QO‘NG‘IROQ

    0
    241
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Yarim tunda jiringlagan telefon ovozi ayolni cho‘chitib uyg‘otib yubordi. Kim bo‘ldi ekan? Hech qaysi tanishi bunaqa paytda bezovta qilmasdi. Yo ota-onasimikin? Biror gap bo‘ldimikin? U shoshib telefon yoniga bordi va go‘shakni ko‘tardi:

    —Allo!

    Ammo go‘shak ortidan javob bo‘lmadi. Ayol bir zum jim turdi-da, yana so‘radi:

    —Allo, eshitaman, kim bu?

    Qo‘ng‘iroq qilgan kimsaning chuqur nafas olgani eshitildi. So‘ngra bazo‘r:

    —Allo… -deb javob berdi.

    Bo‘g‘iq va past ovoz egasini ayol tanimadi.

    —Kimsiz?

    —Bu… men.

    Ayolning oyoqlarini titrab, stulga cho‘kdi. U endi tanigandi. Yurak dukuri qorong‘u xona bo‘ylab jarang sochardi, go‘yo.

    —Siz?..

    —Ha, men. Uzr, kech bo‘lganda…

    Ular bir muddat jim qolishdi. Go‘shak ortidagi kimsa tilini tishlar, ayol esa yuragini g‘ijimlayotgan allanarsadan g‘ashlanardi.

    —Nega qo‘ng‘iroq qildingiz? -nihoyat o‘zini bosib olgan ayol dadil gap boshladi.

    Bunday ohangni kutmagan kimsa dovdiradi. U ayoldan bunchalar qat’iylik kutmagandi. Axir u qachonlardir qattiq ohangda gapirish tugul, ovoz pardasini sal ko‘tarishdan ham iymanardi.

    —O‘zgaribsan, -dedi kimsa xo‘rsinib.

    —Ha, odamlar o‘zgaradi. Hayot shunaqa ekan!

    Kimsa bu so‘zlar o‘ziga tekkizilganini sezib yana tilini tishladi.

    —Gapiring, menda nima ishingiz bor? -bu safar ayol toqatsizlandi.

    —O‘zim… sendan ahvol so‘ray dedim. Tunlari uxlolmayman, o‘tgan ishlarni eslab… seni uyg‘otib yubordimmi?

    —Ha, qachonlardir menam uxlamay chiqardim. Endi esa… uxlamay chiqishga arzimaydigan odam uchun kuyinib o‘tirmayman.

    —Shunchalikmi? -kimsa uning so‘zlaridan hayratlandi. Bir paytlar u uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan ayol boshqayu, go‘shakdan gapirayotgan bu ayol boshqa edi.

    —Ha, nima, qo‘ng‘iroq qilishim bilan o‘zini osmonga otadi, deb kutganmidingiz?

    Ha, kimsa ich-ichidan shunday bo‘lishini istagandi. Axir oxirgi uchrashuvda ham ayolning ko‘zidagi mung qayting, kutaman, deb yalinardi-ku…

    —Kechir…

    —Kechir? Nimani kechiray? Muhabbatimizga oyoq qo‘yib tashlab ketganingiznimi? Yo oilamizni o‘sha ayolga almashtirganingiznimi? To‘g‘ri… sizga farzand tug‘ib berolmadim. Lekin bunchalik xo‘rlashingizga loyiq emasdim!

    —Bilaman. Barcha aytganlaring haqiqat. Ayb menda. Xato qildim…

    —Endi bundan nima naf?

    —Yurak yutib senga bularni aytish uchun ancha kutdim. Nihoyat, qo‘ng‘iroq qilishga azm etgandim.

    —Keragi yo‘q edi. Men sizni allaqachon unutib bo‘lgandim.

    —Unutdingmi? -kimsa shunchalik alam bilan aytdiki bu so‘zni, ayolning bo‘g‘zidagi og‘riq yumshab, ko‘z yosh bo‘lib otildi.

    —Ha, unutdim! -hayqirdi u.

    —Men esa seni o‘ylab yashayapman. Qilgan xatoyim menga qimmatga tushdi. O‘sha ayol davlatimni sevgan ekan, ishimdan ayrildimu, u meni tashlab ketdi.

    —Ha, qanday bo‘larkan? Ishongan odaming tashlab ketishi alam qilgandir?

    —Iltimos… meni battar qiynama. Shundog‘am…

    —Ha, qiynalgan bitta siz. Men esa to‘rt yildan beri intizor kutgan odamimdan sado bo‘lmagach, sevgimni dilimga ko‘mib bo‘lganman.

    —Sevgini ko‘mmaydilar. Sevgi yo‘lida sinovlar bo‘larkan. Shu sinovlar bizning boshimizga ham tushdi, -kimsa xo‘rsindi.

    —Yo‘q! Xiyonat -bu sinov emas. Ko‘ra-bila turib umr yo‘ldoshiga xanjar sanchish bu!

    —Unday emas… o‘sha payt ko‘zlarim ko‘r edi. Meni kechir, iltimos.

    Ayol o‘tgan hayotini ko‘z oldiga keltirdi. Sevishib turmush qurgan ikki yosh… Turmushlariga besh yil to‘lib, ammo farzand ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lmagan oila… Shu sababmi, ehtimol, kunda arzimas narsalardan janjal chiqaruvchi er… Axiyri bir ayolning ishvalariga taslim bo‘lib, uydan bosh olib ketgan xiyonatkor… “Qayting”, deya bo‘zlab qolgan xotin… To‘rt yil davomida yuragi toshga aylangan yolg‘iz ayol…

    —Qani, yoningga borib, ko‘zlaringga qarab kechirim so‘ray olsam.

    —Kelmang. Men baribir kechirmayman!

    —Ha, istaganimda ham bora olmayman.

    Ayol biroz sukut saqlab, yon berdi:

    —Nega?

    Kimsa javob berishga ikkilandi:

    —Borolmayman.

    —Uzoq shahardamisiz? -ayol endi uning ahvoliga, hayotiga qiziqa boshladi.

    —Yo‘q. Shu yerda, shu shahardaman. Ijarada yashayapman.

    —Ishingizdan nega ketdingiz?

    —Hm… o‘sha ayol boyib ketish istagida meni noqonuniy yo‘llarga boshladi. O‘zim ham… afsus, halol rizqimni xaromga alishtirdim.

    —Yolg‘izmisiz? -ayol bu so‘zni o‘ylamay aytib yubordi.

    Uning taqdiriga befarq emasligi kimsani dadillantirdi:

    —Ha. Ikki yildan beri.

    —Unda nega… -ayol gapini oxirigacha yetkazolmadi. Chunki ikki yil avval ham u erini intizor kutayotgan, qilgan xatosini anglab yetib, kechirim so‘rasa kechirishga shay edi.

    —Ha, yoningga borolmadim. Borishni-ku juda istardim. Lekin… imkonim yo‘q, hech qachon bo‘lmasa kerak.

    —Nima bo‘ldi o‘zi? -ayol g‘azabini bosib olgan, huddi avvalgidek muloyim ohangda suhbat qura boshlagandi.

    Kimsa aytmasa bo‘lmasligini tushundi. Yo‘qsa, u noto‘g‘ri tushunishi mumkin.

    —Ikki yil avval… u borimni olib qochib ketgach, tushkunlikka berildim. O‘sha tun… xatolarimni anglab, yoningga ketayotgandim. Lekin nasib etmagan ekan. Yo‘lni kesib o‘tayotganimda, halokatga uchradim. Mashina… mana, o‘shandan beri nogironlar aravasidaman. Ikki oyog‘im ishlamaydi. Aslida… -achchiq kuldi kimsa, -aslida bu gunohlarim jazosi. Yaxshiki, qo‘limda hunarim bor ekan. O‘zimga o‘xshagan odamlar bilan ustaxonada ishlab kunimni ko‘rayapman. Shu davr ichida seni sog‘inmagan, ko‘rishni istamagan kunim bo‘lmadi.

    Ayol yig‘lardi. Shu paytgacha uni baxtli, allaqachon o‘sha ayol bilan oila qurib farzandlar ko‘rgan, sobiq oilasini esa tamoman unutgan, deb hisoblardi. Endi esa… na dalda berishni biladi va na ayblashni.

    —Men esa… sizni bolalar qurshovida deb tasavvur qilardim.

    —Bolalarim… ularning onasi faqat sengina bo‘lishga loyiqsan. Yaratganga iltijo qilib chiqarding, bilaman. O‘n, o‘n besh yillab kutib murodiga yetganlar bor. Men esa…

    —Mayli, o‘tgan ishlarni gapirishdan foyda yo‘q. O‘tgan ish o‘tdi.

    —Sening hayoting qanday kechdi, bilmayman ham…

    —Oddiy. O‘sha ishimda ishlab yuribman.

    —Hayotingda… boshqa inson uchragandir?

    —Yo‘q. Erkaklardan ko‘nglim sovugandi.

    Kimsa yengil tortdi.

    —Senga ba’zan qo‘ng‘iroq qilib tursam maylimi? Agar malol kelmasa…

    Ayol o‘ylandi va javob berdi:

    —Mayli…

    Kimsa go‘shakni qo‘ydi. Ayol o‘rniga yotdiyu, ko‘zlariga uyqu inmadi. Tuni bilan qachonlardir jonidan ortiq ko‘rgan, bor muhabbatini bag‘ishlagan insonni o‘ylab chiqdi. O‘sha baxtli oilasini qumsadi. Lekin… endi bari o‘zgargan. Tuyg‘ular hammi? Bilmaydi…

    Tong otdi. Ayol ishga otlanarkan, tezroq uyga qaytishni, uning yana qo‘ng‘iroq qilishini istayotganini his etdi…

    Nodirabegim Ibrohimova

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting