Nizar Sartaviy — Falastinlik arab shoiri va tarjimoni. 30 ga yaqin kitoblar muallifi. Asarlari o‘ndan ortiq tillarga tarjima qilingan va bir qancha xalqaro jurnal, gazeta va antologiyalarda chop etilgan. Shoir Iordaniya, Falastin, Livan, Marokash, Misr, BAA va Hindiston kabi davlatlarda o‘tkazilgan adabiy festivallar qatnashchisi bo‘lib, “Al- Nour Literary organization”, “Naji Naaman Award for Creativity” (2018), “Jerusalem Intellectuals Forum Honorary Award” (2019) kabi adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan. O‘zbek tilida ilk marta chop etilyapti.
Ismoil payg‘ambar qo‘shig‘i
(Ismael’s song)
Volidam
Nechun biz turibmiz
Bu unumsiz zamin uzra?
Na unsa maysalar
Na o‘simliklar
Na bo‘lsa ichimlik suvi
Na muhabbat unda
Va nechun kular miriqib
Bu qumli tepaliklar
Semirgan bulutlar
Emaklashni boshlasa
Cho‘pdek ozg‘in qo‘zimiz
Va qayerdadir o‘zi padarim
Volidam so‘ylang
Yo xuddi Rabbim kabi
U ham bizni ketganmi tashlab?!
Porox tutuni
(Gun smoke)
Qayerda hozir
Betashvish to‘rg‘aylar?
Ular poxol yig‘ib
In qurganlar o‘zga o‘tloqqa.
Qayda qoldi ularning
Tonggi qo‘shiqlari
Mizg‘ishlari choshgoh paytida
Oqshom chog‘i shivirlashlari?
Barchasi bo‘lgan parokanda
Aylangach bu zamin
Porox tutuni istibdodiga.
Pochta qutisi
(Mailbox)
Uyga qaytarkanman
Ko‘z tashlayman har oqshom
Eski pochta qutisiga
O‘z ishining bilimdonidek.
Ichkaridan esa
Qo‘pol va yalang‘och bo‘shliq
Bilib bundan voqifligimni
Tuyular ustimdan kulayotgandek.
Yomg‘ir
(Rain)
Quloq tut, Azizam!
Quloq tut!
Tashqarida yomg‘irning
Zerikkandan chiqarib ovoz
Hordiq chiqarishiga go‘yo
Turtgancha pastak tepaliklarni.
Keyin nafis tarzda
Judayam nafis
Yumshoq tuproqqa do‘nadi namlik
Va eshitilar
Olcha daraxtlari gullarin
Faryod urishi qayg‘uga sho‘ng‘ib.
Badaviylar qo‘shig‘i
(The Bedouin’s song)
Men badaviyman
Yashayman shunchaki
Qulay maskan bo‘lgan chodirda.
Dag‘al echki soch tolasidan
To‘qilgan uning matosi
Yozda tomli soyabonga aylanar
Qishda esa yog‘in-sochindan
Saqlovchi boshpanaga.
Bor bisotim-
Kiyimdir birgina xolos
Erk libosi bo‘lgan qop-qora rido.
To‘rva xaltamga solaman
Na qishloq aholisi
Na shaharliklar ta’biga
Mos keladigan
Bir juft eski shippak
Bir siqim qahva
Va boshqa mayda-chuydalar barin.
Teran sarg‘ish qumlarga to‘la
Bepoyon kengliklardir vatanim
Barcha lash-lushlarimga qo‘shib
Yelkasiga meni ortmoqlab olgan
Nortuya-chi yolg‘iz hamrohim.
Nihoyasiz sahroni
Birgalikda kesib o‘tamiz
Va qachonki men
Tuyalarga atalgan ayrim
Qo‘shiqlarni kuylay boshlasam
U tuta boshlar o‘zini
Ko‘kda parvoz qilayotgandek
Terisiga sig‘may shodlikdan.
Shamol va zaytun daraxti
(The wind and the olive tree)
Tahdid qilib o‘kirdi
Zaytun daraxti qoshida
Kek saqlagan kuzak shamoli:
“Men yana keldim
Seni yo‘qlab qari yalmog‘iz
Shu to‘q yashil libosingni
Yechib olaman ustingdan endi
Putur yetkazaman
Ichki a’zolaringga
Bir-birining chokidan so‘kib
Sindiraman suyaklaringni
Faryodlaring ko‘kka etguncha
Shimgunicha o‘ziga namni
Dalalardagi quruq loy, balchiq
Jonbozlik qilaman qoning to‘kishda”.
“Xabarim bor”- dedi tilga kirib
Shunda yo‘g‘on daraxt butasi
“O‘n ikki oy oldin ham
Aytganding mazkur so‘zlarni menga”.
Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari