Tuyg‘ular do‘konchasi

0
461
ko'rishlar soni

hikoya

Boshena Kayzer

-Assalomu alaykum, -salomlashdi yosh yigit do‘konga kirarkan. Bu yangi do‘kon haqda u gazetada o‘qigandi.

-Salomat bo‘ling, -javob qaytardi unga sotuvchi ayol.

-Aytolmaysizmi, sizlarda Romantika sotiladimi? Menga tahminan 2-3 kg romantika zarur bo‘lib qoldi.

-Romantika? -hayron bo‘ldi sotuvchi. -Bizda bunaqa mahsulot anchadan beri yo‘q. Bu haqda gazetada o‘qidingizmi?

-Ha, -dedi yosh yigit, -u yerda yozilishicha, do‘konda Romantika bor ekan.

-Onlayn magazinda bo‘lishi mumkin, -yon berdi sotuvchi, -do‘konimizda siz aytgan mahsulotni so‘rashmaydi-da. Kimga Romantika kerak bo‘lsa, Internetdan izlaydi. Hozir Internetda hamma narsani topsa bo‘ladi.

-Nima, odamlar Romantikani izlamay qo‘yishganmi?

-Bilmadim. Qizlar so‘rashga uyalishadi, yigitlar bo‘lsa…

-Qiziq… -o‘ylandi haridor.

-Siz xoynahoy Ijtimoiy fanlar talabasi bo‘lsangiz kerak. Balki yozuvchi yoki shoirdirsiz? -sotuvchi unga diqqatlik bilan tikildi.

-Yo‘q, men oddiy bir yigitman. Aytingchi, Romantikaning o‘rniga nimani tavsiya etardingiz?

-Xo‘sh, xo‘sh, ko‘raylikchi… -sotuvchi peshtaxtalarni birma bir ko‘zdan kechirdi. -Masalan, Ilhom bor ekan. Lekin u tezda uchib ketadi, bir martalik vosita.

-Unday bo‘lsa yo‘q demasdim, -rozi bo‘ldi yigit, -hozir sizlarda qaysi mahsulotlar haridorgir o‘zi?

-Bizdan tez-tez Hazil, G‘urur, Manmanlik, Beodoblik, Kinoya, Ishonchni so‘rashadi…

-Sevgini-chi?

-O, Sevgi doim mashhur mahsulot bo‘lgan, unga talab kuchli. Topish ham mushkul uni.

-Xo‘sh, o‘zi qancha turarkan?

-Judayam qimmat. Sevgi ilohiy tuyg‘u, shuning uchun grammlab sotiladi. Aslida u odamlar tug‘ilganidan boshlab qalbda ulg‘ayadi. Ammo ko‘pchilik uni sezmay, tashqaridan izlaydi. Sevgini payqaganlar esa uni gullab yashnatib boshqalarga ham tekinga ulashadi. Masalan, sizga kimdir Sevgi berganmi? -Sotuvchi o‘z yoshligini eslab yigitga ishtiyoqlik bilan qaradi. -Sevgi olish naqadar baxt! O‘zingni hamma narsaga qodirdek sezasan. Sevgi senga boshqa hamma tuyg‘ularni baxsh etadi.

-Balki hali yoshligim uchun hech kim menga Sevgi bermagandir. To‘g‘risi, o‘zim ham birovga bermaganman. Sizning gaplaringizdan so‘ng Sevgi qalbimda bo‘lishi mumkinligini o‘ylab qoldim.      

-Hali hammasi oldinda. Muhimi, sevgini behuda sarf qilmang.

-Xullas, Sevgini ko‘pchilik sotib oladimi? -so‘rashda davom etdi yigit.

-Ha. Ba’zilar o‘zidagi Sevgini katta narxlarda sotib yuboradi. Sevgi tekinga berilmay, sotilganda salbiy tuyg‘ularni boshlab keladi.   

-Masalan, qanaqa tuyg‘ularni?

-Eng yomon tuyg‘ularni: Nafrat, Rashk, Jirkanish, Bevafolik. Bu kabi tuyg‘ular aslida bir o‘zi sotilmaydi. Lekin Sevgiga qo‘shimcha tarzda berilishi mumkin. Ko‘pchilik yigitlar Sevgi bilan Rashkni birga sotib oladi. Natijada Rashk ta’sirida Sevgi o‘ladi: ular rafiqasi yoki sevgilisidan ayrilishadi.

-Bu ularning aybi emas. Sevgi bor joyda Rashk ham bo‘ladi-da.   

-Yo‘q, yigitcha. Eng muhim gapni sizga aytay. Sevgini sotib olish shart emas, uni o‘zingiz yaratishingiz mumkin. Sevgi tabiat tomonidan tuhfa etiladi. Hamma odamda zarracha bo‘lsada Sevgi bo‘ladi. Uni parvarishlash, e’tibor ko‘rsatish, gullatish odamning o‘ziga bog‘liq. Lekin buning uchun odamlarga Sabr va Ishonch yetishmaydi. Xo‘sh, endi nimani sotib olish haqda biror qarorga keldingizmi?

-Ha, albatta, -jilmaydi yigit, -menga 2 kg Ilhom va bir kg dan Sabr, Ishonch va Umid bersangiz. Bu tuyg‘ular Sevgi urug‘ini gullab-yashnashiga imkon beradi. Sizga katta rahmat. Ko‘rishguncha!

Nodira Ibrohimova tarjimasi.  

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting