Mariya Sukerkiya. She’rlar

0
369
ko'rishlar soni

Mariya Del Kastilo Sukerkiya — kolumbiyalik shoira, yozuvchi, musahhiq, adabiy agent va tarjimon. 1997 yilda Kolumbiyaning Barrankilya shahrida tavallud topgan. Asarlari ingliz, bengal, arab, grek, italyan  tarjima qilingan. Bir qancha xalqaro adabiy festivallar ishtirokchisi. Tarjimon sifatida Chilining “Altazor”, Meksikaning “Cardenal”, “El Golem”, “Palabrerias”,  Kolumbiyaning  “Cronopio”,” Vive Afro”, ”Raiz Invertida” va  “Burdelianes poetry” kabi adabiy nashrlari bilan hamkorlik qiladi.

  1. YASHNAYOTGAN TUSHLIK

(BLOOMING DINNER)

Ma’zur tutinglar

Yuragimga ko‘p yaqin bo‘lgan

Qurib qolgan binafshalarim

Sizib tushdi bu jarohat

Ko‘kragimdan otilib nogahon… 

Sho‘ng‘igancha qiyofang endi

Ajalga monand quyosh aksiga

Stol ustida yotar yastanib.

Shakl-u shamoyil 

Borasida ketsa gap-

Tashnalikdan uzilgan jonim.

Aqldan ozmagin sira

O‘ylab bu og‘riqli xotirani

Kulgin ustimdan

Tek qo‘y

Menga yuzma-yuz

Huv uzumzoring cho‘zsin bo‘y

Vujudimdagi shifobaxsh kuchni

Tarqatish-chun aynimay turib.

Yomg‘irlaring tovushi

Bosib ketar

Gulbarglarim ko‘z yoshlarini

Hosiling boli esa

Namlaydi lablarimni

E’tiqodim- og‘zingdan ho‘plamoq sharob

Yuragingda gullab-yashnab.

Ishqning sendagi tish izlari

Majbur qiladi

Tirikligimni his qilishga.

To‘ldirishar uchrashuv joyini

Binafshalarim

Muqaddas tushlik-chi

Yerlarimizni bog‘lar chambarchas.

Bardoshing bug‘doy dalalarini

Yoqutrang tirqishim ichida

Nish urishiga hozirlar zamin.

Nurli erkalash

Oltin tikanlarni ko‘tarar

Sharobga liq to‘la finjonlar

To‘qnashar jannatni sug‘orish uchun.

2. CO‘NGGI GULLASH

(FINAL BLOOM)

Osmon bir so‘z demaydi menga

So‘zlar paxta ila o‘ralgan

Men bo‘lsam qonimni

Tozalayman uning

Momiq va oppoq sukunatida.

So‘ng yomg‘irni his qilaman

Biroq  musiqasiga

Unutaman tushmoqlikni raqs.

Boshim yoddan chiqarmas

Uning barmoqlarini

Qushlar qo‘shig‘ini xirgoyi qilarkan

Minglab olxo‘ri daraxtlari

Yer yuzi bo‘ylab tarqalgan chog‘da

Mangulikka daxldor ovozi bilan.

Novdalarim yuragimga ergashmas

Xavotir olaman

Qanday gullab yashnashni o‘ylab.

Ufqda quyosh tashlanmas ko‘zga

Tong yig‘laydi

Toshqin orkestri o‘ynashi uchun

Yaratilgan ohang muqaddimasidek.

Bog‘imga qaytmas hech ko‘klam

Yorug‘lik sari burolmayman yuz

So‘nggi tilagim esa

Qiyg‘os ochilgan atirgullarim

Iforini bir marta tuymoqlik yana.

3. EHTIROSLAR FASLI

    (PASSIONS SEASON)

Polda yotar nilufar gullar

Ilitolmas bu o‘rmonni ishqing

Sariq ko‘z yoshlarim

Yashil liboslarin qo‘msar ularning. 

Huvillagan alpozda tabiat rangi

Jannatga olib kelar

Shamol haydab g‘uborlaringni

Lekin yo‘qdir

Urug‘ ekmoq uchun bachadon.

Bu kuzakda bordir iforing

Erkalayman u bilan

So‘nib bo‘lgan istaklarimni.

Shivirlaydi qulog‘imga

Urug‘lar muhim, gullarmas deya

Shamshiringdagi kumushrang izlar.

Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting