Salom, kundaligim

0
98
ko'rishlar soni

Ijarachilar

Biz hamisha ijarada yashaymiz.
Alloh bizlarga jon ato etguncha, «o‘zga olamda» biroz muddat.
Onamizning qorin boshlig‘ida, to‘qqiz oylik to‘lov yakuniga yetguncha.
Bolalik uyimizda, ulg‘ayib kamol topguncha.
Xullas, kelishimiz- ketishimiz ijara…
Hayotdagi ijarachilarmiz.
Jonimiz tanimizda ijara!

***

Qani, hammamiz birga…

Koinotimizdagi beshinchi ummon hisoblanmish — Bulutlar ummondan balandroqda joylashgan. Hushlar va tushlar arg‘imchog‘ida maza qilib uchamiz. U yerda o‘zining shirali ovozi bilan to‘xtamasdan oy hirgoyi qiladi.
Yulduzlar esa xirom aylaydi. Bizlar esa tushlar shamolida, arg‘imchoqni hushimizga kelguncha uchamiz…

***

Hayotni izlayapman.

Asosiy belgilari: Hamma uchun har xil.
Bo‘yi: Kim, qancha yashashiga bog‘liq.
Vazni: Nafsni tiyilishiga qarab.
Egnida: To‘rt mavsumli usti-boshi bor.

Men Hayotni izlab yo‘lga chiqdim…
O‘z hayotimni emas!
Hayot deb atalmish Hayotni.
Uni anchadan beri qidiraman.
Natijalarim har safar nolga teng.
Balkim, kuni kelib u meni topar!
Lekin, undan oldinroq uni topishni xohlayman.
Hamma o‘z hayotida doimo kimnidir qidiradi…
Sizdan iltimos! Hayotni ko‘rsangiz menga xabar bering.
Bu mening manzilim: @Hayotparast_istopar. Ha aytgancha, siz meni zamonaviy tarmoqlardan topolmaysiz. Chunki, bu manzillarga faqatgina tasavvur tarmoqlari orqali bog‘lanish mumkin.

***

Yelkanlari orzulardek oq…

Elon:
Salom, bu yana men. Hali ham o‘sha Hayotni izlayapman. Men obdon o‘yladim. Balkim, Hayotni topishdan oldin orzularni eltuvchi kemani izlarman. Bu hayotda hamma Hayotni izlab topgunicha to‘xtamay orzu qiladi. Barchaning orzulari yig‘ilib, Olamlar va borliqlar aro yagona bo‘lgan, ulkan oq yelkanli kemaning kayutasiga joylanadi.
Orzular kemasi faqatgina Tilaklar ummoni bo‘ylab harakatlanadi. Va Orzular ijobati oroliga yetkaziladi. U yerdagi Mitti farishtalar esa Orzularni saralashadi, so‘ngra «yashil rangli» haltachalarga solib, o‘z orzulari ijobatini kutayotgan odamlarning, yangi kunlariga sovg‘a qilib jo‘natishadi. Balkim, bu kemani tezroq topsam Hayotni topishdek bo‘lgan orzuyimga ertaroq erishgan bo‘larmidim. Sizdan iltimos! Orzular kemasini ko‘rib qolsangiz hech bo‘lmaganda qayerda ekanligini bilsangiz, menga xabar bering.

***

Bekatlar

Bir kuni menda ham Alsgeymer kasalligining o‘gay ukasi, xotira sussayishi boshlanadi. Bu paytga kelib men, hayot deb atalmish uzun yo‘lakning naqd to‘qson beshta bekatini bosib o‘tgan bo‘laman.
Ortda qoladigan va qolayotgan bekatlarda faqat va faqat orzularni topishni, baxt bilan do‘stlashishni, sevgi bilan yashashni, sog‘liq bilan bir tan-u bir jon bo‘lishni.
Armon va qora rangli kunlarni esa birin ketin bekatlarda tashlab ketishni va ularni aslo qayta uchratmaslikni chin dildan xohlab qolaman…

Sardor Nur

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting