Turkumdan
Ko‘kdan ko‘z yosh kabi iliq bir yomg‘ir —
Tomchi tomchiladi qoshi dolimga.
Unda, samovotda ezilib, kimdir –
Achchiq yig‘lamoqda mening holimga…
***
Dalaga intilar yana bu qushcha,
Qaramas u bergan nonu doningga,
Men seni olgandim tuproqdan, loydan, —
Qaytib bor o‘sha loy g‘amistoningga…
***
Tuzoqdagi qushday — qalbimni
Senga tutdim, yorim, qayg‘uga qorma:
O‘g‘irlab ketmasin boshqa yigitlar,
O‘zim uchib ketmay — qo‘yib yuborma!
***
Agar qay go‘shada to‘kilsa ko‘z yosh, —
Men kirib boraman, go‘yoki bir tush!
Men — mitti zarg‘aldoq, ovozim yangroq,
Men – yomg‘irda ivib kelgan toza qush…
***
Sizning uyingizda bari qulflangan,
Faqat qalb ochiqdir, to‘g‘risi.
Men mol-mulkingizga tegmasman,
Men – ochiq shu qalbning o‘g‘risi…
***
Isyonchi emasman — azizdir nizom:
Do‘stim, meni bosib-yanchib — ketding yo‘lingda…
Balkim, sen o‘zingni qo‘lga olding-u,
Lekin chiqarding-ku meni qo‘lingdan.
***
Eh — dunyoga kelayotganlar — qo‘lingiz tugik, musht:
Go‘yoki kelgansiz jangga, shum taqdir!
Eh — dunyodan ketayotganlar — kaft ochiq, bo‘m-bo‘sh:
Olib ketadigan hech vaqo yo‘qdir!
***
Xalqingdan uyalma, Rossiya! Essiz…
Farishtalar asli — yalangoyoqlar.
Etiklarni olib ketgandir iblis.
Endi qo‘rqinchlidir — etigi borlar!
***
Shundoq, meni yerga topshirarkansiz,
Shuni yozing qabrim toshiga, — endi!
«Qo‘shiq-la turardi, yotardi yosh-la,
O‘larkan — tugadi, deya quvondi!»
***
Sen menga bir hovuch yoqut tilarding, —
Menga bir barg aziz – qaydan bilarding,
Sotib ololmaysan olmosu pulga,
Meni olmoq mumkin… bir atirgulga.
***
Sen meni sayoq deb ataysan, — haqsan,
Faqat, — bir narsani bilib qo‘y biroq:
Senday bag‘ritoshga bag‘rim bergancha,
O‘choqda kosovni o‘psam, yaxshiroq.
***
Deraza ortida qadamlar.
Bilmayman, nechadir vaqt bu choq.
Asrangin, ey sanam, azobdir –
Tun bo‘yi – qadamni sanamoq!
***
Ostonam ortida qadamlar.
Kelmadi, chiqarma uningni.
Baribir keladi o‘sha kun –
Kutaver oxirgi kuningni…
1919 — 1920
Karim BAHRIYEV tarjimasi.
Menimcha she’rlar tarjimasini asli bilan birga chop etish kerak. Shunda tarjima kanchalik anik bulganligini, tarjimon she’r shakli va mazmunini qanchalik saqlay olganligini baxolash mumkin.