Lilian Mikel Medina. She’rlar

0
282
ko'rishlar soni

Lilian Mikel Medina — Meksikalik shoira va yozuvchi. Metropolitana universitetida ispan adabiyoti bo‘yicha tahsil olgan. 2015 yildan buyon turli adabiy konferenitsiyalarda moderator va spiker sifatida qatnashib keladi.

QADDI BUKILGAN

(THE BROKEN)

Qaddi bukilganlar barchasi

Bo‘shliq va yo‘qlikdan

Mudom boxabar.

Ular ma’lum og‘irlikka ega

Darmonlarini qurituvchi bot-bot

Tanalari bo‘ylab osilgan arvohlarni

Ketlaridan ergashtirib yurishar.

Qaddi bukilganlar barchasi

Omad kulganida har gal  

Kashf qilishar yoriqni chunki

Oyoqlari ostida halokatni ko‘rishar.

Qaddi bukilganlar barchasi

Tili bir qarich do‘st-u yoronni

Qadr-qimmatga ega bo‘lmagan ishqni

Bitimdek tuzilgan oilalarni bilishar.

Qaddi bukilganlar barchasiga

Ayondir botish uchun ufqi yo‘q quyosh

Ko‘krakdan otiladigan aks sado

Dengiz suvining ko‘tarilib tushishi

Hamda panadagi tutqich bermas  joylar.

Qaddi bukilganlar barchasi

Yayov yurishadi bilmasdan

Qadamlari ostida qanchadan qancha

Mavjudligini eskirib sirtilgan choklar.

Qaddi bukilganlar

O‘ylashmas chokchini yo‘qlashni-da hech

Aksincha o‘zlarini so‘kib yashashar.

VAKANSIYa YO’Q

(NO VACANCY)

Yashirin og‘riq-

Hissiyot to‘ng‘ichidir

Sukunatning merosxo‘ri.

Yonimga qaytasan

Bir mehmon sifatida

Va ta’kidlaysan mavjudligingni 

Boqiy, havoyi va yuqumli deya.

Xayolimda ko‘pigi

Oyoqlarim chetini yuvgan

Nazokatli, soxta aft-angorda

Sunamini bashorat qilgan

To‘lqin misoli kelasan etib.

Tanamdagi faryodni

Bosib ketar mustabid ovozing…

Qayerlarda eding?

Qo‘ydingmi yostiqqa bosh

Qadimga tatigulik yoshim bilan?

Yo chorasizlik karavoti

Ro‘parasida turgan ajaldek

Ko‘rinishni qildingmi orzu?!

Singib ketdingmi yo

Yashirinib yuzim qavatlariga 

Pafossiz matallar orasidagi?

Og‘riqni qaytar

Hoy, eski toshoyna

Sen qutqazasan meni 

Kamina yashayotgan xomxayollardan.

Hadya qilaman

Tekin boshpana hatto  

Omonat tuyulasan faqat

Bag‘rimga sig‘may qolsang bir kuni.

SOAT TUNGI IKKI

(2 AM)

To‘shak ostidagi shaftolilar

(Ular tufayli o‘rnim noqulay)

O‘xshashadi almisoqdan qolgan

Oilaviy fotosuratlarga:

Ular xazinadir jamlangan

Avlodlar g‘amxo‘rligi va bo‘salaridan.

Sho‘ng‘iyman yostiq tubiga

Vaqt tig‘izlashib qaynaganida

Bug‘lanaman alahsirash shaklida keyin. 

Tegramda hayhot

Biror bir bulut yo‘q

Motam tugagach pana qilguvchi.

Yo‘qliging bois norozi kayfiyat

Xafsalamni pir qilganicha

Shoshtiradi meni alkogol sari

Ayriliq, nostalgiyadan og‘u tayyorlab.

Uyquga ketaman yodingga cho‘mib

Tong otgach esa seni

Yakson qilaman zalvori bilan

O‘zing yetim qoldirgan orzularimning.

Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting