ARSLON VA QURALAY*

    0
    198
    ko'rishlar soni

    Shodmonqul SALOM

    hikoya

    Uchta shervachcha quyuq chakalakzorda pinhon bo‘lgan inda ingillab qolishdi. Ular hali et ta’mini totib ko‘rmagan, lab-lunjidan sut hidi keladi. Ona arslon inidan chiqarkan, ularning har birini iskab-yalab, o‘ziga xos mehr ulashdi. Va ortiga qaramay ilkis harakat ila inidan tashqariladi. Biror ellik qadam yurilgach, so‘qmoq-yo‘l boshlanar va atrof qandaydir yorishardi. Bu joy arslon uchun baayni uy ostonasi ediki, u “ostonaga” yetganda to‘xtab ortiga qayrilib bir bor qaradi. So‘ng baland ovozda hali quyosh nuri yetib kelmagan junglini sergaklantirib qattiq va besabab ayqirdi. Qushlarning potirlagani, allaqayda nelarningdir yugurgilagandek tovushi eshitilsada, u bunga parvo qilmadi. Bu sado arslonning tabiat buyurgan chegara, hudud egaligini anglatuvchi sadosi edikim, ahli to‘qay bundan xos xulosa chiqarishi lozim.

    Arslon borayotgan so‘qmoq quyuq va chapporasta o‘sgan to‘qaydan, o‘t-o‘lan siyraklashgani sari sezilmay balandlab borar va qandaydir guzar kesimiga o‘xshagan kichik tepachaga qarab o‘rmalardi. Ona arslon shu yerga yetganida olis ufqning qizarib, bo‘zarib yotgan shu’lasi ko‘zlariga urildi. Ufqqa yetib kelgan abadiy nur tevasi yer kurrasini shafaqqa o‘rab tong bilan siylayotgan bu onda ov ilinjidagi arslon irillab qo‘ydi va qarshisida yastanib yotgan bepoyon kengliklar tomon yurib ketdi. U ilgari paytlarda o‘zini benihoya bexavf sezar, hech narsadan gumon qilmay, qo‘rqmay yashardi. To‘rt-besh qulochli zaharli ilonlarga ham behadik tashlanar, qashqirlar galasiga duch kelganda ham hazillashgan kabi oralab, ularni quvlab ketaverardi. Endilikda esa uchta inda yotgan, ko‘zi ochilib-ochilmagan go‘dak tufayli ancha ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Buni unga tabiatning muallim hayoti asta-sekin o‘rgata boraverdi. Ikki kun avval ini yaqiniga kelib qolgan silovsinning parchalab tashlanishi, to‘qayzorning eng shum jonivori bo‘lib xotirida qolgan, arslon tahdididan qochib yerga kirib ketgan chipor ilon va boshqa katta-kichik voqealar unga dars bo‘lib borar, shu sababli ham uning ko‘ngliga bir alag‘dalik soya solib turardi. Qolaversa, o‘z juftidan ayrilib qolgandan keyin hozircha boshqa to‘da bilan topishib ulgurmagan, boz ustiga bola bosib, og‘irlashib qolganidan bunga hafsala ham qilmagandi.

    Ona arslon bir qarashda tavakkaliga yo‘l bosayotganday ko‘rinar, ammo so‘qmoqdagi izlar, qo‘l cho‘zgan daraxt shoxlariga ilashib qolgan bir tola-yarim tola junlar shundan xabar berardiki, bu so‘qmoq to‘qayzorning o‘ziga xos yo‘li, ayni damda unda arslondan boshqa hech bir jon ko‘rinmasdi. To‘qayzor tugab, unga yondosh odamning ko‘ksiga uradigan o‘tloqlar ham pasayib qolgach tekislik boshlanardi. Tekislik kengayib, o‘tlar bir qarichgacha pastlab qolgan joydan daryo oqardi. Daryoning ayni to‘qay chetlariga tutash shu joyida keng kechuv va suvlot bo‘lib, bunga atrof-javonibdagi jami jonzodlar kelib-ketib turar, to arslon yetib borgunicha suv ichadigan mahal boshlanib, Yaratgan qo‘llasa, o‘ljasiz qaytmas…

    Arslon yo‘lning to‘rtdan bir qismiga yetganida qip-qizil lagandek oftob samo sathiga baralla chiqib oldi. Shu mahal chap tomonda olisdan neningdir sharpasi eshitilganday bo‘ldi. Arsloninng tug‘ma kesik, sezgir quloqlari ayniqsa tongi osudalikda har narsani ilg‘ar edi. U to‘xtadi va diqqat bilan o‘sha yoqqa tikildi. O‘tkir ko‘zlari, ko‘ksiga urib turgan yovvoyi o‘tloqning qovjirab qolgan havorida hech nimani ilg‘amadi. Biror qush bo‘lsa kerak, deb xayol qilgan arslon yo‘lda davom etdi. U borarkan qoq peshonasidan turib nur ulashayotgan oftobga qarab-qarab qo‘yar, kunning tobora isiy boshlaganini, bugun ham issiq bo‘lishini his etardi. Arslon boshi uzra tovushsiz charx urib g‘ashga tegayotgan xira pashshalardan ozorlanar, ammo kalta quloqlarini qoqqancha yo‘lida sergaklik bilan davom qilardi. Uning malla-qizg‘ish siynalari hozirgina sutdan xalos bo‘lgani bilinib, so‘linqi silkinib borardi. Ko‘p o‘tmay chap tarafda yana boyagi noayon sharpa eshitilgandek bo‘ldi. Arslon to‘xtadi. Chap tomonga qattiq tikilib qoldi. Boshi uzra aylanayotgan xira pashshalar ortda qolgandi. Arslon jim, yutgan nafasini chiqarmay sharpa kelgan tomonga tikildi. Biroz enkayib, old oyoqlarini sal bukib-pusib qaray boshladi. Va so‘l tomonda, pastlikda rang-tusi xuddi boshoqlab yotgan maysazorday – och qo‘ng‘ir-sariq bo‘lgan bir juft sayg‘oqning bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay janub tomonga – suvlotdan chapga ketib borayotganini ilg‘adi. Ammo sayg‘oqlar juda olisda edi. Negaki, qaddi-basti echkidan baland, biroz yumaloqroq bu o‘txo‘rlar maysazorda yarim beligacha ko‘milganda ham bemalol ko‘rinishi kerak. Sayg‘oqlar biroz pastlikda, shu sabab arslonga faqat boshi va quymichlari ko‘rinardi. O‘ta sezgir, shar bu jonivorlar sher hidini bir kun avval o‘tib ketgan so‘qmoqdan ham bilar, ammo ular hozir arslonning yonbosh tomonida, aniqrog‘i arslon hududida o‘tlardan bemalol uzib eb, xuddi kenglikda o‘zlaridan boshqa jonzod yo‘qdek bamaylixotir ketib borardilar.

    Arslon qaddini rostladi. O‘rtadagi masofani, yengilgina esnayotgan shamolning o‘ng‘ayligini tabiat yuqtirgan bir sezim bilan chamaladida, beixtiyor yo‘lini chapga soldi.

    ***

    Shamol arslonning foydasiga edi: ro‘paradan esar, bu esa g‘o‘ng‘illagan qo‘ng‘iz sasini ham eshitadigan sayg‘oqlar uchun xavfli edi. Ular orqadan kelayotgan arslon shovurini bilmasdilar. Ular chindan ham bir juft shoxi kalta, ingichka, o‘zlari semizgina sayg‘oqlar ediki, arslonga endi bemalol ko‘rina boshladi. Arslon tezlashdi. Hamisha to‘da bo‘lib yuradigan sayg‘oqlarning ikkitagina bo‘lib yurishining o‘zi g‘aroyib, boz ustiga ularning bemalol o‘t chimdib, xotirjam qadam bosishlari ham allatovur bo‘lsada, bu narsa ayni pallada arslonni sira qiziqtirmas. Bil’aks, ro‘paradan esayotgan shamol to‘rlarini yorib, ko‘ziga ko‘rinib turgan o‘ljaga tobora yaqinlab borardi. Biroq o‘rtadagi masofa hali ham yarim chaqirimdan kam emasdi. Shunday bo‘lsada umid qilsa bo‘lar, odatdagi to‘da ichidagi ovdan ko‘ra shunday yakka ovning ham qulayligi bor bo‘lardi. Chunki bo‘lib-yakkalab olish oson… Ammo ungacha yetib olish ham bor, albatta. Arslon anglaydigan qonunga ko‘ra hujumga uchrab, nishonga olinganini sezgan o‘lja bir o‘zi qoldimi bas gangib, ruhiy muvozanatini yo‘qotadi. Uni ovlash oson…

    Arslon ancha yo‘lni ortda qoldirdi. Sayg‘oqlarning kalta dumi ham, qo‘ng‘ir yo‘lli quyruqlari ham aniq ko‘rinib qoldi. Ona arslonning ko‘ziga qon quyildi – u xom, hovur chiqib turgan go‘shtning qonli, sho‘rtob ta’mini chuqur tuydi. Ichi qaldirab ketdi. Tiliga suv keldi. U anchagina ochqagan ham edi. Dunyoda sut ta’midan boshqa narsani bilmagan uchta kuchugi tuni bilan talashib onani emgan, bu esa onaga endi bilinayotgandi. Boz ustiga och jondor yugurik keladi. U tezlasha boshladi.

    Arslonning oyoq tovushlarini sayg‘oqlar juda yaqin qolganidagina eshitishdi va lahzada ortga o‘girilib ulkan yirtqichni ko‘rdilar. Sayg‘oqlar beixtiyor ma’raganga o‘xshash bo‘g‘iq sado chiqarish bilan bir paytda jon boricha oldinga qarab yugura ketishdi. Tabiat sayg‘oqqa yugurish uchun qancha chopqirlik ato qilgan bo‘lsa, ular shuncha tezlikda chopardilar. Havoga chang ko‘tarildi. Arslon taxmin qilgandek sayg‘oqlar zumda ikki tomonga bo‘linib-ayrilib ketdilar. Har ikkisi o‘zlarini ikki yoqqa urarkan, endi ulardan birovini tanlashi kerak edi. Bu muammo ham soniyaning ulushlarida hal bo‘ldi. U tanlagan o‘txo‘r qo‘shoyoqlab sapchirkan yo‘lini to‘qayzor tomon burdi. Sayg‘oq juda yosh, nari borsa bir qor bosgani ko‘rinib turardi. Arslonga har qarichi tanish bo‘lgan bu taraf juda qulay edi. Orasi qirq-ellik qadamcha bo‘lsa-da, ayrilishganiga ham bir necha daqiqa o‘tsada oradagi masofa sira qisqaray demasdi – sayg‘oq juda tez yugurayotgandi. Ammo arslonning tovushi, nafasi etishidanoq bo‘g‘inlariga titroq kirgan jonivor o‘zini tamom yo‘qotgandek yoysimon shaklda qiyalay boshladi. Bu arslonga oradagi masofani qisqartirishga imkon bo‘ldi. Daryo yoqasidagi suvlotda pusib, quyoshda kuyib, qimirlamay o‘lja kutgandan ko‘ra, kun choshgoh bo‘lmay bir nimali bo‘lishi arslonga o‘ziga xos shavq, g‘ayrat bag‘ishlagandi. Ammo… falokat shu pallada ro‘y berdi.

    ***

    Arslon katta tezlikda, shasht bilan pastga quladi. Tirnoq ham ilmay, dumi ham yerga yoki biror narsaga tegmay pastga quladi ona arslon. U yiqilayotganini tushunib ulgurmay oldi bilan, ko‘kragi aralash kelib urilarkan, bir necha lahzada kattagina chuqur o‘raning tubida ko‘rdi o‘zini. Yiqilgan zahoti o‘rnida sakrab turgan sher biroz gangigandek tek qoldi. Va chang-to‘zon sal bosilgachgina o‘zini sal o‘nglab atrofga qarab, yiqilgani uch tomoni tik jarlik, to‘rtinchi tomoni toshloq qatlamdan iborat qo‘lda qazilgandek to‘rtburchak shaklli chuqur – choh ekanini tushundi. Arslon ayni damda sayg‘oqni esladi. Va chuqurlikning torgina sahniga darrov ko‘z soldi. Jarlikning har tarafiga qarab ulgurdi. So‘ngra balandga termuldi. Shunda bo‘yni va ulkan boshi qattiq og‘rib ketdi. Shu qadar ulkan, chapdast jonivor juda kutilmaganda, qo‘pol yiqilgandi. Ammo sayg‘oqdan nom-nishon yo‘q. Ko‘kka uchdimi, erga kirib ketdimi – yo‘q! Bu shumqadam sayg‘oq arslon qulagan chohning chetginasidan yugurib, chaqqon o‘tib ketolgandi.

    Dovdirab qolgan ona arslon bir maydon angrayib turarkan, endi sayg‘oqni unutdi. Endi xayolini chuqurdan chiqish band etgandi. U tosh qatlam tomonga tirmashib ko‘rdi. Chuqurlikning yarmiga yetib-etmay orqaga quladi. Ammo bu gal yiqilmadi, aksincha chaqqonlik bilan o‘zini o‘nglab oyoqlari bilan yerga tushdi. Arslon qaddini rostlab yuksakda hilpirab turgan o‘tlarni, undan yuqorida tip-tiniq osmonni ko‘rdi. Arslon chuqurning yo‘nilgandek silliq uch tomoniga sapchish behudaligini anglagunicha baribir hayvonligiga bordi – baland devorga sakrab ko‘rdi va qaytib yerga tushaverdi. Shu choq bexosdan salqin to‘qaydagi ini, bolalari yodiga tushdi. U endi arslonligini qildi – butun kenglikka, adoqdagi daryoga suv ichgali kelgan hayvonlargacha eshitarli qilib ayqirdi! Falakka qarab, chohniyu osmonni to‘ldirib o‘kirdi u. Osmonda “qag‘-qug‘” qilib uchgan qushlarni ko‘rdi. Ular arslon sadosidan bezovta bo‘lgandilar. Dardu alami ziyoda bo‘lgan ona arslon hayqirig‘i etgan joyga o‘zi yetolmayotganini idrok qilolmas, bu holiga ko‘nolmayotgandi. U ortiga tisarilib, quyrug‘i bilan qizg‘ish devorga tiralib, dumini qisib turib zarb bilan ro‘paraga toshloq devorga tomon tag‘in sakradi.  Old, o‘ng oyog‘i bilan bir kichikroq toshga bir necha soniya osilib turdi ham. Ikkinchi oyog‘ini ham shu tosh tomon siljitishga urindi. Ammo tosh qimirlay boshladi. Nari borsa arslonning boshicha keladigan bu toshning arslonga ko‘rinmayotgan tomonida qandaydir chuqurchadek joy bo‘lib, uning tirnog‘i shunga ilgandi. Arslon bir oyog‘ida osilib qolmagandi shu damgacha. Shu boismi u shoshilinch ikkinchi oyog‘ini ham tosh sari harakatlantirardi. Qariyb havoda lopillab turgan tana og‘irlik qildi – tosh o‘rnidan qo‘porilib ketdi. Arslon ham, tosh ham quyiga uchdi. Arslon darrov qaddini kerdi. Yiqilgan, bir necha soniya osilib turgan toshloq qatlamga tikilib qoldi. Tosh ko‘chmay, u yerga chiqqanida ham balandga keta olarmidi? Kim bilsin, balki u yog‘i oson bo‘lardi. Ammo shu toshloq qatlamning o‘zi ham uch-to‘rt qulochdan kam emas. Arslon alamli g‘ingshib, kichik maydonchada aylanar, to‘xtab balandga termular, tag‘in sapchib ko‘rar edi. Ming dodki, zo‘rdan zo‘r ko‘p! Ona arslon, rosa o‘n yoshga to‘lgan, to‘qayzordagi yolg‘iz hukmfarmo chuqurdan chiqib ketolmay ojiz edi. Arslon chamasi ikki o‘tov tikkuda joyni besamar aylanardi. Bu holatda inson ham, hayvon ham ona arslon kabi behuda harakatlar qilsa kerak. To o‘zini bosib, tani sovub asil vaziyatni anglab olgunicha. Maydonchada kezinayotgan arslon chetda toshloq qatlam tomonda kichkina ko‘lni endi ko‘rdi. Suvga tosh, tuproq tushgan bo‘lsada ancha tinib qolgan edi. Arslon chanqaganini his etdi. Ayni lahzada adog‘ida muzdekkina ariq oqib yotadigan to‘qayzor esiga tushdi. Tanidagi bor tuklari nayzadek tippa-tik bo‘ldi. Arslon suvga yetarkan alamli o‘kirib yubordiki, uning nidosini tarjimonsiz ham tushunish mumkin edi. U yutoqib, ikki biqini kirib-chiqib suv yalay boshladi. U hech narsaga chalg‘imay ancha vaqt suv ichdi. Va kichik ko‘lchada bir hovuchgina suv qoldi. Arslonning nafsi qondi, chanqog‘i bosildi.

    Vaqt o‘tib borar, bu yerga hali oftob nuri yetib kelmagan bo‘lsa ham kunning qiziyotgani sezilardi. Ona sher tikka betli toshloq qatlamga umidvor termular, chamalab ko‘rar, tag‘in behuda urinardi. Biroq endi avvalgi yetib borgan joyi – tosh qo‘porilgan nuqtaga ham yetolmayotgandi. Bunga boyagina qoringa kirgan qariyb bir chelak suv ham sabab edi.

    Nihoyat chuqurga quyoshning ilk nurlari tushdi. Quyosh nuri tekkan joyni tilib o‘tar – harholda saraton oftobi. Ammo ona sherning chohi hali salqin edi. Sher noilojlikdan g‘udrangancha cho‘zilib yotib oldi. Nima ham qilsin boshqa. Qariyb bir soatdan beri befoyda sapchishlar arslonning kuchini oldi xolos.

    Atrof-olamning eng qudratli jonzodi kichik mushukchadek nochorlik chohida mung‘ayib yotar edi. Yotganicha jarlikdan ko‘z uzmay yotarkan u o‘ylab o‘yiga yetolmas edi. Bu chuqur avval ham bormidi yo yangidan bino bo‘ldimi? Arslon g‘ingshib keskin bosh chayqagandek bo‘ldi: yo‘q. Yo‘q edi bu badbaxt choh! O‘zi har kun kezadigan manzilku axir bu yerlar…

    ***

    Oradan to‘rt kun o‘tdi. Birrovgina sevalab o‘tgan yomg‘irni aytmasa, hamma vaqt quyosh yondirib, tunda yulduzlar charaqlab turdi. Savannaning yomg‘ir mavsumiga hali bir oydan ziyod vaqt bor. Bir kunning o‘tishi dushvor. Bir umr ozod, g‘olib yurgan ona arslon suvsizlikdan azob chekib irillashga ham holi kelmay noiloj yotardi. Arslonlarga ochlik u qadar pisand emas, oylab o‘ljasiz tentirab yuraveradi. Ammo suvsizlik ona sherni azoblab, quvvatini so‘rib borardi.

    Kun qiyomga kelgan pallada kaftdek soyasi yo‘q bu chohda arslon o‘zi ichib tugatgan ko‘lmakka bag‘ir berib yuztuban yotardi. Ko‘lmakning besh kunki ko‘lmakligi ham qolmagan: arslon uni tirnab-timdalab ancha kengaytirib qo‘ygandi. Biroq qazilgani qazilganday – peshma-pesh oftob tiyg‘ida qurib qolayotgan bu go‘sha ham ona sherga ko‘mak bermay qo‘yayotgandi. U oldinlari bulutlarga parvo qilmas, ahamiyati-yu vazifasini ham anglamasdi ko‘p. Mana necha kunki, kunduzi kun kuydirgan paytlarda quyoshni to‘sib o‘tib qoladigan yupqa bulutlar ham arslonga rohat berar edi. U shu-shu bulutlarni xush ko‘rib qoldi. Samoning arslonga ko‘rinib turgan burjida ko‘rinsa ham unga umid-la qaraydigan bo‘ldi.

    Tag‘in ayovsiz yondirib bir og‘ir kun o‘tdi. Shu kuni qiyom vaqtida osmonda qora nuqtadek bo‘lib bir juft o‘laksaxo‘r ko‘rindi. Bu qushlarning nigohidan hech narsa qochib qutulmaydi. Jumladan, choh tubidagi arslon ham. Ular bir necha muddatdan keyin chuqurning labida paydo bo‘lishdi. Endi ular bir juft emas, balki ko‘proq bo‘lib kelishgandi. Ammo qushlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Choh tubida holsiz, o‘layotgan yemak emas, suvsizlik alamini jo‘shtirgan darg‘azab sherga duch kelishdi. Arslon qoshiga qo‘ngan yirik o‘laksaxo‘r kalxat dum patlaridan ayrilib qoldi. Qimirlamay yotgan yirtqich hamla qilib uning bo‘g‘zini mo‘ljallagandi. Biroq qush tezlik qildi. Kuni bitmagan ekan, qutulib ketdi. Qushlar qanotlarini biqinlariga tap-tap urishib samoga ko‘tarildilar. Ona arslon uchishning naqadar sozligini chuqur angladi.

    Arslon o‘zi qazigan ko‘lmak chuquriga boshi va ko‘ksini yashirib qimir etmay yotar, unga bexos ko‘zi tushgan kishi ikki biqinining bulkillab turganidangina tirikligini anglar edi. Nihoyat kun uning chuquri ustidan nari ketdi. Shomdan avvalgi diqinafaslik chuqurda juda bilinardi. Chuqur labidagi maysalar kechki garmselda erinib tebranarkan botayotgan quyosh shu’lasi yallig‘ida qizarib, oltin tusda ko‘rinardi. Ularni tebratayotgan shamol bu chuqurga tushmas, tushsada, chamasi chalqancha tushar ediki, shamolligi ham qolmasdi. Shomga yaqin tani biroz sovigan arslon boshini ko‘tarib chuqurdan yarim qadamcha nariga siljidi. Va shundoq tepasida charx urib g‘uvillagan xirapashshalarni ko‘rdi. Ular yuzlab mitti jonivorlar edi. Hatto shular ham istasa bu chohdan chiqib ketoladi. Arslon esa yo‘q. Tun cho‘ka boshladi. Qaylardandir adashgan shamol keldi. U ham chohga, chohdagi arslonga urilib shu yerda qanoti sindi. Arslon pashshalar o‘zini tark etganini shundagina sezdi. Ona sherning yumilib-ochilib turgan so‘nik ko‘zlari yulduzlarning milt-milt etib tiyra jilva qilayotganini arang ilg‘ardi. U xuddi horigan, yarador pahlavon kabi chalqancha yotar edi. Unga ayni damda suv ham, ko‘payib qolgan salqin shabada ham, emak ham kerak emas, faqat orom kerak. Ehtimol ajal kerakdir. Bu mudroq, bu lohaslik qandaydir yoqayotgan edi unga. Endi kun-u tun yugurishlar, xavotir-la to‘qay kezishlar yo‘q. Endi yugurib borayotgan biror jonlini jonsiz qilib uning issiq qoniga tumshuq urishlar abas. Endi ovchining pinhon o‘qiga qurbon bo‘lish yoki ikki tishli temir qopqonga bandi bo‘lib qolishlarning xavfi uzoqda. Endi orom bor faqat. Sal chidash kerak faqat. Salgina… Shunday bir mudroq, ammo yoqimli pallada arslonning ort oyoqlari siynalariga tegib ketdi va u qattiq ingrab yubordi. Uni suvsizlikdan ham, oftobning o‘n soatlik olov selidan ham ko‘ra ko‘proq qiynayotgan narsa shu siynalari edi. Ulardagi kunduz qizib, tunda sovub necha kunki emilmay yotgan sut ona arslonga azob berardi. Tabiatning noodilligini ko‘ringki, arslonning o‘tkir tishlari siynasiga yetmasdi. Aks holda allaqachon yorib tashlagan bo‘larmidi?! Qip-qizarib, tarang shishgan, uchlaridan dastlabki kunlarda sut tomchilab, keyinchalik ko‘kraklarining uchlari bitib qolgandek sut ham tommay qoldimi, harholda lo‘qillagan maromli og‘riq paydo bo‘ldi. Biror narsaga tegib ketsa og‘riq xuddi hozirgidek zo‘rayar edi. Uning ko‘ksiga toshday botayotgan bu siynalar har gal azoblaganda yodiga uchta kichkinagina kuchukchani tushirar va arslon alamdan o‘kirib yuborar edi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Arslon o‘kirgandek bo‘ldi. Ammo sadosi chuqurdan tashqariga ham chiqmadi. Uning ko‘ksidagi shu sut bo‘lmaganda balki bir necha kun burun jon taslim qilgan bo‘lar edi. Sut chayqalib siynasini har og‘ritganda bolalari esiga tushar, kundan ham, tundan ham umid qilib, noiloj yotardi u.

    Rosmana tun cho‘kdi. Qaylardadir shoqol ulidi. Arslonning ko‘zlari yumildi. Chalqancha yotgan holida umr bo‘yi o‘ljasiga sherik bo‘lib, jig‘iga tegib kelgan shu isqirt shoqollar bo‘lsa ham hozir qarshisida bo‘lishini istadi u. Hech bo‘lmaganda ular bilan talashib jon berar, muhimi azob tezroq poyoniga yetardi. Uning oyog‘ini qimirlatishga ham holi yo‘q. Tabiatning allaqanday bema’ni va beshafqat qonuniga ko‘ra bir necha kun burun yerni gursillatib bosib yurgan muzaffar, go‘zal mavjudot bir burda o‘limtikka aylanib borardi. Arslon sayg‘oq juda kam bo‘ladigan bu to‘qayzor kengligida ularning paydo bo‘lganiga ham, odatdagiday suruvmas, bir juftgina bo‘lib yurganiga ham, o‘zining har kungi ov manzili qolib yo‘lni chapga solib bu yoqlarga uloqib ketganiga ham va bu mudhish o‘raning qachon va qanday paydo bo‘lganiga ham tushunmasdi. Nega bunday bo‘ldi? Qanday qilib? Tamom! Foydasiz xayolot. Arslon boshi bilan shularni o‘ylab o‘tiradimi?

    Ikki kunki quyosh chiqishi bilanoq arslonning ko‘zlari, og‘iz-burni atrofini o‘rab olayotgan yashil-ko‘k pashshalarning oyoq olishiga ko‘ra arslon o‘layotgan edi. Bu pashshalar o‘layotgan, o‘zini himoya qilolmayotgan jonivorga aylanishadi.

    ***

    …ammo u kutilmaganda ko‘zlarini ochdi. Uning nigohlari xuddi avvalgidek porlab turardi. O‘zi xush ko‘radigan daryo chetidagi puchmoqda pusinib turardi u. Kichik tepalik pastida bir to‘p qo‘toslar o‘tlayapti. Juda befahm bo‘ladi bu qo‘tos degani. Pishillab o‘tlagani o‘tlagan. Arslon yoniga kelib qolganini ham sezayotgani yo‘q hatto. Arslonning ortida esa uchta bolasi. Ular ham endilikda onasiga ergashadigan, et totini olib qolishgan. Ona arslon naq peshonasida turgan yosh qo‘tosga zabt bilan tashlandi. Qo‘toslar to‘dasi to‘zib ketdi. Haligi yosh qo‘tos esa bu baloyu qazo qaydan kelganiga aqli yetmay kutilmagan hujumdan gangib to‘g‘riga, daryo yoqalab shatoloq otib qocha boshladi. Qo‘tos tavakkal, jon holatda yugurarkan, uning qarshisidan boshqa bir yoldor ulkan erkak arslon chiqib kelganini ko‘rdi. O‘zini to‘xtatolmay qolgan qo‘tosni yoldor sher bir hamlada bo‘g‘zidan olib yerga bosdi. Ona arslon o‘ljasiga oshkora sherik bo‘layotgan begona yirtqich sari yugurib borarkan, qo‘tosning bo‘g‘ziga tish botirgancha o‘zidan ko‘z uzmay turgan yoldor arslonni tanib qoldi. U o‘z jufti edi.

    Axir, uni avj bahor chog‘i ko‘z oldida odamlar otib olishgan emasmidi? Demak o‘lmagan ekanda. Qaytibdida to‘qayga…

    …Ona arslon ojizgina ma’rashni eshitdi. Jim yotaverdi. Ma’rash takrorlandi. Arslon parvo qilmagandek edi. Bu tovush ortida qandaydir etxo‘r jonivor borligi-yu uning nima ekanligi arslonga sira qiziq emasdek edi. Aslida ham uning parvoyi palak, qolaversa, besamar xatti-harakatlarga majoli ham, hafsalasi ham yetmayotgandi. Ovoz takrorlandi. Ovoz egasi arslonga juda yaqin keldi. Uning nafas olishi ham eshitildi. Ovoz tinmay takrorlanarkan, arslon ko‘zini ochishga harakat qildi. Ammo qurbi yetmadi. Shishinib, yiring qotib qolgan qovoqlarning ko‘tarilishi qiyin bo‘ldi. Biroq ovoz ham uni tark etib keta qolmadi. Aksincha unga juda yaqin kelib iskay boshladi. Arslonning boshi uzra yashil-ko‘k chivinlar g‘uvilladi, dimog‘iga begona hid urildi. Va nihoyat arslon ko‘zlarini yirib ochdi. Qarshisida o‘ziga ajablanib qarab turgan mitti jonivorni ko‘rdi. Bu quloqlari juda kichkina jonivor sherning ko‘z ochganini, qimirlayotganini ko‘rib unga yanada yaqin keldi. Cho‘zilib yotgan arslondan sira hayiqmay uning boshlarini, og‘iz-burunlarini hidlay boshladi. Arslon qarshisidagi jonliqqa qararkan, unga hamla qilish haqida o‘ylamasdi ham. Unga shunchaki ko‘zlari orasidan ajablanib og‘ir boqib turardi. Boya ko‘rgani – yoldor arslon tush ekanini anglamasada ona arslonning miyasida g‘alati hislar kechayotgandi. U ro‘parasida zorlanib ma’rayotgan jonzodni tanidi. Bu hali onasidan boshqani ko‘rib ulgurmagan kiyik uloqchasi – quralay edi. Uloqcha sherga ajablanib boqar, uning ustidan chaqqon sakrab o‘tar, abadiy uyquga ketish arafasida turgan holidan bexabar ma’ragani ma’ragan edi. Balki onasidan ajralib qolgach uni unutgandir, sherni onasi deb xayol qilayotgandir. Arslonning hidlanib ketgan og‘izlaridan iskab qulog‘i tubida ma’rayotgan uloqchaning tugmadaygina og‘zidan kelayotgan shirin hidning ne ekanini arslon tuyqus qadim sezgisi bilan angladi: bu sut hidi edi. Buni anglash asnosida arslonning dunyosi qorong‘i bo‘lib ketdi. Hiqillab ingrab qo‘ydi. Uning ingrog‘i uloqchani cho‘chitib yubordi. U bir sakrab nari ketdi. Ammo qayerga ham borardi. Arslon izlari botib ketgan maydonchaning narigi burchagiga borib oldi va tag‘in arslonga termuldi. Arslon undan ko‘z uzmas, uloqchaga qandaydir qiziqish-la qarardi. Kiyikcha uning qoshiga qaytib keldi. Yana ma’ray boshladi va bu gal arslonning boshiga emas o‘zga a’zolariga qiziqa boshladi. Kiyikcha uning irillaydigan, ammo ozor bermaydigan jonivor ekanini his etardi. U arslonning tarang siynasini hidlay boshladi. Shu holidayam qimirlamayotgan arslon uloqchaning siynasiga yaqin kelganini sezarkan, butkul tek qoldi. Uloqcha siynasini bosganida bo‘g‘ziga kelgan og‘riq-o‘kirikni ham ichiga yutdi. Orqa oyoqlarini ko‘tarishga urinarkan juda sekin harakat qilardi-ki uloqchaning cho‘chib ketishini istamasdi. U tonggi muzdek havoda yaxlab yotgan siynadagi sutni kiyikchaning emib olishini juda istayotgan edi. Arslon ming azob bilan ozgina yonboshlagan bo‘ldi. Endi siynalari aniq ko‘rinib turardi. Ammo kiyik bolasi sherning siynasi yorilguday holda azob berayotganidan sira xabari yo‘q!

    Ammo tabiatning oltin tarozisida adolat bor. Yo‘qsa, hayot bu qadar shirin, jonni o‘rtovchi bo‘lmasdi. Falakning gardishini qarangki, kun to‘liq yorishib bo‘lgan pallada kiyik bolasi old oyoqlarida tizzalab olib ona arslonni miqillab emib yotar edi.

    Dardi yengillashayotgan arslon ham endi biroz tetiklashgandek, uloqcha siynasiga nuqib-nuqib olganida ojizgina g‘ingshib qo‘yar, ko‘zlarini esa allaqanday orombaxsh his sabab yumib yotardi.

    ***

    Keyinmi, keyin ne bo‘ldi, dersiz? Albatta! Keyin tabiatning bu g‘aroyib va ajoyib hodisasidan taxminan bir-ikki kuncha vaqt o‘tib chuqur boshiga biz borib qoldik. Biz deyotganim Madhya Pradesh shtatining geologiya bo‘limi ishchilari. Arslon tushib ketgan chuqurlikni bizdan oldingi guruh qazigan, bu joyda kattagina olmos zahirasi borligi taxmin qilingandi, ammo olmosli qatlamga yetib borish uchun endi texnika emas, qo‘lda, belkuraklarda ishni davom ettirish lozim edi. Ammo gap bunda emas, va bu yerdan bizning qancha javohir topishimizda ham emas. Axir, asil javohir ana olti-etti quloch pastda turibdi: uloqcha ma’ragancha devorlarga sakrar, qaytishda arslonning ustiga tushar, bundan ularning ikkalasi ham birdek zavqlanar edi. Ammo arslon to‘liq o‘ziga kelmagan, shunday bo‘lsada dum qimirlatib uloqchaning zavqiga sherik bo‘lar, oyoqlarini osiltirgancha uloqchaning o‘ynashiga bosh irg‘ab javob qilardi. Uning ham vaqti chog‘ ekanini shundan bilsa ham bo‘lar edi. Arslon kiyik bolasini oziqlantirib asrab qolgani rost, ammo arslonni ham shu jimitday uloqcha saqlab qolgan edi. Arslon va kiyik bolasi bir necha kun birga yashashgan. Xuddi issiq tovadek chuqurda g‘aroyib ona-bola bo‘lib yashaganlar. So‘ngra, tabiatshunoslar kelishdi. Ikki kun shu yerda chodir qurishib, arslonni davoladilar. Keyin ularning ikkisini ham to‘qayga qo‘yib yuborishdi. Arslon bir haftacha egasiz qolgan uyasi tomon yo‘rtib borarkan, ortidan chopqillab ketayotgan uloqchani sira o‘zidan uzoqlashtirmasdi.

    ***

    Termizdagi muzey oshxonasida suhbatini ado qilgan hindistonlik mehmonni tinglab, beixtiyor mijjalarim yaltirab ketdi. 

    *Quralay – kiyik bolasi

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting