Mitti masallar

0
907


Dilobar Asliddin qizi

Tokqaychi va arra
Mehnat qilib charchagan Arra Tokqaychiga yalinibdi:
– Hoy, Toqqaychi, menga yordam ber. Bizning ishimiz og‘ir, ammo senga og‘ir ish buyurmayman. O‘zingga yarasha kichik ishlarni bajarasan. Baribir, bekorchilikdan zerikib, soya-salqinda yotibsan-ku.
Tokqaychining jahli chiqibdi:
– Qiziqmisan, men dam olyapman. Senga yordam beraman deb, charchab qolsam, nima bo‘ladi?
Hafsalasi pir bo‘lgan Arra boshqa hech narsa demabdi. Oradan ancha vaqtlar o‘tibdi. Toqqaychi ishlamasdan, bir chetda yotgani uchun zanglab qolibdi…

Olma va banan
Alvonrang to‘n kiygan Olmavoy habashlar yurtidan kelgan sariq Bananvoyga yuzlanib:
– Hoy Bananvoy, sening narxing namuncha baland? Men sendan totli, foydali bo‘lsam ham arzonman, – debdi.
Bananvoy:
– Men o‘z yurtimda arzonman. Insonlar meni sotib olishni ham ep ko‘rmaydi. Chunki tayyor daraxtda tekin osilib turgan Bananni rastadan kim ham sotib olgisi keladi. Bu yerda qimmat ekanligimning sababi mehmonning hurmatini joyiga qo‘yar ekansizlar. Shuning uchun bozorda men qimmat narxdaman. Dasturxonga tortishganda hamma mevalarning ustiga qo‘yib qo‘yishadi. Rostini aytsam, sizlarning xalqingiz kabi mehmondo‘st xalqni hech qayerda ko‘rmaganman, – debdi.

Ko‘z va kiprik
Ko‘z Kiprikka qarab:
– Sen eng keraksiz a’zo ekanligingni bilasanmi? Insonlar sensiz ham yashay oladi, sening hech kimga keraging yo‘q!–debdi.
Kiprik bo‘lsa:
–To‘g‘ri, sen insonlarga juda keraksan. Men esa faqat senga kerakman, ammo sen mening qadrimga yetmayapsan, –deya o‘ksibdi.
Ko‘z Kiprikni battar kamsitaveribdi. Bunga chiday olmagan Kiprik yig‘lab-siqtab, oxiri to‘kilib ketibdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmabdi. Shamollar bilan o‘ynoqlagan changlar tufayli Ko‘z ko‘rmay qolibdi. Uning himoyachilari – kipriklari yo‘qligi sababli unga cho‘p ham, has ham ziyon yetkazaveribdi-da. Achchiq-achchiq yoshlar to‘kkan Ko‘z Kiprikni xafa qilgani uchun ko‘p afsus chekibdi. Ammo endi kech bo‘lgan edi….
Xulosa: sizni xavfu xatardan asrovchi Kipriklaringizni hech qachon xafa qilmang…

Omad
Bir Tipratikon Omadni izlab safarga chiqibdi. Uzoq-uzoq cho‘llarni kezibdi, topolmabdi. O‘t-o‘lanlar orasidan izlabdi, topolmabdi. Tog‘-u toshlar ortida ham Omadni uchratmabdi. Safardan qaytib kelgan Tipratikon qarasa, Omad Toshbaqa bilan yurgan emish. Tipratikonning hafsalasi pir bo‘libdi. Jahli chiqib, Omadga shunday debdi:
– Omad, sen g‘alati ekansan. Seni izlab shuncha vaqtimni zoye ketkazib yursam-u, sen bo‘lsang bu yerda Toshbaqa bilan yuribsan. Axir, shu ishing adolatdanmi?
Omad esa unga:
– Sen xafa bo‘lma. Men bejizga Toshbaqa bilan do‘stlashmadim. U juda ehtiyotkor. Sekin harakatlansa ham foydali ishlarni qiladi. Ehtiyotkorligi tufayli toshbaqa suvga ham cho‘kmaydi. Umuman olganda, Toshbaqa vaqtini bekorga sarflamaydi. Shuning uchun ham men Toshbaqa bilan birgaman. Sen qachon izlansang, o‘z ustingda ishlasang, tirishqoq bo‘lsang, yutuqlarga erishsang – men senga hamroh bo‘laman, – debdi.

Qo‘l telefon va uy telefoni
– Hoy, buncha jiblajibonga o‘xshab namuncha sakrayvermasang, bir joyda tinib o‘tirasanmi, yo‘qmi? – debdi Uy telefoni Qo‘l telefoniga qarab.
Qo‘l telefonining jahli chiqib:
– O‘zing bir joydan qimirlay olmaysan, yana meni ko‘rolmasdan aql bo‘lganingga o‘laymi. Men shunday hayotga o‘rganganman. Yoshligimdan meni shunday tarbiya qilishgan. Doim ishda, doim harakatdaman. Sening bo‘lsa vazifang oddiy. Men kabi mukammal emassan. Senga birov telefon qilsa, hatto o‘sha kishining kimligini ham bilmay, o‘tiraverasan. Bilsang agar, seni ko‘p qo‘l telefonlari masxara qiladi. Men ham dam-badam gudok tashlab qo‘yaman. Sen bechora esa kimligimni bilmay yurasan, – debdi.
Uy telefoni:
– Mening senga hech qanday adovatim yo‘q. Seni xavfdan ogohlantirmoqchi edim. Hali yoshsan. Ko‘p narsani tushunmaysan. Agar mana shu stolning ustidan tushib ketsang, senga biror kor-hol bo‘lishi mumkin, – debdi.
Uy telefonining gapiga quloq solmagan Qo‘l telefoni oradan ko‘p o‘tmay suvga tushib ketibdi. Ichiga ko‘p suv yutib, ahvoli og‘irlashib qolibdi. Kechagi andishasizligidan uyalgan Qo‘l telefoni Uy telefonidan kechirim so‘rabdi.

Maymun va qaldirg‘och
Kuz keldi deguncha Qaldirg‘ochlar issiq o‘lkalarga uchib ketishadi. O‘sha ko‘chib borgan hududiga moslashib, bu joyda ham ko‘payish choralarini ko‘radi. Qaldirg‘ochning polaponlariga mehrini ko‘rgan Maymun undan so‘rabdi:
– Hoy, Qaldirg‘och, sen polaponlaringga juda mehribonsan. Senchalik mehribon qushni ko‘rmaganman. Ayt-chi, sen polaponlaringga ovqatni og‘zingda qanday saqlab, eltasan? Men ovqatni og‘zimga solsam, bolalarim yoniga borguncha o‘zim yeb qo‘yaman.
– Men topgan ovqatimni avval o‘zim yeb ko‘raman. Zaharli bo‘lmasagina polaponlarimga beraman. O‘zim sinab ko‘rmagan ovqatni polaponlarimga berolmayman, – debdi samimiyat bilan Qaldirg‘och…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting