DOSTOYEVSKIYNING SO‘NGGI ROMANI O‘ZBEK TILIDA

0
956

Bugun “Yangi asr avlodi” nashriyotining Book.uz kitob do‘konida durdona asar – “Aka-uka Karamozovlar”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yosh kitobxonlar, tarjimonlar, adabiyotshunoslar ishtirok etishdi.

Tadbirni nashriyot rahbari Erkin Abdurahmonov ochib berdi. Dostoyevskiyning “Iblislar”, “Jinoyat va jazo”, “Qimorboz”, “Telba” romanlarini o‘zbek tiliga o‘girgan Ibrohim G‘ofurovning muallifdan galdagi tarjimasi barcha kitobxonlar uchun kutilgan asar ekanini ta’kidlab, bu kabi nodir asarlar o‘quvchining tafakkurini charxlashini aytib o‘tdi.

So‘z Ibrohim G‘ofurovga berildi:

-Dostoyevskiyni ilk bora bundan 50 yil oldin tarjima qilishni boshlaganman. Mana, adibning 200 yilligi arafasida Karamazovlarning chop etilishi katta sovg‘a bo‘ldi. Taqdimotdan avval kitob do‘konini aylanib chiqdim, juda yaxshi, nodir kitoblar chiqarilmoqda. Bugungi yoshlarga shu borada havas qilsa arziydi. Bu kitob sizning hayotingizga kirib borish uchun shu yerdan yo‘lga otlandi. O‘ylaymanki, u ko‘plab ko‘ngillarni zabt etadi.   

Tarjimon yig‘ilgan yoshlarga tarjima mashaqqati haqda gapirdi.

So‘ng yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:

-Esimda, “Jinoyat va jazo” romani nashrdan chiqqach katta shov-shuv bo‘lgandi. Biz bir guruh ijodkor yoshlar yig‘ilib qolsak faqat shu roman haqda bahs qilardik. Bir kuni qaysidir yig‘inda uzoqdan Ibrohim akani ko‘rib qoldik. Savlati bosib yonlariga borib salom berishga ikkilandik. Axiyri bir marta suhbatlarini olay deb o‘zim bordim. Salom bersam maylimi, deb so‘radim. Mayli, dedilar kulib. Bilsam, bu inson kamtarin, samimiy odam ekan. Mana, oradan yillar o‘tib mana yonma yon o‘tiribmiz. Karamazovlarni tafakkurim o‘ssin degan har bir kitobxon o‘qishi shart. Oson o‘qiladigan yengil yelpi asarlarga uchmanglar. Karamazovlar pista chaqib o‘qiladigan kitob emas. Uning zalvori bor. Qayta-qayta o‘qishga arziydi. Aytgancha, Dostoyevskiyning “Kambag‘allar” asarini ham oila qurish ostonasida turgan yigit-qizlarga tavsiya qilardim. Dostoyevskiyning rafiqasiga yozgan maktublarini o‘qib qattiq ta’sirlanganman. Ayol kishiga bo‘lgan xurmat-izzati tahsinga loyiq. Uni tarjima ham qilmoqchi bo‘lganman, ammo maktublardagi mehrni, muhabbatni aslidek ifoda qilolmasligimni tushunganman. Ibrohim aka esa ushbu romanni ham, undan avvalgi asarlarni ham mahorat bilan o‘girgan, uning ruhiga kira olgan.

Tadbirda so‘z olgan yozuvchi Ulug‘bek Hamdam ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mutarjimlik eng og‘ir kasb ekanini ta’qidlab, asarni bor qiladigan ham, yo‘q qiladigan ham tarjimonga bog‘liq ekanini aytdi. Shundan so‘ng kitobxonlar bilan savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Tarjima jarayonida nima sizni o‘ziga tortadi degan savolga Ibrohim aka “Tafakkurning rangbarangligi. “Buzrukning kuzi”, “Uilss”, “Aka-uka Karamazovlar” – bularning har biri o‘zgacha tafakkur mahsullari. Ularni o‘girarkanman tafakkur sehridan bahramand bo‘laman” deb javob berdi. Va yana tarjima jarayonidagi bir siri bilan bo‘lishdi. Mutarjimning aytishicha, u tarjima qilayotganda Motsart kuylarini past ovozda yoqib qo‘yar, bu esa unga katta yordam berar ekan.

Shundan so‘ng mehmonlarga ushbu yangi kitobning ikki jildligi sovg‘a qilindi. Kitobxonlar esa tarjimon dastxatini olishga shoshdilar. O‘ylaymizki, bu kabi sara asarlar taqdimotlari davomli bo‘ladi. Biz muxlislar nomidan ustoz tarjimon Ibrohim G‘afurovga uzoq umr, xotirjamlik tilab qolamiz.

***

Quyida esa asar haqida yozilgan esseni taqdim etamiz.

YOVUZLIK ANATOMIYASI

Esse

Muallif: Abduqayum Yo‘ldoshev

Bu romanni o‘qish og‘ir.

Biroq o‘qimaslik ham mumkin emas.

Har gal, tez tugab qolganiga afsuslangan ko‘yi kitobning so‘nggi sahifasini yoparkanman, mana shu asarni Inson bolasi yozganligiga ishongim kelmaydi…

Yozuvchi haqida ancha-muncha kitob, ma’lumot to‘plaganman. Lekin hamisha ham munaqqidlarning yoinki boshqa yozuvchilarning “Aka-uka Karamazovlar” haqidagi fikrlarini umuman o‘qimaslikka harakat qilaman. Nazarimda, tashqaridan turib beriladigan bunday baholar o‘zim tasavvur qilgan qahramonlar siymosiga soya soladigandek. Mening tasavvurimdagi Fyodor Karamazov-ota, uning o‘g‘illari Dmitriy, Ivan va Aleksey Karamazovlar, Grushenka, qariya Zosima… Shu nomli filmda bu rollarni Rossiyaning eng iste’dodli aktyorlari ijro etishgan, ammo baribir aktyor – aktyor-da…

Afsuski, kichkina bir maqolachaga katta romandan olingan katta taassurotlarni hattoki muxtasar tarzda ham joylab bo‘lmaydi.

Men o‘zim  romanning ikkinchi qismidagi “Buyuk inkvizitor” bobini qayta-qayta o‘qiyman.

Bir qarashda bu oddiy bobdek. Ya’ni Ivan Karamazov ukasi Alyoshaga go‘yoki o‘zi to‘qigan va eslab qolgan  dostonni aytib beradi, xolos. Ammo mutolaa jarayonida “Buyuk inkvizitor” bobi buyuk yozuvchining dunyoqarashini, azob-iztiroblarini, ikkilanish-gumonlarini, bir so‘z bilan aytganda butun borlig‘ini aks ettirishiga ishonch hosil qilamiz. Ayni paytda “Buyuk inkvizitor” – hali yechimi to‘lig‘icha topilmagan, necha-necha yillardan beri ahli qalamkashning ham boshini qotirib kelayotgan va ehtimolki abadiy jumboq ham.

“Doston” voqeasi o‘n to‘rtinchi asrda, Ispaniyada, inkvizitsiyaning dahshatli o‘chog‘i bo‘lgan Sevilyeda bo‘lib o‘tadi. Iso Alayhissalom aynan buyuk inkvizitor kardinal yuzlab-minglab odamlarni och olov bag‘rida jizg‘anak etayotgan shaharda o‘zining avvalgi qiyofasida paydo bo‘ladi. Olomon uni tanib qoladi!  Olomon uning oyoqlariga yiqiladi. Olomon uning oyoqlarini o‘padi!  U ham xuddi o‘n to‘rt asr burungidek so‘qir qariyaning ko‘zlarini ochadi, tobutda yotgan yetti yashar qizchani tiriltiradi.

Xuddi shu mahal maydonga soqchilari qurshovida deyarli to‘qsonga kirib qolgan chol – buyuk inkvizitor kardinal keladi va manzarani jimgina kuzatib turadi. So‘ng uning ishorasi bilan mo‘jiza ko‘rsatayotgan odamni qo‘riqchilar ushlab, zindonga olib ketishadi.

Xuddi shu yerda, zindonda ezgulik va yovuzlik, yaratguvchi va yo‘q qilguvchi, oq va qora kuch o‘rtasida bahs ketadi. Nazarimda, romanning eng yuksak, insonning ong-shuuri, aqli bovar qilmas yuksaklikdagi cho‘qqisi mana shu muloqotda aks etgan.

Kamina bir necha bor ushbu muloqotni o‘zbekchaga ag‘darishga urinib ko‘rganman. O‘z imkonim darajasida va faqat o‘zim uchun, albatta. Ammo har gal o‘girilgan jumlalarda nimadir yetishmayotganday, kardinalning so‘zlaridagi temir mantiq, sovuq ishonch, xudbinona manmanlik tarjimamda o‘zining yetarli ifodasini topmayotganday tuyulaveradi va men beixtiyor bu mashg‘ulotni bas qilaman.

Dastlab bizga ongsiz, johil, vahshiy bo‘lib tuyulgan, buning ustiga bir oyog‘i to‘rda, ikkinchi oyog‘i go‘rda bo‘lgan kardinal kutilmaganda o‘zining olomon ruhiyati bilimdoni ekanini bildirib qo‘yadi. “Men seni ertagayoq bid’atchilarning eng yovuzi sifatida olovda yondirib yuborsam, bugun oyoqlaringni o‘pgan olomon mening bir ishoram bilan sen yonayotgan gulxanga o‘tin tashlaydi”. Buyuk inkvizitorning o‘ziga xos falsafasi bor. Kardinal bandisi bir yarim ming yil burun odamlarga va’da etgan ozodlik nihoyat ularga nasib etganini, to‘g‘rirog‘i odamlarning o‘zlari ozodliklarini “oyoqlarimiz tagiga” mutelik ila olib kelib tashlashganini aytadi. “Odam tabiatan isyonga moyil; lekin isyonchi baxtli bo‘la oladimi?” Kardinalning talabi bitta: bizga xalaqit berma. Odamlar ozod bo‘lib qolisharkan, hech qanday fan ularning qornini to‘ydirmaydi. Nihoyat ular kardinal timsolidagi hukmdorlar oyoqlari ostiga o‘z ozodliklarini tashlaydilar va “Yaxshisi bizni qul qiling, lekin qornimizni to‘ydiring” deb tavallo qiladilar. Zero non bilan ozodlik shu zaminda yashab turuvchilar uchun bir vaqtning o‘zida yetarli bo‘la olmaydi. Odam faqat o‘ziga non bergan odamga ta’zim qiladi. Hukmdorlar esa odamlarni faqat ular o‘z ozodliklarini xo‘jayinlariga taqdim etganlaridan keyingina ozod bo‘lib qolishlariga ishontiradilar. Albatta, hukmdorlar nonni o‘zlari yetishtirmaydilar, balki itoatidagilar yetishtirib bergan nonni taqsimlash bilan shug‘ullanadilar, xolos. Olomon endi shundan ham baxtiyor. Hukmdorlar odamlarni ishlashga majbur etishadi, ba’zida gunoh qilib turishga ruxsat etishadi. Kim bu jarayonga xalaqit beradigan bo‘lsa, o‘sha jazoga mustahiq. Demak qaydandir paydo bo‘lib qolgan Iso Alayhissalom ham gulxanga tashlanishga munosib. Bundan boshqa yo‘l yo‘q…

Bu gaplarni aytib bo‘lgan inkvizitor o‘z asiridan e’tiroz kutadi. Ammo asir indamasdan kelib, kardinalni quchib, o‘pib qo‘yadi, xolos. Qariya qaltirab ketadi. U eshikni ochadi va asiriga qarab: “Ket… boshqa qaytib kelma…” deydi. Asir ketadi.

Tabiiyki, bobning mazmuni haqidagi bu rangsiz jumlalardan bir nimani ilg‘ab olish mushkul. Ammo meni boshqa holat ko‘p o‘yga toldiradi.

Shoirimiz aytganiday, “Hukmlar o‘qilur sening nomingdan…”

“Buyuk inkvizitor”ni o‘qib chiqib, uning ta’sirida yurgan chog‘larim beixtiyor insoniyat tarixidagi eng yovuz, eng qonxo‘r diktatorlar, monarxlar, podsholar, imperatorlar, qirollar xuddi to‘qson yoshli mutaassib kardinal kabi fikr yuritgandek tuyulaverdi. Zero ularning hech biri “O‘zim uchun qon to‘kayapman” yoxud “Ermak uchun ming-minglab odamlarni o‘ldirayapman” demaydi, balki o‘z yovuzligini “Xalq uchun, uning baxti-saodati uchun” va hattoki “Insoniyatni o‘ylab” degan soxta shiorlar ortiga yashiradi. Eng yomoni – aksar hollarda ular o‘zlarining gaplariga ishonadilar ham. Ishonch aralashgan johillik esa vahshiylik tug‘diradi.

Taqdir o‘yinlarini qarang: insoniyat boshiga yog‘iladigan har qanday balo, urush, vahshiylik aynan insoniyat nomidan amalga oshiriladi; insoniyat uchun xizmat qiladigan har qanday ezgulik, yorug‘lik ham aynan insoniyat nomidan yo‘qqa chiqariladi, badnom etiladi.

Dostoyevskiy dahosi bu hodisotni qanchalar teran anglagan, qanchalar chuqur tushungan va shunchalar shafqatsizlik hamda qat’iyat bilan kitob sahifalariga ko‘chirgan.

Nahot oshqozon dardi, bir burda non qayg‘usi bani bashar minglab yillar davomida amal qilib kelgan insoniy munosabatlarni xazondek supurib tashlay oladi?

Aniq bilmadim-u, ammo nazarimda, yaqin o‘tmishimizda o‘tgan “xalqlar otasi” Stalin bu asarni o‘qigandek, o‘zining jamiyat haqidagi nuqtai nazariga “Buyuk inkvizitor”ning ayrim qarashlarini o‘zlashtirib olgandek. Stalin inson qonini daryo-daryo qilib oqizdi, akani ukaga, otani bolaga dushman qilib qo‘ydi. Ammo o‘zining eng sara vakillari, ziyoli qatlami uzluksiz qirilib borayotgan xalq “dohiy” Stalinning ko‘klarga ko‘tarib maqtardi, sig‘inardi, qo‘yib bersa uning oyog‘ini yalashga tayyor laganbardorlar olomonining esa son-sanog‘i bo‘lmagan. Aynan shu olomon “Bizni Stalin to‘ydirayapti, bo‘lmasa ochdan o‘lib ketardik” deb ishongan. Holbuki Stalin deganlari dalaga chiqib omoch haydamagan, bug‘doy ekmagan, uning ishi Kremlning sokin kabinetida o‘tirib olgancha navbatdagi aslida yo‘q “xalq dushmanlari” to‘dasini fosh etish va to‘da a’zolariniyu, ularning bola-chaqasi, qarindosh-urug‘larini yo‘q qilib tashlash bo‘lgan.  

Darhaqiqat, olomoninng ko‘zini battaroq ko‘r, ongini yanada pastroq qilay desa vosita mo‘l-ko‘l. Stalin ham har bitta yovuzligiga “xalq iroda-xohishi” yoki “Proletariatning yer yuzidagi g‘alabasi”ni dastak qilib olgan. Odamlar orasidagi e’tiqod, ishonch, sadoqat, oqibat – hamma-hammasi terror qurboniga aylandi. Ularning o‘rnini chaqmachaqarlik, sotqinlik, ochko‘zlik, g‘ayirlik, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham qorinni to‘ydirish tashvishi egalladi. Dunyoning oltidan bir qismini egallagan ulkan hududda so‘qirlar olomoni paydo etildi. Qo‘rquv, vahima odamlar qoniga o‘tdi. Qonga o‘tgan qo‘rquvdan qutulish esa oson emas…

Bunday jamiyatda nafaqat qadriyatlarning, balki adabiyotning ham oyog‘i osmondan keltiriladi. Stalin ham badiiy asarlarda haqiqiy hayotni emas, sovet xalqi yaqin kelajakda yashashi kerak bo‘lgan afsonaviy turmush tarzini ko‘rsatishni talab qila boshladi. Ana shundan keyin adabiy cho‘pchak deganlari urchib ketdiki, uning oqovasi hali-hanuz uchrab turadi.  

Bu-ku davlat miqyosidagi “Buyuk inkvizitor”lik edi. Bu hol kichikroq miqyosda, alohida olingan hududda, deylik biron jamoada yoinki oilada qay shaklda paydo bo‘lishi mumkin? “Oila” yoki “Jamoa manfaatlari”ni o‘ziga bayroq qilib ko‘tarib olgan “Buyuk inkvizitor” qanday vositalarni ishga solgan bo‘lardi?.. Jamiyatda “Buyuk inkvizitor”likka qarshi kuch qanday shakllanadi? Olomon ongi, tafakkuri qay yo‘sinda o‘zgaradi. Bu jarayon tadrijiy ravishda ro‘y beradimi yoki inqilobiy tarzda?

Balki Dostoyevskiy “Buyuk inkvizitor”ni qalamga olib, ko‘plab odamlar bilishi unchalik shart bo‘lmagan allaqanday shafqatsiz yovuzliklarni ochib tashlagandir?

Savollar, savollar…

Ochig‘i, men bu savollarga o‘zimni qanoatlantiradigan darajada javob topolmayman. Balki adashayotgandirman, yozuvchi bu dostoni orqali butunlay boshqa qarashlarni ifoda etmoqchi bo‘lgandir. Kim biladi deysiz. Ammo mening anglaganlarim shu bo‘ldi.

Bittagina bobi shuncha o‘y-mulohaza tug‘dirgan yirik roman haqida uzoq gapirish mumkin…

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting