Eyviz Baxar — Indoneziyalik shoira. Jakarta shahrida yashaydi. Faoliyatining asosiy qismi ommaviy axborot vositalari (radio, televideniye)da kechgan. Bir qancha she’riy va esse to‘plamlari, romanlar muallifi. 2019 yili Indoneziya milliy kutubxonasining mukofotini qo‘lga kiritgan.
OLIYJANOB KO‘ZYOSHLAR
(SUBLIME TEARS)
Oliyjanob ko‘zyoshlaringda
Aks etar Tangrimning shivirlashi-yu
Ilohiy qudratning durdona tomchilari
Uyg‘unlashib yomg‘ir ohangi-la
Yuragimdagi ummonda oqadi ular
Undagi suvsiragan
Har bir irmoqni suvga to‘ldirib.
Ular loyqa suvlarni
Tozalaydi hissiyotlardan
Rashk va yanglish o‘ylar sabab
Yuzasida hosil bo‘lgan
Bepushtlikka giriftor erni sug‘orib.
XONADONINGGA MENGZALGAN ULKAN MUHABBAT
(A BIG LOVE THAT YOU CALL HOME)
Kulgular va yig‘ilarga to‘la
Hayotning egri-bugri yo‘llari aro
Vaqt qanot qoqib uchadi…
Tez o‘tadi xuddi
Kechadan ertalabga hatlagandek
An’anaviylikdan modernizm sari.
O‘zgargan ranglarga ikkilanishlar
Tutadi hozirlab palitrani
Haydab keladi shamol-u bo‘ronlarni
Ayollar-chi nafis tarzda
Sidirishadi ularni raqsga tushib.
Yoshlari o‘tgani sayin
Ularda kuzatiladi o‘xshash chehralar
Ovozlari aldamchi bo‘ladi:
Yo xirillagan, yo ohangdor
Ko‘z yoshlari- unsiz, tabassumlari -sirli
Hissiyotlar esa berkitilgan.
Ular kechirishadi chandiqlarni
Jarohatlarga surtishadi malham
Va ular tafakkurida
Yuzlab kitoblar mutolaasi bois
Paydo bo‘lgan donishmandlik
Bisotlarida o‘tkir shamshirga aylanadi.
Ular so‘zlashadi
Ular yozishadi
Ular tashabbus ko‘rsatishadi
Ular nuqta qo‘yishadi
Ularga jo bo‘ladi nihoyat
Orzuyingdagi kelajak
Yashashing uchun zarur ichki a’zolar
Xonadoningga mengzalgan ulkan muhabbat.
BIR NEChA KUNGACHA
(UNTIL SOMEDAY)
Bir necha kungacha
Qamrab olganda mangu yorug‘lik
Singib ketdim cheksiz abadiyatga.
Boshladim istaklarsiz
Ixtiyor tutib havoiy hayotni:
Ortiq yo‘q shahvatli nafs balosi
Zulmat yo‘q, dilxiralik yo‘q
Ammo taraladi samodan
Yer o‘ziga ep ko‘rmagan shu’la.
Bu nomsiz o‘lkada
Eslashga arzigulik o‘tmish yo‘q
Yo‘qotgan kamina shunchaki
Mantiqiy hissiyotni
Chunki na ibtido, na intihosiz
Bu mangulik bo‘lgan azaldan mavjud.
Men tanigan yagona narsa –
Musaffo osmon deb ataydiganim
Tepamdagi g‘aroyib shift.
Unga yuksalib
Xayr deyman silkib qo‘limni
Oyoqlarim ostida yotgan zaminga.
YOQIMLI ALISS IFORI
(LIKE SWEET ALYSSUM)
Bahor kunlari keladi
Bahor kunlari ketadi
Biroq qoladi
Hayotga mengzalgan muhabbat.
Qayta tug‘iladi
U har tong, har oqshom
Sehrlaydi serenada ohangi kabi.
Tobora yaqin kelarkan bahor
Jon kiradi borliqqa
Atrofga ulashadi u
Mutlaqo yangi falsafaga uyqash
Po‘rtahol rangidagi huzur- halovat.
Totli fasl qadaladi
Qora ko‘ylaklarim orasiga
Pushti atirgullar hamrohligida
Kasb etgancha shinam uyg‘unlik
Va muhrlanadi
Mo‘miyolangan bir juft lablarga.
Ko‘zlar har safar ochilishi bilan
Barcha fasllarga tatigulik
Aliss*ning yoqimli iforidek
Shartrez**ga ko‘chgan borliq hosillari
Bartaraf qilib bo‘lmas
Anonim tushlarga yo‘llaydi o‘lim.
Bahor kunlari
Aylanadi odatiy kunlar bezagiga
Tosh qotadi hayot shunga qaramay
Boshi berk ko‘cha ostonasida
Ishq ham unga ergashadi
Mangulik iforini taratib.
Izoh:
Aliss- gul navi
Shartrez-sharobning bir turi.
Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari
Congratulations dear!