NAVQIRON IZTIROBLAR

    0
    203
    ko'rishlar soni

    Jamshid BO‘RON

    hikoya

    Yengil tin olib, xayollari ko‘z oldida o‘tayotgan yigit “Siz Jahongir Jalilsiz, to‘g‘rimi?”, deya kichik xoll bo‘ylab, chaqmoq chaqqandek taralgan qizning ovozidan hayron qolgan va qiziqqansimon yuz ifoda bilan ortiga qaradi. O‘giriliboq, qizning salomlashish maqsadi ila o‘ziga uzatgan qo‘lidan tutdi va anchayin ovoziga moslashib, beriyo, har safar eshituvchini mehrini qozonadigan ohangda qizga javob berdi.

    — Assalomu alaykum, yaxshi qiz. Ha, men Jahongirman.

    — Nimagadir sizni oldingizga kelishga cho‘chimadim. Lekin, shaharning kimsasiz tomoniga qarab o‘y surishingiz men turgan joydan qaraganda ancha maftunkor edi.

    — O‘zi nima gap…? Shunchalik beg‘ubor so‘zlayapsizki, mendek sershubha kishi uchun bu so‘zlaringizning ahamiyati yo‘q shu topda.

    Qiz ko‘zlarini yumib kuldi. Uning yuragi tez ura boshlagandi.

    — Siz yozgan hikoyalaringizda qanchalik sodda, bolalarning atak-chechak qadamlarini eslatsangiz-da, anchayin baquvvatsiz, so‘zlaringiz dona-dona, chuchukkina ekan, — dedi qiz.

    — Sizdek oppoq qiz, mening onda-sonda e’tiborsiz, ortidan qiziqmay chop bo‘lgan yozmalarimni nahot titib, o‘qib yuribsiz. Eh, so‘zlarimni qaytarib oldim. Axir, odamlar faqat yaxshi niyat bilan gazeta o‘qimaydilar-ku hozir. Bugungi kunlar, inchunun, aybsiz aybdor zamon, hammamizni bir-birimizga baho beruvchi, qozi qilib qo‘ydi-ku.

    — Qo‘ysangizchi, badgumon bo‘lmang. Navqiron yosh boshida turgan yigitga bu qadar badbin bo‘lish yarashmas ekan.

    — Mening yoshimni ham bilar ekansiz, qiziq?! Qolaversa, nekbin kishilar ustidan hozir kulishadi.

    — Uylanmagansiz, buni ham bilaman.

    Qiz shu so‘zidan so‘ng miyg‘ida kulib ko‘ydi.

    — Bu gap ma’qul. Shu kunlarda hech kim tirnab qo‘ymagan og‘riq shu edi. Nimaga bir qadar cho‘kib so‘zlayapman. Bilasizmi, men qiynalyapman. O‘ylardimki, hech qiynalmayman deb. Biroq, behotajlik faqatgina Ollohga, inson esa jufti bilan yashashga qodir ekan. Xo‘sh, men haqimda yana nimalar ma’lum sizga?

    — Boshqa hech nima. Men shahrimizda chop bo‘ladigan jurnalda psixologman. Ishimda tajribamning oshishi oddiy, ruhi shikast odamlar bilan emas, siz kabi o‘ziga xos, botini qurch kishilar bilan boyib borgani yaxshi, deb o‘yladim. Men sizga ilk daqiqalardanoq manzur bo‘ldim, to‘g‘rimi?!

    — Psixolog va nosir juftligi… Qanchalik kulgili va ojiz holatdaman.

    — Ha, meni oq qiz, deyish siz tomondan shunchaki begona bir qizga mehr berishnigina ifoda etmaydi. Ammo, siz ham mendan o‘tgan ruhshunos ekansiz.

    — To‘g‘ri, shu so‘zim bilan tutilganimni bilaman. Bir shartim borki, meni shu ishimni kechiring. Rosa xijolatdaman. Qalban bo‘lmasa-da, nigohlarim va aqlim nazoratsizligida ba’zida engillik istab turadi.

    — Buni sezdim, faqat menga qaraysiz, tikka sharoitda suhbatimiz borayotgani bilan ishingiz ham yo‘q.

    — Yana bir marta uzr! Keling, ana u kresloga o‘tiramiz.

    Qizning sokin, oq yuzida uyalishga xos ifoda tarqamas, yigit esa biroz badanida turgan titroqni bosishga urinardi.

    — Men hikoyalaringizdan ko‘ra, she’rlaringizga umid bilan qarayman. Nasringizni ayblab bo‘lmaydi bu bilan.

    — Shunday qizlar bor ekanmi bu dunyoda-a? Men shoir bo‘lishdan oldin g‘azal kuylovchi yosh bola bo‘lganman. Qo‘shnilarimizning devori osha mast amakilar goh Hayyom, goh Mashrab, goh Navoiydan xonish qilishlariga taqlidan bilmagan joylarimni o‘zimdan so‘z to‘qib, davom ettirib katta bo‘lganman.

    — Bolalikdagi voqealar sizni maishiy kishiga aylantirmaganidan xursandman. Hammaning ham mast qo‘shnisi bir hirgoyiga moyil axir. Menimcha bu chin sabab emas.

    — Siz bilan men turgan bu bino o‘rni bir paytlar ocharchilik yilidagi qo‘zg‘olon o‘chog‘i bo‘lgan.

    — … o‘chog‘i bo‘lgan?

    — Ha, ilk hayqiriqlar va qon to‘kishlar shu yerda bo‘lgan… Bu haqda men va tarixchilar  bilamiz. Ko‘pchilik emas.

    — Buning menga qizig‘i bor, deb o‘ylaysizmi?

    — Axir, birinchi kundan faqat men haqimda gap ketayotgan ekan, mening boshqa choram yo‘q.

    — Meni xafa qildingiz, desam nimani ifoda etgan bo‘laman.

    Qiz nigohlariga tundlik tusini berishga tirishib qaradi. Biroq, so‘zini oxirida ehtiyotkorlik bilan yana chehrasini ochdi.  

    — Xamma menga mo‘tadil qiyofaga kirgan mahluqni eslatadi. Ulardagi soxta basharalar nimadan paydo bo‘ladi? Pala-partish ilmdan. Yoki uni qoniqtirgan his qilishga arzimaydigan hissiyotlardan.

    Yigit toliqqan kishini eslatsa-da so‘zlari, xulosalarini doim bir nuqtaga qaragan holda aytmoqdaydi.

    — Siz yosh kishisiz, zohiran bu bilinadi. Chinini bilishni istardim. Sababi bilan ifoda etadigan bundayin dunyoqarash va hozirgina yodimga keldi qissalaringizdagi so‘zlar kamalagi, badiiyat zahirasi ko‘p kitob o‘qishingizga bog‘liqmi?

    Qizning berayotgan savollari o‘ziga ma’qul kelmasa-da, yigit bilan suhbati maqsadiga yaqin edi. Uning chin niyati esa qalbida qolishiga ishongisi kelmasdi.

    — Men uch oy bo‘ldiki, eng namunasiz kitobxonga aylanganman. Biroq miyamda o‘sha ko‘hna qoliplar bilan badiiyatdan g‘isht quyaman.

    Qiz suhbatning bu tahlid rasmiy davom etayotganidan ziqlanar, yigitning ruhiyatiga kirishga, o‘sha dunyoda turib suhbat qurishni tobora istab turardi. Ana shu niyat bilan savoli boshqa mavzuga ko‘chdi.

    — Bir esseyingiz bor. Jamiyatning hozirgi kuni haqida yozgansiz va men bu essega shunday yakun yasardim. Buyuk maftunkorlik adolatgagina tegishlidir!

    — Hamma iste’moliga yaraydigan ma’naviy kuch, albatta adolat. Bizning dunyoda tinchlik, erkinliknigina teran anglay olasan kishi. Boshqa narsalar son-sanoqsiz…

    Qiz bu so‘zlar yakuniga yetmasdan yigitdan nigohlarini olib yerga qarab qoldi. Unga ma’noli qiyofa kirayotgandi. Orada jimlik cho‘zilmasin uchun qiz yigitga yana qaradi.

    — Jahongir, maylimi sizni shunday atasam.

    — Yo‘q, desam albatta kibrni ko‘rasiz menda.

    — Boshingizdan ko‘p og‘ir ko‘rgiliklar o‘tgan. Xuddiki, yolg‘izlik sizga mehr qo‘ygandek, siz orqali timsolga aylangisi kelgandek. Siz esa barqaror yurishni istab yashaysiz. Buni atrofdagilar yaxshigina anglashgan.

    — …

    O‘sha ko‘rgiliklarga qarshi qancha isyon ko‘targanim haqda hali xech kim bilmaydi, ichida o‘yladi yigit. Savol uning e’tiqodiga taalluqli bo‘lgani uchun ham indamay qo‘yaqoldi. Qiz buni sezishga intilib ko‘rdi, xolos. Suhbatga xos mavzu topilmay yana jim qoldilar.

    — Nashriyotlargina chin yozuvchini kashf eta oladilar. Asarlaringizni chop etmay,-deya yigit suhbatni davom ettirishga chog‘landi.

    — Mantiqan shunday,-dedi qiz hayron qarab.

    — Balkim, men kishi boshidagi muvaffaqiyatlar chindan sodir bo‘lmasligini bilib olgandirman. Ular, albatta, ko‘rinmas qo‘llar tomonidan g‘oliban uyushtirilishini bilarman.

    — Menga kishini hayratda qoldiradigan ruhiy holatingiz ham qiziq.

    — Ruhshunosga ruhiyatimning qiziqligi tabiiy, birlamchi kuzatuvlar naf bermaganidan afsusdaman. Demak, bilimlaringiz bu gal sizga naf bermagan.

    — Men ish o‘rnimda emasligim pand berayapti deyolmayman.

    — Istaysizmi, yonimizdagi binoga boramiz.

    — Mayli-yu, lekin hayvonlarning pohol solingan jasadlaridan muzey paydo qilishganiga doim hayron qolaman.

    — Bundayin norozilik qalbdan paydo bo‘lmaydi.     

    — Shu yerda qolishga istagim bor edi.

    — Menda yurishga xoxish bor, — deb o‘rnidan turdi yigit.

    — Istasangiz ham, u yerga bormasak, — dedi qiz turayotgan holida to‘xtagan bo‘lib.

    Yigit kuldi, ortiga bir-ikki qadam tashlab, qizning qulog‘iga pichirladi.

    -Qarang atrofda odamlar. Yaxshi-yomoni, do‘sti-dushmani bor. O‘laksaxo‘rlarga o‘limtik go‘sht bo‘lishni istamasangiz degandim,-dedi va eshik tomon yo‘nalib qaradi.

    Qiz jon deb tutgan qulog‘idan bu tahlid so‘zlar ma’nosini chuqur tuydi. Biroq, yuzida savol o‘yi zohirlandi.

    — Siz din yo‘lini tutganmisiz?

    — E’tiqodsiz yashab bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi?

    — O‘sha “go‘shtxo‘r”lar yashab yurishibdi-ku.

    — Mening ular bilan ishim yo‘q. Keyin, ular g‘iybatchilar xolos. Qayg‘urishingizga arzishmaydi.

    — Meni kechiring.

    — Uzr so‘ramang, g‘iybat erkaklar tilida ham o‘z kuchini ko‘rsatyapti xolos. Ulardan qochishni istadim.

    Muzeyga kelguncha yigit yer chizib, katta qadamlar tashlab yurib keldi. Qiz esa uni bu yo‘lda shunchaki, beg‘ubor kuzatib ergashdi. Ular muzeyga kiridilar. Keng, uzun zal bo‘ylab ekponatlar tartib bilan joylashgan, ustunlar orasi bo‘limlar, hayvon oilalariga ajratilgan. Muzey ichkarisi o‘ziga xos bo‘y bilan ham ajralib turardi.

    — Bu yerda umurtqalarga zo‘r berib o‘tiradigan boyagi beo‘xshov o‘rindiqlar yo‘q.

    O‘zini tetik xis qilgan, yuziga qon yugurgan ko‘yi gap boshladi yigit.

    — Faqat kezish mumkin, bularga qarab fikrlaringizni ayriboshlashingiz mumkin. Aqldan, xislaringizni yurakdan. Toshbaqani qarang, tirikligida bundayin joziba unda bo‘lmaydi. Ko‘zlarida, to‘xtab yakson bo‘lgan umrining bir oni saqlangan.

    — Menga hasharotlar va amfibiyalar bo‘limi qiziq.

    — Menga dengiz jonivorlari bo‘limi muzeyga qanchaga tushgani qiziq.

    — Aslida bularning barchasida bir umumiylik bor.

    — Hammasi ham jonsiz, shumi?- deya, qiz ko‘z oldidan uzoqdagi ekponatlarga o‘ychan qarab kuzatmoqda edi.

    — Yo‘q, yaxshi qiz, yo‘q! Teranroq o‘ylang. Ular xayotga yaqin tarafda. Bizga doim kerakday. Tuproqqa qorishib, maysaga aylanishmagan… Qarang, nimalar deyapman.

    — Bu yer xuddi yer usti ochiq qabristonga o‘xshaydi.

    — Maylimi, men ham savollar berib sizni ranjitsam.

    — Mayli, biroq sizni ranjityotganimni sezmabman ham…

    — Meni tushunmadingiz. Savollaringiz betartib, ohangi rasmiy bo‘lsa-da, ayni o‘rinli va bir qadar javobi qoldiriladigan so‘roqlardan emas. Ularga javob bermaslik vijdonimni toptaydi.

    — Meni savolga tutasizmi? -Qiziqib so‘radi qiz.

    — Afsus, hayotni sizchalik betaraf kuzatolmayman. Hazillashgandim.

    — Nega?

    — Maqsadimni yo‘qotaman.

    — Mana, men kutgan bo‘limga ham keldik.

    — Keling, hasharotlarni ko‘rishdan boshlaymiz.

    — Yonar ko‘ng‘izlar! Sirli jonzotlar to‘g‘rimi? Ular tirik bo‘lganida bormi, qanotlari ostida nur yonib atrofni…

    — Bu tarafga o‘ting, tilla qo‘ng‘izlarga e’tibor bersangizchi. Ularning yaltiroq rangli qanoti meni doim o‘ylantiradi. Ularning jilosi rangsiz bo‘lganida ayollar yoqasiga to‘g‘nog‘ich bo‘lishga yaramasdi.

    -Bolalarcha fikrlashga o‘tganingiz menga yoqayapti.

    -Menga esa sizni kuzatish zavqli. Savol nigohisiz yuzingiz mas’uliyatni doim ham eslatmas ekan.

    — Endi bola holingizda tubanga qarab ketyapsiz. E’tibor bering, muzey bugun men va siz uchun ochilgandek go‘yo. Hech kim yo‘q. Hatto xizmatchilar ham ko‘rinish berishgani yo‘q…

    — Kelmaganlarni ayblab bo‘lmaydi. Ular kelganida balki, biz kelmagandirmiz.

    Yosh nosir hamrohi bilan kirib kelgan eshik tomon qarab oldi. Zalda odam borligi bilinsin uchun chuqur ikki bor tabiiyday yo‘talib qo‘ydi. Hammasi shu qiz uchun, deb qo‘ydi ichida.

    — To‘g‘ri-kuya, lekin bari bir g‘alati.

    — Shu uchunki, avvalgi binodan bu erning tinchligi oldindan ma’lum edi.

    — Sizga ishonsa bo‘ladi doim. Hamroh sifati ham.

    — Nimaga siz jamiyatimizdagi o‘ngu so‘l qizlarga o‘xshamaysiz. Yoshingiz asrning choragiga yaqin bo‘lsa-da, ulardan ko‘ra beg‘uborroqsiz. Nega?

    — Nimaga yoqtirmaysiz ularni?

    Bu gaplarni qiz e’tiborsiz, ko‘zini arayotgan narsalariga band etgancha aytdi, qo‘ydi.

    — Ular xuddi manavi qora qo‘ng‘izga o‘xshashadi. Ravshanlik ortgani sayin ko‘zga yaqqolroq tashlanishadi. Qorong‘i kunlar tasodifan hukm sursa ularni topib bo‘lmaydi. Mavjuddek bo‘lishsa-da, lekin ko‘zdan g‘oyib bo‘lishlari meni ranjitadi. Ularda zulmat muhitini yoritadigan tabiiy nur yo‘q. Harakat ham.

    — Minbarlardagi ko‘tarinki nutqlar, ayniqsa, ehtirosli, buyuk qalblarga xos she’rlari sizni nahot qoniqtirmaydi.

    — Ularning qalbini yuksak deyish yaxshimas. Hech qachon bitta qalb amri bilan yashashga qodir emaslar. Ularda soxta va asl yuzlari rivoj topayotgan ikkinchi qiyofalari ham bor. Nafratlanaman ulardan. Shu uchun hamki, ular butun mamlakatga namuna sifatida targ‘ib qilinadi.

    — Bu xulosalaringiz meni ranjitgani yo‘q. Lekin tinchlanganingiz ma’qul.

    — Xo‘p, mana shularni eslasam xasta kishiga aylanaman.

    — Ruhanmi?

    — Albatta, jismim ham og‘riydi.

    — Sizdagi maftun etuvchi nigoh va ko‘rkam tashqi imkoniyatlar botiningizdagi muhitni o‘z holicha namoyon etgandek. Har bir qiz sizdek yigitlarga hurmat ko‘rsatadi. 

    — To‘g‘ri. Menga qizlarga yoqish ishidan-da, dolzarbroq mashg‘ulotlarim bor…

    — Qiziqyapman? Nimalar ekan?

    — Unda eshiting. Hozir bahor yakuni, ser yog‘inlardan so‘ng, adirlar, dasht yerlari yumshoq bo‘lib qolgan. Toqqa chiqib tinmay shuvoq chopgim keladi. Yozning ikki oyi va kuzning boshi bilan past tepaliklarga chiqib shuvoq chopishdan tanamga yillik kuch quvvatimni olib qaytaman. Ko‘hna soatlarni tuzataman, izohli lug‘at titkilayman va hokazo. 

    — Ha, shu sababdan ham sizni shaharda kam uchratsak kerak. Haya, xullas, meni hozirgi insoniyat turmushi sizga ma’qulmi, degan savol ham qiynaydi. 

    — Odamlar kun bakun o‘z gumonlari haqiqatga aylanayotganidan mamnun yashamoqdalar.

    — Nekbinlikka o‘rgatish kerakmi?

    — Shunga intilsalar foyda ko‘rishlari o‘zlariga ma’lum. Maqsad esa bu emas. Bunaqada xayot oson bo‘lib qolardi. Ular axmoqliklari soyasida baxtli yashashlarini bilishadi.

    — Keling o‘tiring,- dedi qiz atrofga, oyoqlari daroz laylak, flamingo kabi qushlarga bir nazar tashlarkan. -Menda shokolad bor. Nafsimizni ham sherik qilaylik. Bu yerda ilk mehmonim bo‘ling.

    Qushlar bo‘limiga yetib kelingan, yigit bosh irg‘ab kichik zal o‘rtasidagi yumshoq o‘ringa cho‘kdi. Qiz miriqib kulgisi kelar, biroq bunga erk berolmasdi. Yuzida kulgichlari kora nuqtadek qotgancha tikilib tabassumlanardi xolos. Yigitning asabiylashgani, jismida tushga yaqin charchoq paydo bo‘layotgani ortidan lablari titrayotgandi.

    — Haddimizdan oshib, bu tarzda ma’noga o‘ch so‘zlashimiz bir qadar sog‘lig‘imizni buzayapti, to‘g‘rimi? Fe’limizni ham hatto.

    — Holimizni mendan yaxshiroq anglayabsiz.

    — Mendan ranjimang!

    — Yo‘q nimalar…

    — Keling, jurnalingiz haqda aytib bering-chi. U yerda vazifangiz nima?

    — Jurnal tibbiy nashr emas, adabiy. Amakivachcham osiyo sharqiga borib yetti yil deganda, boy, davlatmand bo‘lib qaytdi. U ziyofat uyushtirib, mendan shunchaki, gapni uzoqdan olib kelib “Shuncha pulni nima qilsam ekan-a”, dedi. Unga farxlanayapti chog‘i, deb boy bo‘lgani haqda kitob yoz degandim. U tomog‘ini qashib, “Balki yangi nashriyot korxonasini ocharman, texnologiya hozirgi paytda men uchun qiyin bo‘lmay qolgan bo‘lsa…” — deya mehmonlari oldiga soxta kulib ketgandi.

    — U payt qayerda ishlardingiz?

    — Xususiy klinikada. Vaqt o‘tib o‘sha qarindoshim nashriyot ham ochib, zerikib qolmaslik, buyurtma kutib vaqt yo‘qotmaslik vaji bilan jurnal ham ta’sis etdi. Men esa sohamda yangi tajribalar qilish uchun ham jurnalda ishlay boshladim. Murakkab ruhiyatlarga ilmiy, psixologik sharhlar yozaman. Bu menga taalluqli alohida ish. Shu uchun jurnalda ancha erkinman.

    — Pul bilan nimalar qilish mumkin-a! Pulni egasi esa har kim bo‘lishi mumkin.

    — Ko‘rdingizmi, men haqimda bilsangiz hech nima qiziq tuyulmaydi sizga.

    Qiz nam qo‘lartgich bilan lablarini odob bilan artdi. So‘ng yigitga ham yangi artgich tutdi. Yosh nosirning o‘ng‘aysiz harakatlaridan qiz shaftoli gulidek harir, pushti lablarini yoyib kuldi.

    “Bu joziba zimistonni yoritishga qodir-a…”- qizga o‘qdek qaragancha ichida orziqib o‘yladi yigit.

    Qiz muzeyni kezishni ortga surish umidi bilan yana savollar berishga o‘tdi.

    — Kelajak haqida ko‘p gapirilayapti. Nima deb o‘ylaysiz, asrning yakuni nimalarga bog‘liq bo‘larkin?

    — Agar ixtirolarga jiddiy yondashsak, bizni yalqovga aylantirishadi- yigit shu savolni kutgandek o‘ylamay javob berdi. -Biroq, agar gap adolat tarozusida tortilsa, muqaddas kitoblarda aytilganidek, buyog‘iga kelajakka umid bog‘lash xato. Chunki, insoniyat boshida umumiy ma’noda yomon kunlar bashorat etilgan. Sizga buni qizig‘i bo‘lsin, bo‘lmasin… Shu uchun insoniyat kelajakni o‘zi qurishga ishonishi, uni asrashi darkor.

    —  G‘arbga ham, sharqqa ham mos keladimi bu xulosalar.

    — Xulosalar, hukmlar, tahlillar mengagina tegishli bo‘lsa mayli-kuya. Biroq, muqaddas kitoblardagilarni rad etish ham boshlanib ketdi-da.

    — Men savolimda yechimlarni ham nazarda tutgandim.

    — Isloh har qanday qadarni ortga surishga qodir, deb intilish kerak. Zamonga moyil aytadigan bo‘lsam, qandaydir ilohiy quvvat ko‘rinmas ruhiy zahiramizda shakllanib borishi kerak.  

    — Aytganlaringiz har bir yerlikka to‘g‘ri kelar ekan. 

    — Insonlar hozir ham, tabiiyki, kelajakda ham qilichdan ko‘ra pichoq ko‘proq kerak bo‘lishini anglashlari lozim.

    — Kamtarlikka da’vatingizni tushungandekman.

    Qiz tomoshadan zerikkanligi bilina boshlagandi. U biroz besabrlanayotgandek edi. Yigit suhbatdagi har bir rivojga, vaziyatga tayyor turib javob bera boshlardi.

    — Kamtarlik anglashilgani yaxshi, lekin haqiqiy mohiyat shuki, pichoq bu — oila, qilich esa har qanday kibrga, havaslar, davralarga bog‘liq illatlar ramzi menimcha. Pichoq o‘z qo‘lingizda vaqti bilan charxlanishga muhtoj. Oila ham doimiy islohga qarab ulg‘ayadi, qilichni esa siz mustaqil o‘tkirlolmaysiz, usta kerak bo‘ladi. Ustaning ishi esa sizga noma’lum, minnatdorligi sizni bo‘yningizda bo‘ladi.

    Qiz javobdan so‘ng endi noqulaylik sezgandek bo‘ldi. Ro‘paramdagi kishi cho‘g‘dek lovullayotgan yigitmi yoki o‘ta mas’uliyatli inson. Men bu ketishda muhitga dosh berolmasam kerak, o‘ylardi qiz. U shu zahoti tabiiylikni bo‘g‘ayotgan rasmiy ohangdagi o‘zi o‘ylab topayotgan savollardan voz kechkisi kelar, suhbat avvalidagi niyatlari aslida xayol ekan, deya o‘ylab qoldi. U qanchalik ma’lumotli va ishining bilimdoni bo‘lmasin ko‘p qizlar qatori suhbatni tanishish vositasi sifatida baholaganini tan olgandek edi. Shunday bo‘lsa-da, jurnalga taalluqli, ham o‘zi uchun muhim bo‘lgan ehtimoliy so‘ngi savolini berishga ishtiyoq topdi.

    -Bugunga kelib, odamlar nima uchun bunchalik pulni deb o‘z qadrlaridan voz kechishga tayyor?

    -Odamlar deganingiz orasida men yo‘qman. Men pulni yomon ko‘raman. Uning ahamiyatini unutmagan holda na yuragim, na miyada u haqida o‘ylashga joy qoldirganman…

    -Sizni tobora tushunishim qiyin bo‘layapti. G‘alati javob. Keling, men sizni bu qat’iyligingizni moddiy manbalaringiz o‘zi nimadan iborat, deya savolimdan so‘ng anglashga urinsam.

    Yigit bir muddat qovushib turgan qo‘llariga qarab jim qoldi. Savol o‘ta shaxsiy ekanligini tushunishga intilardi. Qiz yuqoridagi savollarini yigitning iroda va e’tiqodda sobitqadamligini bilish uchun yo‘llayotganini anglashga urindi. “Bu savol, axir gumon-ku!”, u ichida g‘azab bilan shunday, deb yubordi. 

    — Siz bilan xayrlashishimiz kerak,- dedi yigit qaltis o‘zini o‘nglab olib o‘rnidan turarkan. Agar  bunga sabab so‘ralsa qiz xafa bo‘lishini sezib turardi. Yosh nosirni moddiyat, inson qadrini pul bilan o‘lchash kabi qarashlar, atrofdagilarning samimiyatdan yiroq savollari nafratlantirib kelardi. Suhbat boshidan savollarning insoniyatga dahldor mavzularda murakkablashib borishi endi menga qiziq bo‘lmay qoldi, deya o‘ylab turardi yigit. Haqiqatni tan olgisi kelmasdi. O‘ta shaxsiy, deb baholayotgan savolga javobi bormidi, yo‘qmidi bunga hech kim javob berolmaydi, deb hisoblardi. Yosh nosirni zohiran, ijtimoiy mavqeyan boshqalardan farqlash mumkin emasdi. Biroq, u o‘zi uchun bir olam edi-da! Iymon bulog‘i bir zamonlar ko‘z ochgan qalbidagi doimiy chigalliklar faqatgina pul, moddiy egalikdagi manbalar mavjudligi atrofidagi so‘roqlar bilan g‘ovlab yotardi.  

    — Sizni, suhbat avvalida qora qo‘ng‘izga mengzagan qizlarga o‘xshatolmayman. Biroq, sizdan ham qalban aziyat ko‘rdim. Siz men haqimda so‘ngi savolingizga javob olmagan bo‘lsangizda, suhbatimizni jurnalda albatta bering. Va yozingki, suhbatdoshim Jahongir Jalil “Muhabbat yo‘lida o‘z hissiyotlariga mas’ul yoshlar sevgilarini moddiyat bilan tasdiqlamasinlar”, deya  xayrlashdi ham deb. Men ketishim kerak…

    Qiz o‘tirgan ko‘yi o‘zida xech qanday vaziyatga mos fikriy ustunlik sezmas, u ba’zida o‘zi sobit turgan iymon, irodasiga xilof ish qilib qo‘yganini nazorat qila olmaganini yana bir bor his qilgandi. Yomg‘irli havoga mos plashining yon cho‘ntaklariga qo‘llarini chuqur solgancha, bu yerda bo‘g‘ilib qolmaslik umidi bilan tashqariga tobora ildamlayotgan orzusi nafaslari tegrasida tobora yiroqlashmoqda edi…

    Yigit insonlar bilan bog‘liq munosabatidagi yana bir muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng o‘zini barqaror boshqarib, binoga ro‘baro‘ archali bog‘ o‘rtasidan to‘g‘ri yo‘l bo‘ylab botinini uyg‘otmoqqa qaror qildi. Yosh nosir tabiati doim shunga moyil edi. Voqealar tugab, so‘ng uning qalbi va aqli ishga kirishar, osmoncha keng ongi maydon bo‘lardi bu manzaralarga. Ortidan sog‘ligiga gohida putur yetardi, gohida qoniqqan xulosalari soyasida vazmin qadam tashlab, mamnun ko‘cha kezardi. U hozir ham xuddi shu holga berilib ketayotgandi. 

    — Bu tush paytining horg‘inlik kasofati emas edi,- derdi ichida. — Men shokoladdan keyin tetiklashgandim. Menga tashqi ta’sir bunchalik ham hukmini o‘tkazmadi.  Men sezdim. U meni, men esa uni o‘rganayotgandik. Hamma qatori, bir nima (jurnal) bahonasida bir birimizni sevib borayotgandik. Uning nigohlari izmida tobora erkin fikrlayotgandim. Buni isbotlayotgandim ham. Mening ko‘zlarim unga mas’uliyatli suhbatdan so‘ng, mana shu uzun yo‘lak bo‘ylab izhorga to‘la onlarni va’da qilayotgandi. Men kechirim so‘rash uchun ortga qaytolmayman. Bunga yetarli sabablarim bor. Mening u hali hech kimda eshitmagan javoblarim mohiyatida badbin kishini ko‘rgandek bo‘ldi va bu badbinni darhol yo‘q qilishiga ishonib, baxtiqaro shu savolni berdi. Yo tovba, qanday javob berish mumkin bunga? Qanday? Mening ruhiyatim va insoniy qiyofam qandaydir o‘tkinchi moddiyatga naxot bog‘liq deb o‘ylasa. Mana, nafrat nimadan paydo bo‘ladi sevgi atrofida. Men eng oddiy savol oldida ojiz qolganimni tan olaman xolos. Qaysidir bir davrada o‘nlab, yuzlab kitoblar haqida suhbat qurasiz, savollarga javob berasiz, iqtiboslarni eslashga urinib so‘zlaysiz va bir kun taqdirning beo‘xshov hazili bilan uyingizga kelgan o‘sha suhbatdoshlaringiz javoningizda hech bir kitobni ko‘rishmaydi. Aniqki, ularning gumonlari urchib ketadi ichlarida. Axir, mening uyimda o‘qilgan kitob qayta sotilishini yoki hadiya qilinishini bilishmaydi. O‘z erkinligini ta’kidlagan qizning xatolari ham shunga yarasha bo‘ldi aslida. U nigohlari toza, yuz-ko‘zlari pardoz ko‘rmagan, lablari bo‘yoqsiz, o‘ralgan sochlari o‘ng yelkasi osha ko‘kragi ustigacha tushib turgan afsonaga o‘xshardi…

    Yigit shu topda tik to‘xtab, o‘zi yurib kelgan bino tomonga yo‘naldi, ko‘zida bir tomchi qalqib turgan yoshni dastro‘molchasi bilan artishga tushdi. Yuzlari qizarib ketgandek oniy lovulladi. 

    — Yoshlar hech narsasiz turmush qurmay qolishdi. Yigitlar o‘z sevganlarini asrab qolish umidi bilan g‘arbga, sharqqa ketishmoqda… Qaytib kelgach, bir qancha gumonlar bilan oila qurishmoqda, qolganlari ayrilgan ko‘yi boshqada ko‘ngli uchun joy izlashga tushishadi. Albatta, to‘y qilishadi, ishlab ko‘kka bo‘y cho‘zgan uylar, to‘rt g‘ildirakli aravalar, yaltur-yulturlar soyasida. Tamom. Qizlarning va ularga vasiylarning hech biri har yigitga rizq to juftini topmaguncha, bag‘riga bosmaguncha ziyodaroq berilishini anglashmaydi. Baxtni azob va qulliklar ortidagi pullar, xarjlarsiz ko‘rib bo‘lmaydimi axir. Qizning savoldan so‘ng ko‘zlari mana shularni so‘rardi, ey dunyo…! dunyo…! U suhbatimizda mohiyatni so‘nggi savoliga singdirdi. U xotirjam ruhim ortida nimalar turganini bilishni istardi…      

    Qiz yigit ortiga o‘girilgan ondan bir nuqtaga ko‘z tikkancha yuragiga asorat berib yig‘lar, kuyunib yosh to‘kar, navqiron yigit o‘z iztiroblari ila yolg‘iz kurashib borardi.

    2019-2021 yy. 

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting