Erkin Vohidov izdoshlari

0
179
ko'rishlar soni

E’tiboringizga Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov ijod maktabi o‘quvchilari ijodidan namunalar taqdim etmoqdamiz. Yosh shoirlarning ijodiga barkamollik tilaymiz.

Men bahordan yaralganman tongga intiq,

Faqat baxtdan to‘kiladi ko‘zimdan yosh.

Binafsha-yu boychechakdan ifor olib,

Menga ism qo‘yib berdi bobo quyosh.

Men bahordan yaralganman, qonimda ishq,

Ayoz muzin eritguvchi olov so‘zman.

Farzand so‘rab ko‘z yosh qilgan onam uchun,

Yoshligida «laylak tashlab ketgan» qizman.

…shundan beri hayot og‘ir, yetmas chidam,

Yurak xasta, dilim xasta, ko‘nglim g‘arib.

Rost, charchadim, gul umrimning bog‘laridan

Gul axtarib…

Men bahordan yaralgandim. Qulayapman!

Ayozlarga bardosh bermay, oh, o‘rtanib.

Men qishdan to ko‘klamgacha omon qoldim,

Ishq o‘ranib…

Muattar Mamatkarimova.

***

Avvallari o‘ylardim,

Yulduz yerga tushganda.

Bo‘lib qolsam qaniydi,

Lermontov yo Pushkinday.

Xullas, shunday xom xayol,

Tark yetmasdi o‘yimni,

Hech qo‘limdan qo‘ymasdim,

Qalam degan buyumni.

Kim bo‘lardim asl she’r,

Izlab Sibir tomondan.

Qaysi shoir ulug‘roq,

Erkin Vohid bobomdan.

Ho‘p haydayo, ho‘p hayda,

Oltariq tomon hayda!

Oltariqning dardi keng,

Yuragi mayda-mayda.

Tenglashtirsam Pushkinga,

«Nido»ning bir satrini.

Yo urushdan oyoqsiz,

Qaytgan o‘g‘il dardini.

Oq tulporim, qo‘shdasan,

Xayolingda O‘shdasan.

Mening kabi, men kabi,

Sal yuragi bo‘sh-da san.

O‘zbekdayin hech bir zot,

She’r yozmagan turmada.

Yo Lermontov qor yog‘sa,

Paxta terib yurmagan.

Yoki turkiy tiliga,

Katta sinovlar yordur.

Azal, azal o‘zbekning,

Uyi paxtasaroydir.

Oq tulporim, oq tulpor,

Dilimda ko‘p g‘amim bor.

Oltariq ko‘rib kelay,

Bolangni qo‘shib yubor.

Ho‘p haydayo, ho‘p hayda,

Oltiariq tomon hayda!

Oltiariqning dardi keng,

Yuragi mayda-mayda…

Sevaraxon Jamoldinova 

***

Alisher Navoiyning “Kelmadi” radifli g‘azaliga tazmin

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,

Ko‘zlarimg‘a kecha tong otguncha uyqu kelmadi.

Tun bo‘yi yulduz terib, hamroh kutib bu ko‘zlarim,

Intizor yo‘liga boqdim, ayni dam u kelmadi.

Ming xayolim u tomon ketganda ojiz fikrima,

So‘z demoqqa bitta so‘z, chalmoqqa cholg‘u kelmadi.

Yuzlarim kulsin desam hech kulmog‘imga yo‘q sabab,

Yig‘lamoqqa ko‘zga yosh takrori duv-duv kelmadi.

Qo‘llarimdan tutgani qo‘l kelmadi aylab xunob,

Yuzlarimdan siypalab o‘tmoqqa gisu kelmadi.

Necha kunki, haftadirki, ko‘zga uyqu inmadi,

Oshiq Ahror kutdi mangu, u-chi mangu kelmadi.

Ahrorjon To‘xtasinov

***

Uchinchi odam

Bugunmi, ertami, vaqtlimi, kechmi,

Bosgan qadamingdan ergashib borsam.

Men baxtli, u baxtli, baxtiyor kunda

Senga nima bo‘ldi, uchinchi odam?

Belingni qattiqroq bog‘lamadingmi?

Yo torlik qildimi Xudoning arshi?

Ikkiga ajralgan bir taqdir tomon,

Yugurib boramiz qarama-qarshi!

Yodingda emasmi vasiyat, o‘tinch,

Beshikda qoldimi onang so‘zlari.

Yo bevaqt ko‘ksingda sinib ketdimi?

Mehnatkash otangning yolvorishlari.

Yo‘q, qaytib bo‘lmaydi endi orqaga,

Zaxmati ulkandir o‘n yetti yilning.

Asli bu dunyoda yashamoq emas,

Muhimdir qandayin yashaganliging!

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish bahor hatto,

Bizni yorlaqadi beshinchi fasl.

Bahoriy gullarning ishqidan kechib,

Men seni kuzakda kutdim mutassil.

Ikkinchi odamning parvosi ham yo‘q,

Unga ma’nosizdir so‘qirmi, karmi!

Odamlar dunyoda yashash uchunmi?

Yo yashash odam chun yaratilganmi!?

Esingdan chiqmasin, sen borki, men bor!

Yo‘q, xato qidirma sevmaganimdan.

Ko‘zim nigohingga yetmagan kunni,

Xudoga topshirdim uchinchi odam!

Ismoiljon Odilov

***

Qanday dard qo‘shilgan ekan loshimga?

Ohlardan keyin oq bosdi dilimni.

Sen kirib kelgunga qadar tushimga,

Xudo bildirmadi yolg‘izligimni.

Bir toshlar yog‘ildi — jonning huzuri,

Bardoshlar yog‘ildi jismimga manim.

Qanotimdan kechmoq uchun arziydi,

Boshingga  baxt qushi bo‘lib qo‘nganim!

Ne ravo ko‘rilsa rizo bo‘lganman,

Sensiz shodliklarga aylama duchor.

Mehringsiz uyg‘ongan tonglarda bir kun,

Dilning o‘lib qolish ehtimoli bor.

Kafting chizig‘idan axtarma meni,

Topsang yo‘qotishing mumkin daf’atan.

Meni duolaring ostiga yashir,

Qiynalib ketdim-ku vatansizlikdan.

Ishqi rohim mening, gumrohim mening,

Anglamoq baxtidan boshqasi shartmas.

Qancha yashashimni Xudo biladi,

Qanday yashashimni tushuntirsang bas!

Hojimurod Qo‘ziboyev

***

Men qayta tirildim, xazon shaklinda,

Bahorni o‘ldirib, kuzakni sevib.

Men qayta tirildim, tushunyapsanmi?

…dardga yevrilib.

Fursatga chap berdim, ming yillik bo‘ldim,

Yillarga sarg‘aydim, yillarda o‘ldim,

Musofir otasin kutib yashagan,

Kichkintoy qizchaning ko‘zidek so‘ldim…

Men qayta tirildim, mezon bag‘rida,

Yurak-la yashashga yetarkan kuchim.

Sen ortga qayrilma, ahdingdan

qaytma.

Gulzoda  O‘rinboyeva

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting