Muyassarxon Ergasheva. She’rlar

0
89
ko'rishlar soni


Yurak, bitta she’r tug‘ib ber…

Yurak, bitta she’r tug‘ib ber, she’r dunyosi
Baxtiyorlik ummonida oqib ketsin.
Mutoladan qo‘lin siltab qo‘yganlar-u
Ko‘ngli nozik she’r ahliga yoqib ketsin.

Mo‘ralashib har satrida quvonch-shodlik
Malham bo‘lsa og‘riqlardan zada dilga.
Ko‘ngillarni ovlasaydi mehr berib
Hatto tinish belgisiyam kirib tilga.

To tonggacha bedor, mudroq kipriklarim
Shabnamlarda sug‘orilgan naysondayin.
Bitta she’r ber tinglaganda yana dunyo
Go‘zallashib boraversin borgan sayin.

Unda joy yo‘q bo‘lsa araz-ginalarga
O‘qirmanning dard-hasrati arib ketsa.
Ne ko‘zlarni yoshlab, yuzga soya solgan
Tashvishlar o‘z tashvishida qarib ketsa.

Yurak, shunday she’r tug‘ib ber xasta dilning
Subhi sodiq shifosini topib kelsin.
Isitmadan alahsigan zaminimning
Oyog‘iga darmon bo‘lib chopib-elsin!

Yurak, bitta she’r tug‘ib ber…

***

Fevral
Ajib tuyg‘u solib qalbga nasimlar
Asta derazamni chertdi bir mahal.
Yarim tun-mehmonim kim ekan deya
Chiqsam ostonada turibdi Fevral.

Quyoshli kunlarda alami borday
Qovog‘ini solar osmon chunonam.
Endi-chi qahraton yuragi yumshab
Ishqsiz ko‘ngildayin sovutmas xonam.

Mehr berolmagan berahm yorday
Unutilib borar qishdan qolgan dard.
Axir qandoq sevmay qo‘llaring tutib
Ortingan ergashib keladi-ku Mart.

Tomda sunbulalar bahorni kutib
O‘tkazar ko‘z-yoshi qilib tunlarni.
Arazdan yomg‘irlar yog‘dirib shartta
Martga chala tashlab ketar kunlarni!

***

Kutish

Dunyoning tashvishi yelkada
Kunim ko‘rib yuribman sizsiz.
Dasturxonga o‘ralgan kosa
Yana kutib sovidi essiz.

Menku endi unutilgan yor
Sizni Xudo asrasin omon.
Faqat yo‘lga termulgan ko‘zlar
«Dadam» deya so‘rashi yomon.

Qora qahva damlayapti kim
(Og‘riydi-ku, boshingiz axir?)
Baxtli edik qanchalar… Baxtning
Ortiqchasi bunchalar taxir.

Bo‘ylariga bo‘ylashar armon
Dard bolamning yaqin oshnasi.
Yostig‘imning yarmi bo‘sh… Yolg‘on
Siz va Xudoyimdan boshqasi!

***

Ketish

Yo‘llarimiz ayro tushdi-yu nogoh
Hayr ham demasdan ketayapsiz jim.
Xavotirim bisyor kiyimlaringiz
Yuvib qora qahva damlar endi kim?

Oshib ketsa agar qon bosimingiz
Xonangiz tutunga to‘lsa netaman.
Subhidamda chertib derazangizni
Shamolga aylanib ochib ketaman.

Yig‘ildi hammasi ketmoqlikka shay
(O, buni kuzatish qanchalar og‘ir!)
O‘zgararmi deya qarori atay
Birdan sharros quyib yuborar yomg‘ir.

Tashqari chiqasiz ko‘zni yumib chirt
Erinib ochilar soyaboningiz.
«Qayt zolim, uvoli tutmasmi»,-deya
G‘o‘ldirab ergashar jomadoningiz.

***

Ishdan bo‘shash haqida ariza

Ko‘kdan mehmon bo‘lib bir talay tongda
Go‘zal farishtalar tushibdi oppoq.
Par to‘shakda yotib tush ko‘rar zamin
Ko‘ngildayin yumshoq, ko‘ngildayin oq.

Bir-biridan nozik qanotchalarin
Avaylab o‘paman kaftimga olib.
Osmonidan tinmay rizq elar tangrim
Termulaman qancha yumushim qolib.

Shu payt sim qoqadi takror va takror
Boshlig‘im «Ishga kel» deya urar do‘q.
Tabiatning shunday mo‘jizasini
Oyog‘imda ezib ishga borgim yo‘q.

Qadamimda chiqqan qor nolasidan
Devonaday aql-hushdan ozaman.
Joniga ozorlar bergandan ko‘ra
Bo‘shash haqda arizamni yozaman!

***

Qor yog‘saydi bugun…
Bugun bir yog‘saydi ertalabgacha
Qorsiz kechalarda ketdim sovqotib.
Bosgan yo‘llaringda tentimasmidim
Zora izlaringni qo‘ysam yo‘qotib.

Har tong nonushtani dard bilan qilib
Chaqiraman tushda mehmonga g‘amni.
Tunda kelib qolsang qoqilma deya
Ostonada yoniq qoldirdim shamni.

Birrovga keluvdim o‘zi shundog‘am
Siyladi alamlar bilan dunyojon.
Hali go‘daklarim kichik juda ham
Nechun qayg‘ulari osmon, Xudojon!

Sog‘inchli kunlarni sanasam boshdan
Sochim tolalari yetmaydi rosti.
Agar yaratilgan bo‘lsam chapidan
Nahot og‘rimaydi qovurg‘ang osti?

Bugun qor yog‘saydi ertalabgacha…

***

Ota, bahor keldi…
Azador cho‘qqilar ro‘molin yechib
Lolaning yuziga yuguribdi rang.
Hovlida ikkimiz ekkan bodomlar
Bahorning sirini gulladi qarang.

Chekishni unutib qo‘ygan mo‘rilar
Tong chog‘i nasimlar og‘ushidan mast.
Kel jonimga o‘ray, boychechak gulim
To‘qsonning bir kuni qilmasidan qasd.

Tashriflaring buncha go‘zal bo‘lmasa
Yo‘limga gullardan to‘shab poyondoz.
Quyoshing chiroyli jilmayar balki
Onam kulgusidan olgandir andoz.

Sochlarimday uzun qaro tunlari
O‘tdi. Buncha ekan qish o‘chog‘i tor.
Ota, xavotirman bahor kelsa ham
Nechun sochingizdan erimadi qor?

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting