To‘pponcha

    0
    361
    ko'rishlar soni

    hikoya

    — Mahbus, seni ko‘rgani kelishdi. Ortga o‘giril…

    — Eshitishimcha senga berilgan to‘rt yilning uch yilini yaxshi o‘tabsan. Buni qarang, ro‘yxatda ham intizomli deb belgilab qo‘yishiptimi? A-ha-ha… Qani, tur o‘rningdan, Chigirtka (old tishlarining orasidagi kavaklar sabab sh harfini hushtak chalib talaffuz qilgani uchun, barcha uni shunday ataydi) qolgan bir yilni kuchaytirilgan tartibda o‘tkazasan.

    — Lekin, nima uchun boshliq, aybim nimada? Hech bo‘lsa shuni tushuntiring.

    — Hali aybing nimadaligini bilmaysanmi? Hoy g‘alamiz, o‘shanda zargarlik do‘konini o‘marayotganingda, odamlarga to‘pponcha bilan tahdid qilgansan. Esladingmi? Yaxshiyamki otgan o‘qlaring qo‘rqitish uchun edi. Bo‘lmasa seni shu yerda, yo‘q-yo‘q, hozir men seni olib bormoqchi bo‘lgan joyda, chiritgan bo‘lardim. Menga ishon, u yerda bir kun o‘tirsang, bu qamoq ham jannat tuyilib ketadi sendaqalarga. Tur o‘rningdan, ablah.

    — Menga rahm qiling, boshliq. Yo‘q. Yo‘q, men u yerga bormayman. Unday qilmanglar. Qo‘yib yuboring. Yaxshi, hammasini aytaman. Nima istaysiz o‘zi, mendan nima istaysiz, so‘rang.

    — Mayli, qo‘yib yuboringlar. Rahmat, sizlar bo‘shsiz. Mana kelishib ham oldik. Endi maqsadga o‘tsam. Chigirtka, sen ustaomonlik qilib, o‘shanda tergov ishidan va bizdan, jinoyatingga aloqador bir buyumni berkitgansan. Albatta-da, axir sen ahmoq emassan-ku to‘g‘rimi? Xo‘mrayma menga. Javob ber.

    — Haligi men, haligi…

    — Hoy, jahlimni chiqarma. Gapir. Hech yo‘q umringni so‘nggi yilini kalamushlarga o‘xshab o‘tkazmay desang, yaxshisi gapir. Ertaga erkinlikka chiqasan, ahmoq. Seni farzanding kutyapti, oilang kutyapti. O‘g‘rilik sha’nini unut. Sening jinoyatdan yashirgan to‘pponchangdan, uch kun oldin ikki kishini otib ketishgan. Tushundingmi? Qayerga yashirgansan, yaxshisi gapirishni boshla va darhol…

    — U gapirdimi, sherik?

    — Gapirmay iloji ham yo‘q edi.

    — Qayoqqa boramiz endi?

    — Kulolchilar yurtiga.

    — Rishtongami?

    — Ha.

    Tun bo‘yi mijja qoqmadim. Uch kundan beri halovatim yo‘q. Boshliqlardan olmoqchi bo‘lgan hordig‘imni ham, endi tushimda ko‘rsam kerak. La’nati qotillar. Odam o‘ldirmasa tura olmaydigan maxluqlar. Qo‘lga tushirgan kunim to‘yib xumorimdan chiqmasammi hali. Ha, shoshmay turish, ushlaganimda alamimni senlardan olmasam Erkul (Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi kapitan Parpiyev Erkin. Xodimlar unga beo‘xshov tana tuzilishi va uning o‘zi yigitning ko‘rki deb hisoblaydigan mo‘ylovi borligi sabab Puaro deb nom berishgan) otimni boshqa qo‘yaman.

    — Mana, Chigirtka aytgan manzil.

    — Taqillat.

    — Hozir, kim u? Namuncha besabr bo‘lmasa bular, hozir.

    — Kapitan Parpiyev Jinoyat qidiruv bo‘limi. Bu esa sherigim, Avazov.

    — Kelinglar boshliqlar, xo‘sh, nima xizmat?

    — Marhamat qilib aytingchi, yo‘q nega endi? Qani darrovda aytchi menga hoy Kissavur (mayda o‘g‘ri, uch yil avvalgi zargarlik do‘konidagi bo‘lgan jinoyat ishida Chigirtkani sherigi bo‘lgan) o‘sha kungi o‘g‘rilikdan so‘ng to‘pponchani qayerga yashirgan eding?

    — Qanaqa to‘pponcha, janoblar bu nimasi? Darhol advokatimga qo‘ng‘iroq qilaman hozir.

    — To‘xta, qayoqqa? Biz hali tugatmadik. Devorga o‘giril, Avazov sen uyini tintib ko‘r. Qani ko‘raylikchi, bu nimalar bilan band ekan. Ehtimol uyidan giyohvand moddalar chiqib qolar a? Keyin hotirjamroq joyda bafurja gaplashib olardik, bu nusxa bilan.

    — Nimalar deyapsiz boshliq? Men tozaman. Nima istaysiz o‘zi?

    — Kissavur, yaxshisi gapirishni boshla. Tez bo‘l. Bo‘lmasa hozir bizlar bilan boshqarmaga ketasan. Ha-a, bilasanmi? Undan tashqari senga yana bitta modda qo‘shib beramiz. Yo‘q-yo‘q, gapimni bo‘lma. Qotillik ro‘y bergan va asosiy gumondor ayni damda shaxsan o‘zing bo‘lib turibsan. Ana endi meni yaxshi tushungan bo‘lsang sayrashni boshlashingni maslahat beraman.

    — A-a-ah, qo‘yib yuboring, qo‘lim. Qo‘yib yuboring, bo‘ldi, Chayqovchi-i, (olib-sotar. Juda ham ayyor tovlamachi. Odamlarga qalbaki pullar va giyohvand moddalar, yetkazib berishda ko‘p bora ayblanib, aybi isbotlanmagan sirpanchiq shaxs) chayqovchiga sotganman. Aniqrog‘i kukun evaziga ayirboshlashganman. Iltimos, qo‘yib yuborsangizchi…

    — Endi qayoqqa boramiz? Erkul?

    — Shaharga qaytamiz. A-ax, la’nati.

    — Chayqovchini olish qiyin bo‘ladi. Boshliqlarga nima deymiz?

    — Tavakkal qilamiz. Chayqovchi ahmoq emas. Qotillik ishi o‘yin emasligini biladi. Bu safar ham sarson bo‘lamiz shekilli.

    — Nega?

    — Chunki biz oldiga ketayotgan odam, shunchaki savdogar. U odamlarni o‘ldirish uchun sharoit yaratadi? holos. Lekin o‘zi hech qachon tepkini bosmaydi. Bunga jur’ati yetmaydi. Boshqarmaga qo‘ng‘iroq qil. Uni topishsin. Qayerdan bo‘lsa ham. So‘roq qilishim uchun, yetib borgunimcha, xonamda meni kutib o‘tirgan bo‘lsin. Shunday de, navbatchi kim ekan, allo Avazovni gaplarini eshitdingizmi? Darhol bajarilsin.

    Hech tushunmayman. Nega aynan sevishganlarni? Ularning o‘limi kimga kerak? Axir ikkisi ham yosh bo‘lsa. To‘g‘ri omadi chopmagan boshqa bir yigit, qizni ham, yigitni ham o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Ammo to‘pponcha nimaga kerak? Qolaversa marhumlarning oilasi ham unaqa badavlat emas. Dushman orttiradigan darajada o‘tmishga ham ega emas. Lavozimli joyda ishlamaydi hech kimlari. Sabab qani, Puaro? Ta’tildan umiding bo‘lsa o‘yla, izla. Mohiyat qayerda, aybdor kim? To‘pponchani topish kerak. Hamma savollarning orasidagi bo‘shliqni, ana o‘sha qurol to‘g‘rilaydi.

    — Assalomu alaykum, janob katta. Chaqirtirgan ekansiz, mana o‘z oyoqlarim bilan keldim. Xonangizgacha. Bunday mulozamat uchun albatta sizga tashakkur, lekin meni…

    — Ishlaring kutib turadi, Chayqovchi. O‘tir. Xabaring bormi, yoki yo‘q, uch kun avval qotillik ro‘y bergan. Manna, diqqat qil. O‘qib beraman: ushbu qotillik chorshanba kuni kechgi soat 21:20larda shahar xiyobonida sodir etilgan. Jabrlanuvchilar tomonga qarata qotil, olti marta o‘q uzadi. Qaytaraman, qotil olti marta o‘q uzadi. Bundan, qotilning tartibsiz o‘q uzishi va ilk bor odam o‘ldirishi degan xulosa kelib chiqadi. Voqea joyida odamlar yetarlicha bo‘lganiga qaramay, hech kim gumonlanuvchini ko‘rmagan. Aniqrog‘i, o‘q uzish ovozini eshitganlari zahoti, odamlar har qayoqqa qarab qochishgan. Hodisa tunda ro‘y bergani uchun kuzatuv kameralari ham jinoyatchini to‘liq tasvirga ololmagan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra jasadlardan chiqarib olingan o‘qlar — Ichki Ishlar arxiviga kiritilgan, bundan uch yil avval Chigirtka laqabli fuqaro Semyonov Dilmurod tomonidan sodir etilgan, zargarlik do‘konidagi o‘g‘rilik vaqtida, do‘kondorlarni qo‘rqitish uchun shiftga va devorga otilgan to‘pponcha o‘qlari bilan mos keladi. Qo‘lga olish jarayonida ushbu to‘pponcha aniqlanmaydi.

    — Yaxshi, yaxshi. Men sizni yetarlicha eshitdim. Lekin muammo nimada, shuni…

    — Tushuntiraymi, menga qara Komil. Axir ko‘rmayapsanmi, ikkita go‘dak bekorga o‘lib ketdi. Nima uchun? Kissavur hammasini tan oldi. Hozir sherigim uni ro‘yxatdan o‘tqazayapti. Kel yaxshisi biz bilan hamkorlik qil. Keyin ortga yo‘l qolmaydi. Qolgan ishlaringni unutaman. Menga qotilni ismini ber, shuni o‘zi yetadi. Faqat tezroq Chayqovchi, tezroq o‘yla yo‘qsa fikrimdan qaytib qolishim mumkin. Qotillik berkitadigan ish emas.

    — Mayli, to‘g‘ri aytasiz boshliq. Bu safar qutilishni imkoni yo‘qqa o‘xshayapti. Taklifingizni qabul qilishdan o‘zga choram yo‘q ko‘rinadi. Men o‘shanda arzimagan mol evaziga Kissavurdan olgan o‘yinchoqni, uzoq vaqt o‘zimda saqlab yurdim. Ha, adashmasam uch yil. Kim bilsin, ko‘chada har xil odamlar bo‘ladi, qolaversa dushmanlarim ham etarlicha, sizga aytsam. Lekin, bir oy avval oldimga bir yigit keldi. Menga qora bozordagi pul savdosi bilan shug‘ullanadigan odamlarim olib kelishdi uni. Undagi ko‘kat hajmi kattaroq ekan. To‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashishga nima yetsin, bunaqa xaridorlar bilan. A, o‘sha yigit. Xullas pulni maydalagach, mendan yana — o‘zingiz tushunasiz, pulni hidi hammaga birdek yoqadi, menga yana bir narsa topib berolmaysizmi, deb so‘radi. Shunday qilib men, unga o‘yinchoqni berib yubordim. Tekinga. Axir darvozangni har kuni ham million raqamli toza pullar taqillatavermaydi, kapitan.

    — Yaxshi uni ismi, ko‘rinishi shulardan gapir. Qolganiga tupurdim.

    — Oh, janob katta, menda uning telefon raqami ham bor. Hoxlasangiz uni ham beraman. Biroq, siz uni topishingizga ishonasizmi, topdingiz ham deylik. Hamma ish ana o‘shandan so‘ng murakkab tus olishni boshlasa nima qilasiz? Qiziq siz uni qo‘lga olgach, aybini isbotlay olmasangiz, qanday ko‘yga tushasiz?

    — Bu yog‘i bilan ishing bo‘lmasin. Bo‘shsan, surishtiruv ishlari tugaguncha shahardan tashqariga chiqa ko‘rma. Fuqaroni kuzatib qo‘yinglar…

    Chayqovchi to‘g‘ri aytgan ekan. Bu la’nati katta zodagonning erkatoy o‘g‘li bo‘lib chiqdi. Uni qo‘lga olib tavakkal qilish ahmoqlik. Advokatlar galasi ishimdan ayirishi ham hech gap emas. Katta baliqlar bilan, yo‘q qilib bo‘lmas dalillarga asoslanib ish ko‘rish kerak. Qolaversa sherikdan ham umid yo‘q. Hamma gap uning pulga suyagi yo‘qligida. Kelib chiqadiki bu ishda pand berib qo‘yishi mumkin. Axir bejizga «O‘zingni ehtiyot tut, qo‘shningni o‘g‘ri ko‘rma» deyishmagan xalqimizda. Shunday qilmasam, yolg‘iz ishlamasam bo‘lmaydi. Hamma umid boshliqdan. Avazovni chalg‘itib, boshqa ish berib turishlarini so‘ramasam, ish oldiga siljish bermayapti.

    Sopi emal yog‘ochidan ishlangan, stvoli kumush rang toza temirdan quyilgan A.Q.Sh mahsuloti bo‘lgan, Kovboylarning Revolver Gonxeri. O‘q sig‘imi sakkizta. Amerikadan to O‘zbekistongacha yetarlicha yetib kelgan. Bu la’nati davlat qurol sotib daromad topadi, qurol sotib dunyoni boshqaradi. Hayriyatki bizgacha kovboylarning birgina antikvar to‘pponchasi yetib kelipti xolos. Nima? Antikvar. Jin ursin. Nega avvalroq o‘ylamadim? Ha, albatta. Eski, telba sotuvchimizni yo‘qlamasam bo‘lmaydi shekilli. Nega buni avvalroq o‘ylamadim a? Tentak, a-a-ah tentak-a.

    — Xush kelibsiz janob, nima xizmat?

    — Xizmatingni pishirib ye. Kolleksionerni chaqir.

    — Bu erda unday odam…

    — Hoy, yugurdak. Unga borib ayt, dedim. Yana, eski do‘stingiz yo‘qlab kelibdi o‘zini Erkul deb tanishtirdi, degin. Bor tez.

    — Bunga hojat yo‘q, o‘rtoq kapitan. Sen bo‘shsan, bor xaridorlarga qara. Xo‘sh, kapitan, kel. Nima xizmat? Axir bizlar eski qadrdonlarmiz. Biz sen bilan ko‘p kechmishlarni boshdan o‘tqazdik. To‘g‘ri emasmi gaplarim? Shunday ekan, qani aytchi menga, mendan nima istaysan?

    — Ha, Botir og‘a. Biz sen bilan eski qadrdonlarmiz. Vodiydagi kartina ishi hali ham faoliyatimdagi eng katta ish bo‘lib turipti. Undagi jinoiy guruh a’zolarini, to‘lig‘icha qo‘lga olmaganimni boshqarmadagilar bilib qolsa bormi? Mayli gapni qisqa qilaman. Qarzingni qaytaradigan payt keldi, Kolleksioner.

    — Axir biz bunga kelishmagan edikku. Shundoq ham senga yetarli ma’lumotlarni berganman o‘shanda. Ortig‘ini so‘rashga haqqing yo‘q deb qo‘rqaman.

    — O‘zingni bos, Botir og‘a. Ikkita qotillik ro‘y bergan. Yosh juftlik to‘yi oldidan shafqatsizlarcha otib tashlangan. Hoxlaysanmi yo‘q, bu ish senga daxl solishi mumkin. Albatta, maboda yashirin xonangdagi savdoda, kovboylar to‘pponchasi yotgan bo‘lmasa agar, men sen bilan tanish emasmiz. Sulhimiz o‘z kuchida qoladi.

    — Nima? Kovboylar to‘pponchasi? A-a-ah, jin ursin. Maraz. O‘zim ham o‘ylagan edim, bu g‘alamiz bir ish qilgan deb.

    — Kolleksioner, u sendami? Gapir tezroq. To‘pponcha sendami?

    — Ha, menda, menda. O‘zingni bos, qariya. Men bilan yur. Ko‘nglim sezgandi. Shuning uchun ehtiyotimni qilib mahsulotni qo‘lim bilan teginmagan edim. Shunday ekan, o‘sha g‘alamizni barmoq izlari qurolda saqlanib qolgan. Faqat hisobotingda meni nomimni tushirib qoldirasan degan umiddaman. Mana ol, senga aytsam, o‘sha yigitcha ahmoq ekan. O‘rnida men bo‘lganimda quroldan darrov qutilar edim.

    — U ahmoq emas, Botir og‘a. Shunchaki erkatoy, uni qamata oladigan odam topilishiga ishonmaydi u.

    — Yaxshi, nima bo‘lgan taqdirda ham, meni qamoqqa tushishim mumkin emas. Bilasan-a, u yerdan omon qaytmayman.

    — Bundan tashvish qilma, dalilni o‘z ixtiyoring bilan topshirganing uchun, bir yo‘lini topaman. Bu aniq. Mayli qari tulki. Omon bo‘l.

    Mana, nihoyat. Nihoyat maqsadimga erishdim. Bu yog‘i endi, tergovchi letinant A’zamovga bog‘liq. Nega u? Chunki boshqarmada undanda halol, o‘z ishiga sodiqroq zobit bo‘lmasa kerak. Uni ishga bo‘lgan muhabbatini, hech qanday pul evaziga sotib olib bo‘lmaydi! Qolaversa qotilni qamatishga guvohlar ham, dalillar ham endi yetarlicha. Kuzatuv kameralari jinoiy joyni bo‘lmasa-da, jinoyatchini suratga tushirgani ham aniqlangan. Avtoulov turargohida. Sababni aniqlash qoldi, xolos.

    — Turinglar, Sud kelyapti…

    Ana Sud hukm o‘qiyapti. Otasining taltayib ketgan erkatoyiga Jinoyat Kodeksining uchta moddasi bo‘yicha, umumiy  o‘n sakkiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llanildi. Xonada ko‘zyoshi qilib, dard chekib o‘tirgan ota-onalarning oldida, oz bo‘lsada yuzim yorug‘ bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zaro tortishib qolgani uchun, bir yigit boshqa bittasini qaylig‘iga qo‘shib o‘ldirib yuborishi va qolgan umrini xazon qilishi aqlga sig‘maydi. Biroq qonundan qochib bo‘lmagani kabi, kim bo‘lsang ham avvalambor odam bo‘l. Alal-oqibat bugun ta’tilimning ilk kuni. Birinchi qiladigan ishim, to‘yib uxlashdir.

    — Allo…

    — Kapitan Parpiyev, shahar markazida qotillik ro‘y beripti, zudlik bilan manzilga etib boring.

    — Anvarov, o‘zing bilan qahva olib ol.

    2021 yil, Marg‘ilon

    Farhod Eshonov

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting