Vadim Sheffner
Qochirim
Uchish maydoniga imorat solma
Mayli qolsin dashtdek yalang, zang.
Uchish maydoniga imorat solma
U yagona senga atalgan.
Mayli rahm qilib kimdir achinsin
Qashshoq, go‘l deb kulsin olomon.
Biroq chopish, tezlik olish, uchish-chun
Senga zarur dashtdek bo‘sh maydon!
Sharqona
Azoblab davola, g‘amdan malham qo‘y,
G‘ussali navo-la qaro bag‘rim o‘y,
O‘tmish bo‘lib qatl et, armon bo‘lib ez,
Tinchim ol toabad, orom yetgan kez.
Ammo bil, jarohatga barmoq urgan payt
Qo‘ling ham, ko‘ngling ham pok bo‘lmog‘i shart!
***
Robert Rojdestvenskiy
-Sevgim tilaysanmi?
-Tilayman.
-U nopok.
-Ber, nopok xolicha olay man.
-Shoshma ,men ko‘ray fol…
-Bemalol.
-Va sendan so‘rasam…
-So‘rayqol.
-Eshiging gar qoqsam?
-Ochaman.
–Chaqirsam?
-Yoningga shoshaman.
-Qayg‘u tushsa boshimga?
-Mening qayg‘um.
-Gar hiyonat etsam?
-Avf etgum.
-«Kuyla!»-deb buyursam
-Kuylayman.
-«Qo‘yma do‘sting uyga!»
-Qo‘ymayman.
-«Jon ol»-desam agar
— Olaman.
-«O‘l!» desam
-Shu onda o‘laman.
-G‘arq bo‘lsam qoshingda…
-Qutqaray.
-Azob bersam?
-«Ox!» demay dosh beray.
-Devor chiqsa yo‘lingdan…
-Buzaman.
-Tugun tutsa ko‘lingdan?
-Uzaman.
-Uzgaysan yuztasin?
-Yuz mingin!
-Demak sevgim istaysan?
-Xa, sevging!
-Etolmaysan unga!
-Nechun, ayt?!
-Men qulni sevmayman,
-Kechir, xayr!
***
N.Nekrasov
Ko‘nglimizga yaqin ayol xatlari…
Zavq bergansiz bizga behisob, biroq
Siz tufayli mahzun qalb jaroxatlari
Yetkazajak azob yuz chandon ko‘proq.
Vaqti yetib so‘nsa qalbda ehtiros,
Yo qat’iy ong xukmin siz etib ado,
Xislar tutqunidan bo‘lsangiz xalos,
O‘tli tuyg‘ularga aytgach alvido
Maktublarin qaytib bering o‘ziga,
Yoki qo‘lga olmang ularni zinhor.
Ming kuyinmang, o‘tgan umr qaytmas iziga
So‘nggi pushaymondan ozor bor bisyor.
Erinib, istehzo aralash kulib,
Boshlaysan, go‘yo bir o‘tkinchi ermak.
Tugatasan rashk g‘azab o‘tida kuyib,
Yo dardli sog‘inchdan o‘rtanib yurak…
Eski portfelimda dasta xatlaring
Nima majbur etar yillab saqlashga?
Goh boqsamda ularga kibr-u mazax-la,
Nechun qo‘lim bormas o‘tga tashlashga?
Vaqt –xakam xukmiga keltirdim imon:
Bu nursiz satrlarda rostdan ko‘p yolg‘on,
Go‘dak aljishiday benaf, besamar…
Ammo ular men uchun aziz, mo‘tabar
Bevaqt xazon bo‘lgan, bebaxt, juvonmarg
Yoshligim qabridagi so‘lg‘in gulchambar!
***
N.S.Gumilev
Oltinchi sezgi
Go‘zaldir biz uchun quyilgan sharob,
Biz uchun tandirga kirgan non shirin,
Yor xajri qanchalar bersa ham azob
Vaslida qanchalar lazzat yashirin.
Ammo qanday atay sovuq samoda
Fazoviy sukutda yongan shafaqni?
Qay bir so‘z, qay fikr etar ifoda
O‘lmas satrlardan kelgan zavq-shafqni?
O‘pib qucholmaysan, yeb icholmaysan,
Soniya ketidan daqiqa quvar.
Nochor kuzatasan, to‘xtatolmaysan
Mavhum intiqlik-la umring ham o‘tar.
Xuddi o‘yinini tashlab o‘spirin,
Hovuzdagi qizga ko‘z tikkan kabi.
Hali bilmasa-da muhabbat sirin
Notanish istakdan yongandek qalbi.
Yoki qachonlardir ajrikzorlarda
Nochor alam bilan chekkandek faryod,
Shilliqqurt, yelkasidan ming azoblarda
O‘sib chiqar ekan bo‘lg‘usi qanot.
Asrlar o‘tayotir, “xudoyim qachon?!”
Tabiat va san’at tinmay tig‘ urar
Ruh azobda to‘lg‘onar, fig‘on chekar jon
Oltinchi sezgiga a’zo yasalar…
Rus tilidan Ibrohim Yo‘ldoshev tarjimalari