
Ey yerdek xokistar ayollar,
So‘zingizga o‘xsholdimmi hech?
Bolangizning kiygan kalishi,
Yuragimni qiynar nolishi,
Garchi g‘amgin nigoh solishim,
Bo‘zingizga o‘xsholdimmi hech?
Bildingizmi hech baxtning ta’min,
Jim kuzatib dunyoning g‘amin,
Qayg‘u cho‘kkan, g‘amgindan g‘amgin,
Ko‘zingizga o‘xsholdimmi hech?
Minbarlarda berilgan va’da
Ruhingizga bo‘larmi dalda,
Oftoblarda yorug‘, aftoda,
Yuzingizga o‘xsholdimmi hech?
Bormi sizdek firoqda qolgan,
Baxt yodidan yiroqda qolgan,
Saratonda tuproqda qolgan
Izingizga o‘xsholdimmi hech.
Qalbingizga so‘zlarim cho‘kib,
Borayapman ko‘z yoshim to‘kib,
Siz onamga o‘xshaysiz, lekin,
Qizingizga o‘xsholdimmi hech?
Guljamol Asqarova
***
GUL ZORI
Ko‘changizga gullar ekilgan,
Gultoji-yu gulisafsarlar.
Ular yashar guldek umrida,
Uchraganni ishq deb atarlar.
Atirgullar bo‘sa tutadi,
O‘tgan — ketgan yo‘lovchi yelga.
Moychechaklar kulib boqqanda,
Shahd boylaydi bolari belga.
Ko‘changizgizni yaxshi taniydi,
Rayhon isin suygan shalola.
Shu erlikdek tutar o‘zini,
Tog‘dan tushgan qirmizi lola.
Faqat, bir gul osuda, ma’yus,
Quyoshgada bermas o‘zini.
Gul bo‘lsada suradi xayol,
Uyingizdan olmay ko‘zini.
Ko‘klam chog‘i oshiqib keldi,
Sog‘inchdanmi bag‘ri sap-sariq.
Bilsangiz gar Sizni shu gul qalb,
Bekangizdan suyadi ortiq.
Gumon qilmang gulbeorlardan,
Ergashmayman izlaringizga.
Faqat, bahor tugab boryapti,
Boqib qoling, Nargisingizga.
Ko‘changizga bir Gul ekilgan…
Nargiza Asadova
***
BAHOR BO‘LSAM…
Bahor bo‘lsam, bog‘ingizdan ketmas edim,
Boshingizdan sochib qiyg‘os kurtaklarni.
Tungi yellar aro sizga shivirlardim,
Baxtli yakun topgan barcha ertaklarni…
Bahor bo‘lsam, qizg‘aldoqlar to‘shar edim,
Poyingizga, olib kelib cho‘qqilardan.
Shoshqin soyga, sharsharaga o‘xshar edim,
Uyg‘otardim sizni ming yil uyqulardan.
Yalpiz bo‘lib unar edim bag‘ringizda,
Bo‘yingizga gultumorlar taqarmidim…
Azizimsiz – yuragimning kaftidagi,
Ayting, bahor bo‘lsam sizga yoqarmidim?..
Go‘zal RO‘ZIYEVA
* * *
Ko‘klam nafasiga tutashgan bog‘lar,
Izmidan isinib yashaydi baxtim.
Sog‘inch kurtagidan mevalar tuygan,
Ey mening daraxtim, oppoq daraxtim!
Kuzgi havolarday havolan yurak,
Ikki ko‘zim aro tutamasin or.
Zulmatlar bag‘ridan meni haydagan,
Shu bog‘ning ichida cheksiz xayol bor.
Atirlar bo‘yiga tor kelsa ishqim,
Muzni eritmasa quyoshrang taftlar.
O‘zimni o‘zimdan qizg‘onsa rashkim,
Duoga ochilmay qo‘yganda kaftlar.
Seskanib ketaman samoga qarab,
Kimdir yuragimga aytadi alyor.
Sen baxtli bo‘lolding, ming yillar yashab,
Deya ta’qib etgan mingta savol bor.
Ildizim yoniga ekildi nihol,
Ishonch degan narsa o‘sdi yonimdan.
Endi men yashashga tutmasam malol,
Isyon oshib chiqmas qonimdan.
Ko‘nglim qudug‘iga quyganicha dard,
Qadrini yo‘limga qilgancha uvol.
Bilsang, jannatmakon Jizzax tomonda,
Meni shoir qilib tuqqan ayol bor!
Kumush O‘SAROVA
***
BAXTLI AYOL HAQIDA
Qiziqtirmas kun, sana, raqam,
Kelib qo‘ydim manzilga vaqtli.
Ko‘kragidan sut hidi anqqan,
To‘lin-to‘lin juvonlar baxtli.
Topib bo‘lmas shoirga do‘nib,
Boshga solib ming bir savolni.
Bolasining ishtonchasini
Yuvayotib surgan xayolni…
Kulgularim siniqdan siniq,
Yig‘lolmayman quchib baralla.
Ko‘zlarimda ming yillar tinib,
Lablarimdan sachraydi alla.
Aaallaaa- aaaalllaaa!!!
Mehrinoz Abbosova
***
AYOL
Bahor seni ko‘rgani keldi,
Kulguchingda tunar emish oy.
Ko‘ksingdagi mehr-muhabbat,
Dunyolarga bermishdir chiroy.
Ayol, sening izingdan boqib,
Mastona kuz elaydi barglar.
Sen vafo-la yurib o‘tganda
Sog‘ayadi qish degan dardlar.
Ayol, mehring yozga bir tuhfa,
Isinadi sovqotgan olam.
Ayol, sening to‘rt tomoningda
Charx uradi muborak kalom.
Qadim turmush tegirmoni ham
Yuragingga tegib aylanar.
Kimki seni ardoqlay bilsa
Keyin odamlikka saylanar.
Keyin chin insoninga aylanar.
Mahliyoxon Umurzoqova
***
Avval shamol to‘kdi mevalarini,
Yaproqlarin yulib otdi shum dovul.
To‘rtala faslning azobi bitmas
Og‘och qismatida so‘nggi on dovur.
Qovjirab-qovjirab kuzga kirdi u,
Qish quloq tutmadi ingroqlariga.
Hayhot, sug‘urmadi yerdan ildizin,
Sodiq qola bildi tuproqlariga.
Endi mehr haqda qo‘shiqlar yolg‘on,
Yuragim, ayt, qanday o‘yin boshladik:
Boshimizga soya bergan daraxtni
Ildiz-ildizidan kesib tashladik…
Shohsanam NISHONOVA
***
OLISLARDA JILMAYAR BAHOR
Tun. Sukunat. Sepkilli osmon.
Bir tilim oy. Bezovta xayol.
Sakson yoshli momodek mudrab,
Bog‘ko‘chada sudralar shamol.
Tashvishlardan charchagan qishloq,
Bir zumgina uyquga cho‘mar.
Sukunatdan zerikkan dala,
Keksa kuzni savolga ko‘mar…
…Olislarda jilmayar bahor,
Quyosh kular baxtga egizak.
Hozir esa… Izg‘iydi bedor,
Ko‘ylaklari yirtilgan kuzak…
Bashorat Otajonova
***
QAYTA TUG‘ILISH
O‘zingga qaytasan,
Og‘riqlaringga
Duolar o‘qiysan ijobat tilab.
Bir finjon qahvani qo‘yib oldiga
To‘yib gaplashasan vijdoning bilan.
So‘ng kino boshlanar
Urush haqida
(Na ko‘rging keladi, na bo‘lar uxlab!)
Titraysan, go‘yoki ekran ortidan
Chiqib kelyotganday adashgan o‘qlar.
Haydalgan it kabi uvillar shamol
Ketib ham bo‘lmaydi,
Sovuq tashqari.
Izmingga solasan o‘zingni darhol,
So‘ng huzur topasan dilni boshqarib.
Derazang ortidan boqar musicha
Bulutlar tarqalar to‘zg‘igan pardek.
Tong otar, uyqusiz kechadi kechang,
Qoningda yugurar vatanparvarlik.
Atrofga boqasan tabassum bilan,
Sezasan manzillar ayon ekanin.
Qo‘rqmaysan,
ortingga qaytmaysan sira
Endi cho‘chitolmas Ayol ekaning!
Mahfuza IMOMOVA
***
Ayol — ona, qalbi muattar
Gullar kabi nozik va xushro‘y.
Nigohida tiniq tong otar,
Xayolida orzu to‘la o‘y.
U mo‘jiza, sirli bir xilqat,
Tuyg‘ulari suvdayin kavsar.
Yuragida sabr va toqat,
Matonati hayotiy asar.
Ko‘ngliga yo‘l topsangiz xushhol,
Ikki qo‘llab jonini tutar.
Muhabbatdan gul qomati dol,
Umr bo‘yi sizni deb o‘tar.
Oilaning bo‘lib ustuni
Mehr ila muruvvat qiling.
Shirin so‘zlar bilan har kuni
E’zoz etib, qadrini biling.
Kerak bo‘lsa boshga ko‘taring
Og‘ir damda qilingiz shafqat.
Baxtli bo‘ling va qo‘sha qaring
Ayol ko‘nglin o‘ksitmang faqat…
Zuhra Begim