KULGULI LEV NIKOLAYEVICH

0
169
ko'rishlar soni

esse

Tolstoyning “Tirilish” romani bo‘yicha ko‘pchilikka savol berishni yoqtiraman. Uni o‘qiganlarga ham, o‘qimaganlarga ham. Odatda bir savolga berilajak javoblar bir-biridan tubdan farq qiladi. Bu tabiiy. O‘nta odam- o‘n xil, yuztasi- yuz xil fikrlaydi. Ammo bu savolimga negadir faqat bir xil mazmundagi javoblarni olaman. Necha yildirki, shunday bo‘ladi. Aytaylik savolim bitta ham emas, ikkita. Biri quyidagicha:

-Siz bir fohishaning ortidan  yashash uchun risoladagidek sharoiti bo‘lmagan, juda sovuq va ovloq yerlarga ketgan bo‘larmidingiz?

Bu birinchi savolim. Mazmuni shunday uni. Juda g‘ayrioddiy-a? Na pardalangan, na qog‘ozga o‘ralgan. Uni o‘rtaga tashlaganimda aksariyat tanishlarim hayron bo‘lib,  bunday savol mendan chiqqaniga ishonishmagandek ko‘zlarini baqraytirib ochishadi  va men xuddi Mars yoki Oydan kelib qolgan o‘zga sayyoralikdek aft-angorimga cho‘chibroq  qarashni boshlashadi. So‘ng, bir lahzada holatlari o‘zgaradi-da, ro‘paramda serrayib turishgancha qah-qax urib kulib yuborishadi.

-Tentaklik bu, -deyishadi barchasi kulgudan ko‘zlari yoshlanar bir ahvolga kelib. Bo‘yinbog‘lisi ham, tizzasi yirtiq shim kiyib yuradigani ham, bouling yoki bilyard “jinnisi” ham. Hatto ovozlaridagi kinoya miqdori ham, mazaxga tutingan kulgulari ham o‘xshashlikda yangraydi. -Fohisha ortidan ketishning o‘zi bir katta tentaklik!

 Bular Lev Nikolayevichning dunyoga mashhur romanini  o‘qimaganlar bo‘lishadi.  Ya’ni birinchi guruh. Shartli ravishda shunday deya qolaylik. Javoblarni birma-bir yig‘ib ulardan ortgach, shu savol bilan romanni o‘qiganlarga yuzlanaman. Ular yuqoridagilar kabi  eksklyuziv bashara va kinoyali alpozda meni qarshi olishmaydi, albatta. Na kinoya qilishadi, na xaxolab kulishadi. Shunchaki jiddiylik ramkasiga tushib olishadi va o‘zlarini ojiz sezib, sekin-sekin bosh chayqashadi baraka topgurlar:

-Mumkin emas bu. Hayotda mumkin emas.

Birinchi savolga tegishlicha javob olingach, ikkinchi savolni shu taxlitda ikkala guruhga beraman.

-Agar o‘sha fohisha siz tufayli shu ko‘yga tushgan bo‘lsa-chi? Deylik bokiraligidan o‘z vaqtida siz pastkashlarcha mahrum qilgan bo‘lsangiz uni.

Shunda ham hech nima o‘zgarmaydi. Tavba deyman o‘zimga o‘zim yoqamni ushlaganimcha. Bir Yaratganning dargohi bo‘lgan yiroqdagi osmonu falakka, bir tanamizning mangu dargohi bo‘lgan qaro yerga qarab og‘ir xo‘rsinaman. Romanni o‘qimaganlar bir tuklari ham o‘zgarmay xuddi o‘sha alpozda ro‘paramda gavdalanishadi. Atrofimda yana kinoya, yana kulgu ko‘tariladi. Bilyard tayoqchasi yoki bouling sharini ushlagan tukli qo‘llar paxsa qilingan holda ro‘paramda rassom qo‘llaridagi palitra kabi  harakatga tushadi. Qulog‘im ostida “katta tentaklik” degan so‘z tag‘in tinmay jaranglaydi. Ketidan inson bolasining chegara bilmas hissizligini guvohi bo‘laman.

-U holda biz o‘zimiz bokiraligidan mahrum qilgan barcha fohishalarning etagidan tutib, ortidan yurishimiz kerak ekanda-a?

Romanni o‘qiganlar ham o‘zlarida biror bir o‘zgarishni sezdirmay, o‘z odatlariga binoan yana o‘sha ramka ichida boshlarini og‘ir-og‘ir chayqashadi.

-Bu ilojsiz narsa. Aqlning bu bilan chiqishishi qiyin.

Shu yerda bu mavzuni yopaman. Balki vaqtinchaga, balki abadul abad.  Ortiq davom ettirishdan naf yo‘q deyman o‘zimga o‘zim. Bo‘g‘zimga tiqilgan alamni yutishga, ichimni tirnashni boshlagan nafratni bo‘g‘ishga, yuragimni ezayotgan harsangtoshdek keladigan qayg‘uni uloqtirib tashlashga besamar urinaman. Jamiyat va insoniyat uchun og‘riqli va zalvorli bo‘lgan mazkur ikkita savolni boshimda ko‘tarib yurishim, tomirimdagi qonlarim bilan mudom sug‘orib yashashim ko‘zimga o‘larcha mantiqsizlikdek tuyuladi.

Ehtimol adabiyotshunos yoki yozuvchilar bunga jo‘yali va asoslangan fikrlar bilan javob berishar. Biroq bundan menga, borgan sari chirkinlashib ketayotgan bashariyatga va istalgan illatga o‘zidan joy topib berishdan charchamayotgan bu qo‘hna dunyoga nima naf?! Adabiyotshunos va yozuvchilar o‘z yo‘liga. Ular jamiyat va insoniyatning atigi bir foizini ham tashkil qilishmaydi. Ular o‘zlari bokiraligidan mahrum qilgan fohishaning ortidan Sibir yoki Sahroyi Kabir qadar  ketishgani bilan bani bashar tafakkuri va yuragida bu borada hech nima o‘zgarib qolmaydi. Bir foiz ichida uyg‘onajak vijdonni to‘qson to‘qqiz foiz ichidagi befarqlik, ma’suliyatsizlik va tubanlik bosib ketadi.

O‘ylashimcha, “Tirilish” ni o‘qigan yoki o‘qimaganlar u yoqda tursin, hatto barcha zamon fohishalari ham Nexlyudovning Maslovaga nisbatan hatti-harakatlarini tushunmagan bo‘lishsa kerak. Ular kulishganmi yoki jiddiy turib bosh chayqashganmi? Menimcha ular yuqoridagi tuturuksiz va yuragida sariq chaqalik insoniyligi bo‘lmagan  birinchi guruh kabi Tolstoyning ustidan kulishgan. Shunday taxmin tegramda ko‘p kezadi. Balki ikkinchi guruh kabi o‘zlarini ramka ichida ojiz tutishgandir. Bu yerda romanni ular o‘qishgan-o‘qishmaganining ahamiyati yo‘q. Reaksiya bildirishlari uchun mazmunidan qisqacha xabardor bo‘lishlari yetarli  nazarimda.

Ehtimol o‘n to‘qqizinchi asr fohishalari kir qalin pardalar derazasiga yopilgan, oyoq ostida ichki kiyimlar tartibsiz ravishda sochilib yotgan, javoni ustida yarmigacha bo‘shatilgan sharob shishalari, yuvilmagan bokallar va ichi sigor qoldiqlariga to‘la burqsayotgan tamakidon o‘ziga xos ansamblni tashkil qilgan, bir burchida tonggacha beo‘xshov g‘ingshiydigan shaloq grammafon o‘rin olgan xonalarida necha-necha erkakning yalang‘och badani-yu a’zolariga guvoh bo‘lgan irkit divanlarida yonboshlagancha, sonlarigacha ko‘tarilgan ko‘rgazmali paypoqlarini ko‘z-ko‘z qilib, qonlari suyuqlashib ketganidan tomirlari bo‘rtib chiqib turgan oyoqlarini chalishtirgan ko‘yi, erkak zoti qo‘lida aylanaverib osilib ketgan ko‘kraklarini tungi ko‘ylaklari orasiga erkin qo‘yib yuborib, erkak zotining istalgan tana a’zosi ta’mini totgan og‘zilaridan sigor tutunini pag‘a-pag‘a chiqarib, ichaklari uzilgudek bo‘lib kulishgandir.

Yigirmanchi asr fohishalari  katta yo‘llar chetida tungi osmon manzarasidan tik turgancha bahramand bo‘lgan holda, yo‘l chetiga to‘xtagan istalgan raqamdagi va rangdagi duch kelgan mashinadan qirg‘iy kabi o‘tkir ko‘zlarini uzmasdan, siniq bolalik xotiralarini mulzam tortib eslagancha allaqachon mazasi tugagan og‘zilaridagi saqichni chaynay-chaynay, tibbiyot yordamida shishirilgan va qizartirilgan lablariga lab bo‘yog‘ini xirgoyi qilgancha har besh-o‘n daqiqada qaytadan bo‘rttirib surtib, ta’mir talab va qishda na isitiladigan, na tuni bilan yorug‘lik uzilmaydigan  xonadonning muzdek mehmonxonasida qo‘shmachi bilan surbetlarcha savdolashishgancha, otasi tengidan tortib o‘spirin yoshigacha bo‘lgan mijozlari ehtiyojini qondirib ketgach, xizmat haqi sifatida ular qoldirgan pullarni uzun tirnoqlarini o‘ynatib sanash bilan ovora bo‘lgan chog‘larida  dumalab-dumalab kulishgandir.

Yigirma birinchi asr fohishalari esa kulishadimi yo‘qmi – buni aniq ayta olmayman. Boisi ular o‘zlaridan oldingi qatlamdan farqli ravishda umuman mutolaa qilishmaydi. Na kitob, na gazeta, na jurnal o‘qishadi. O‘tgan asrdagi fohishalar har tugul onda-sonda kitob varaqlashardi xafsala qilib. Bir xil ish takrorlanaverganidan davomiy zerikishning oldini olish va o‘zlarini bir pasga chalg‘itish uchun jilla qursa sarguzasht yoki detektiv asarlar o‘qishardi. Aleksandr Dyuma va Agata Kristi romanlarini desak yanayam to‘g‘riroq bo‘ladi. Nari borsa jurnal yoki gazetadan bosh ko‘tarishmasdi. Ular bu ishni kostyumi cho‘ntagini aqchaga to‘ldirib, xotinidan ko‘ngli qolganini bezbetlarcha aytishdan uyalmaydigan, o‘z hayvoniy hirsini jilovlashga ojiz bo‘lgan katta-yu kichik mijozlarining keti uzilgan yoki son-sanoqsiz erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishgani bois zaxm kasalligiga chalinib, arzon kasalxonalarda haftalab davolanishgan paytlarda amalga oshirishadi.

U paytlar kino va televideniye yo‘q edi. Aniqrog‘i hali ommalashmagandi bu san’at turlari. Shu tufayli qorong‘u kechalarda tunni tongga ulab zerikmaslik uchun ham ular kitob, gazeta yoki jurnal titkilashardi. Ehtimol mana shunday kechalardan birida ular Tolstoyning ustidan kulishgandir. Maslovani adabiyotshunoslarga o‘xshab Bibi Maryam o‘rnida yoki Nexlyudovni Iso Masih o‘rnida emas, realistik rutbaga da’vogarlik qilgan asarda boshidan oxirigacha sarson ko‘rsatilgan va o‘z vijdoni bilan bahsda noreal tuyulib qolgan idealistik rakursdagi ikkita ahmoq o‘rnida ko‘rishgandir.

Hozirgi zamon fohishalari Tolstoyni bilishmaydi. Qayerdan ham bilishsin. Ular kitob o‘qishsinmi yo erkaklar ko‘nglini ovlashsinmi (aslida boshqa kasb egalarini ham ulardan farqi yo‘q. Ular ham kezi kelganda  kitob o‘qishga kasblari sabab vaqtlari yo‘qligini pesh qilishni sevishadi) Shuning uchun ular “Tirilish” romani, Nexlyudov va Maslovalarning ustidan kulishadi yo‘qmi, buni boshqa yo‘l bilan sinab ko‘rish mumkin. O‘sha yo‘lni topish aytarlik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Qalovini topsa qora yog‘adi deyishadi-ku!

Masalan, barcha fohishalar bir yerga to‘planadi. Majlislar yo tadbirlar zaliga. Qaysi biri qulayroq bo‘lsa o‘sha erga. Majlislar zalida o‘ta rasmiyatchilikka yo‘g‘rilib ketadi muhit. Tadbirlar zali bo‘la qolsin shuning uchun. O‘sha yerda ularni o‘rindiqlarga bir qator qilib joylashtiriladi. Oldingi qatorlarga tajribali va o‘ta ehtiroslilari, orqa qatorlarga nisbatan yoshroqlari. Keyin nutqi ravon, matnni dona-dona qilib va pafos bilan o‘qiydigan notiq “Tirilish”ni ularga o‘qib beradi. Shu yerda o‘qib beradi deyish noto‘g‘ri-da. Negadir yopishmayapti. Butun boshli romanni o‘qib bersa, umrida gazeta ham o‘qimagan asrimiz fohishalari zerikib qolishadi. Balki romanga adabiyotshunoslar tomonidan yozilgan taqrizlardan birini o‘qib berar. Yo uning mazmunini aniq va lo‘nda qilib gapirib, chaynab, og‘zilariga yutishlari uchun solib qo‘yish maqbul yo‘lmikin? Nexlyudovni Maslova ortidan Sibirga ketish sahnasini, uni vijdon azobida qiynalib mulohaza va kechinmalar orasida o‘zini ne ko‘ylarga solib obdon o‘rtanishini, Maslovaning parokanda bo‘lgan hayoti hamda ichki ayollik dunyosini va hokazolar haqida notiq to‘xtalsa menimcha fohishalar sira zerikishmaydi. Sitseronga o‘xshagan iste’dodi ham bo‘lishi kerak-da uni. Qo‘lidagi matnni shunchaki o‘qib berishining nima qizig‘i bor?!

Shunda ham baribir ular qotib-qotib kulishsa kerak. Xuddi o‘n to‘qqizinchi va yigirmanchi asr fohishalari kabi. Shakl o‘zgargan bo‘lsa-da, mohiyat o‘zgarmasa qiyin-da baribir. Tolstoy romanini o‘qimagan jamiyatning odatiy qatlami kulgan, o‘qigan ziyoli qatlami esa ishonchsizlik bilan bosh chayqaganda tanosil hastaligiga chalinib, omonatini topshirguncha tubanlik ichida umr kechiradigan jirkanch fohishalar nega kulishmasin?! Ular ham kulishadi yuqoridagi birinchi guruhga yo havas qilishib, yo shunchaki romandagi epizodlar ko‘zlariga kulguli ko‘rinib. Hatto nazarimda bosh chayqashmaydi og‘ir-og‘ir. Shunchaki kulishadi. Alam bilan, iztirob bilan, kinoya bilan. Xullas ming bir yo‘sinda tuslanib. Ular Maslova ortidan Nexlyudovni Sibirga  ketishini tasavvur qila olmay kulishadi. Qayerdan ham tasavvur qilishsin?! Bokiraligini yo‘qolishiga sababchi bo‘lgan erkaklarni ular esidan chiqargan, hatto eslay olishmasa. Ular haqida o‘ylash tugul qanday ko‘rinishda bo‘lgani xotiralaridan ko‘tarilgan bo‘lsa. Qayerdan ham tasavvur qilishsin?! O‘sha erkak ular ortidan kelib, xatosini to‘g‘rilash uchun  o‘ziga turmushga chiqishlarini so‘rashi  u yoqda tursin, bir marta ”men onasining qornidan Yerga razillik qilish uchun tushgan maraz o‘shanda senga nisbatan ifloslik qilganimni tan olaman” degan mazmunda maktub yuborib qo‘ymagan yoki begona raqamdan bo‘lsa-da qo‘ng‘iroq qilib yo‘l-yo‘lakay  kechirim so‘ramagan bo‘lsa. Ular kulishadi, shubhasiz. Nega kulishmasin?! Qotib-qotib kulishadi.  Lev Nikolayevichning ustidan kulishadi. O‘z qismatlari  Maslovaga o‘xshagani uchun emas, Nexlyudov kabilar bir umr faqatgina mana shunday romanlar sahifalarida qolib ketishini o‘ylab kulishadi.

2021 yil, yanvar.

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting