BADIIYAT – BOSH MEZON

0
1127

Marhabo Qo‘chqorova,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti

katta ilmiy xodimi

2020 yil davomida chop etilgan hikoyalarni “badiiyat” nuqtai nazaridan obzor tarzda tahlil chig‘irig‘idan o‘tkazishni maqsad qildik. Akademik M.Qo‘shjonov chinakam badiiy asar uchun bosh mezonni badiiyat, deb belgilagan edi. Ustozning ushbu tezislariga suyangan holda ish ko‘ramiz. O‘tgan yil davomida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida yigirma sakkizta, “Sharq yulduzi” jurnalida yigirma to‘rtta, “Yoshlik” jurnalida o‘n to‘rtta hikoya chop etilgan. Jami oltmish oltita hikoya respublikamizning eng nufuzli jurnal va gazetalarida bosilgan.

Yil davomida yangi hikoyalarni nashr etish ishida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi yetakchilik qilgan. Xususan, sevimli gazetamiz sahifalarida G‘ozi Rahmonning “Toshbaqa tishlagan bola” (4 fevral), Baxtiyor Nuriddinovning “Ota bog‘ning xaridori” (21 fevral soni), Muhammad Alining “Iskandariya kutubxonasi” (28 fevral), Nargiza Asadovaning “Begona” (6 mart), Qo‘chqor Norqobilning “Og‘ir yukning og‘rig‘i” (6 mart), Asror Sulaymonovning “Mirob” (13 mart),  Matluba Yusupovaning “Singan kosa” (22 may), Shukur Xolmirzayevning “O‘zbek bobo” (21 mart), Habib Abdunazarning “Qo‘shiq” (27 mart), Sanjar Tursunovning “Hademay kuz keladi” (15 may), Abduqayum Yo‘ldoshning “Ruh” (29 may), Luqmon Bo‘rixonning “Long” (5 iyun), O‘rinboy Usmonning “Qarindoshlar” (12 iyun), Nodirabegim Ibrohimovaning “Yozuvchi” (9 iyun), Shoyim Bo‘tayevning “Urug‘” (3 iyul), Xoliyor Safarovning “Butun niyat” (10 iyul), Mamatqul Hazratqulovning “Bir tilim qovun” (17 iyul), Isajon Sultonning “Yoqimli yomg‘ir yog‘adi”; “Tabg‘achlar” (24 iyul; 18 sentyabr), Mirzapo‘lat Toshpo‘latovning “Odamlar” (14 avgust), Risolat Haydarovaning “Ko‘zoynak” (4 sentyabr), Xolmuhammad Karimiyning “Qamchi” (26 sentyabr), Ahmad A’zamning “Gul ko‘tarib ketayotgan erkak” (9 oktyabr), Gulchehra Asranovaning “Tong yog‘dusi” (16 oktyabr), Shukur Xolmirzayevning “Olma yemadim” (6 noyabr), Mehriniso Qurbonovaning “Menga yashashni o‘rgat” (4 dekabr), Jo‘ra Fozilning “Yaqin-yiroqlar” (18 dekabr), Abdulla Ayizovning “Qorbobo” (25 dekabr) hikoyalari bosilgan.

Mualliflar orasida vafot etgan katta adiblarimizning hikoya yoki novellasi ham nashr etilganini kuzatdik. Bular Ahmad A’zam va Shukur Xolmirzayev qalamiga mansub. Har ikki muallifning hikoya-novellalarini  qayta mutoalaa qilish jarayonida yana bir bor ularning hikoya va novella janriga xos qisqalik, muhim bir badiiy g‘oyani mahorat bilan aks ettirishni uddalay olganini kuzatib, tahsin aytamiz. Albatta, bu asarlar adiblarning sakson yillik yubileylari munosabati bilan chop etilgan. Gazeta tahririyati XX asr va yangi asrda yaratilgan atoqli o‘zbek hikoyanavislarining asarlarini yodlash va chop etish barobarida yosh mualliflarga hikoyanavislik mahoratidan saboq bera olgani nihoyatda yaxshi ish bo‘lgan. 

Gazeta sahifalarida muntazam chop etib borilgan barcha mualliflarga to‘xtalishning iloji yo‘q. Ularning eng xarakterli, badiiyat nuqtai nazaridan yoki baland, yoki nihoyatda sayozlarigagina to‘xtalamiz. Muhammad Alining “Iskandariya kutubxonasi” misr fir’avni Ptolemey XII ning qizi Kleopatra haqida yozilgan tarixiy hikoyadir. Avvalo, hikoya jahonga mashhur Kleopatra obrazining o‘zbek hikoyachiligida yaratilgani bilan e’tiborni tortadi. Kleopatra tarixiy shaxsi haqida dunyo adabiyotining juda ko‘plab yozuvchilari asarlar yaratgan. Bu obraz haqida biron badiiy asar yaratish bu tarixiy shaxsiyatning murakkabligi, jozibadorligi, tarix va xalq ijodida u haqdagi turli xil versiyali og‘zaki, yozma hikoyatlarning ko‘pligi bilan izohlanadi. Ammo yozuvchi Muhammad Ali katta tajribali ijodkor sifatida Kleopatraga xos muhim fazilatni, uning yetti tilni bilishi, kitobxonligi  va Iskandariya kutubxonasiga tashrif buyurib, bu yerda Klavdiy Iernonim va Orest-muallim o‘rtasidagi muloqatni bayon etish orqali o‘z badiiy maqsadiga erishgan. O‘sha davrda ilm markazi bo‘lgan “Iskandariya” bilan faxrlangan malika Kleopatra haqida qiiqarli hikoya yozilgan. Yozuvchi qadim Misr tarixini o‘quvchi ko‘z o‘ngida gavdalantira bilgan. Qadim yunon yozuvchilari Homer, ko‘chada rapsodlar tasviri, papirusga yozilgan “Iliada” dostonining qo‘lyozmalarini hayajon bilan ko‘zdan kechirish sahnalari o‘tmish davr koloriti, tarixiy fonni yoritishda qo‘l kelgan.

Habib Abdunazarning “Qo‘shiq” hikoyasi zamonaviy maishiy mavzuda yozilgan. Unda badbin shaxsga aylanib qolgan ayol xarakteri juda yaxshi badiiy tahlil etilgan. Salima ismli ayolning baxtsiz tasodif tufayli nogiron bo‘lib qolishi, fe’li injiqlashib, “jon dilbarim…” qo‘shig‘ini kuylab yuruvchi erini qarg‘ab, undan shubhalanishi, lekin shubhalar hammasi puch ekani asar yakunida ochiladi. Yozuvchi hikoyada voqealarni badiiy mantiqiy jihatdan asoslab bera olgan.    

Yosh mualliflardan biri Sanjar Tursunovning “Hademay kuz keladi” hikoyasida esa Juma buva va uning qizlariga kuyov tanlashi, tanlovdagi mezonlar mahorat bilan yozilgan. U bitta qizini jannat bog‘ining hasharoti asalarichiga bersa, ikkinchisini bozorda qo‘ylarini aytgan narxiga sotmay qaysarlik qilgan cho‘pon yigitga beradi. Juma buvaning bu tanlovida juda katta sinoat, katta hayotiy tajriba bor. Uni ota-onasi yoshligida tashlab ketgan. Ota yosh o‘lib ketgan, ona esa boshqasi bilan turmush qurib ketgan. Ana shuning uchun Juma buva oilaparvar, oilasini himoya qiladigan o‘z dididagi kuyovni izlaydi. S.Tursunov hikoyada aniq badiiy maqsad qo‘yadi, voqealar, obrazlar va badiiy g‘oyani bir fokusga birlashtira olgan.

 Luqmon Bo‘rixonning “Long” hikoyasida korona virus paytidagi zamondoshimizning Safarmurod oqsoqolning sarguzashtlari hikoya qilinadi. O‘ziga to‘q boy-badavlat xonadonlar ham oqsoqoldan domingir bo‘lib uyigacha ulush so‘rab kelishadi. Umuman, bu hikoyada yaqindagina bo‘lib o‘tgan pandemiya voqealari, hayotimizda sodir bo‘lgan ba’zi bir nohush holatlar yozilgan. Yozuvchi “long” so‘zini so‘z o‘yini sifatida ishlatar ekan, insult olib ham “long bo‘lmay” degan Safarmurod akaning duosiga nimtabassum bilan javob qaytaradi.

Shoyim Bo‘tayevning “Urug‘” hikoyasida yozuvchi uslubiga xos kinoya va istehzo bo‘rtib ko‘rinib turibdi. Hikoyada bo‘tayevona kosa tagiga nimkosa qo‘yib, kulgi yaratish ko‘zga tashlanadi. Umuman, hikoyaning boshlanmasiyoq kitobxonga xalq ertagini o‘qiyotgandek assosatsiya uyg‘otadi. Boshlanma “Yilqiboy To‘xliyevning Ilash degan akasi bo‘lgan ekan” – degan o‘tgan zamon shaklidagi hikoyalash uslubi bilan kitobxonning diqqatini o‘ziga tortadi. Ilash qishloqning podasini boquvchi podachi. Kunlardan bir kuni Naim akaning xo‘tigi podadan qaytmaydi. Ilash shu xo‘tikni izlab, dom-daraksiz ketadi. Yilqiboy inisini izlab-surishtirishga inisi Yozibekni jo‘natadi. Ilash esa o‘zining qavmu-qarindoshlarini izlab, uzoq Sibirga ketib qolgan. Hikoya mana shunday yechim bilan tugallanadi. Shoyim Bo‘tayevning o‘ziga xos quvnoq kulgisi hikoya badiiyatini ta’minlagan.

Isajon Sultonning “Yoqimli yomg‘ir yog‘adi”; “Tabg‘achlar” nomli ikkita hikoyasi gazeta sahifalaridan o‘rin olgan. Ularning birinchisida liro-romantik uslub yetakchilik qiladi. Isajon Sulton nasriy asarlariga xos yengil, liro-romantik uslub kitobxonga yoqimli ta’sir o‘tkazadi. Yozuvchi “Tabg‘achlar” tarixiy hikoyasida Chin hoqonining turk budunini asir etish uchun o‘ylab topgan hiylasini yoritadi. Chin hoqoni o‘z yigitlarini turk qizlariga uylantiradi. Ulardan tug‘ilgan o‘g‘illar ot ustida abjirlik bilan urusha oladigan, kamon ota oladigan dovyuraklar bo‘lib yetishadi. Lekin ularning eng katta qusuri otasini tan olmaydi. Demak, yozuvchi Isajon Sulton “Tabg‘achlar” timsolida milliy o‘zligini yo‘qotgan, ajdodlarini tan olmaydigan qavm haqida chiroyli tarixiy hikoya yozadi. 

 Risolat Haydarovaning “Ko‘zoynak”da ko‘rish qobiliyati susayib, ko‘zoynak taqishga majbur bo‘lgan qiz hikoyasi bayon etiladi. Hikoyada ko‘zoynakning xossalari ochib beriladi. Bir ayol hayotida ko‘zoynakning paydo bo‘lishi, “to‘rtko‘z” deb laqab olishi, sinishi, oila byudjeti uchun ko‘zoynakning ortiqcha xarajat ekani va hakozolar haqidagi badiiy lavhalar mahorat bilan hikoya qilingan.

Jo‘ra Fozilning “Yaqin-yiroqlar” hikoyasida qirq yil birga yashagan er-xotinning jiqqillashib, bir kechada Mahkamning tog‘dagi hovliga ketib qolishi, izidan o‘g‘li va do‘sti fransuz ayol bilan kirib kelishi tasvirlanadi. Nazarimizda, hikoyada muhim badiiy g‘oya yaqqol ko‘zga tashlanmaydi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon etilgan juda ko‘pchilik hikoyalar esda qolmaydi. O‘qib chiqasizu, na voqea, na biror obraz xotirangizda iz qoldirmasdan, esdan chiqib ketadi. Ular tez unutiluvchan hikoyalardir. Esda qolmaslikning sababi esa 2020 yil hikoyalari badiiyatining sustligi bilan bog‘liq. Yozuvchilar ko‘pchilik hikoyalarda nihoyatda mayda-chuyda gaplar bilan o‘ralishib qolgan. Chinakam badiiy asar uchun esa Katta g‘oyalar, Katta milliy shaxslar obrazi, Buyuk milliy tarix kerak bo‘ladi.

“Yoshlik” jurnalida 2020 yil davomida Iqbol Mirzoning “Ko‘chat”, “Avakado” (2-son),  Mayago‘zal Choriyevaning “Amma”, “Yolg‘izlik” (3-4-son), To‘lqin Po‘latovning “Qora quti” (3-4-son), Charos Nizomiddinovaning “Sirk” (5-6-son), Raxshona Ahmedovaning “Tushunarsiz sevgi izhori” (7-8 -son), Nodirabegim Ibrohimovaning “Voz kechilgan kitoblar” (7-8-son), Normurod Norqobilovning “Chol va bola” (9-son), Xolida Bozorovaning “Boboturkiy” (9-son), Shahzod Ergashaliyevning “Ufqqa tutash yo‘l” (7-8-son), Asqad Muxtorning “Fano va baqo” (11-12-son), Nafisa Davronning “Baxt quli” (11-12-son), Dil Bonuning “Taqdir bezagi” (11-12-son) hikoyalari bosilgan.

“Yoshlik” jurnalida chop etilgan hikoyalar badiiyat nuqtai nazaridan qaralganda, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga nisbatan ancha tuzuk.  Binobarin, shu hikoyalar orasida Iqbol Mirzoning “Avakado” asari e’tiborni tortadi. Hikoyani o‘qib tugatar ekanmiz, beixtiyor o‘zbek hikoyanavisi Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasi, qolaversa, o‘zbek qahhorshunoslari ushbu hikoyaga qiyosan o‘rgangan O. Genrining “Shaftoli” hikoyasi esga tushadi. Darhaqiqat, “Anor” hikoyasi qahramoni Turobjon boshiqorong‘i xotiniga anor o‘g‘irlab kelib beradi. Abdulla Qahhor hikoyada “nochorlik va kambag‘allik”ni bir anor voqeasi orqali mahorat bilan ochgan bo‘lsa, O.Genrining “Shaftoli” hikoyasida injiq xotin qish kunida shaftoli yeyman deb, erini sarson qiladi. O.Genri Abdulla Qahhordan farqli ravishda yomon, injiq, tantiq xotin xarakterini mahorat bilan ochib berishga muvaffaq bo‘ladi. Nihoyat, Iqbol Mirzo o‘z ustozlaridan o‘rgangan holda “Avakado” hikoyasida yengiltak ayolning ko‘ngil xohishini qondiraman deb, o‘z kuchini sotib, qora ishga mahkum bo‘lgan yosh talaba yigitni ayanchli ahvoli haqida mahorat bilan hikoya yozgan. Qolaversa, hikoyaning o‘zbek milliy zaminida o‘smaydigan meva “Avakado” bilan atalishi ham kitobxonni sergaklantiradi. Iqbol Mirzoni shoir sifatida bilar edik. Keyingi paytda yozuvchi sifatida roman, hikoyalar yaratgan muallifning har ikki hikoyasida nasriy ko‘lam va mazmundorlik e’tiborni jalb etadi.

Normurod Norqobilovning “Chol va bola” hikoyasida yozuvchining o‘ziga xos  tasvirlari inson va tabiat, dasht odami obrazi mahorat bilan yoritilgan. Hikoyada tasvirlangan geografiya o‘qituvchisining cho‘lliq qilib yurishi, cholga ergashib yuruvchi tabiat shaydosi qo‘shni bolaning ona bo‘ri iniga borib qolishi nihoyatda qiziqarli tarzda ifodalangan. Normurod Norqobilov tabiat, ayniqsa, bo‘rilar va itlar xarakterini teran ochib bera olayotgan bugungi o‘zbek adabiyotining Ernest Seton Tomsoni hisoblanadi. Nazirmizda, bugungi kunda mazkur mavzuni teran va ishonarli yozishda hech bir yosh yozuvchi Normurod Norqobilov bilan tenglasha olmayapti.

Mayago‘zal Choriyevaning “Amma”, “Yolg‘izlik” nomli ikki hikoyasi ham nihoyatda qiziqish bilan o‘qiladi. Ayniqsa, baxtsiz amma hikoyasi odamni to‘lqinlantiradi. Baxtsiz amma hikoyasi, eri tomonidan suyilmagan, rahmatli singlisining bolalarini katta qilib qadr topmagan Ammaning qismati juda qisqa va mazmunli tarzda hikoyada o‘z ifodasini topgan. “Yolg‘izlik” hikoyasida noan’anaviy tasvir ya’ni uy va unga ko‘chib kelgan yangi sohibning muloqoti bor, asarda ularning bir-biriga mehr berishi badiiy ifodalanadi. Hikoyada uy – bu insonning ko‘ngil ramzi, oilasi ramzi o‘laroq ifoda topgan.  Mayago‘zal Choriyeva doimo siqiq va mazmunli, uzoq o‘ylangan syujetlar asosida hikoya yozadi. Fikrimizni yuqorida tilga olingan ikki hikoya misolida aytishimiz mumkin.

To‘lqin Po‘latov “Qora quti”da urush voqealari, urushda tanishib qolgan quroldoshlar o‘zbek va ozarbayjonlik yigitlar hayoti haqida hikoya qiladi. Hikoya hajman ancha katta. Ammo hajmi katta bo‘lishiga qaramasdan, hikoyadan zerikmaysiz. Chunki, yozuvchi hikoyaga urush va urush ortida xizmat qilgan o‘zbeklar hayotidan hikoya etar ekan, sirli quti va qutiga qora xatlarni yashirib yurgan raisning qilmishlarini hikoya qahramoni usta To‘xliboy tomonidan fosh etadi. Chunki, sirli qutini To‘xliboy akasi bilan birga yasashib, raisga sovg‘a qilishgan. Akasi esa urushda halok bo‘lgan. Hikoyada urush fojealari va sho‘ro davri fojealari mahorat bilan ochib berilgan.

Yosh mualliflar Charos Nizomiddinovaning “Sirk”, Raxshona Ahmedovaning “Tushunarsiz sevgi izhori”, Nodirabegim Ibrohimovaning “Voz kechilgan kitoblar” hikoyalari ham pishiq badiiyati, syujeti, original topilmalari, professionalizmi bilan diqqatni tortadi. Masalan, Charos Nizomiddinovaning (“Sirk”) qahramoni Gulsum kampir hikoyachi talaba qizga tinmay, “sirkka bor, tamosha qil” deydi. Yosh muallif shu tezis orqali qahramon hayotiga, uning baxtsizlik sabablarini ochib berishga teran kirishadi. Gulsum buvini Abbos polvon shahardan o‘g‘irlab olib kelgan. Bu qiz darbozning qizi bo‘lib, ot ustida o‘ynaydi. Ammo ojiza ayol Abbos polvonning shartiga ko‘nib, yashashga majbur bo‘ladi. Gulsum buvini sirkka, otga bo‘lgan muhabbati tark etmaydi. Ana shu fojeaviy sog‘inch hissi hikoyada o‘zining badiiy ifodasini yaxshi topgan.

Nodirabegim Ibrohimovaning “Voz kechilgan kitoblar” hikoyasi syujeti nihoyatda ta’sirchan, siqiq va jiddiy o‘ylangan. Hikoyada soxta iste’dod, iste’dodni tarbiyalagan bir qizning achchiq qismati hikoya etiladi. Hikoyani o‘qib tugatar ekanmiz, Erkin A’zamning “Yozuvchi” asari esga keladi. Har ikki hikoyada ham qalami bor ijodkor mardikorlik qilib, soxta talant yaratadi. Nodira Ibrohimova mana shu hikoyasi orqali jamiyatimizda tobora urchib ketayotgan “soxta iste’dodlar”, “soxta ijodkorlar”ni fosh etadi. Hikoya qahramoni bo‘lgan baxtsiz qiz sevgisi yo‘lida yigit uchun kecha-kunduz qo‘lidan qalam-ruchka tushmay roman yozadi. Yigitning xom-xatala asarlarini epaqaga keltirib, uni shuhrat cho‘qqisiga olib chiqadi. Kun kelib, bu ishning xato ekanligini tushunib yetgan qiz, yigitdan ham, kitoblardan ham, ijara uydan ham voz kechib ketadi. Nodira Ibrohimovaning qo‘lida professional yozuvchining qalami bor. Yosh adibadan bundan ham yaxshi va katta asarlarni kutib qolamiz.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtorning 100 yilligi munosabati bilan “Yoshlik” jurnali sahifasida adibning eng go‘zal hikoyalaridan biri “Fano va baqo” chop etilibdi. Bu hikoyaning tanlanishi va muxlislar e’tiboriga taqdim qilinishi nihoyatda yaxshi ish bo‘lgan. Chunki, Asqad Muxtor mazkur hikoyasida badiiy shartli makon, ya’ni yerto‘lada ikkita gunohkor Xolxo‘ja va Ochilni uchrashtirib, bir-birining siriga guvohga aylantiradi. Xullas, ikki yovuz qahramonning sarguzashtlari hikoya qilinadi. “Fan va baqo”da yozuvchi xalq tilidan, xususan, xalq maqollari va iboralaridan nihoyatda unumli foydalanadi. Asqad Muxtor oxirati kuyib bo‘lgan imonsiz kishilar haqida ta’sirchan hikoya yozgan. Hikoya bugungi yosh mualliflar uchun katta o‘rganish maktabiga bo‘lishiiga ishonchimiz komil.

“Sharq yulduzi” jurnalida Nabi Jaloliddinning  “Markab”, “Peshana” (1-son), Luqmon Bo‘rixonning “Cho‘ldan kelgan tashvish”, “Uyga vazifa” (3-son), Abdujalol Rahimning “Sadoqat” (3-son), Dilorom Abdurahmonning “Halinchak” (3-son), Hakim Satttoriyning “Qo‘hna haqiqat”, “Sadbargul” (4-son),  Mamatqul Hazratqulovning “Qizil va yashil” (5-son), Sherzod Ortiqovning “Otamning kabutarlari” (5-son), Bayram Alining “Shifoxona” (5-son), Abdulatif Abdullayevning “Frontovik” (5-son), Nodirabegim Ibrohimovaning “Adibning vafoti” (5-son), Murtazo Qarshiboyning “Voqif”,  “VIP-paket” (6-son), Do‘stbek Sulaymonovning “Zo‘raki “milliarder” (6-son), Chorshanbi Dehnaviyning “So‘nggi o‘q” (7-son), Erkin Norsafarning “To‘lg‘oq” (7-son), Shodmonqul Salomning “Arslon va quralay” (7-son), Qo‘chqor Norqobilning “Yer aslida balanddadir”,  “Hamma narsa qaytadi” (8-son), Tursunmurod Ermatovning “Yomg‘irda qolganlar”, “Jiyan” hikoyalari bosilgan.

Nabi Jaloliddin “Markab”, “Peshana” hikoyalarida zamonaviy muammolarni, xususan, oiladagi mehrsizlik, farzandnig otaga qo‘l ko‘tarishi, ota-bola ziddiyati, rahbar xodimlarning uddaburonligi va oddiy qora xalqning huquqiy ongi pastligi, oddiy odamlarni rahbar tinglamasdan, nima muammmo bilan tashkilotga kirib kelganini so‘rab-surishtirmasdan, arzimagan choychaqani olib, abgor ahvolda ko‘chaga haydashini nihoyatda ta’sirchan realizm, kinoya bilan mahorat bilan aks ettirgan. Yozuvchi “Peshona” hikoyasida kinoyaning ikkitomonlama usulidan foydalanadi. Ya’ni yozuvchi bir vaqtning o‘zida ham Rahbarga nisbatan, ham arz-dodchiga nisbatan kinoyaviy pozitsiyada turib baho beradi. Yozuvchining kinoyaviy pozitsiyasi nihoyatda shafqatsiz, har ikki tomonni ayamaydi. Mahoratli yozuvchi har ikki tomonning aybini rayel, hayotiy, jonli tasvirlarda badiiy ifoda etadiki, hikoyada talqin etilgan badiiy voqealar shu bugungi kun muammolari bilan uzviy bog‘lanib ketadi. Har ikki hikoya kishida bugungi kun voqealariga ongliroq va aqlliroq nigoh bilan qarash lozimligini uqtiradi. Nabi Jaloliddin ancha yillardan prozaning turli janrlarida qalam tebratib keladi. Keyingi yillarda yozuvchining roman va hikoyalari yosh tadqiqotchilar uchun tadqiqot vazifasini o‘tamoqda. Shu ma’noda, shu bugun tilga olingan “Markab” va “Peshona” hikoyalarida  yozuvchi hech qo‘rqmasdan, jamiyatdagi soxta demokratizmni, rahbarning qallobligi, oddiy xalqning ishonuvchanligi va huquqiy ongi yo‘qligini nihoyatda katta professional qalam bilan yoritishga muvaffaq bo‘lgan. Umuman, zamonaviy muammolarni ochiq-oshkora ko‘tarib chiqish yozuvchidan juda katta jasorat talab qiladigan soha hisoblanadi. Nabi Jaloliddin shunday mavzuda qo‘rqmasdan, jasorat bilan jamiyatimizda ko‘zga tashlanayotgan ba’zi bir noqis holatlarga munosabat bildira olgan. Bu holat nafaqat yozuvchi Nabi Jaloliddinning muvaffaqiyati, balki bugungi o‘zbek hikoyachiligining ham jiddiy qiyofasidir.

Yil hikoyachiligida peshqadam bo‘lgan sermahsul yozuvchi Luqmon Bo‘rixonning “Cho‘ldan kelgan tashvish” hikoyasida “Jaziramada qolgan odamlar” romanining nafasi kelib turibdi. Chunki, hikoyada ishtirok etayotgan Samad (mashhur va navqiron olim), Ulash agronom-shoir obrazlari romandan hikoyaga ko‘chgan. Hikoyada Luqmon Bo‘rixongagina xos bo‘lgan beozor kinoya, piching, so‘z o‘yini “Qahramon so‘zining antonimini topgan Ulashning telefon suhbatlari” kishiga bir yengil kulgi bag‘ishlaydi. Yozuvchining ikkinchi hikoyasi “Uyga vazifa”da tashkilot tomonidan tinimsiz topshiriqlar berilishi, ammo inson bu topshiriqlar ichida emas, oila davrasi ichida baxtli ekanligi yorqin voqealar bilan ko‘rsatiladi. Mahoratli yozuvchi Luqmon Bo‘rixon hikoyalarga voqea va obrazlar tanlashda hech adashmaydi, hikoya matniga qashqadaryo kolorotiga xos bo‘lgan bir chimdim shumliklar, kulgi, istehzo, kesatiqlarni boplab o‘rnida qo‘llashning uddasidan chiqa oladigan yozuvchilarimizdan hisoblanadi.

 Ba’zi bir hikoyalarimizda publitsistik ruh, jurnalist nigohi, jurnalist qalami yozuvchining badiiy qalamidan ustunlik qilib qolgan. Jumladan, Hakim Sattoriyning “Ko‘hna haqiqat”, “Sadbargul” hikoyalarida shu holat ko‘zga tashlanadi. Ularda yozuvchi nigohi emas, jurnalist nigohi va qalami yetakchilik qiladi. Ba’zi hikoyalarda publitsistik ritorik gaplar, pand-nasihat qiluvchi didaktik gaplar juda kuchayib ketgan. Masalan, Hakim Sattoriy kabi Dil Bonuning “Taqdir bezagi” hikoyasida ham xuddi shu holat ko‘zga tashlanadi. Adiba ayol kishining husni, ko‘rki bo‘lgan soch haqida ikki hikoyani bayon etib berar ekan, negadir, hikoyada badiiy tasvirdan emas, quruq tafsilot, pand-nasihat o‘gitbozlik, publitsistik ohangni jo‘shqinlik bilan kuylaydi. Vaholanki, badiiy asarda publitsistik ritorika o‘zini oqlamaydi. Yozuvchi doim badiiyat talabiga bo‘ysunishi kerak. Ortiqcha tafslotlilik, quruq didaktika, aql berish kerak emas. Badiiy asar, hikoya o‘qiyotgan o‘quvchiga yozuvchining badiiy kashfiyotini in’om etishi kerak. Afsuski, juda ko‘pchilik hikoyanavislarimiz shu narsani unutib qo‘yishadi.

 Yosh mualliflardan Sherzod Ortiqovning “Otamning kabutarlari”da musofir yurtda yurib, vatan sog‘inchi bilan yashagan qahramon iztirobi, vafot etgan otaning orzusini amalga oshirish uchun o‘g‘ilning Amerikadan “Kabutarli mozor”ga kelishi hajman kichik hikoyada mahorat bilan tasvirlangan. O‘g‘il otasi butun umr oq qog‘ozlarga chizgan ko‘k, oq kabutarlarni, kabutarli mozoristonni ko‘radi. Bu yosh muallif voqelik va badiiy g‘oyani bitta badiiy fokusga yig‘ishga juda usta ekan. Anchadan beri, bu muallif haqida eshitib yurardik. Sherzod Ortiqov asarlarining dunyo tillariga tarjima qilinayotganidan xabardormiz. Muallif bestsellerlik va shuhratparastlik, o‘zidan piar yasashdan tiyilsa, o‘ylaymizki, Sherzod Ortiqov o‘zbek nasrida katta muvaffaqiyatlarga erisha oladigan ijodiy potensiyaga ega ijodkor. Mana shu bitta hikoyada ko‘rinyapti, ko‘pchilik yozuvchilar erisha olmagan, masalan, publitsistikadan uzila olmaslik kasalligi Sherzod Ortiqov hikoyasida ko‘zga tashlanmaydi. Bizningcha, bu yosh muallif nimani yozishni va qanday yozishni juda yaxshi biladi.   

Yana yosh mualliflardan biri Bayram Alining “Shifoxona” hikoyasini ko‘zdan kechiramiz. Bu ijodkor yigit ham ko‘p yozadi, ko‘p izlanadi. Lekin shu yozganlarida qandaydir bir kemtiklik bo‘ladi. Bu kemtiklik albatta, badiiyatning butunligi bilan bog‘liq holat albatta. Katta badiiy g‘oyalar, qo‘lga ilinadigan syujet yo‘q. Bayram Ali ustoz hikoyanavislarimiz adabiy tajribasidan o‘qib-o‘rgansa, o‘zlashtirsa, keyin o‘zi ham jiddiyroq hikoya yozishga urinsa yaxshi bo‘lardi. Shoshqaloqlik kuzatiladi. Ko‘pchilik yosh hikoyanavislarda shunday yomon qusur bor. Ular tezroq bir hikoyani tugatib, uni chop etishga shoshilishadi.

Nodirabegim Ibrohimovaning “Adibning vafoti” hikoyasi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ham chop etilgan ekan. Jurnalda sarlavha o‘zgargan. Nodira ta’sirchan syujet topa oladi. Voqealar, hikoya ichidagi intrigalar, qahramon fojiasi va ruhiyatini, davr muammosini o‘z hikoyalariga yaxshi singdira oladi. Ammo ba’zi yozuvchilarga o‘xshab, voqeabozga aylanib qolishdan tiyilish kerak. Nodiraning bu hikoyasi ham negadir Erkin A’zamning “Shoirning to‘yi” qissasi voqealarini eslatdi. Qaysidir bir badiiy chizgilar “Voz kechilgan kitoblar”da ham, “Adibning vafoti”da ham Erkin A’zamning mashhur syujet va qahramonlarini takrorlagandek sezildi menga. Tabiiyki, yosh ijodkorlar katta ustozlardan o‘rganadi, hatto ba’zan taqlid ham qilib qolishi mumkin. Muhimi ko‘chirmakashlik bo‘lmasa bo‘ldi. Nodira Ibrohimova hikoyalaridagi qiziqarli voqealar, o‘quvchiga sentimantal kayfiyat beruvchi lahzalar albatta, o‘ziniki. Bu uning shaxsiy yutuqlari. Bu yosh muallif o‘z ustida ishlasa, Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, “ko‘p mashq qilsa, yaxshigina yozuvchi” chiqishidan umidvormiz.

Murtazo Qarshiboyning har ikki hikoyasi “Voqif” va “VIP- paket” bugungi kunning juda katta muammosiga qaratilgan. Masalan,  “VIP- raket”da virtual olam avlodining besaranjom hayoti juda yaxshi hayotiy voqealar fonida ochib berilgan. “Voqif” hikoyasida milliy o‘zligini yo‘qotgan Voqifning bobosini izlashi, o‘ziligini topishi juda yaxshi yoritilgan. Murtazo Qarshiboy o‘tkir qalami bilan, badiiy mahorati bilan o‘quvchini o‘ziga ergashtira oladi.

Do‘stbek Sulaymonovning “Zo‘raki “milliarder” hikoyasida virtual olamdagi firibgarlik ko‘rsatib beriladi. Hikoya zo‘rma-zo‘raki, shoshma-shosharlik bilan yozilgan. Erkin Norsafarning “To‘lg‘oq” hikoyasi shu kungacha yozgan asarlaridan farqlanibdi. Donning unib o‘sishi ramziy ma’noda tiriklikning bardavomligiga ramziy ishoralar deb tushundik. Umuman, hikonavis bir dona donning qobig‘ini yorib, unib chiqishini to‘lg‘oqqa o‘xshatadi. Bu qaysidir ma’noda, tug‘ilish, hayotning davomiyligi hamdir.

Shodmonqul Salomning “Arslon va Quralay” hikoyasida ona arslonning sayg‘oq ovlayman deb, jarga qulashi, choh ichida 7-8 kun ochlikda qolib ketishi qiziqarli ifodalanadi. Shodmonqul Salom yaxshi shoir, nosir va publitsist. Muallifning asarlarini doimo nihoyatda qiziqib o‘qiymiz. Afsuski, muallif hikoyaning boshidan oxirigacha ikkita hayvonni chalkashtirib beradi. Hikoya o‘zi uchta bola tuqqan ona arslon haqida edi. Keyin arslon birdan sherga aylanadi. Chohda yotganida uning oldiga bir kichik kiyik bolasi keladi. Kiyik bolasi birdan uloqchaga aylanadi. Xullas, hikoyaning boshidan oxirigacha arslon-sher, sher-arslon, kiyikcha-uloqcha, uloqcha-kiyikcha so‘zlari miyamda aylanaverib, g‘ashga tegadi. Yozuvchining hikoyadagi ana shu so‘zga nisbatan e’tiborsizlik qilgani mutoala jarayonida sezildi.  Umuman, ko‘pchilik hikoyalarning tili nihoyatda xarob ahvolda. Yozuvchilarimiz so‘z zargarlari Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Oybek va katta adiblarimiz kabi ishlashga erinadi. Ba’zi hikoyalar matni nihoyatda tahrirtalab ahvolda.

Mamatqul Hazratqulov ham juda sermahsul ijodkorlarimizdan. Tinimsiz o‘z ustida ishlaydi. Xususan, yozuvchining “Qizil va yashil” hikoyasida bir paytlar ateist bo‘lgan Mels Telmanovich va uning shifokor, e’tiqodli rafiqasi Muslima Sharipovnaning hayoti hikoya qilinadi. Yozuvchi ikki qahramonning ishlari va e’tiqodini “Qizil va yashil”ga mengzaydi. Qizil rang sovetparast, sho‘roviy odam bo‘lsa, yashil Ollohga ishonadigan muslima ayolga ramziy ishora beradi. Hikoya haqiqatan qiziqish bilan o‘qiladi, o‘quvchida yaqin o‘tmish haqidagi odam va o‘zgarishni istamayotgan qahramon ruhiyatini  (Mels) teran ochib berganligi bilan e’tiborni tortadi.

Qo‘chqor Norqobilning “Yer aslida balandadir”, “Hamma narsa qaytadi” hikoyalarida yozuvchining urush mavzusidan chekinganini kuzatish mumkin. Shu o‘rinda aytish lozim, Qo‘chqor Norqobil juda yaxshi hikoyalar yaratyapti. Xususan, yozuvchining “Samodil” hikoyalar to‘plami fikrimizni isbotlaydi. Qo‘chqor Norqobilning “Hamma narsa qaytadi” asari esse-hikoya bo‘libdi. Negadir, bu hikoyani o‘qiganimizda, Ernest Xemingueyning “Fiyesta” asarini esladik. Chunki, har ikki asarda do‘stlar baliq oviga, tabiat qo‘yniga chiqyapti. O‘xshash tipologik motivlar ko‘zga tashlanyapti. Rahimboy Qudratning ovul odamlariga xiyonat qilib, mentlarga sotilgani, ko‘plab oilalarning baxtsizligiga sabab bo‘lganini aytadi. Melisa ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan bo‘lsa, Qudrat tabiat qo‘ynida dam olayotgan ulfatlari orasidan ketayotganida osmonda chaqmoq chaqadi. Xullas, yomonlar bu dunyoda ham jazolanadi.

Tursunmurod Ermatovning “Yomg‘irda qolganlar” hamda “Jiyan” hikoyalarini o‘qib, nasriy hikoya o‘qiyapmanmi, yoki she’rmi? – ikkilanib qoldim. Bu hikoyanavis baxshiyona uslubda yozishga harakat qilibdi. Proza uslubiga moslashib qolganim uchun, bu ikki hikoyani qabul qilishim qiyin kechdi. Balki, bu mening aybim bo‘lsa kerak.

Shuningdek, 2020 yil davomida taniqli yozuvchining “Odamlardan tinglab hikoya” (Toshkent: Adabiyot, 2020. – 400 b) hikoyalar to‘plami nashr etilgan. To‘plamga o‘ttiz bitta yangi hikoya jamlangan. Har bir hikoyada betakror voqealar va odamlar obrazi mahorat bilan yaratilgan. Xayriddin Sulton hikoyalaridagi badiiy til, zargarona badiiy ifoda o‘quvchini maftun etadi. Yosh mualliflar Ustoz hikoyanavisdan ko‘p narsani o‘rganishi, xulosa chiqarishi mumkin. Muallif kitobga jamlagan hikoyalarni unga kimlardir aytib bergan. Shuning uchun yozuvchi to‘plam nomini Hamid Olimjonning mashhur “Odamlardan tinglab hikoya” misrasini kitob sarlavhasiga chiqargan. Birinchi hikoya Anvar qori Tursunovdan yozib olingan, ikkinchi hikoya Akbar Maxsumovdan yozib olingan. Yozuvchi men tilidan qahramonni gapirtirish uslubidan unumli foydalangan. Zero, bu uslub Abdulla Qodiriyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” kabi satirik hikoyalarining asosiy uslubi hisoblanadi. Xayriddin Sultonning so‘z ishlatish, syujet va kompozitsiya qurish mahorati ayniqsa, yosh hikoyanavislar uchun adabiy maktab vazifasini o‘taydi.

“Birini kitobim” rukni ostida chop etilgan Aziz Norqulovning “Posangi”, Shahzod Ergashaliyevning “Ufqqa tutash yo‘l”, Rohilabonu G‘o‘chchiyevaning “Olasoyning olmasi”, Raxshona Ahmedovaning hikoyalar to‘plami ham 2020 yil o‘zbek hikoyachiligining muvaffaqiyatlaridan sanaladi. Rohilabonuning “Omonat” nomli hikoyasi juda mahorat bilan yozilibdi. Hajman kichik ammo zamona muammolari oddiygina, sodda tilda berilibdi. Bu yosh muallifning kitobiga yettita hikoya kiritilgan. Shahzod Ergashaliyevning “Ufqqa tutash yo‘l” to‘plamiga olti hikoyalar kiritilgan. Aziz Norqulovning “Posangi” to‘plamiga o‘n ikkita hikoya kiritilgan. Har uch yosh muallifning uslubi ravon, o‘zbek hikoyachiligining umidli hikoyanavislaridan.

2020 yil hikoyachiligi yuzasidan quyidagi xulosalarga keldik:

 Bir yil davomida chop etilgan hikoyalar mavzu ko‘lami, g‘oyasi jihatidan turfa bo‘lib, hikoyanavislar, ayniqsa, yosh mualliflar an’anaviy realizm uslubiga qaytayotganini his etdik. Ramz va metaforalarga burkangan modern hikoyalar o‘tgan yil davomida juda kam yaratilgan;

Katta va o‘rta valod vakillaridan Xayriddin Sulton, Normurod Norqobilov, Shoyim Bo‘tayev, Nabi Jaloliddin, Mamatqul Hazratqulov, Abduqayum Yo‘ldosh, Isajon Sulton, Luqmon Bo‘rixon, Qo‘chqor Norqobil, Iqbol Mirzolarning yangi hikoyalari e’tiborni tortadi;

Yosh mualliflardan Sherzod Ortiqov, Nodirabegim Ibrohimova, Shahzod Ergashaliyev, Aziz Norqulov, Rohilabonu G‘o‘chchiyeva, Raxshona Ahmedovalar ajoyib hikoyalar yaratishgan;

Yil davomida chop etilgan hikoyalar mavzu jihatdan rang-barang. Zamonaviy-maishiy, tarixiy mavzularda yaratilgan. Fantastik va hajviy hikoyalar esa ko‘zga tashlanmadi.

 Yil hikoyalarining ba’zilarida badiiy tildagi oqsoqlik, badiiy zaiflik, sxematizm, didaktika, pandnoma gaplar, publitsistika unsurlari sof hikoyaning badiiyatiga raxna solgan;

Ba’zi mualliflarda epik badiiy tafakkur yetishmayapti, mayda-chuyda gaplar bilan o‘ralashilgan, hikoyalarda katta g‘oyalar ko‘zga tashlanmayapti. Zero, Katta adabiyotni yaratish uchun Katta g‘oyalar, Katta iste’dodli shaxslar kerak.  

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting