XAZONREZGI

    0
    209
    ko'rishlar soni

    Sherzod ORTIQOV

    romandan parcha

    1. Bastakor

    Payshanba kunlari darslarim yo‘q edi. Haftaning bu kunini xonamga qamalib olib, necha yillarki qonimni zulukdek shimib kelayotgan operam ustida ishlash bilan o‘tkazardim. Hatto, ertalabdan xonalarni birma-bir tozalab chiqib ketadigan farroshni ham ichkariga qo‘ymasdim. Shunchaki eshikni ichkaridan qulflar va pianino qarshisiga astoydil cho‘kkancha bir qo‘limda libretto, bir qo‘limda bo‘m-bo‘sh partitura bilan benihoya sehrli va fusunkor, ammo o‘lgudek azobli musiqa olamiga sho‘ng‘ib ketardim. Librettoga ko‘z yugurtirarkanman, partiturani birma-bir to‘ldirar, u yerga yozilgan notalarni pianinodagi ohangiga quloq tutar, orada ustidan ruchkada chizib-chizib tashlardim.

    Bu men uchun it azobi lahzalari edi. Shunday kezlarda tomirimda oqayotgan qon xuddi miyam devorlariga urilayotgandek, sal qolsa unga shovullab quyiladigandek tuyular, taranglashgan asab tolalarim yorilishga shay turgandek chars-churs qilib qisirlashni boshlardi. O‘zimni qo‘lga olish uchun tanaffus qilardim shunda. Ko‘zlarimni yumib olib, o‘tirgan yerimda yengil nafas olishni, chakkamni tez-tez uqalashni yo‘lga qo‘yardim.  Juda bo‘lmasa o‘rnimdan turardim-da, deraza oldiga kelib sigaret tutatgancha, uning zaharli tutunini o‘pkamga torta-torta izdan chiqqan asablarimni tinchlantirardim.

    Tinchlikka ko‘nikib ulgurganim bois, bir kuni payshanba tongi sekin-asta o‘tayotgan bir paytda eshikni taqillaganini dastlab eshitmadim. Avvaliga ohista taqilladi, shekilli. Keyin tez-tez va baland. Men bu paytda tashqarida boshlangan oktyabrning ko‘ngilga mayin botadigan manzarasini jim kuzatgancha jilmayib turgan quyoshning omonat jamoliga so‘nik nigohimni qaratib turgandim.

    -Rashod, nega darrov ocha qolmaysiz?- dedi eshikni ochganimda maktab direktori Nurali Begaliyevich ko‘zlarini baqraytirgancha ostonada ko‘rinish berib.- Boyadan beri taqillataman, axir!

    -Uzr, xayollarim bilan bo‘lib chalg‘ibman,- dedim unga to‘g‘risi boshqa nima deyishni bilmay yelkamni qisib.

    Nurali Begaliyevich ichkariga kirsam maylimi degandek nigoh bilan bir qarab olgach, nogoh  ortiga o‘girildi.

    -Marhamat, kiringlar,- dedi shundan so‘ng chap tomonida turganlarga yo‘l bo‘shatib.

    Uning ortidan men ham yo‘l bo‘shatdim. Ichkariga avval yoshroq juvon, keyin jimitdek keladigan oriq bolakay tortinibgina ichkarilashdi. Nurali Begaliyevich o‘zi ham xonaga kirgach, ularni eshik yonida turgan stullarga o‘tirishlarini so‘radi.

    -Ajoyib xonangiz bor-da, Rashod,- dedi u xona o‘rtasida turgancha osilib ketgan bag‘bag‘alarini silab, semiz qorni ustiga tushib turgan qizil hoshiyali bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab olarkan.- Tuvaklardagi chiroyli gullar, mumtoz bastakorlarning devorga ilingan portretlari, stol ustidagi partituralarning tog‘dek uyumi, pianino, kitoblarga liq to‘la shkaf… xullas haqiqiy bastakorning xonasi.

    Men ishimda chalg‘iganim bois fig‘onim falakka chiqqan bo‘lsa-da, uning qarshisida tilimni tishlab muddaosi nimaligini eshitish ilinjida turar, orada qiziqib bir stulga cho‘kkan juvon va bolakayga qarar, bir uning o‘ziga zimdan ko‘z qirimni tashlar, hadeb kostyumi chetlarini kafti bilan qoqib-qoqib qo‘yayotgani negadir g‘ashimga tegayotgan bo‘lsa-da, o‘zimni amallab bosib turardim. U shu daqiqalarda tasavvurimda qimmatli daqiqalarimni o‘g‘irlayotgandek borlig‘im  parokanda bo‘lar, hozir shu tobda uni xonadan chiqib ketishini iltimos qilsam nima bo‘larkin degan o‘y tafakkurim sarhadlarida kezar, yuragim esa siqilishni boshlab, beto‘xtov sigaretning xumori tutardi.

    -Aytgancha,- dedi Nurali Begaliyevich bir oz o‘tib go‘yo muhim narsa endi esiga tushgan odamdek.- Tanishing. Bular -singlimiz Mohira. Yonlarida o‘tirgan shirin bolakay- o‘g‘lilari.

    Yoshgina juvon bunday iltifotga javoban men tomonga befarq bosh irg‘ab qo‘ydi. U ko‘rinishidan o‘ttiz yoshlardagi, sariq sochlari yelkalariga tushib turgan, jozibali bo‘lsa-da ko‘zlaridagi asabiylik ifodasi ta’sirida odamni hurkitadigan, ko‘rinishidan kamgap, muloqotga ro‘yxushlik bermaydigan va “ichimdagini top” kishilar toifasidan edi.

    Bolakayning ko‘zlari devorga ilingan bastakorlar portretlarida edi. U xonadagi hech kimga e’tibor bermas, oyoqlarini o‘ynatgancha, qo‘llari bilan stul chetini mahkam ushlab, butun diqqatini portretlarga qaratib olgandi. Ko‘rinishidan sakkiz-o‘n yosh atrofida, judayam nimjon, ustidagi kiyimi oriqligidan ustida shalvirab turgandek taassurot uyg‘otadigan, tashqi ko‘rinish jihatidan yonidagi oyisiga o‘xshab oq-sariqdan kelgan bo‘lsa-da, ko‘zlari unikidan farqli ravishda katta-katta, sochlari jingalak edi.

    -Bu shiringina bolakayga pianino chalish sirlarini o‘rgatasiz endi,- dedi Nurali Begaliyevich bir mahal bolakayga qaragancha iljayib qo‘yib.- Yosh avlod ertangi kunimiz. Bu nav nihollarni asrab-avaylashimiz, kerak paytda sug‘orib, ko‘karishini ta’minlashimiz kerak. Axir, biz fuqarolik jamiyati uchun kurashyapmiz. Shunday emasmi?!

    Men esnamni qotirib bir unga, bir to‘q qizil pianinoga qaradim.

    -Maktabda mendan boshqa o‘nlab fortepyano o‘qituvchilari bor, Nurali Begaliyevich- dedim shundan so‘ng tilga kirib.- Farida Xo‘jayeva, Afruza Rustamova, Baxtiyor Xonxo‘jayev… Bilasiz, men har kuni maktabdagi darslardan ortmayman. Faqat payshanba kunlari bo‘shman. Shu kuni operam uchun vaqt ajrataman bu yerda. Uni to‘rt yildan beri tugata olmay yuribman. Shu vajdan qo‘shimcha dars ololmayman.

    Nurali Begaliyevich qog‘ozga o‘ralmagan gaplarimdan noqulay ahvolga tushib qolgan bo‘lsa-da, juvonning oldida sir boy bergisi kelmadi. Burun kataklari keng ochilib, lablarini bir-ikki asabiy tishlab oldi-da, suhbatga nuqta qo‘ygandek qilib shaxd va picha kinoya bilan gapirdi.

    -Ular siz kabi bilimli va mahoratli emas-da, azizim! Buni bafurja gaplashamiz hali siz bilan. Balki bir piyola choy ustida. Balki bir cho‘qim osh damlab. Hozircha bu shiringina bolakay sizga omonat.

    Shunday deb u to‘kila boshlagan sochlarini kafti bilan bir tomonga taragancha tantali ravishda tashqariga yo‘l oldi.

    -Mohira, men o‘z xonamda bo‘laman,-dedi ostona hatlayotib mendan ko‘zini uzmay norozi bir alpozda o‘tirgan juvonga.- O‘g‘lingizning mashqlarini bemalol bu yerda o‘tirib kuzatishingiz mumkin.

    -Katta rahmat sizga,- dedi juvon o‘ziga kelgach o‘rnidan turib, unga sovuqqina  minnatdorchilik bildirarkan.

    U chiqib ketgach, juvon yonimga shoshilmay keldi va qarshimda qaddini tik tutdi. Gapirishdan oldin picha taraddudlandi, tomog‘ini qirib yo‘talib oldi.

    -Mening o‘g‘lim iste’dodli,- dedi shundan so‘ng dona-dona qilib va har bir so‘zga alohida urg‘u berib.- Siz o‘ylagan mishqi va takasaltang bolalardan emas. Bitta gapni uqmaydigan yoki ikkita gap ortiqchalik qiladigan. Uni musiqadan ham ancha-muncha xabari bor.

    To‘g‘risi bunday ohangda gapirishlariga ko‘nikmaganim uchun shekilli eski odatim tiklanib piching aralash unga javob qaytardi.

    -Bu yoshdagi “fenomenlar”ning ko‘pini ko‘rganman. Xuddi osmondagi minglab yulduzlar kabi erta so‘nishgan. Oxirgi so‘zni vaqt aytadi doim.

    U pichingimga parvo qilmay ortiga o‘girildi-da, dastlab hanuz devordagi portretlardan ko‘zlarini uzmay o‘tirgan o‘g‘liga tikildi. So‘ng, boshdan oyoq menga va devordagi portretlarga.

    -Shopen, Vagner, Chaykovskiy, Shostakovich… kolleksiyangiz ajoyib.

    Men miyig‘imda kulib qo‘yib, stulda o‘tirgan bolakayning oldiga borib cho‘kkaladim.

    -Isming nima seni?- so‘radim uning qo‘llaridan tutganimcha.

    -Uni kichkintoy deb atashingiz mumkin,- dedi oyisi gapga aralashib.- Uyda hamma uni shunday ataydi.

    Men uning izohini e’tiborsiz qoldirib, bolakayni savolga tutishda davom etdim.

    -Pianino chalishni o‘rganasanmi? Oldin chalib ko‘rganmisan hech?

    -U yaxshi chaladi,- davom etdi oyisi endi yonimga kelib tik turganicha.- Ishonavering.

    Men yana unga e’tibor bermay, bolakayni yetaklab pianino oldiga olib keldim va qarshisiga o‘tqazdim. U shunda boshini egib, qovoqlarini solib oldi.

    -Buni chalishni bilmayman,-dedi lablarini cho‘chchaytirgancha.

    Shunda oyisi shoshib uning oldiga keldi-da, boshini ko‘targancha unga asabiy gapira boshladi.

    -Kichkintoy, bu nima deganing?! Axir o‘zim senga o‘rgatgandim-ku! Axir, kasal bo‘lishingdan oldin har oqshom uyimizdagi pianinoda mashq qilardik, esingdami? Jajjiligingdan seni quchog‘imga olib, pianino qarshisida o‘tirardim. Senga chalishni o‘rgatardim. Sen pianino klavishlaridan taralayotgan ohangni eshitib qiqir-qiqir kularding. Shundan so‘ng, birga chalardik. Nahot esdan chiqargan bo‘lsang?!

    U bir lahza gapirishdan to‘xtadi va dam o‘tmay bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek o‘zini tutolmay ortiga o‘girilib yashin tezligida xonadan chiqib ketdi. Bir muddat ketidan o‘ychan qarab qoldim. U hatto eshikni yopmay, lang ochib ketgandi.

    -Qani , bu yerga o‘tirgin-chi?- dedim bolakayni stulga o‘tqazib.- Pianinoni chalish aytarli qiyin ish emas. Senga aytsam, bundan osoni yo‘q. Do-re-mi-fa-sol-lya-si dan iborat bu matohning turish-turmushi. Xuddi shunday. Boshqa biror bir siri yo‘q.

    -Istamayman,-dedi bolakay o‘z odatiga ko‘ra boshini egib olib, boz ustiga yuzini qo‘llari bilan to‘sib olgancha xo‘rsinarkan.- Uyga ketmoqchiman.

    Aftidan oyisi eshik oldida turgandi. Boisi gaplarini eshitgach, u xonaga shiddat bilan otilib kirdi.

    -Kichkintoy, bu nima deganing?!- dedi namlangan ko‘zlarini arta-arta uning qarshisiga cho‘karkan.- Sen pianinochi bo‘lishing kerak. Axir, mening Shopenimsan, Shopenim!!! Esla…seni beshikka belab, alla aytib uxlayotganimda Shopenning kuylaridan ham xirgoyi qilib berardim: prelyudiyalaridan, noktyurnlaridan. Kattaroq bo‘lsang pianinoda kuy chalishni o‘rgataman derdim…Eslay qolgin endi. Yuragimni ezma bunday, bolam…Keyin mana shu qo‘llarim bilan seni pianino qarshisiga olib kelib, musiqaning go‘zal olami ichkarisiga mo‘ralatgandim… Orada iloji bo‘lmadi sen bilan shug‘ullanishga. Sababi o‘zingga ma’lum. Hozir mana professional muallimni oldiga olib keldim. Bu amaki senga pianino chalishni o‘rgatadi. Sen virtuoz bo‘lasan, Kichkintoy. Avvaliga mamlakat bo‘ylab, keyin dunyo bo‘ylab gastrollarga chiqasan. Diplom, sertifikat, medallar olasan. Olqishlarga ko‘milasan. Meni qo‘rqitma bunday deb, Shopenim!

    Bolakay hiqillab yig‘lashga tushdi va dir-dir titray boshladi.

    -Istamayman oyi, istamayman!

    Oyisi uning javobidan ko‘zlari ola-kula bo‘lib, menga o‘qrayib qaradi va o‘rnidan turib boshini g‘oz tutdi.

    -Hammasiga siz aybdorsiz,-dedi nafrat bilan.- O‘ziga bino qo‘ygan, takabbur, kekkaygan odam. Boshida uni qabul qilishga ruyxo‘shlik bildirmadingiz. Vaqtingizni, yozilayotgan qandaydir operangizni pesh qildingiz. O‘g‘limda iste’dod bor. Ilohiy iste’dod. U mening Shopenim. Tushundingizmi? Jajjigina Shopenim. Boshqalarni fikri bir tiyin men uchun… Iste’dodiga ishonganim uchun uni bu yerga olib kelgandim. Unga siz qilgan muomala yoqmadi. Chunki bunga o‘rganmagan. Kichik daholarga, fenomenlarga bunday munosabatda bo‘lish yaramaydi. Bu qilmishingiz turib-bitgani bema’nilik. Hali bu ishingiz uchun javob berasiz.

    U tinchlanish kerakligini bilmasdi. Kipriklari asabiy pirpirab, ko‘zlari kosasidan chiqib ketay der, chiroyli lablari tishlari orasida qontalash bo‘lib ketishga tayyor turar, boya yelkasiga tushib turgan sochlari to‘zib-to‘zib ketgandi.

    -Uyga ketaman,-dedi bolakay bir mahal stuldan irg‘ib tushib eshik ostonaga chopib kelarkan qaltirab.- Ketaylik, ketaylik.

    Juvon menga norozi alpozda qaray-qaray xonadan uni yetaklab chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay Nurali Begaliyevich xonaga qaytib kirib keldi.

    -Rashod, qaysarligingizni tushunaman,-dedi peshonasini tirishtirganicha ovozini ko‘tarib.-Bir necha yildan beri bu yerda ishlaysiz. Fe’l-atvoringizga ko‘nikib ulgurganman. Boshqalar ham ko‘nikishgan. Xullas hammamiz ko‘nikkanmiz. Qaysar va o‘jarligingiz- bor gap. Oyni etak bilan yopib bo‘lmagandek, bu odatingizni ham bartaraf qilib bo‘lmaydi. Fe’l-atvor o‘zgarmaydi, tushunaman. Ammo ba’zida oshirib yuborasiz.

    -Men hech nima qilganim yo‘q,- dedim unga e’tiroz bildirib.- Bolakaydan pianino chalishni bilasanmi dedim, xolos.

    -Bu ayol meni operatsiya qilgan jarroh do‘stimning rafiqasi, bolakay- o‘g‘li,- davom etdi u pianino yoniga kelib, klavishlarini birma-bir ermak qilgandek ezib ko‘rarkan tinchlanib.- Bir necha oy avval buyragimdagi toshni oldirgandim. Xabaringiz bor bundan…Qo‘li yengil jarroh ekan. Operatsiya bilinmadi ham. Keyin u bilan  yaqin og‘ayniga aylanib ketdik. O‘g‘li uzoq yillar davomida oqqon hastaligidan davolanib, endi oyoqqa turibdi. Shunga biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lishini istadi. Ayolining aytishicha, bolakayda musiqaga iste’dod bor ekan.

    Ko‘z oldimda boyagi bolakay gavdalandi. Uni oqarib ketgan va qoqsuyak yuzini ro‘paramga yaqin keltirdim. Odamoviligi va asabiyligi lop etib xayolimdan o‘tdi.

    -Yaxshi, Nurali Begaliyevich. Bu bola bilan alohida shug‘ullanaman. Sizga so‘z beraman.

     Oktyabr endi boshlangani sabab quyosh hali hamon zaminga kulib turar, bu kun ora davom etar, havo iliq, garchi daraxtlarning bargi sarg‘ayishga kirishgan bo‘lsa-da, ulardan taraladigan achqimtir hid atrofni butkul egallab ulgurmagandi. Ular xuddi rassomning boshlagan kartinasiga o‘xshashardi. Rassom kunda bir o‘zgarish qilgani kabi ularning tusi ertasiga o‘zgarib qolardi. Kundan kunga sarg‘aygan barglari ko‘payishda davom etar, orada bitta-ikkitasi oyoq ostiga uzilib tushar, shu tarzda sekin jon berar, ular tobora shiddat bilan yaqinlashayotgan to‘kilish mavsumiga ilojsiz taraddud ko‘rishardi.

    Taksida har oqshom o‘zim ishlaydigan restoranga ketayotganimda aynan shu manzaralar ko‘z oldimdan birma-bir o‘tdi. O‘zimni chalg‘itishga urinib ularga termilib ketdim. Qolaversa operam haqida o‘y surdim. Qachonlardir uni boshlagandim. Menimcha uch yil oldin. Yo to‘rt yil oldinmi? Aniq esimda yo‘q. Amir Temur haqidagi opera edi bu. Shu yillar davomida uning ustida quldek ishladim. O‘nlab librettolar yozdirdim, ularga ayamay pul sarfladim. Yuzlab partituralarni yirtib, pechkadagi olovga tashladim.  Ko‘nglim to‘lmadi baribir. Ularda o‘zim istagan sarkarda va milliy davlatchilik asoschini ko‘rsam-da, siymoni ko‘rmadim, insonni ko‘rmadim. Yuzga yaqin kitoblar, ilmiy maqolalar, badiiy asarlarni o‘qidim u haqidagi. Yana ko‘nglim to‘lmadi. Doimiy ravishda murakkab dilemmaga, turfa xil qarama-qarshiliklarga duch keldim.

    Aytaylik, Amir Temur haqidagi Ibn Arabshohning asarida u muallifni yaqinlaridan ayirgan yovuz, Klavixoning kundaliklarida josus nuqtai nazaridagi o‘zga millat rahnamosi, Sharafiddin Ali Yazdiy va Nizomiddin Shomiylar asarida Temuriylar tuzini yeb katta bo‘lgan tarixchilarning pafosli hayratlari atalgan sarkarda, Xilda Xukxem va Marsel Brion asarlarida esa xolislikka intilishga urinib, ko‘p haqiqatlarga ko‘z yumgan nasroniy mualliflar yaratgan davlat arbobi, Borodin asarida Sho‘rolar siyosatining adabiy mafkurachisi ishlab chiqqan zolim sifatida gavdalangandi. Boshqa o‘nlab kitoblar ham meni qanoatlantirmadi.  Amir Temur shaxsining hozirgi va oldingi ijtimoiy ong yaratgan namunasi mahsuli bo‘lgan librettolar ham ta’bimga o‘tirmadi.

    Dam o‘tmay kunduz kungi bolakayga yana xayolim ketib qoldi. Uni qo‘llari bilan yuzini to‘sgancha dir- dir titrab,  pianino chalishni istamasligini aytganlari, yugurgancha xona eshigi oldiga borib olgani va u haqidagi direktorning gapirganlari butun fikru-zikrimni egallab oldi. Restoran eshigidan ichkarilaganimda ham xayolim joyida emasdi.

    -Qovog‘ingni och, qovog‘ingni,- dedi xizmatchilardan biri bo‘lgan Sayyora yonimdan pastnis ko‘tarib o‘tayotib belimdan turtarkan jilmayib.- Bu restoranda ishlaydiganlar uchun birinchi qoida.

    Unga javoban kulib qo‘ydim va restoran zalining burchagida turgan pianino sari yurdim. Restoranda bugun odam ko‘p emasdi. Balki dushanba bo‘lgani uchundir. Yana bilmadim. Nari borsa besh oltita stol band qilingan, qolganlari huvillab turardi.

    -Nihoyat, anavi nusxadan aliment undirdim,- dedi Sayyora ro‘paramga kelib suyunchi ber degandek qarab.

    -Tabriklayman,- dedim pianino qopqog‘ini ko‘tarib, klavishlarini dastro‘molim bilan artarkanman.- Farzandiga aliment to‘lamasa ham bo‘lmasdi. Nomardlik bu nazarimda.

    -Shuni ayt,-davom etdi Sayyora qo‘lidagi bo‘shagan patnisni chertib-chertib.- Farzand o‘sha lattachaynarniki, ko‘chadan orttirganim yo‘q.

    Sayyora yigirma besh-o‘ttiz yashar atrofidagi yoshini anig‘ini shu kungacha so‘ramaganman), to‘lachadan kelgan, shaddodgina, erkaksifat, bir gapdan hech qachon qolmaydigan, jozibali va latofatli bo‘lmasa-da, har holda yoqimtoy bo‘lishga urinadigan ayol edi. Shu kunlarda eri bilan ajrashgan bo‘lib,  aliment kundalik mavzusiga aylangandi.

    -Bugun qanaqa kuy bilan bizni siylaysan?- dedi u bir pianinoga, bir menga tikilib ishshayganicha.

    -Andijon polkasi bilan,-dedim unga bor ishingni qil degandek qilib.

    -Hazilingdan o‘rgilay sen bolani,- dedi u boshini chayqab-chayqab restoran oshxonasi sari ketarkan.

    U ketgach, ortidan miyig‘imda kulib qo‘ydim. Zalga bir qarab oldim. Negadir bu oqshomni Morrikone yaratgan ohanglarga bag‘ishlamoqchi edim. Shunday ham qildim. Pianinoning oq-qora klavishlari bir lahzada barmoqlarim bilan kelishib olgancha Maestro Ennioning ijodiy merosini titkilashga tushishdi.  

    2.Kabutarli mozor

    Shopenim taksida ham tinchlanmadi. Musiqa maktabi ikkinchi qavati zinapoyalarida boshlangan hiqillashi taksi ichida ham to‘xtamadi. Yig‘layverdi, yig‘layverdi, yig‘layverdi. Na boshini ko‘tardi, na gaplarimni tingladi.

    -Buncha yig‘laysan, bolakay,- dedi zada bo‘lib ketgan haydovchi orqasiga o‘girilib, unga o‘zicha tanbeh berarkan.- Kap-katta bola ham yig‘laydimi-a?

    -Siz yaxshisi yo‘lingizga qarang,-dedim unga shunda o‘qrayib.

    U kutilmagan qo‘polligimdan jahli chiqib, ming‘irlay-ming‘irlay ruliga e’tiborini qaratdi. Men o‘g‘limni bag‘rimga bosib, sochlaridan silar, lablarimni peshonasiga bosar, unga taskin-tasalli beradigan so‘zlarni topib gapirardim. Oldin ham shunday qilardim. Beshikdan tortib xastaligi sabab to‘shakka mixlanib qolgunicha necha marta bu ishlarni amalga oshirganimni hisobiniyam bilmayman. U ko‘pincha tinchlanardi. Beshikda yotganida bu oson ro‘y berardi. U tinchlanib, uxlab qolardi. Sal ulg‘aygach, xastalikka chalingan paytlarda esa u ko‘zlarimga qarab jim bo‘lib qolar, ammo hech uxlay demasdi.

    U hiqillab yig‘lashda davom etardi. Uni qanday tinchlantirishni bilmay men ovorai sarson bo‘lar, qo‘limdan hech ish kelmayotganidan goh dodlab yuborgim kelayotgan bo‘lsa, goh o‘sha takabbur muallimning go‘riga g‘isht qalab ketardim. Shubhasiz, u aybdor edi. Men bor aybni uning yelkasiga yuklar, agarda boshida Kichkintoyni u xushlaganida, Kichkintoy tushkunlikka tushmas va ahvoli bu darajada abgorlashmas edi.

    Uni ko‘z oldimga keltirdim bir pas o‘tib. U o‘zidan  yo shahzoda, yo daho yasab olgandi. Fikrimcha shunday. Hatto, maktab direktorini ham pisand qilmay, qoqilgan qoziqdek bir xilda turaverdi-ku bezbetlarcha! Unga zimdan boqqanimda barchasini tushundim. Bu toifa kishilari o‘zlaridan boshqani surbetlarcha bir tiyinga olishmaydi. Xuddi yunon mifologiyasidagi Narsissning o‘zginasi ular. O‘z suratlari va siyratlariga oshiq, faqat o‘zlarini sevishadi va birinchi o‘ringa qo‘yishadi. Agar kimdir ularning tinchini buzsa bormi (mabodo-da), uni urdi Xudo deyavering. Tavbasiga tayantirmaguncha uni tinch qo‘yishmaydi. E, o‘rgildim ulardan.

    Yo‘l yarmiga borib, xayriyat kichkintoy tinchlangandek bo‘ldi. Boshini pusibgina ko‘tardi va qizarib ketgan ko‘zlarini menga cho‘chib tikdi. Atrofni ham shu tarzda ko‘zdan kechirgach, quchog‘imdagi joyini o‘zgartirib, ko‘zini yo‘ldan uzmay ketdi. Mashina bir tekisda yelib borar, u ortda qolayotgan binolarni, bizni quvib o‘tayotgan va bizga yuzma-yuz kelayotgan mashinalarni ko‘zdan qochirmasdan mashina oldi o‘rindig‘ini belidan quchoqlab ketardi.

    -Kichkintoy, kabutarlarimizni oldiga boramizmi?-so‘radim undan bir mahal qulog‘iga pichirlab.

    U yuzi yorishib ketib, lablarini tamshantirib tasdiq ma’nosida boshini qimirlatib qo‘ydi. Bundan ko‘nglim ko‘tarilib, haydovchiga shosha-pisha boradigan manzilimizni aytdim. Kabutarli mozorga kelganimizda, kun yanayam yorishgan, quyosh ham yorqinroq nur sochayotgandek bo‘ldi. Shaharning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylangan kabutarlar go‘shangasida bugun odam kamroq edi. Xorijliklar ham ko‘rinmas, faqat mahalliy aholi kirib-chiqib yurardi.

     O‘g‘lim mashinadan tushdi-yu, oyog‘ini qo‘liga olgancha ichkariga chopqillab ketdi. Shoshma deganimcha ortidan qarab qoldim. U meni eshitmadi va ancha masofagacha yugurib borgach, joyida to‘xtadi. Bir oz vaqt shunday turgach, yalanglikda to‘planib turgan kabutarlarni quvlay boshladi. Kabutarlar buni kutishmaganidan dastlab dovdirab qolishdi va darhol tepaga ko‘tarilishdi.

    Ziyoratgohga kirishdan oldin, men chetroqdagi sotuvchilardan ikkita sellofanda don sotib oldim. Bir qo‘limga sellofanlarni mahkam ushlab olgancha, o‘g‘limning ishlarini kuzata-kuzata ichkariladim. Yalanglikka kelgach, hanuz u yerda nari borib, beri kelib yurgan o‘g‘limdan ko‘zimni uzmay bir chetda tosh qotib turdim. 

    -Kichkintoy, kabutarlarni quvlamagin,-dedim nihoyat o‘g‘limning ortidan kelib, u yugurib quvlashi natijasida atrof bo‘ylab uchayotgan son-sanoqsiz kabutarlarga jilmayib boqarkanman.- Ularni hurkityapsan, axir! Kel, undan ko‘ra don beramiz. Qornilari ochqagandir bechoralarni.

    O‘g‘lim tushundim degandek, boshini irg‘adi-da, qo‘limdagi sellofanlardan birini shartta yulib olib, shoshilganicha ichini ochdi va donlarni hovuchlab olganicha orqa-oldisiga qaramay sepa boshladi. Tepasida uchib yurgan son-sanoqsiz kabutarlar yerga tushishib, donlarni cho‘qilashni boshlagach, u o‘zida yo‘q shodlanib cho‘nqaygancha o‘tirib oldi. Kaftini donga to‘ldirib, mehr bilan ular tomon tutdi.

    -Kaftingdan don cho‘qishyapti, qaragin,-dedim kabutarlar kaftini don aralash cho‘kishayotganini payqab, qiqir-qiqir kularkanman.

    U ham qiqir-qiqir kula boshladi. Bir pasdan so‘ng, men ham ziyoratgoh ortidagi mozorga, qubbasi ko‘rinib turgan masjidga nazar solgancha kabutarlarga don sepishni boshladim. Horib ketib o‘rindiqlardan biriga  o‘tirganimda, o‘g‘lim ham shu zahoti yonimga o‘tirdi. Ortidan unga o‘rganib qolgan kabutarlar ham biz o‘tirgan ergacha uchib kelishdi.

    -Kaftimni cho‘qishganida og‘rimadi, oyi,- dedi o‘g‘lim kaftlarini birma-bir menga ko‘rsatib maqtanarkan.

    -Og‘rimaydi-da, kichkintoy,-dedim uni bag‘rimga bosib, jajji kaftlarini lablarimga bosarkanman.- Ular aslida kaftlaringni o‘pishdi, yuzlariga surtishdi, shu tarzda senga minnatdorchilik bildirishdi. Senga qornilarini to‘ydirganing uchun iltifot ko‘rsatishgani bu. Sen ularni quvlaganingda xafa bo‘lishgandi. Bu yomon bola ekan, bizni qo‘rqityapti, deb o‘ylab osmonga uchib ketishgandi. Don sepa boshlaganing ko‘rib, seni yaxshi bola deb o‘ylashdi. Keying gal umuman ularni quvlamagin. Ko‘proq don bergin. Shunda yelkalaringga ham qo‘nib olishadi.

    -Rostdanmi?- dedi u oxirgi gapimdan hayratlanib, o‘rnidan turib ketarkan.- Yelkalarimga ham qo‘nib olishadimi?!

    -Ha, albatta. Kabutarlar yaxshi bolalarni ham, yomon bolalarni ham sezishadi. Birini ikkinchisidan ajrata olishadi. Ayniqsa, yomon bolalarning oldiga sirayam yaqin yo‘lashmaydi.

    -Demak, men yaxshi bola ekanman-da,- dedi u o‘z topilmasidan xursand bo‘lib ketib.

    -Albatta, kichkintoy. Sen dunyodagi eng yaxshi bolasan. Kaftlaring ham oppoq, yuraging ham.

    O‘g‘lim bir muddat osmonda parvoz qilib yurgan kabutarlardan ko‘zini uzmadi. Keyin atrofimizda bir-birini pinjiga kirib, jimgina qadam olib yurganlarini kuzatdi.

    -Oyi,- dedi bir oz o‘tib.- Ertaga o‘sha amakini oldiga boraman. Pianino chalishni o‘rganaman.

    -Shopenim!-dedim to‘g‘risi buni undan kutmaganim uchun o‘zimda yo‘q xursand bo‘lib.- Chindan shunday qarorga keldingmi? Chindanmi-a?!

    -Ha, -dedi u yuzimdan cho‘lp etib o‘pib qo‘yib.-Sizni xafa qilishni istamayman. Yig‘lashingizni ham. Siz o‘sha amakining xonasida yig‘ladingiz. To‘g‘rimi, oyi?

    -Yig‘lamadim, kichkintoy,-dedim uni o‘zimcha aldab.- Senga shunday tuyulgandir. Yaxshi bolalarning onalari yig‘lashmaydi.

    -Pianino chalishni o‘rganaman,-davom etdi u barmoqlarini xuddi pianino chalayotgandek qilib ko‘rsatib.

    -Sen haqiqiy fenomensan,-dedim uni qo‘llab-quvvatlab va ruhlantirib.-  Ko‘rasan, tez orada pianino chalish sirlarini puxta o‘zlashtirib olasan. Keyin chinakam usta bo‘lasan. Maestro. Unda Shopen, Shuman, Betxoven asarlarini ijro etasan. Avval shahrimizda, keyin Toshkentda, ana undan keyin butun mamlakat bo‘ylab mashhurlikka erishasan. Keyin esa…O, Shopenim meni. Keyin-chi Moskva, London, Parij, Nyu-York bo‘ylab gastrollarga chiqasan. Hamma yerda seni olqishlay boshlashadi, sen haqingda gazetalarda maqolalar yozishadi, jurnallarda fotosurating bilan taqrizlar yoziladi. Faxriy yorliq, sertifikat, diplom, medallar bilan taqdirlanasan. Chinakam virtuoz bo‘lib yetishasan.

    Kichkintoy gaplarimni diqqat bilan tinglar, orada boshini tizzamga qo‘yganicha ko‘zlarini yumib olar, go‘yo o‘zining bo‘lajak shuhratli onlarini, kelajagini tasavvur qilayotgandek entikib qo‘yardi.

    3.Ikrom bobo

    Sakson besh yoshda piyoda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir pasda charchab qolasan. Shalvirab qolgan tanang o‘zingga bo‘ysunmay, quloqsiz oyoqlaring o‘z bilganidan qolmaydi va hansirab tiling osilgancha ko‘zlaring ko‘chadagi biror bir o‘rindiq  yoki jilla qursa qo‘l uchida o‘rnatilgan harsangtoshni izlay boshlaydi. Bizni ko‘chada o‘rindiq nima qilsin, harsang bor, harsang. U ellik yildan beri ko‘chaning muyulishidagi o‘rik daraxtining oyog‘i ostiga o‘rnatilib, atrofi sement bilan shuvab qo‘yilgan.

    Jondan aziz og‘aynim Qodir tirikligida, har kuni bir zamonlar raxmatli kampirim tikib bergan ko‘rpachani shu harsang ustiga tashlab, ustiga o‘tirardim va miq etmay uning chiqishini kutardim. Lekin, gapning po‘st kallasini aytadigan bo‘lsam, og‘aynim doim ham o‘z xohishi bilan chiqmasdi.  Zang‘ar, qistaloq, rosa erinchoq edi-da. Bolaligida onasi erkalatib takasaltang qilib qo‘ygandi-da uni bitta o‘g‘il bo‘lgani uchun. Shu tufayli sal havo aynib netsa bormi,  kulbasiga berkinib, golland pechkasi oldida ko‘rpa-tushak qilib yotib olardi. Shunda o‘zim uni  yo‘qlab oldiga kirardim.

    -Manavi qorong‘u kulbangga qamalib o‘tiravermasdan, bunday toza havoga ham chiq,- derdim unga kira solib hassam bilan o‘dag‘aylab.

    U bo‘lsa dastlab g‘o‘ldiraganicha qo‘llarini paxsa qilib rad etardi. Bodini, uning oqibatida belangi bo‘lib qolgan belini pesh qilardi, yaramas. Qanchalik qarshilik kilmasin, baribir foydasi bo‘lmagach, qaysarligim uchun ichida meni so‘kina-so‘kina o‘rnidan turardi.

    -Oxiri qo‘ymading-da sirayam, lo‘lining bojasi- derdi taqdirga tan berib ming‘irlagancha  kiyinarkan. –Bir kun qonimni ichmasang bo‘lmaydi, qonsirab o‘lib qolasan!

    Ko‘p o‘tmay menga noiloj ergashib, ortimdan ko‘chaga chiqardi. U ham men kabi hassasiga tayanib olardi. Hassasi menikidan chiroyli  edi. Sopining atrofida  qora yaltiroq  hoshiyalar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishardi. Men ularga mahliyo bo‘lsam-da, uni hassaga tayanib olganini uchun o‘zimcha atayin dashnom berib qo‘yardim.

    -Yana ustimdan kulyapsanmi?- derdim unga qovog‘imni uyib olib.- Tentak, hassangni tashlasang-chi. Meni-ku tushunsa bo‘ladi. Chap oyog‘im operatsiyadan keyin tarashadek qotib qolgan. Otdek bo‘la turib sen hassa sudraganing nimasi. Sopi qora hoshiyali bu hassaga balo bormi-a? Bu ketishda qarisang nima qilasan?!

    -Hozir yoshmanmi-a?- derdi u shunda qovog‘ini yanayam uyib.- Yoshmanmi-a? Yetmish beshga kirdim, farosatsiz. Qarib chiridim-ku! Yo ko‘zlaring xira tortib, xotirang susayganmi?

    Shu-shu tanbeh berganim bois taxminan yarim soatcha u mendan arazlab, harsangtosh ustida miq etmay o‘tirardi. O‘rtadagi sukunatni doimgidek men bo‘zardim. Kelinim tugib bergan xaltani ochardim-da, ichidan turshak va mayizni, shuningdek g‘o‘zapoya bilan qizitilgan tandirda yopilgan kulchalarni olib, ko‘rpacha ustiga to‘shalgan dastro‘mol ustiga tappa tashlardim.

    -Bultur bozorga tushib, tog‘lik qirg‘izlardan  ikkalamiz olgan mayizdan bular. Turshaklar ham. Tatib ko‘r.

    -Hamma kartina, kitob yoki qimmatbaho noyob narsalarni kolleksiya qilsa, sen qayerdagi mayiz va turshaklarni kolleksiya qilasan. Tavba, tavba! Miyasi aynigan chol! Bularing allaqachon qurtlab ketgandir. Ayrimlari po‘panak bosib ketibdi ana.

    -Ha, men yomonman shunaqa. Yomonman…kuni sen kabi bo‘shashgan, boz ustiga ayollardek o‘larcha arazchi og‘aynisiga qolgan yomonman. Urushdan tirik qaytganimni ham ko‘ra olmagansan o‘zi sen bir paytlar.

    -Sendan xafa edim chunki. Ikki yil xat yozmagansan menga, qashqirlarga ro‘para bo‘lgur.  Vaholanki, sen bilan oramiz uzoqda emasdi. Sendan xavotir olib, ado bo‘lganman. Na tiriging, na o‘ligingni bilolmay. Buyoqda ota-onang tinmay menga yozishgan. Onang yig‘lab yozgan, otang yomon xabarni taxmin qilgancha yuragi taka-puka bo‘lib… Lekin, qaytib kelganingda oyog‘ing ostiga qo‘y so‘yganman.  Yo yolg‘onmi bu? Bir eslagin-a… eslagin.

    -Asirlikka tushgandim, benomus. Senga ellik marta aytganman buni. U qulog‘ingdan kirib, bunisidan chiqib ketgan ekan-da… Odamni har balo bo‘lgani yaxshi. Sen qistaloq botqoqlikdagi o‘rmonlarda kecha-yu kunduz tank haydab, o‘ris qizlar bilan “podrujka” qilib, maxorka chekib, aynimagan “konserva baliq” yeb yurganingda men Buxenvaldda, fashist harom o‘lgurning uyasida edim. U yerdan xat yuborib bo‘lmasdi. Peshonamdan otib tashlardi qo‘limda maktub-paktub ko‘rsa Gitlerning avtomat tutgan malaylari… So‘ygan qo‘yingga kelsak, o‘sha oriq qo‘zingni har zamonda gapirorma. Suyakdan boshqa narsa chiqmagan ichidan. Tishimga botgandi go‘shti. Go‘sht emas chandir edi, chandir. Oradan ellik yil o‘tgan bo‘lsa ham, kechagidek esimda bu. 

    U bilan har kuni shu xarsangtosh ustida mana shunday mazmundagi suhbatimiz qizib ketardi. Boshida tortishsak-da, keyin vaziyat o‘zgarar va ko‘proq biz urush yillari haqida gurunglashishni, u bilan bog‘liq xotiralarni boshlab yuborardik. Qodir tushmagur tortgan azob-uqubatlari haqida gapirishni yoqtirmasdi. Vaholanki, tortgan azob-uqubatlarini yuz kishiga  yuklasang yuz kishi ko‘tarolmaydi, ming kishiga yuklasang ming kishi. U mayiz va turshakdan olib lunjini to‘ldirib chaynarkan, ko‘pincha, o‘sha yillarda orttirgan do‘stlarimiz, o‘zimiz ozod qilgan shahar va qishloqlarning odamlari, kirg‘inbarot urush bo‘lsa-da safdoshlarimiz orasida topgan qadr-qimmatimiz, o‘rgangan ko‘shiklarimiz, yodlagan askarcha she’rlarimiz haqida gapirardi. Gurungimiz qizib ketib, shu-shu  ba’zida agar kelinim chiqib tushlikka chaqirmasa yoki muazzin azon chaqirib peshin bo‘lganini bildirmasa, tushlik xam, peshin namozi ham esdan chiqib qolardi.

     U men bilan yetmish yildan beri birga edi. Xudo guvox, yetmish yildan beri. Noming o‘chgur urush paytida ham boshqa-boshqa joylarda jang qilgan bo‘lsak-da, kun ora bir- birimizga xat yozishib turardik. Keyin urush tugadi. Xudo yorlaqab, ikkimiz xam urushdan eson-omon, buning ustiga to‘rt muchchamiz sog‘ qaytdik. Men Buxenvald bilan bog‘liq ko‘ngilsiz qismatim uchun bir muddat Xo‘jandda surgunda yashadim. U men qaytgunimcha uylanib, oila qurishni istamadi. To‘yimda Ikrom qatnashmasa uylanmaganim bo‘lsin, dedi. Na otasini eshitdi, na onasini. O‘ttiz besh yoshgacha kutdi mening qaytishimni qaysar. Stalin qazo qilgach, 55- yilda men uyga qaytdim. U quchoq ochib kutib oldi meni. Yig‘lay-yig‘lay oyog‘im ostiga qo‘y so‘ydi, elga osh berdi. Keyin biz birin-ketin oila kurdik, farzandlar tarbiyaladik, alyumin zavodga ishga kirib, o‘sha yerda to nafaqagacha ishladik.

    Mana endi u xam meni tashlab ketdi. Bu dunyoda bir o‘zimni qoldirib. U meni eng yaqin og‘aynim va bu tushunarsiz hamda men uchun og‘ir o‘tgan xayotdagi yagona yupanchim edi. Uni suyanchig‘im bo‘lgani uchun shekilli kunda eslayman. Necha marta eslayman-bilmayman. Balki yuz martadir. Xa, kuniga yuz marta atrofida eslasam kerak. Bundan ham ko‘proqdir. Harsangtosh tomonga ham  har kuni chiqib qarayman. Uni o‘sha yerda uchratarmikinman, deb.  Quyosh chiqib atrofni jizg‘anak qilayotganida ham, chelaklab yomg‘ir quyayotganida ham,  tizza buyi qor yog‘ayotganida ham o‘rnimdan turaman-da, kelinimning qarshiligiga ham qaramay ko‘chaga chiqaman va faqat harsangtosh tomonni  ko‘zdan kechiraman. Qaraganim sayin u yerda Kodir qovog‘ini solib o‘tirgandek bo‘ladi yoki mayiz bilan turshak chaynayotgandek.  Rost gapiryapman. Menga shunday tuyuladi. U gohida men turgan yerga qo‘lini silkib, peshonasini tirishtirganicha «nega boyning kelinidek qaqqayib turibsan, kelmaysanmi bu yerga” deb meni urishayotgandek tuyuladi. Bot-bot xotiram yanglishib o‘zimcha quvonaman va u yerga bir-ikki qadam tashlayman. Hattoki, harsang qarshisiga borgach, og‘aynimni yo‘qligiga hayron bo‘lib chiqishini sabr qilib kutib o‘tiraman. Hozir chiqadi, deb bir necha marta o‘zimga o‘zim takrorlayman.  Ana  chiqadi tez fursatda, deyman toqatim toq bo‘layotganini sezsam-da o‘zimni qo‘lga olib. Onasining erkasi, erinchoq, takasaltang, yana xonasiga qamalib olib, pusib yotgandir-da, deyman keyin achchig‘im chiqib. Ichimda uzoq vaqt g‘o‘ldirab so‘kinaman. Oxiri esa qarilik qursin,  xammasi birdan yodimga tushadi. Tushadi-yu, lekin achchiq xaqiqatni tan olgim kelmay endi o‘zim bilan o‘zim bahslashaman. Bahslashib charchagach esa, sukut ichida qotaman va oppoq soqolim ustiga xira ko‘zlarimdan ikki tomchi yosh sizib tushadi.

    Halloslab kelib harsang ustiga cho‘kkalaganimda oktyabrning iliq quyoshi yuzimni erkalay boshladi. Unga yuzimni emin-erkin tutib berdim. Hali zamon bu quyosh ham g‘animat bo‘lib qoladi. Sharros yomg‘ir quyadigan kunlar keladi. Oz qoldi bunga. Quyoshni bir marta ko‘rinish berishini kutib deraza oldida sarg‘ayib ketaman o‘shanda. Yomg‘ir tomchilarini derazamga urilishini kuzatib yuragim siqilgancha.

    Hassamni oyoqlarim orasiga olib nafas rostlab olgach, atrofni ko‘zdan kechirdim. Ko‘chada hech zog‘ yo‘q edi. Bu menga bir oz g‘alati tuyuldi boshida. Go‘yo yonma-yon joylashgan uylarda birov yashamaydigandek, ular bo‘m-bo‘sh va huvillab yotgandek, butun boshli ko‘chada bir o‘zim qolgandek sezdim o‘zimni. Ammo ko‘p o‘tmay Rahim traktorchining hovlisi darvozasi g‘iyq etib ochildi va ostonada uning o‘zi ko‘rindi. U qo‘ltig‘iga qistirib olgan xo‘rozi bilan ko‘chaga chiqqach, ingichka bo‘ynini oldinga cho‘zib, sal bir tomonga og‘ishgancha shoshib keta boshladi.

    -Ikrom amaki, xayrli kun sizga!- dedi menga yaqin kelgach.

    -Yana xo‘rozingni jonini qiynagani ketyapsanmi, o‘g‘lim?- so‘radim undan xo‘roziga achinib qarab.

    -Nega unday deysiz?-dedi u norozi bo‘lib.- Arslonim janglar uchun yaralgan, sizga aytsam. U haqiqiy jangchi. Zoti shunaqa. Xashaki xo‘rozlardan emas. Kecha uni rosa mashq qildirdim. Xotinim ham tan berdi, ishonsangiz. Arslonim jangga tayyor. Uni qonini qizitgani olib ketyapman. Safarboyni xo‘rozi bilan bir kuch sinashsin. Bir oydan beri boshimni og‘ritadi shu uchinchi sort pochtalon. Kecha oxiri chidolmadim. Qo‘rqoqsan, dedi-da yuzimga shartta. Senmi shoshmay tur, dedim uni giribonidan olib. Menda ham g‘urur bor-da, amaki. Otam tug‘ilganimda o‘g‘il ko‘rdim deb elga osh bergan, sunnat to‘yi qilgan… Xullas, pochtalonni giribonidan oldim. Xo‘rozingni enasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatadi meniki dedim yuziga tuflagudek bo‘lib. U ham katta ketma polvon, dedi yoqamdan ushlab. Shu-shu ancha tortishdik. Bugun mana elning oldida xo‘rozlarimiz kuch sinashishadi. Arslonim ko‘rsatadi  xunasa xo‘rozining kunini.

    -Jonivorni joni qiynaladi-da baribir,-qo‘ltig‘idagi xo‘rozga achinib qarab qo‘ydim.- Biz odamlar boquvimizdagi jonivorlar uchun javobgarmiz. Gunohi katta buni, Rahimboy.

    -O‘zingiz qayerga otlandingiz ertalabdan?- so‘radi u gapimga parvo qilmay cho‘ntagidan nosvoyini olib, tanglayiga bir chekim nos tashlagancha ko‘zlarini yumib rohatlanarkan.

    -Voyenkomadga. Yangi voyenkom kelibdi. Kecha Rashod ariza yozib bergandi. Shuni tashlab kelaman.

    -E ha, tushunarli. Eski ishlar deng. Lekin-chi Ikrom amaki men chin dildan ishonaman sizni o‘sha…nimaydi…ha Turkiston legioniga o‘tmaganingizga. O‘lgan onamning ruhini o‘rtaga qo‘yib qasam ichaman. Men bunga ishonaman. Istasangiz birga borib guvohlik beraman.

    -Qo‘yaver. O‘zim eplayman. Bu voyenkomga ham tushuntirib ko‘ray-chi… Zora yuqoriga gapi o‘tsa. Arxivni ko‘tarishsa, tekshirishsa… Haqiqat yuzaga chiqar.

    U boshini irg‘ab qo‘yib, yo‘lida davom etdi. O‘rnimdan turib men sekin shahar mudofaa ishlari bo‘limi sari qadam tashladim. U ikki ko‘cha naridagi binoda edi. Katta ko‘chani hatlab, piyoda borilsa yarim soatlik yo‘l edi. Ko‘chaning boshida ortimda aravaning g‘ichirlagani eshitildi. Qarasam Nazira bir oyog‘i oqsoq nabirasi bilan tuvaklardagi gullarga to‘la og‘ir aravasini xalloslab yetaklab kelyapti.

    -Og‘a, salomatmisiz?-dedi u xushfe’llik bilan salomlashib.

    -Assalomu alaykum, bobojon,- dedi nabirasi  ham unga ergashib.

    -Bozorgami?- dedim salomlariga alik olgach, aravaga yo‘l bo‘shatish uchun chetroqqa o‘tib.

    -Bozorga,- dedi Nazira hozirjavoblik bilan.- Gullarni xaridorlari kutib qolishdi. Bir payshanbalik qilib kelaylik qizalog‘im bilan. Shu desangiz yakshanba chiqamiz keyin.

    Mudofaa ishlari bo‘limiga kelganimda, asosiy eshik oldida tumonat yoshlar to‘planib turishardi.Ular bitta-bittalab ichkariga kirishar, biri chiqmaguncha ikkinchisini ichkariga qo‘yishmasdi. Eshik oldida turgan navbatchi tartibga saqlashga urinar, nazarimda baqirib-chaqiraverganidan bechoraning tomog‘i qirilib ketgandi.

    -O‘g‘lim, voyenkomga oldiga kirib chiqsam degandim,- dedim meni ko‘rib boshqalar yo‘l bo‘shatishgach, asta unga yaqinlasharkanman.

    -Pasportingiz bormi, otaxon?- so‘radi u boshini bir ko‘tarib olib meni ko‘zdan kechirarkan, yana yozuv-chizuviga e’tibor qaratib.

    -Pasportimni uyda qoldiribman. Shu desang hech xayolimga kelmabdi bu.

    -Bu yerga pasport bilan qo‘yiladi,- dedi u yonida turgan pasportlardan biriga qo‘llari bilan ishora qilib.- Axir shahar mudofaa ishlari bo‘limi-ku bu yer.

    -Qo‘yvora qol meni, o‘g‘lim. Ko‘rinishingdan bir tuzuk bolaga o‘xshayapsan. Duo qilib qo‘yaman haqqingga peshin paytida. Meni yoshimda xotira qolarmidi. Shartim ketib partim qolgan bo‘lsa…bir oyog‘im go‘rda bo‘lsa…qolaversa, o‘sha pasportga ishonasan-u, menga ishonmaysanmi-a? Endilikda inson o‘rniga bir parcha qog‘oz gapira boshladimi? Men ham shu yurtning fuqarosiman xuddi sen, manavi odamlar kabi. Shu shaharda sakson yildan beri yashayman. 

    Navbatchi yigit peshonasini tirishtirib, tushunarli degandek o‘rnidan turdi va uzun yo‘lakdan yurib borib, oxiridagi voyenkomning xonasiga kirib ketdi. Uning stoli oldidagi stulga cho‘kkanimcha qaytib kelishini kutib o‘tirdim. Qulog‘im yoshlarning munozaralari, latifalari, hiringi-hiringidan tom bitay dedi. Toqatim toq bo‘layotganini sezsam-da, ko‘zimni u kirib ketgan eshikdan uzmay miq etmadim. Bir payt uni qaytib chiqqanini ko‘rib, ko‘zlarim chaqnab ketdi.

    -Marhamat, bobo kirib chiqishingiz mumkin,- dedi u yonimga kelib.- Lekin keyingi gal pasport bilan qo‘yaman. Qonun barcha uchun barobar.

    -Qonuningdan o‘rgildim seni,- dedim uni yelkasiga qoqib qo‘yib, asta jilmayarkanman.-Qonunlarga amal qilinganida bormi, osmondagi jannatning bizga keragi bo‘lmasdi.

    Voyenkomning xonasi tepasidagi yozuvlar o‘zgarganini ko‘zlarim xira bo‘lsa-da payqadim. “Mayor Raxmatullayev” yozuvi zarhal  va bo‘rtma harflar bilan to‘rtburchak ramka ichiga yozilib, o‘rnatilib qo‘yilgandi. Ichkarilashim bilan ko‘zim to‘lachadan kelgan kotiba qizga tushdi. U qo‘llari bilan ichkari xonani ko‘rsatdi va kirishingiz mumkin degandek boshini qimirlatib qo‘ydi.

    4.Buvi va nabira

    Xudoga shukr, sevimli kaktusimni hech kim sotib olmadi. Endi to yakshanbagacha u men bilan birga. Uni doimgidek boshqa gullardan ajratib olib, tokchaga qo‘yganimcha alohida parvarishlayman. Butun mehrimni berib, qo‘lim qonab ketishini bilsam-da, silab-siypalab. U chiroyli emas, xunuk, uzunchoq va beso‘naqay. Lekin, boricha ko‘nglimga yaqin. Uni har safar bozorga chiqqanimizda birov sotib olmasaydi, deb qo‘rqqancha kunni kech qilaman. Atayin rastaning ko‘zga ko‘rinmaydigan, chetrog‘iga qo‘yaman. Xaridorlar ko‘ziga tashlanadigan yerlariga boshqa gullarni teraman (bugun ham shunday qildim).

    Har safar biror xaridor rastaga yaqinlashganida yuragim gupillab ura boshlaydi. Kaktusimni kaftim bilan berkitib olgim keladi. Xaridorning e’tiborini markazda turgan gullarga qaratish uchun terlab-pishaman, jag‘im tinmaydi, jilmayishni qo‘ymayman. Atayin uning e’tiborini kaktusim turgan yerga qaratmaslik uchun o‘sha gullarni og‘zimdan bol tomib maqtayman, narxini tushirib berishimizga ishora beraman. Buvim ham hayron qoladi gohida jonlanib ketganimga. Men shunchaki kaktusimni birov sotib olishini istamayman, buvimga uni sotmaylik ham deya olmayman. Shunchaki aytolmayman.

    Oktyabr oqshomi cho‘kdi atrofga. Deraza oldida kaktusimni silay-silay oqshom tarovatini kuzatib turarkanman, devordagi almisoqdan qolgan soatning bongi urdi. Qaradim. Soat strelkalari to‘qqizni ko‘rsatardi. Buni ko‘rib yana ko‘cha tomonga o‘girildim. Taxminan shunday vaqtda Rashod aka u yerdan o‘tardi. Bugun restorandagi ishida ushlanib qolgan bo‘lsa kerak. Aksincha bo‘lganida men allaqachon uni uchratar, deraza oynalarini chertgancha e’tiborini o‘zimga qaratar, u esa meni deraza oldida ko‘rib jilmayganicha xonadonimizga kirib o‘tardi.

    -Bugun ushlanib qolgandir o‘sha boylarning makoni bo‘lgan restoranida,- dedi buvim qarshimga kelib turib olgancha.-Hozir o‘tib qolar shu yerdan. Ko‘p siqilaverma. Tuz ham totmading. Ovqatingni eb olsang-chi.

    -Yo‘q, buvi ,- dedim boshimni sarak-saraq qilib.-Ishtaham yo‘q. Bekor o‘tirganim yo‘q. Kaktusim bilan suhbatlashib o‘tiribman.

    -Bozorda ham tuzukroq tushlik qilmading, sen qiz,- davom etdi buvim norozi bo‘lib.- Nima balo ochlik e’lon qildingmi o‘zingga o‘zing? Rosa charchading-ku bozorda gullarni maqtab sotib… Tinmading, baraka topgur.

    -Ana Rashod akam, buvi,- dedim shu payt ko‘cha tomonga ishora qilib baqirganimcha va deraza oynalarini sindirib yuboradigan darajada taqillatishni boshladim.

    -Hay, hay, sekinroq. Sekinroq. Deraza oynalari sinib ketadi-ya,- buvim ko‘ylagining ichiga tuflaganicha derazaga yaqinlasharkan tashqarida jilmayib turgan Rashod akaga menga qo‘shilib qo‘llari bilan ichkariga kir degandek ishora berib.

    Bir ozdan so‘ng, buvim tashqariladi. Hovlida avvaliga Mallavoyning hurigani quloqqa chalindi. Keyin buvim bilan  Rashod akaning ovozi eshitildi.

    — Sovqotib ketibsan-ku, pianinochi, – dedi buvim ichi achishgan kishi bo‘lib.- Yupqa kiyinib olganing nimasi?

    -Havo yaxshi-yu, Nazira xola,- javob qaytardi Rashod aka doimgidek siniq ovozda.- Kun bo‘yi quyosh chiqdi. Kuzning mayin havosi sog‘likka foydali.

    -Kunduzi shunday bo‘lgandir, ammo kuzakning oqshomi baribir sovuq. Shamollaydi odam o‘ziga qaramasa.

    -Ochig‘ini aytsam ertalab shoshilganimdan kostyumimni unutib qoldiribman uyda.

    — Bu nima qilganing?! Nega ichkariga kirmay turibsan? Boshqa safaring ketmaydi. Og‘iz juftlamay qo‘ya qol bahonaga. Har doim shunday deysan. Ichkariga kir. Bo‘l endi. Zarinani seni ko‘rmaganiga roppa-rosa bir sutka bo‘ldi. Sen yaxshi ko‘radigan quymoqdan pishirganman. Restoraningda kechlik qilgan bo‘lsang nima. Yana ozgina tamaddi qilsang biror yering kamayib qolmaydi. Hech bo‘lmaganda tatib ko‘rarsan.

    Rashod akaning uyi ham xuddi biz yashaydigan uyga o‘xshab juda kichik bo‘lib, aniqroq aytadigan bo‘lsam, bizning uy sahnidagi hovlidan tashqari ikki xona, oshxona, ombordan iborat bulsa, uning uyi xam xuddi shu tartibda, fakat qo‘shimchasiga yerto‘lasi mavjud edi. Bizning ombordagi  buvim tayyorlagan tuzlangan bodring va karamlar, shuningdek malina, qulupnay va smorodina murabbolari rosa uning havasini keltirardi. Uning o‘zi esa yerto‘lasidagi ikkita devorni o‘zaro tutashtirgan uzun arkonda qishin-yozin har xil o‘lchamdagi kolbasalarni osib qo‘yar va ular osib qo‘yilgan ko‘yi kirgan odamning ishtaxasini qo‘zg‘ar, bundan tashqari burchakda turadigan stolda o‘zi toklaridagi uzumlardan tayyorlagan sirkalarni katta-kichik dori idishlarda saqlardi.

    Bizning uyimiz unikidan farkli ravishda fayzliroq, to‘g‘risi tirik jon yashashidan ko‘proq dalolat berardi. Hovlida daraxtlarimiz ham ko‘p edi unikida ko‘ra. Uy hayvonlarini-ku, aytmasam ham bo‘laveradi. Sigirdan tortib o‘rdakkacha bizning hovlidan joy topilgandi. Unikida faqat mushuk bor edi, xolos. Paxmoqqina, semizgina, oti ham g‘alati-Mishel.

    U eshikdan ichkariga kirayotganida Mallavoy yugurib kelib, buvimning atrofida dumini likillatganicha aylana boshladi. Rashod akaga esa go‘yo u katta bekasini undan tortib oladigandek norozi alpozda qaradi va katta bekasi ham, kichik bekasi ham faqat uning o‘ziniki ekanligini bildirmoqchi bo‘lib bir necha marta baland ovozda vovullab ham qo‘ydi.

    — Uyat senga, Mallavoy,- dedi buvim uni bu jasorati uchun maqtash o‘rniga urishib berib.- Mehmonniyam shunaqa kutib oladimi-a?

    Mallavoy buvimning avzoyini ko‘rib noto‘g‘ri ish qilganini bir zumda tushundi-da, go‘yo kechirim so‘ragandek boshini egib chiyillab tovush chiqardi.

    — Kap-katta bo‘lib qolgan bo‘lsang xam esing kirmaydi seni,- dedi buvim uni kechirishni xayoliga ham keltirmay.

    Rashod aka xonaga kirishi bilan birinchi bo‘lib menga ko‘zi tushdi. Qimir etmay deraza oldida o‘tirganimni ko‘rib lablariga tabassum yugurdi. Qachonlardir u buvimga “Zarina yoshiga nisbatan kattaga o‘xshaydi” degandi. O‘shanda buvimga aytgan gaplari kechagidek esimda garchi o‘sha daqiqalarda o‘zimni uxlayotganga solib yotgan bo‘lsam-da:

    “Nazira xola, ko‘rinishidan Zarina o‘n to‘rt yoshga kirganga sira o‘xshamaydi. Muntazam ravishda dard bilan olishib yashash, boz ustiga nogiron ekanidan dam-badam ruhan ezilish uni faqat ruhinigina o‘smirlik olamidan sug‘urib olmagan. Odamga u o‘smirlarga xos bo‘lgan qiziqish  yoki hayotga chanqoqlik bilan emas, o‘ychanlik va yoshiga nomutanosib ravishda chuqur bosiqlik bilan tikiladi. Gaplari, gapirish ohangi va fikrlashi ham  o‘smirlarnikidan ko‘ra kattalarnikiga o‘xshab ketadi. Shuningdek, u judayam kam uchraydigan ko‘ngilchanlik sohibasi. Fe’l-atvoridagi aynan shu xislat, ehtimol uni haliyam o‘smir ekanligini, hali voyaga yetib ulg‘aymaganini, hali shafqatsiz hayot bilan yuzma-yuz kelgan bo‘lsayam, yuragi muzlab ulgurmaganini yodga solib turadi”.

    Xonamizning ichi issik, yorug‘ va shinam edi. Garchi, bu yerda katta pech, ikkita karavot, shkaf, stol va bir qancha stullar bo‘lsa-da, ular tartibli joylashtirilganligi bois,  ichkariga kirgan odamda xona kengdek taasurot uyg‘otardi. Shiftdagi chiroyli qandil (buvim qimmatga sotib olgandi uni), oynavand shkaf oynalaridan qimtinib boqayotgan turli-tuman kitoblar (men sevadigan “Shamollarda qolgan hislarim” ham o‘sha yerda), devordagi Xiva gilami, Ayvazovskiy tomonidan ishlangan dengizning tungi manzarasi aks etgan kartina nusxasi (uniyam buvim nafaqasidan pul jamg‘arib keksa rus rassomidan sotib olgandi) bamisoli  unga shinamlik baxsh etishga chog‘lanayotdek bo‘lardi.

    — Zarina, qizim,- dedi buvim Rashod akaning ortidan xonaga kirib eshikni yopgach.- Qara,  qochqoqni ushlab keldim.

    — Buvijon, deraza pardalarini tortib qo‘ysam maylimi?- dedim Rashod aka bilan bosh irg‘ab salomlashgach.

    -Doim shunday qiladi, -dedi buvim ruxsat bergach, Rashod akaga o‘girilib.- Seni har kuni o‘sha yerda ishdan qaytishingni kutadi. Keyin deraza pardalarini tortib qo‘yadi.

    — Biznikiga kirgingiz kelmay qoldimi?- dedim Rashod akaga diqqat bilan razm solib.

    — Bu nima deganing?!-dedi buvim u nima deyishini bilmay ikkilanib turganini ko‘rgach gapga aralashib.- Axir, u ishli odam. Bir emas, ikkita joyda ishlaydi. Har kuni ishga boradi. Ishdan kech, shundayam charchab-horib qaytadi.

    — To‘g‘ri,- dedim buvimning gaplarini  tasdiqlarkanman.- Siz haqsiz.

    Bir oz o‘tib, yana Rashod aka tomonga yuzlandim.

    — Hoxlaysizmi, men sizga yodlagan she’rimni o‘qib beraman.

    — Aytib ber, qizim,-dedi buvim bu gal ham aralashib.

    Unga esa:

    -Sen uni bir eshit. Nemischa she’r yodlabdi. Shillerning she’rini,- dedi men xuddi buyuk ishni do‘ndirib qo‘ygandek.

    -Mayli, o‘qib ber,- dedi Rashod aka stulga yaxshiroq o‘rnashib olgach.

    Yodlagan she’rimni olmon tilida shoshilmay, dona-dona kilib o‘qib berdim. U olmon tilini bilardi. Shu sabab she’r kim haqida ekanini darrov topdi.

    -Shillerning Russo haqidagi she’ri,- dedi stulda o‘tirganicha mammun holda qarsak chalib.

     -Qizalog‘im nemis tilida xam binoyidek gapiradi,- dedi buvim men she’rni yoddan o‘qib bo‘lgach faxrlanib.

    -Unchalik emas, buvi,-dedim Rashod akaning oldida xijolat bo‘lib xiyol kularkanman.

    Buvim Rashod akaning ketidan undan ham o‘tkazib qarsak chalarkan, orada uni dasturxonga taklif kildi.

    — Likopchadagi quymok. Tatib ko‘rgin,- dedi unga pichoq bilan sanchqini uzatib.

    Keyin oshxonadan piyoladek keladigan idishda qandaydir suyuqlik olib chiqdi.

    — Bu qayin daraxtining sharbati,- dedi uni oldiga qo‘yib.- Ertadan boshlab kuniga uch mahaldan ichasan. Kuzakdagi shamollashning oldini oladi bu.

    — Betobmisiz?- so‘radim buvimning gapidan keyin unga xavotir aralash boqarkanman.

    — Betob emas,- dedi buvim bu safar ham uning o‘rniga javob berib.- Oqshomlari yupqa kiyinib yuribdi mana bunday qilib. Shunga shamollamasin deyapman. Hozir bu oson-da. Kechqurun yupqa kiyinib, ko‘chaga chiqdingmi, tamom vassalom, shamollaysan qolasan.

    Men boshka uni ham, buvim ham so‘roqqa tutmadim. Kitob javoni tomonga qaraganimcha  u yerdagi kitoblardan ko‘zimni uzmay deraza oldidagi joyimda jim o‘tiraverdim.

    — Zarina,- dedi buvim bir payt indamay o‘tirganimni ko‘rib so‘z qotarkan.-Mallavoyni bir urishib qo‘ygin. U negadir uyga kirgan barchaga huriyapti.

    — U yaxshi kuchuk,- dedim unga e’tiroz bildirib.- Buvi, u huriydi, to‘g‘ri. Bu uning hurmatsizlik ko‘rsatgani emas lekin. U shunchaki siz bilan meni kizg‘anadi, xolos.

    -Baribir uni hech yo‘g‘i bir marta urishib qo‘yish kerak,-dedi buvim lablarini tishlab boshini chayqarkan.- Aks holda, biznikiga hech kim kirmay qo‘yadi.

    -Buvimning gaplariga e’tibor bermang,-dedim buvim hovliga chiqib ketgach, Rashod akaga diqqatimni qaratib.- Aslida ular Mallavoyni mendan ham ko‘proq yaxshi ko‘radilar.

    Shunday deb shift tomonga boshimni burib oldim. Bu vaqtga kelib tashqarida  qorong‘ulik rosmana quyuqlasha boshlagandi. Parda chetidan buni ilg‘adim. Vaqt ham allamahal bo‘lgandi. Tabiiyki Rashod akada ham charchoq alomatlari ham sezila boshlagandi. Uning ko‘zlari yumilib ketay deb o‘tirardi. Shu sabab uni bu yerda ushlab o‘tirishdan naf yo‘q edi.

    — Ertaga ham kiring biznikiga,- dedim uning holatini tushunib.- Hozir Haynening she’rlaridan birini yodlayapman. Ertaga kirganingizda albatta yoddan o‘qib beraman. Yakshanbagacha bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘ladi.

    “Bugun Shillerning, ertaga esa Haynening she’ri… Naqadar bu qizaloq boshqalarga o‘xshamasa”. Uning so‘lg‘in nigohidan shu so‘zlarni o‘qigandek bo‘ldim. U jilmaysa-da, negadir buni chin dildan qilmasdi. Qalbi jilmaymasdi. Go‘yo og‘ir yukni ko‘tarib yurgandek bukchayib o‘tirardi. Jiddiyligi ostida boshqalarni dard bilan qiynab qo‘yishdan hayiqish ko‘zga tashlanardi. Shunga u kamgap edi nazarimda.

     -Bilaman ishdan charchab kelasiz,- dedim u o‘rnidan asta qo‘zg‘alganida.- Biroq…

    — Albatta kiraman,- dedi u nimadir deyishga qiynalib to‘xtab qolganimni ko‘rib dalda berarkan nigohi bilan meni tinchlantirib.- Sen xavotir olma.

    -Sizni yana deraza oldida kutaman,- to‘g‘risi shundan boshqa narsa deya olmadim.

    Hovlida buvimdan  o‘ziga xos tarzda tarbiyaviy ta’lim olayotgan Mallavoy Rashod akani tashqariga chiqqanini ko‘rgach, yugurganicha oldiga kelib, boshini egib oldi va mulzam tortganicha g‘o‘ldirab, aftidan, boyagi beodobligi uchun undan uzr so‘rashga tushdi. Menimcha, buvim ikkala bekasiniyam Rashod aka undan tortib olish niyatida emasligiga uni ishontirgan ko‘rinadi. Yo‘qsa u bunday qilmasdi.

    Ortidan hovliga chiqqach, Rashod aka bilan xayrlashdim. Buvim xonaga kirib ketgach, hovlida bir pas yolg‘iz qolgim keldi. Tiz cho‘kib Mallavoyni quchganimcha negadir to‘yib-to‘yib yig‘lagim keldi. U buni sezib, dudoqlari bilan meni erkalay boshladi. Uning hurpaygan tuklari orasiga yuzimni yashirdim va bir muddat hech nimani o‘ylamay shunday turdim.

    Atrofda osudalik hukm surardi. Pashshaning uchganiyam bilinmasdi go‘yo. Negadir kuz oqshomlari shu tarzda o‘tadi. Sokinlik va osudalik qo‘ynida. Havo ham negadir yanayam dilga yoqadigan tarzda seni o‘zidan o‘pkangni to‘ldirib simirishga undaydi. Men ham shunday qildim. Sokinlikdan rohatlangancha, o‘pkamni to‘ldirib ichimga havoni yutdim.

    -Sharmandalik! El-yurtning oldida sharmanda bo‘ldim!

    Yon qo‘shnimiz Rahim traktorchining hovlisidagi temir darvoza taraq etib ochildi va Rahim amakining tenorlarga xos bo‘lgan yo‘g‘on ovozi birdan atrofni tutdi (aftidan uning xo‘rozi tag‘in yutqazgandi). Shu bilan sokinlikning fusunkor jozibasi ham yo‘qoldi va men Mallavoyni inigacha kuzatib qo‘yib, kayfiyatim buzilgancha xonaga qaytib kirdim. 

    davomi bor

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting