taqriz, tahlil
“Sizlarni sevaman, sevib qiynaldim”. Romandan.
Bu yil buyuk yozuvchi Fedor Dostoyevskiy tavalludiga 200 yil to‘ladi. Yozuvchi ziddiyatlar, og‘riqlar va yo‘qotishlarga to‘la hayotida juda boy, bemisl adabiy meros qoldirdi. Uning bir yo‘la to‘rt romani – “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Iblislar” va “Aka-uka Karamazovlar” dunyoning eng zo‘r 100 kitobi ro‘yxatida turadi. Xususan, “Aka-uka Karamazovlar” asari bugunga qadar dunyoning qator tillariga tarjima qilingan: yunon, ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, polyak, xitoy, yapon, qardosh turk, qozoq tillariga o‘girilgan. Yosh avlod sifatida ko‘p minnatdor bo‘lamizki, bizning milliy adabiyotimiz ham Dostoyevskiyning barcha asosiy asarlari tarjimasiga ega bo‘ldi. Tarjima qilinmagan qissalar, yozishmalar, xatlargina qoldi. Ustoz tarjimon Ibrohim G‘afurov bo‘lsa naq Dostoyevskiydek ko‘z o‘ngimizda qad tikladi. Ustoz 80 yosh ostonasida yozuvchining so‘nggi – “Aka-uka Karamazovlar” romanini ham o‘zbek tiliga o‘girdilar. Roman madaniy hayotimizda alohida hodisa bo‘ldi. Ammo bu hodisani ham hech ta’sirlanmay o‘tkazib yubordik. “Iblislar” tarjima qilinganda ham ayni holat kuzatilgan edi.
Roman xudo, ozodlik va axloq haqida. Ayni bugungi kunimiz, ayni bugungi yosh umrimiz haqida. Biroq biror munaqqid asarning shu tomoni haqida hatto qulog‘imizga shipshib ham qo‘ymadi. Biz o‘zimizcha o‘qidik va ma’nolar izladik. O‘qib-o‘qib, bir xayolimiz Nitsshega, bir xayolimiz Sartrga tortadi…
Fedor Dostoyevskiy “Aka-uka Karamazovlar”romanini ham azob, og‘rinish, cheksiz dilgirlik va qo‘qqisdan bostirib kelishi mumkin bo‘lgan qandaydir qismat olovlaridan tahlikada yozgan. U doim shunday yozgan, chunki doim shunday yashagan. U o‘zini azoblar ichida ko‘proq yaxshi ko‘rgan, o‘zini azoblarda toblanayotgani uchun ham nimagadir arzitgan, ehtimol. Roman 1878-1880 yillarda qog‘ozga tushirilgan. Asarni tushunish uchun muallifning ayoli bilan yozishgan xatlarini o‘qib chiqaman. U mana shu romanni yozishdan oldin qanday edi, yozayotganda qanday bo‘ldi, yozib tugatgach qay holatga yetdi kabi savollarga javob izlayman. Dostoyevskiyning rus tadqiqotchilari asar ustidagi rosmana ish 1878 yildan boshlangan deyishadi. Shu jihatdan Fedor Dostoyevskiy va Anna Dostoyevskaya o‘rtasidagi aynan 1866-1877 yillarda yozilgan xatlar e’tiborimni tortadi va ularda quyidagicha umumiy xususiyatlar ko‘zga tashlanadi:
u mutlaqo Mishkinning toza va baxtiyor bir qismidek tasavvur uyg‘otadi, xatlarga “sening baxtiyor F.Dostoyevskiying” deya imzo qo‘yardi. O‘zini tinimsiz tushuntirishga urinardi: “Meni o‘shshaygan, asabiy, axloqsiz ko‘rarsan, lekin bu faqat tashqaridan qaraganda, ichdan boshqachaman, ishon, ishon bunga” [1]. Bu yillar ichi u bedavo qimorboz edi. Cheksiz qaytish, cheksiz va’dalar va “meni sev” degan cheksiz iltijolar ichida o‘zini azoblardi. U bu gunohdan ham, gunohkorlik azobidan ham o‘zini tiyolmasdi: “Men jinoyatga qo‘l urdim, men barini yutqazdim, Anya, sen jo‘natgan oxirgi kreysergacha, barini, kecha oldimu kecha barini boy berdim… Birgina vahshat meni ezadi: nima deysan, nima o‘ylaysan endi men haqimda!.. Endi ish va mehnat, ish va mehnat, men hali ko‘rsatib qo‘yaman, men ado etaman… Men haqimda pastarin xayolga borma. Axir men insonman! Axir menda qanchadan-qancha insoniylik yashaydi”. Bu vaqtlarda Dostoyevskiy Motsart, Rossini, Betxovenning “Fidelio” operasi, Mendelson-Bartoldning “Nikoh marshi”ni tinglashni sevardi. Mazkur asarlarda yuksak polifoniya qaynab toshardi. Vagnerni bo‘lsa hech xushlamasdi. Sovuq qotardi. “Anya, Anya, yodingda tut, men ablah emasman, bor-yo‘g‘i bedavo qimorbozman”. Vaqti kelib Dmitriy Karamazov “Sening qoshingda ablah bo‘lsam-da, lekin o‘g‘ri emasman! Uch mingni kut” deya hayqirgan edi. Nihoyat, patologiyaga aylangan qimorda yutishdek qabix xayolotning Dostoyevskiyni tark etishi. Tutqanoqning tasodifiy boshlanishidan qo‘rquv va azob, azob, azob… “Anya, tutqanog‘imni avvalgidek deb o‘ylayotgandirsan, lekin men bilaman, endigisi meni o‘ldiradi. Og‘ir zarba bo‘ladi. Men uni eshityapman, men uni sezayapman”. Qattiq qichqiriq, so‘ng inson qiyofasidan chiqish va xirillayotgan allanarsaga aylanish. Ko‘zda, yuzda nurning so‘nishi, insonning cheksiz xorligi va bundan jirkanish hissining tug‘ilishi. Bunga guvoh bo‘lganlardan cheksiz qochish. Guvohlarning endi senga to‘laqonli inson sifatida qaramasligini ayon ko‘rib turish va seni kamsitib ruhingni tahqirlayotgan nigohlardan cheksiz qochish. Ming ilojini qilib yaqinini o‘zini sevishga ko‘ndirayotgan inson. Uni sevgan insonlarning tasodifiy uqubati yoki o‘limidan tahlikada bo‘lish, uyqusizlik, dilgirlik. Unga quvonch beruvchi yagona kuch – oilasi, farzandlarining muhabbati. Ammo haddan ortiq sevilishni istagan insonning bitmas-tuganmas yozg‘irishlaru shikoyatlari. Dilgir, asabiy, xasta va yuksak muhabbatiga javoban ayni shunday muhabbatni talab qilish. Ayolining uni shu holida sharaflashi, sevishi, avaylashi, eng katta kuch – ertangi kunga umid va quvonch bera olishi, Dostoyevskiy istagandek nozik sevishi, “Men sen bilan tirilaman, Anya. Meni bir marta ham tushingda ko‘rmadingmi?” Tashqarida qo‘pol va dag‘al, shovqin-suronga to‘la dunyo. Dag‘allik, qo‘pollikdan og‘ringan yurakning shu injalik ichida halovat topishi va baxt ulashishi: “Hech kutilmaganda oliyhimmat, yuksak, pok, nomusli, aziz bir inson meni sevdi. Bilmaysan, Fedya, sening sevging va uning yuksakligidan qanchalar g‘urur tuyaman. Senga doim aytganman: “Mening quyoshimsan tog‘ cho‘qqisidagi, men bo‘lsa tubanda yotibmanu faqat yukinaman”. Dostoyevskiyni tushlarida ta’qib qiladigan marhum aka va ota. Boshqa yozuvchilarga nisbatan juda kam qalam haqi olish va doimiy yetishmovchilik – Anna Grigoryevna tili bilan aytganda “Dostoyevskiy uchun chinakam baxtsizlik”. Har bir asarni pul ishlab topish ilinjida yozayotganini bilib turish, pul kelishiga qarab vaqtni belgilash va ruhan, jismonan zo‘riqib bo‘lsa-da ishlash. Axir bu mutlaqo Tolstoycha yoki Turgenevchasiga ijod qilish emas edi. “Kech tushganda g‘amginligu ziqlik yuragimni to‘ldiradi, tongda har qalay yengilroq, shuning uchun ham tong mahali ishga tutinaman”. Qoraxayol odamning yorug‘likka adoqsiz intilishi. Uning qahramonlari ham tun cho‘kayotganda naq telbaga aylanadilar. Alesha sharafning “toptalishi”dan tunda titroqqa tushadi, Ivan kechda ichidagi iblis bilan olishadi, Dmitriy tun avvalida ko‘ksiga urib sharmandaligiga iqror keltiradi.
1978-1980 yillarda, ya’ni asar qog‘ozga tushirilayotgan vaqtda, xatlardagi taassurotlarga ko‘ra, yozuvchi qanday holatda edi:
Anna Dostoyevskaya tug‘ilajak farzandlari egiz bo‘lar deya taxmin qilardi, o‘g‘il tug‘iladi. Ammo bola Aleksey uch yasharligida, 1878 yil tutqanoq zo‘ridan jon beradi. Kutilmagan o‘limning (ehtimol, kutilgan. Chunki Dostoyevskiy har doim va har qachon tasodifan bostirib keluvchi falokat vahimasi bilan yashagan) yozuvchi ruhani abgor qiladi. A.Dostoyevskaya maslahati bilan dardni biroz yengillatish uchun Optina xilvatxonasida bo‘lgan yozuvchi (bu Kaludagi mashhur monastir bo‘lib, Dostoyevskiy rus faylasufi V.S.Solovyov bilan birga bu yerni 1878 yilda ziyorat qiladi), “uqubatli safardan” so‘ng oxirgi romani – “Aka-uka Karamazovlar”ni yozishga o‘tiradi. Romanni Anna Grigoryevna Dostoyevskayaga bag‘ishlaydi.
Romanning ikkinchi kitobi “Xudojo‘y ayollar” bobida ozg‘in, sillasi qurigan, aft-angori xuddi kuyganday so‘xta bo‘lib ketgan bir ayol Zosima otaga: “O‘g‘ilchamga achinaman, otaginam, uch yilgina umr ko‘rdi…” deya zorlanadi: “u tiz cho‘kib turar va qariyadan ko‘zini uzmasdi. Ko‘zlarida quturishga o‘xshash bir ifoda zuhurlanardi”. Dostoyevskiyning o‘zi mana shunday holatda yetib borgan edi xilvatxonaga, yupanch izlardi, yuragiga mador. Asarda ayolga Zosima ota shunday dalda beradi: “Gap bundoq, onaginam, – dedi qariya, – qadimgi bir avliyo ota, ulug‘ zot bir kuni ibodatgohda xuddi senga o‘xshab bo‘zlab turganini ko‘rib qolibdi, uning ham yolg‘iz go‘dagi qazo qilgan, xudo o‘z dargohiga chaqirgan ekan. “Sen, ojiza, bilmaysanmi axir, – debdi unga avliyo ota, – sabiy go‘daklar xudoyimning arshi oldida jur’atlidurlar? Arshi a’lo qoshida ulardan ko‘ra jur’atliroq hech zot yo‘q: xudoyim, sen bizga hayot ato etding, deydurlar ular xudoyimga, biz endi uni ko‘rganimizda, sen bizdan uni qaytarib olding. Ular shu qadar dadil, jur’at bilan iltimos qilib so‘raydilarki, xudoyim egam darhol ularni farishtalar maqomiga olib chiqadi”.
Asar g‘oyasi oiladagi mash’um yo‘qotishdan so‘ng rosmana asar sifatida yetila bordi. Bola Alekseyning vafoti bu muhtasham asar tug‘ilishi uchun ekilgan urug‘ edi. “Rost, rost aytaman sizga: magarkim bug‘doy donasi yerga tushib, o‘lmasa, bir o‘zi qolajak; agar o‘lsa, unda ko‘p hosil berajak”. “Yuhanno Injili”dan olingan bu oyat asarga epigraf qilib olingan.
Asarni o‘qish, tarjima qilish, tahrir qilish va u haqda yozish juda og‘ir. Asar boshdan-oxir tubanlikda o‘lish va yuksaklikda tug‘ilish haqida. Bu sharqning “o‘limdan avval o‘lish, o‘zingda o‘lish va haqda tirilish” g‘oyalariga ayni mos keladi. Bu yerda hech qanday tafovut yo‘q. Romanda garchi “Injil” liniyasi juda chuqur ishlangan bo‘lsa-da. Bu borada rus adabiyotshunoslari asardagi qahramonlarning insonda insonni topish orqali qayta tirilishlari haqida juda asosli va teran kuzatishlar olib borgan. Ko‘hna sharqning qalandarlik, malomatiyya tarmoqlariga qanchalar yaqin kelgan Dostoyevskiy. Inson har qayerda inson ekan-da. “Endi esa aytaman: uning orazi men uchun eslatma va bashorat bo‘ldi”.
Anna Dostoyevskaya o‘z xotiralarida romandan Zosima otaning quyidagi “Duoda yod qilgayman, ey onaizor, yod aylagayman sening g‘am-anduhingni, duo qilgayman, zavjingni ham sihat-salomatligi uchun duo qilgayman” so‘zlarini keltirar ekan, yozadi: “Bu so‘zlarni menga 1878 yil Optina xilvatgohidan qaytar chog‘ida Fedor Mixaylovich jo‘natgan; u yerda u Amvrosiy ota suhbatida bo‘lgan, o‘g‘limizning vafotidan qon yig‘lab, o‘rtanib yonayotganimiz haqida so‘zlab bergan. Amvrosiy ota Fedor Mixaylovichga “Aleshaning haqqiga va mening azoblarim haqqi duo qilishni, biz hamda bolalarimiz sog‘ligi uchun duoda bo‘lishni” va’da qilgan. Fedor Mixaylovich valiy otaning suhbatidan va haqqimizga duoda bo‘lish haqidagi ahdidan qattiq hayajonga tushgandi”. Asar tadqiqotchilari mana shu manbalarga tayanib, Zosima otani Amvrosiy otaning prototipi, monastir bilan aloqador sahnalar Optina xilvatgohi taassurotlari deya baholaydilar. Dostoyevskiy yozadi: “Bu chol yelkamda juda uzoq o‘tirdi…” Bu tasvirlar bizdagi tariqatlar, tafovutlar, adashishlar va toblanishlarga qanchalar yaqin.
Oilaviy yo‘qotishdan so‘ng Anna Dostoyevskayaning xatlari hajman qisqargan. Dostoyevskiyda uyqusizlik, sovuq qotishlar, shamginlik, zerikish, sog‘inch, bosim ostida ishlash, tinimsiz ochiq-oydin va mehr bilan xatlar yozishga undash kuchaya borgan: “seni qanchalar sevishimni sen hech qachon oxirigacha tushunmaysan – bu qanchalar yomon”; “gazetalardan faqat butun Rossiyadagi qotillik, talon-tarojlar haqida o‘qiysan. Shubha-gumon egallaydi, sizlarga nimadir bo‘ldimikin deb g‘amgin tortib qolaman”; “bolalarga men haqimda biror ko‘ngilga xush yoquvchi narsa aytib ber. Men kunu tun Alesha haqida o‘ylayapman, bu yerda unga o‘xshab ketadigan bolalar juda ko‘p”; “bo‘ynimda “Karamazovlar” turipti, qoyilmaqom qilib yakunlashim kerak, garchi og‘ir va tahlikali, bor quvvatimni olib qo‘yadi. Ammo bu muqarrar bir ish: u bilan mustahkam oyoqqa turishim kerak, undan boshqa biror umidim yo‘q… qalam haqiga bo‘lsa yer sotib olaman…”; “bu beshinchi kitob – “Pro i sontra”, nazarimda, romanning avj nuqtasi, eng puxta ishlangan mukammal qismi bo‘lishi kerak. Bunda mutlaq kufrga ketgan davrimizning, Rossiyaning, yoshlar hayotidan uzib qo‘yilgan muhitning izdan chiqishidagi bosh sabab tasviri bor, boshboshdoqlik va shakkoklik bilan bir qatorda – ularning raddiyasi ham, bu hali jon berayotgan qariya Zosimaning so‘nggi so‘zlarida aks etadi”.
Va xatlarda aks etgan Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan nutq xotiralari. Dostoyevskiy uyga qaytishni va romanni oxiriga yetkazishni istardi. Ammo tavallud kunlari uni qo‘yib yuborishmaydi. “Tanaffus vaqti zalda son-sanoqsiz odamlar, yoshlar, keksalar va ayollar menga tashlanishdi, aytishardiki: “Siz bizning xaloskorimizsiz, “Karamazovlar”ni o‘qir ekanmiz, siz bizni yaxshiroq qilib qo‘ydingiz…” Keyin butun bu olomon zinada menga yopirildi va kiyim-boshsiz ortimdan ko‘chaga otilishdi, meni izvoshga o‘tqazib qo‘yishdi. So‘ng birdan qo‘limni o‘pgani intilishdi – bir emas, o‘nlab odamlar, faqat yoshlar emas, yoshi ulug‘lar ham. Turgenevniki yollangan olqishlovchilar bo‘lsa, bular chinakam ishtiyoqmand-ixlosmandlar edi… Chiqib kelganimda zal qarsaklardan larzaga keldi, uzoq, juda uzoq vaqt o‘qigani imkon bermadilar. Ta’zim qildim, o‘qishga imkon berishlariga ishora berdim – hech biri yordam bermadi: zavq-shavq, hayajon (hammasi “Karamazovlar” sharofati bilan!). Nihoyat, o‘qiy boshladim… Men baland ovozda, yonib o‘qidim. Yakunda umumjahon birligi haqida tantanali iqror keltirganimda, zalda jazava boshlandi, yakunlaganimda – men buni to‘la ifodalab berolmayman, hayajondan dodlab yuborishdi: olomon orasida yig‘i boshlandi, ho‘ngrab yig‘lashdi, notanish odamlar bir-birlarini quchishdi va bir-birlariga yaxshiroq bo‘lish, bundan buyon bir-birlaridan nafratlanmaslik, aksincha, sevish ahdini berishdi… “Sohibkaromat, xaloskor!” – deya qichqirardi olomon… “Siz dahosiz, siz dahodan ham ortiqroq” – deyishdi Turgenev, Annenkov ikkisi menga… Anya, bu kelajak uchun kafolat, hammasi uchun kafolat, hatto men o‘lsam ham”.
Sizga xatlardagi o‘zim uchun muhim deb belgilagan o‘rinlarni va ayrim xulosalarimni keltirdim. Ularda Dostoyevskiy xasta, qat’iy ham dilgir, o‘zini har qachon kamsitilgandek sezuvchi, jo‘shqin va tajang, asabiy, o‘ta darajada xassos – paradoksal qiyofada qarab turadi: “yo taqdir, yo xudo”.
Men endi va’damni bajarsam deyman, sizga asarda sochilib yotgan bug‘doy donalarini ko‘rsatishni istayman. Ota Zosima huzurida sud qilingan, aziz zotning o‘ziga bosh ekkanidan tongriqqan Dmitriy Karamazovni eslang. Bu voqeani Zosima ota shunday talqin etadi: “Men kecha uning oldida turgan ulkan azob-uqubatlarga boshimni egdim… Kecha menga qandaydir qo‘rqinchli bir narsa ko‘rindi… kecha uning nigohida o‘zining taqdiri ko‘ringanday bo‘ldi. Shunday bir nigoh aks etdi unda… shundan bir zumda yuragim orqaga tortib ketdi bu odam o‘zi uchun tayyorlayotgan narsani ko‘rib. Hayotda bir-ikki marta ko‘rganman ayrimlarning shunday yuzini… o‘sha odamlarning butun taqdirini ifodalagan, e voh, o‘sha tolelar yuzaga chiqdi. Men seni uning oldiga yubordim, Aleksey, sening qon-qardosh chehrang unga yordam berar deb o‘yladim. Ammo hammasi xudoyimdan va barcha tolelarimiz xudoyimda. “Magarkim bug‘doy donasi yerga tushib, u o‘lmasa, bir o‘zi qolajak, magarkim, u o‘lsa unda ko‘p hosil berajak”.
Azob-uqubatni bo‘yniga olayotgan Dmitriy o‘zini yerga ko‘mayotgan bug‘doy doni kabi edi. U ko‘p hosil berishi uchun, o‘zida insoniylikni topishi uchun o‘ziga hukm o‘qimoqda edi. Umuman, o‘zi uchun azobni hozirlash unga kimdan meros bo‘lib o‘tgandi?
Dmitriy pastarin er va mardona, ammo tolesiz ayoldan tug‘ilgan farzand. Xotinini oxirigacha tahqirlay olmagan otaning alamlariga nishon o‘g‘il. “Bu odam o‘zi uchun tayyorlayotgan narsani” onasi bir zamonlar o‘zi uchun hozirlagan, jamiyat fosh etgan tuban kimsani unga turmushga chiqish orqali sharaflamoqchi bo‘lgan. U mana shu “merosiy haq-la” hissiyotlarni jilovlay olmaslik, ammo tuban ketolmaslik o‘rtasida osilib turadi.
Yana bir bug‘doy donasi – Ivan. Ivan va Alesha o‘sha tuban er va mute, xo‘rlangan, qo‘rquv ostida o‘sgan, oxirida og‘ir asab kasalligiga yo‘liqqan ayolning farzandi. Ular onasidek xudoga, dinga tashna, qandaydir ichki taraddud bilan yonadigan yigitlar. Ammo Ivan va Alesha boshqa-boshqa qutbda-yu, biri birini taqozo qilib turadi. Ivan Aleksey orqali o‘zini poklashi, Alesha Ivan orqali chinakam harakat maydonlariga kirib borishi kerak. Asarda Ivan hammadan ham ko‘proq dinga tashna va hammadan ham ko‘proq xudoga yaqin. Axir naq iblis bilan so‘zlashgan u emasmi?
Alesha Karamazov – asar zaminiga ekilgan va unib chiqqan Aleksey Dostoyevskiy. Biz bu haqda gapirdik. Ammo hozir Alesha Karamazov haqida. U hech kimga malol kelmaydigan, uyatchanligi va bokiraligi sur va kirlangan odamlarga og‘ir botmaydigan, o‘zi kirib borgan davrada ma’naviy o‘zgarish yasaydigan bir yigitcha. U ota yurtga onasining qabrini izlab kelgan. Chunki xotirasining bir nuqtasida aziz ona aziz farzandini Bibi Maryam panohiga uzatayotgan bir tasvir muhrlanib qolgan. Shu tariqa rohiblar dunyosi toza go‘shadek uni o‘ziga tortadi. Qariya Zosimaga “butunlay tashnakom yuragining qaynoq birinchi muhabbati bilan bog‘landi”. Ammo bu ham bir og‘irlik. Negaki biz hali buning yaxshi-yomonligini bilmaymiz. Sig‘inish darajasida odamni sevish xatarli. Agar u qari bo‘lsa va agar u munosib tarzda o‘lolmasa-chi? Bu gumon juda yomon, uni haydab solish uchun bug‘doydek naq yer ostiga kirishing, chirib bitmay unib chiqishing kerak…
Alesha hech kimni ayblamaydigan, boricha qabul qiladigan, ammo keyin ma’yus tortib qoladigan hilqat. Odamlarni sevadigan, odamlar ustidan hukm chiqarmaydigan hilqat. Odamni hukm chiqarmay ham sevish mumkin ekan. Va lekin ayni shuning uchun ham hukmni undan kutishadi va unga so‘zsiz itoat etishga qasam ichishadi. Zotan unga vasiyat qilinganki, “darhol monastirdan ket… darddan baxtingni izla. Mehnat qil, charchamay, tinmay mehnat qil. Og‘aynilaring birla bo‘l. Faqat birovi emas, har ikkovining qoshida bo‘l”.
Va yana bir dona. Bu garchi asarda faol bo‘lmagan, Zosima xotiralari ostida uxlab yotgan bir obraz. Ammo u ham bug‘doy donasi: qotillikka qo‘l urgan sirli mehmon. Qotil iqrorini jamoatga aytishni istamay, yagona guvohni – yosh Zosimani o‘ldirgani kelganida, bu rejadan bexabar mezbon bilan shunday suhbat bo‘lib o‘tadi. “Qismatni hal qiling, — qichqirdi u.
– Boring, ma’lum qiling, – shivirladim unga, ovozim bazo‘r chiqdi, lekin adl-dadil dedim. Shunda men stolda turgan Yuhanno Injilini oldim, rus tiliga tarjimasi, XII bob, 24-oyat. “Rost, rost aytaman sizga: magarkim bug‘doy donasi yerga tushib, u o‘lmasa, bir o‘zi qolajak, magaramkim, u o‘lsa unda ko‘p hosil berajak”. Men bu oyatni aynan uning kelishi oldidan o‘qigan edim. U o‘qidi. “Rost, – dedi alamli kinoya bilan kulib. – Bu kitoblarda, – deydi biroz to‘xtab, – ne vahshatlarga duch kelmaysan. Burningni tagiga tiqish oson. Ularni kim yozgan o‘zi, odamlarmi?”
– Muqaddas ruh bitgan, – deyman.
– Sizga valdirash oson, – dedi u va yana irshaydi, nafrati junbushga keldi. Men kitobni yana qo‘limga oldim, boshqa sahifasini ochdim va “Ibroniylarga maktub”ning X bob, 31-oyatini ko‘rsatdim. U o‘qidi: “Barhayot xudoning qo‘liga tushib qolish dahshatlidir!”
Ichingdagi iblisni yoki tubanlikni o‘ldirish va poklanish azobida o‘zingda yaxshirog‘ini yaratish. Agar bunga xudo hukm qilgan bo‘lsa-chi, “barhayot xudoning qo‘liga tushib qolgan” bo‘lsang-chi! Boshqa yo‘l yo‘q. Dostoyevskiy yo‘qotish azobini va barcha azoblarini bug‘doy donasidek yerga ko‘mdi va yangi inson bo‘lib ko‘z ochishni, ko‘p ezguliklar yaratishni istadi.
Mana endi asar haqida nimalardir yozish mumkin. Qahramonlar ichiga tushib borish mumkin. Roman fokusida falokat, jinoyat – ota Karamazovning o‘ldirilishi turadi. Vahimali zamonlarning vahimaga berilgan, ammo soxta tantanavorlik va go‘llikdan voz kecholmagan ilmiliq odamlari haqida bir roman yozish uchun ularni liqillamaydigan, har narsaga egilavermaydigan bir odamga bog‘lab qo‘yish kerak, yo‘qsa hammasi tariqdek sochilib ketadi. Bu ideal desangiz ideal, Dostoyevskiy aytganidek, arbob desangiz arbob – kenja Karamazov. Ya’ni odamlarning tavba-tazarrusini tinglaydigan va uzrxohliklarni bir-birlariga yetkazib turadigan arbob: “Gap shundaki, u o‘zi bir arbob, lekin hali suyagi qotmagan, shakllanmagan arbob… Aftidan, faqat bir narsa shubhadan batamom xoli: u g‘alati, hatto qiziq odam… mana shu odam ayrim paytlarda o‘zida butunlikning o‘zagini olib yuradi, u yashagan davrning boshqa kishilari esa – bari qandaydir shamollar izmida negadir vaqtincha undan uzilishib qolmishlar…” Yana bu qahramon fojiali-kulgili, axloqsizlik-buzuqlik va vasvosga to‘la chirkin o‘rada unib chiqqan bir gul.
Aka Karamazov – Dmitriy – axloqan “o‘lgan”, lekin unga muhabbat bilan, yangi azob va sarsongarchiliklar bilan qayta tug‘ilish uchun umid yo‘llari ochilgan. U shu jihatdan “Iblislar”dagi Stavrogindan farq qiladi. Roman monastir hujrasidagi Dmitriy ustidan “sud” bilan boshlanib, sud bilan tugaydi. U boshdan-oxir ham o‘zi, ham jamiyat tomonidan sud qilinadi.
O‘rtancha o‘g‘il – Ivan Karamazov – og‘ir savollar, yetilmagan ulkan fikrlarni o‘zida ifoda etadi, ularni miyasida olib yuradi. U fikr egasi, faylasuf. Shu jihati bilan g‘oya ijrochisi – Raskolnikovdan murakkabroq va foje qiyofaga ega. Zero uning uchun dunyo – izdan chiqqan, la’natlangan, iblisona tartibsizlik ichida qolgan.
Muqarrarlik uch o‘g‘ilni bir nuqtaga olib keladi. Bu nuqtaning yonida badxoh va hissiyotchan ota turadi. Ammo unutmangki, asardagi bosh qahramon Aleksey emas. Dostoyevskiyning barcha romanlarida bo‘lgani kabi asardagi bosh qahramon – g‘oya. Ko‘p sudrab nima qildim, bu – o‘lgan, ya’ni yo‘ldan chiqqan odamning qayta tiklanish g‘oyasi. Odamning “Injil”da ko‘rsatma berilgan – yer ostiga kirgan va qayta ungan bug‘doy donalariga aylanishi g‘oyasi.
Butun asar davomida muallif usta darbozdek mangulikka tortilgan ikki dor ustida u yoqdan-bu yoqqa oshib o‘yin o‘ynaydi: din – dinsizlik, ixlos – dahriylik, haq – haqsizlik, jiddiyat – masxarabozlik, ota – o‘g‘il, sharaf – toptalish…
Rus tadqiqotchisi K.Tyunkinning quyidagi fikri g‘oyat e’tiborli: “Romanning ichki syujet harakatidagi cho‘qqi agar – “birinchi kun” – Dmitriyning tazarrusi bo‘lsa, u holda avj, hal qiluvchi daqiqa – “ikkinchi kun” – Ivanning tavbasidir.
Avval Dmitriyning tavbasi haqida. “Nigohi noayon”, “aqli uzuq-yuluq va nobop” shu odamninggina tavbasini Dostoyevskiy uch shaklda ifodalagan: she’riy yo‘lda, hangomalarda va “oyog‘ini osmonda” qilib. Axir qurbonlikka aynan u tanlandi, ota bilan xotin talashishda va padarkushlikda u ayblandi. Bu qalbda nimalar bor edi? U izhorini hayotni va insonni madh etish bilan boshlaydi. Dmitriy nega shu kunga kelib “yorildi”? Uning tili bilan aytganda nega o‘sha kuni “fursat etdi”? U poklik timsoli bo‘lgan valiyning ta’zimini ko‘tarolmadi. Zosima otaning o‘ziga bosh ekkaniga chidolmadi. O‘zi aytganidek, “Endi dunyo yangi ko‘chaga chiqdi”. Qaqragan va tuban odamga yuksaklikning bosh egishi ba’zan shunday ezgu iqror yo‘llariga boshlab ketadi, og‘riqli jazavaga soladi. Tog‘dan pastga qulayotgandek endi o‘zini to‘xtatolmaydi. Bu lazzatparast mana shu qulash qo‘rquvidan ham shavq olishni istaydi. Uningcha, “odam yer yuzida dahshatli darajada ko‘p chidashi kerak”. U mana shu ishni yelkasiga olgan. Sharmisorlik ichida madh o‘qiydi, iblisga ergashib boradi, ammo xudoni sevadi, go‘zallikni ham xudoda, ham iblisda ko‘radi. Men o‘z fikrimda qolaman, u doim o‘rtalikda osilib turadi. Bir tomonga o‘tib olmaydi, shuni o‘ziga ravo ko‘radi; garchi xohlaydi yengillik topishni: “yo‘q, odamning bag‘ri keng, hatto ortiq darajada keng, men toraytirgan bo‘lardim”.
Jinko‘cha, orqa ko‘chada tug‘ilgan ishqibozlik muhabbatga aylanadi. Xalos bo‘lish yo‘li ochiladi. U o‘z tavbasida o‘zi uchun yo‘l ochadi: “Xudoga mening yuragim ayon, u mening tahlikamni ko‘rib turibdi. Barcha bo‘lib turgan ishlarni ko‘ryapti. Nahot u vahshatga yo‘l qo‘ysa? Alesha, men mo‘jizaga ishonaman, bor!” Uning aytganlari yolg‘onmi, axir yolg‘onmi: har kim o‘z yuksakligi va tubanligi oralig‘ida osilib turadi. Shoshilmang deyman, men sizga hali nafratlanish mumkin bo‘lgan boshqa bir odamni topib beraman…
Ivan Alesha bilan qurgan “tazarru ruhidagi” suhbatini xuddi Dmitriy kabi hayotni madh etishdan boshlaydi, u barini “ichdan, haddan ortiq” sevadi, sevganda ham ma’sumligini yo‘qotmagan, ayni shuning uchun ham, ehtimol, kamolga yetmagan muhabbat bilan sevadi. “Aziz ukajonim, seni sira yo‘ldan urmoqchi, ahdi paymoningdan kechiktirmoqchi emasman, men, ehtimol, o‘zimni sen bilan davolamoqchi bo‘layotgandirman, – kutilmaganda kichkina muloyim boladek jilmaydi Ivan”. Ammo bu madh juda tubandan og‘ir, tushuniksiz ovoz beradi… U ilohga insonga muhabbat nomi ila isyon qiladi. Shuning uchun ham uning yana bir nomi Jumboq.
Eslasangiz, u tavbani Zosima ota huzurida boshlagan edi. Bu nasroniycha gunohlardan poklanish emas. Mutlaqo boshqacha bir tarzda yuzaga chiqadi. Tugal fikr bermaydigan maqola ustida bahs ketar ekan, hamma tushuniksiz xayrixohlik bilan qarab turgan bir vaqtda, Zosima ota Ivanga “siz mas’udsiz yoki haddan ziyoda baxtsiz” deydi. Zotan Ivanning o‘zi hali na jon, na mangulik, na cherkov haqidagi yozganlariga ishonadi. Xuddi mana shu nuqtada Ivan iqrorini boshlaydi: “Balki, siz haqdirsiz!.. Lekin har qalay, men unchalar ham hazillashganim yo‘q”. E’tibor qiling, u birinchi marta Zosimaga yarasini ko‘rsatdi. “Uncha hazillashmadingiz, haqqast rost… Sizda bu masala hal bo‘lmagan, eng ulug‘ dardingiz shu, zero qat’iyan hal qilishni talab etadi… Ammo yaratganga shukur qiling, sizga a’lo qalb ato etgan mana shunday azob ichida qovuriladigan…” Mana shunday a’lo qalb o‘zida nimalarni ko‘tarib yurishini tasavvur qiling: azal-abad muammolarini, alam-iztirob ustida o‘tiradigan muhabbatni… U xudo haqida o‘ylaydi, barcha fikrlarini Rossiya taqdiriga aloqador, deya hisoblaydi. Dmitriy bilan solishtirganda uning iqrori qanchalar og‘ir. Illo fikrlayotgan odamning iqrori juda og‘ir bo‘ladi. Taqiqlangan meva uning oshqozonini ag‘dar-to‘ntar qiladi, miyasining qavatlarida ilk yaralish onlaridagi gunoh o‘rnashib olgan. Uning o‘lmagan ma’sumligi bu gunohkorlikni ko‘tara olmay chirpanadi: insonni yaqindan sevish mumkin emas, bolalar otalar jadiga qolgan, mehr qatlga yo‘l beradi, xudoni emas, u yaratgan dunyo tartibotini tan olib bo‘lmaydi, mangu uyg‘unlik bolalar chekadigan azob evaziga yuzaga chiqmasligi kerak… Ivan begunoh bolalarning kechirgan azoblarini orqalab yurar ekan, isyon qiladi, isyon qilar ekan, insonni cheksiz sevadi va shu yelvizakda qolib ketadi: “Isyon qilib yashab bo‘ladimi, men esa yashagim keladi”. Shu tariqa biz siz bilan asarning avj nuqtasiga etib keldik – “Buyuk inkvizitor”. Dostoyevskiy Dante, Gyote kabi ilohni yerga olib tushadi. Faqat bu mutlaqo boshqacha tushish, bu hatto tushish ham emas. Bu sotqin shogird tomonidan egallangan dunyoga guvohlik berayotgan ustozning yana bir yurishi. Shogird – Buyuk inkvizitor – so‘nggi damda ishonchini boy bergan sahronishinlardan. Bu murakkab obraz, ya’ni bir tomonlama emas, ya’ni u kengayuvchi ma’no urg‘usiga ega. U shunchaki qabih dahriy emas, “kichkina shaytonvachcha” ham emas, u dono, u shafqatli, u ulug‘vor va foje qiyofaga ega. Ivan aytib bergan bu afsona bir necha qavatga ega. Din bu yerda qobiq, din doirasidagi dahriylik ham shunday. Asosiy masala – erk va hokimiyat, zamonaviy sotsializm vasvasalari. Vavilon minorasi – “Bibiliya”dagi minora emas. Tadqiqotchilar fikricha, bu xudosini yo‘qotgan sotsializmni qurish jazavalari. Bu sharpa Zosima otaning xotiralarida, Ivanning xayolotida lopillab-silkinib turadi.
Inkvizitorni bir narsa qo‘rquvga soladi. Bu aslo Ustozning, Xaloskorning tushib kelishi, yana paydo bo‘lishi emas: “Zotan sen bizga xalaqit bergani kelgansan va buni o‘zing bilasan”. Hamma vahshat shundaki, olomonga aylangan odamlar endi xudosini ham yuragiga sig‘dirolmaydigan darajada kichraytirilgan, maydalashtirilgan. Ularga erk endi ortiqcha va og‘irlik tug‘diradi. Zaminiy non – samoviy erk, samoviy rizq oldida kuchliroqdir, axir odam bolasini to‘ydirish kerak. “O‘shanda ular bizni yer ostidan, mag‘oralarda yashirinib yotgan holda (chunki biz yana quvg‘inlar va azob-uqubatlarga giriftor qilingan bo‘lamiz) topurlar va bizga faryod ila nido qilurlar, “Bizni to‘ydiring, axir bizga osmondan olov va’da qilganlar uni bermadilar”. Ana o‘shanda ularning minorasini biz qurib oxiriga yetkazgaymiz, zero binoni qorin to‘yg‘izgan bitkargay, faqat biz sening noming ila to‘ydirgaymiz va sening noming ila yolg‘on aytgaymiz… Biz ularni yana aldaymiz, chunki seni endi o‘z ichimizga qo‘ymaymiz. Shu yolg‘onda bizning azobimiz mujassam…” So‘ng dahshatli iqror: “Boshqa zaif odamlarning aybi nima, boshqa qudratli kimsalardek chidash bermaganimi? Shunchalar dahshatli tuhfalarni sig‘dirishga qurbi yetmagan ojiz qalbning aybi nimada? E voh, nahotki sen haqiqatan ham faqat tanlangan odamlar, sara odamlar uchun kelgan bo‘lsang? Ammo agar shunday bo‘lsa, bu yerda asror bor va biz uni tushunmaymiz”. Ilohiy tanlanish va rad etilish tartibotiga qarshi qo‘yilgan isyon bu.
Insonga xudo tomonidan buyurilgan muhabbat va ijtimoiy muhabbat zid qo‘yiladi. Ijtimoiy muhabbat insonni shaxs sifatida emiradi va uni podaning bir a’zosidek baholaydi. Bunda umumjahon baxt-saodati haqidagi jodulovchi va miyani falaj qilib qo‘yuvchi fikr bor. Yodingizda bo‘lsa, Dostoyevskiy Pushkin tavalludi kunlari umumjahon birligi haqida tantanali iqror keltirganida, bu ezgu fikrni odamlar jazava bilan qarshi olgan edi. Shu yerda bir nozik nuqta bor. E’tiqod va iqror umumjahon birligi haqida so‘zlaydi. Inkvizitor bu birlashishni umumjahon itoatkorligiga aylantiradi va buni ijtimoiy muhabbat deya izohlaydi: “Ana o‘shanda biz ularga osuda, itoatli baxt ato etgaymiz, ular nochor yaratilmishlar, shunday nochorlar baxtiga munosibdirlar. O, biz nihoyat ularni mag‘rurlanmaslikka ishontirgaymiz, zero, sen ularni yuksaltding va bu bilan g‘ururlanishga o‘rgatding; biz ularga isbotlab bergaymizki ular kamquvvatdirlar, ular misoli sabiy bolalardir, ammo bolalar baxti hammasidan shirinroq baxtdir. Ular jur’atsiz, yuvosh bo‘lib qolurlar va bizga termilib, qo‘rqib suykalib tururlar, jo‘jalar ona tovuqqa shunday suykalurlar”. Ivan suhbatni bolalardan boshlagan edi, uning Inkvizitori butun insoniyatni bolalarga aylantirshni va balog‘atga yetib bormaydigan bolalikda saqlashni istaydi.
Ko‘kdan tushganning sukuti va o‘pichi…. iloh ayni shunday bo‘lishi kerak, deydi Ivanning yuragi: “Hatto hamma hollarda shunday bo‘lishi kerak o‘zi” . Haq haq talashmaydi.
Ivan shubhada. Inkvizitor shubhada emas, uning ishonmaslikka ishonchi komil. Eslasangiz, u so‘zini ham “Dixi” – “Men aytdim” deya yakunlaydi. Bu lotincha so‘z ont, qasam ma’nosiga ega.
Ivan shubhada. Bu shubha ichida hammasiga yo‘l qo‘yiladi. Illo bu yerda alohida asror ham yo‘q, faqat xudoga ishonmaslik. Ammo ichda bir yaxshilik bor, u hozircha isyon bo‘lib yuzaga qalqib chiqmoqda. Alesha aytgandek, “Sening dostoning Isoning madhiyasi… sen esa uni qoralamoqchi eding…”
Ivan “bir g‘addor ikkinchi g‘addorni yeb bitirishi”ga yuragida izn bergan lahzalar uchun o‘zini ayblaydi: “Xohlaganim uchun ham qotilman”. Axir unda bunday haq yo‘q edi. Axir u Smerdyakov tashlagan ilgakni og‘zidan chiqarib tashlamadi. Ammo buni anglash va bunday “o‘zini mahkum etish” Ivanga najot yo‘lini ochadi. Umuman, “falokat” bacha Karamazovlarning “aybdorligi”ni fosh qilib qo‘yadi, shu bilan birga tiklanish yo‘lini ko‘rsatadi. Aleksey ham aybdorlik, azob va uyg‘onish yo‘lini bosib o‘tadi. Axir u ham Karamazov. Axir u ham qariyaning o‘limidan so‘ng bir muddat ishonchsizlikka botadi. Axir u ham Zosima otaning Dmitriy haqidagi ko‘rsatmasani unutdi, u o‘z akasining qo‘riqchisi bo‘lolmadi.
Alesha Dmitriyning tavbasini tinglar ekan, “men ham xuddi senga o‘xshaganman, qizarishim shundan” deya hali tug‘ilmagan qon qorong‘uligiga iqror keltiradi. Lekin Aleksey nainki ishonchli vakil, hatto hamma unga yuragini ochadi. Ayni jihat uni xalos bo‘lish yo‘liga olib chiqadi. Aynan Grushenka unga “bir bosh piyoz” uzatadi. Va Alesha asardagi olamga toza va yorug‘ sog‘lom ko‘z bilan qaraydigan yagona odamga aylanadi.
Ivanning yuragida Inkvizitor o‘tiradi, Aleshaning yuragida bo‘lsa qariya Zosima bor. Erk, non, birlashish, ajralish, tubanlik har ikkovida asos tushuncha sanaladi. Ohanrabodek tortayotgan bo‘lsa ham, hozir ular haqida haddan ortiq qiyoslarga berilmoqchi emasman. Zosima ota Ivanning barcha savollariga o‘z so‘ngso‘zida javob beradi. “Tenglik faqat insoniy ruhiy qadr-qimmatda… o‘zing oxirigacha ishon… asror – tirik muhabbatdir… o‘zingga o‘xshaganlarga hakam bo‘lolasanmi… xudoyimdan shodu xurramlik tilang. Xuddi sabiy bolalardek shod-xurram bo‘lgaysiz…” Siz Inkvizitor nazarda tutgan sabiy bolalar va Zosima ota nazarda tutgan sabiy bolalarni farqlayotgandirsiz…
Va yana: “Xudoyim urug‘larni boshqa olamlardan keltirib, mana shu yer yuziga sochdi va o‘z bog‘larini ko‘kartirdi, so‘ng neki ungan bo‘lsa, hammasi undi, ammo ko‘karganlar boshqa sirli olam bilan tutashligi boisidan va shu tuyg‘u bilangina tirikdir…”
Endi Katerina Ivanovna va Grushenka haqida. Biroz naridan kelaman. Agar eslasangiz, Dmitriyning onasi o‘zini qurbon qilib, bir lo‘ttibozni sharafamoqchi bo‘lgandi. O‘zi uchun azobni hozirlash Dimitriyga ham qon meros edi. Sho‘ring qurgur Mityaning taqdir yo‘lidan ham shunday fe’lga ega ayol chiqib keladi. Katya samimiyat va g‘ayrisamimiyat (bila turib o‘zingni halok etishda qanday samimiyat bo‘lsin) o‘rtasida turib, qizg‘anch bir holatda Dmitriyni tashlab ketmaslikni, uni qutqarishni va natijada, u sig‘inadigan ilohaga aylanishni istaydi. U shunday “o‘yin” o‘ynaydi. Ammo bir narsani – Mityani o‘zidan xalos qilishni istamaydi. Azobning mana shu uchini tarang tortib turadi. Mitya Katya bo‘yniga osgan “ablah” degan so‘z bilan olishadi, bu “nomussizlik” uni abgor qilib yuboradi.
Bu yosh yuraklar nimalarni ko‘tarib yurmaydi. Katya Dmitriyni nohaqlikda sevadi va buni Ivanning navqiron va ochiq samimiyatiga qarshi qo‘ymoqchi bo‘ladi. Ivan bo‘lsa Katyaning bu intilishlarini o‘ziga qarshi borib, qo‘llab-quvvatlaydi. So‘ng yosh joniga sig‘dirolmay ketish taraddudiga tushadi: “Men azob-iztirob qoshida o‘tirishni istamayman… Siz meni ongli suratda qiynab keldingiz…”
Grushenka alam-iztirob ichida yurgan, hayoti izdan chiqqan va yomon nom olgan bir qiz. Bu qiynoqlarda kirlangan odam yagona poklikni mahv etsam deydi. Illo u o‘sha yagona poklikni juda teran ilg‘aydi: “Ba’zan shunday bo‘ladiki, ishonasanmi, Alesha, o‘lay agar, senga qaraymanu uyalaman, o‘z-o‘zimdan uyalaman… Seni qanchadan beri nimaga o‘ylay boshladim, hech bilolmayman, eslolmayman…” Uning uchun atay tomosha qo‘yadi, yanada yomonroq ko‘ringisi keladi: “Men bu tomoshani sen ko‘rgin deb ko‘rsatdim”. Aslida, yarani bunday ochiq ko‘rsatish tavbaning boshlanishi edi. Bu yerda ham bir nozik chiziqcha bor. Hayotga yengilgan bu yengiltak qizning tavbasi e’tiqodi shubhada qolgan Aleshaga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Yodingizda bo‘lsa, Dostoyevskiy Sonya orqali Raskolnikovni yo‘lga solib olgan edi. Ustozning “nomunosib o‘limi” – “sharafning toptalishi” soyasida qolgan Alesha chinakam dardkashlikni shu qizdan topadi va uni egachim, mehrobim deb ataydi. Nojot istagan onda uzatilgan bir bosh piyozdek (bu asarda keltirilgan yaxshilik haqidagi bir afsona, muallifning o‘zi uni dehqonlardan yozib olgan). Bu qahramonlarning ruhiy tovlanishlari tabiiy iztirobdan unib chiqadi va shu qadar tezkor. Grushani tinglang: “…hayotimda faqat bir marta bir bosh piyozgina beribman, bor-yo‘q qilgan yaxshiligim shuning o‘zi, xolos. Shundan so‘ng meni aslo maqtab o‘tirma, Alesha, meni sira yaxshi dema, men yomonman, g‘addorman, maqtasang meni uyatga qo‘yasan. Oh, mayli, endi batamom tavba qilib qo‘ya qolay. Quloq sol, Alesha: men seni o‘zimniki qilay deb shunchalar xohlovdimki, Rakitkadan shunchalar ko‘p iltimos qildimki, seni menikiga olib kelsa, yigirma besh rubl beraman dedim. Oxiri shundoq ahvolga tushdimki, o‘zimdan o‘zim hayron bo‘laman: nega men shu boladan qo‘rqib-pisib o‘tiribman deyman? Uni boshdan-oyoq yutib yuboraman-u keyin maza qilib kulib yuraveraman deyman. Juda kufrim keldi”. Alesha shunday xulosaga keladi: “Bu qizning muhabbati bizdan baland.. Buning yuragi hali mag‘firatga oshno bo‘lmagan, uni avaylamoq kerak… uning yuragi balki bir xazinadir…” Va shu nuqtada Alesha hayot yong‘inlari ustida osilib turgan qizga bir bosh piyoz uzatadi. Alesha va Grushenka bir bosh piyozga osilib turadi. Buzuqlik va ma’sumlik, poklik va kirlanish, e’tiqod va kufr kabi bir bosh piyozga osilib turadi.
Tag‘in Liza haqida. Uning muhabbati qoshida so‘z aytib malol yuqtirmasdan, Alesha kabi ohista va baxtiyor kulib qo‘yish mumkin edi. Ammo… bu ohista va muloyim tabassumimizni bir jazava toptab o‘tadi Ivanning shamolida.
Ilyushechka – asarning yig‘i nuqtasi. U dovdiragan, ado bo‘lgan, taviyaga aylangan otaning tahqirlanishini yelkasiga olgan murg‘ak jon. Bu tentak kapitan “Telba”dagi general Ivolginning avj nuqtaga olib chiqilgan shakli. Dostoyevskiy negadir bu ma’sum jonlarni shunday sharafsizlar qo‘lida yig‘latib qo‘yishni yaxshi ko‘radi. Darg‘azab, alamzada va maynabozchilikka mukkasidan ketgan bu odam g‘alat gaplarni aytadi: “Siz taqsirim, mendan ijirg‘anmang, Rossiyada mast odamlar – eng yaxshi odamlar”. O‘ylab qolasan, bizda – fikrsizlikdan mast odamlar. Bu gapning davomi ham bor: “Eng yaxshi odamlar va eng mast odamlar bizda”. Yuragini yashirolmaydigan bu odam oxir-oqibat uyat, nafrat, xijolat ichida tipirchilab jon saqlaydi.
Dostoyevskiyning qahramonlari hissiyotlar zo‘ridan to‘lib-toshayotganda bu maynabozchilikka aylanib ketmasa edi, deb yurak hovuchlab turasiz. Zotan ularning o‘zlari ham bilmaydi bu to‘lib-toshishning oxiri nima bo‘lishini.
Tadqiqotchilar fikricha va tarixiy sharoit ko‘rsatadiki, asar haqiqatda 60-70 yillar “rus hayoti qomusi” – reformadan keyingi og‘ir, dog‘uli, alahlayotgan Rossiyaning turish-turmushi. Barcha ijtimoiy qatlamlar – aynigan zodagonlaru yuksak “madaniyat” sohiblaridan tortib yo‘qsil mujiklargacha; turli jamiyatlaru yangi sud tizimigacha; nasroniycha utopiyadan isyon qilayotgan xudosizlikka qadar yoyilgan g‘oyaviy ziddiyatlar, avlodlar o‘rtasidagi dushmanlik kayfiyatigacha ifoda etadi va yana insoniy sha’nni tiklash yo‘lini ham… Dostoyevskiy mana shu taloto‘p ichida insonni izlaydi: yo‘ldan ozgan, ammo qayta najot yo‘lini topgan insonni. Har kim xudo yelkasiga yuklagan vazifani ado etishi kerak. Yo‘qsa, baxt ato etilmas. Romanning oxiri bo‘lsa baxtiyor va tantanavor ohanglarda yakunga etadi.
Asarda bizning kunimizga aloqador nima bor? O‘ylaymanki, men buni aytib bo‘ldim.
Faqat bir gap: tarjima uchun rahmat, Ustoz.
Shahnoza Nazarova,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
[1] F.M.Dostoyevskiy, A.G.Dostoyevskaya. Perepiska. – Moskva: Nauka, 1979. Keltirilayotgan parchalar mana shu nashrdan erkin tarjima qilingan.