TO‘Y

    0
    253
    ko'rishlar soni

    hikoya

    O‘qimayman endi she’r,

    Ko‘nglim vayron, dilim yer.

    Sanam opam kelmadi,

    To‘ylaringni qilaver.

            Ro‘zmon Keldiyor

       Panjarali ochiq darvozadan hovliga to‘g‘ri kirib bordim. Uy eshigidan qo‘lida non tugilgan dasturxon bilan Risolat yangam chiqib qoldilar. Demak, biznikiga to‘yga ketyaptilar, chunki quroq dasturxonga to‘yga borilayotganda non tugiladi-da.

      — Kel, Quvonchbek. Uylaringda to‘y bo‘layotgan bo‘lsa, sen nimaga bunaqa yuribsan?

      — Sanam opam qayerda? — dedim men kattalardek jiddiy ohangda, yangamning savoliga javob ham bermay.

      — Opangning yoniga keldingmi? Opang oshxona tarafda bo‘lsa kerak, bilmadim, qarab ko‘r, — oshxona tarafga o‘tdim. Oshxonaning yon tarafida devorga suyab qurilgan tandir bor, Sanam opam ko‘pincha o‘sha tandirning panasida o‘tirib bir nimalar to‘qirdi, yoki qanaqadir kitob o‘qib o‘tirardi. Hozir ham o‘sha yerda bo‘lsalar kerak, deb, to‘g‘ri o‘sha yerga bordim. Sanam opam shu yerda ekan, lekin har doimgiday emas, qo‘llari bilan yuzini to‘sib olgan.

      — Opa! — dedim xavotirli ohangda. Sanam opam menga bir qarab oldi-da yana tezgina yuzini qo‘llari bilan yopib oldi. Yig‘layotganini bildim. Etim jimirlab, tanam sovib ketdi. «Nega yig‘laydilar opam? Kim xafa qildi ekan? Men qachondan beri kutayotgan kunda nega Sanam opam yig‘layaptilar? Yo Risolat yangam to‘yga borishga ruxsat bermaganmikan-a..?»

      — Opa, to‘y bo‘lyapti, biznikida to‘y bo‘lyapti. Ketdik. — dedim men ham yig‘lamsirab, entikib — entikib kuchliroq yig‘lay boshladilar. Nima deyishimni ham, nima qilishimni ham bilmasdim, faqatgina mening ham yig‘lagim keladi, Sanam opamni quchoqlab yig‘lagim keladi. Men ham o‘tirib oldim. Shu damda nimadir degim kelardi, nimadir deb opamga taskin bergim kelardi. Nima deyman? O‘zi opam nimaga yig‘layapti? Kim xafa qildi? Bilmayman. Yonlarida o‘tiraverdim, shunday qilsam, huddi opamning dardi engillashadigandek, yarmi menga o‘tib qoladigandek edi. Gap nimadaligini bilmasam-da qalbimda chuqur hamdardlik bor edi.

       — Quvonchbek, bu nima o‘tirish? Uylaringga bor, — dedi opam mening haliyam shu yerda ekanligimdan jahli chiqqandek. Men xohlamaygina, o‘rnimdan turib darvoza tomon yurdim. Hovlidan chiqib uyimiz tarafga emas, biz mol boqadigan ariq yoqasi tomonga yo‘l oldim. U yerda hozir hech kim yo‘q, ayniqsa qishloqda to‘y bor kunlari hamma bola molini ertaroq borib o‘tlatib keladi-da, to‘p-to‘p bo‘lib to‘yga borishadi.

    Ariq bo‘yiga tezroq yetib borishni istardim, chunki judayam yig‘lagim kelyapti, ko‘chada esa yig‘lab bo‘lmaydi, halaqit beradiganlar ko‘p. Tez-tez yurib borar ekanman yo‘lda uchragan bolalar gap otib qolishadi. Hammasi biznikiga to‘yga ketishyapti. Men bilan uncha chiqishmaydigan bolalar ham meni ko‘rib so‘rashib qoladi, bu odatiy hol — uyida to‘y bo‘layotgan bolaga har doim shunaqa yaxshi gapirishadi, chunki palovning go‘shtli joyidan yeyishlari kerak, stollarda turgan gazli suvlarning ham asosiy «himoyachisi» menga o‘xshagan yosh bolalar bo‘ladi, shuning uchun yaxshi muomala qilib qolishadi, o‘zingdan bir — ikki yosh katta bolalar ham yelkangga osilib «oshna — oshna», deyaveradi. Bariga qo‘l siltab, hech narsa demay ariq bo‘yiga ketardim. To‘ydan butunlay ko‘nglim qolgandi, chunki to‘y kuniga rejalashtirgan hamma ishlarim Sanam opam bilan bog‘liq edi, Sanam opamsiz bo‘lmasdi.

    Har doim «vecher»larga kiyib boradigan yashil kuylagini kiyishlari kerak edi, men esa doimgidek opamning yonidan jilmay qishlog‘imizning yomon yigitlari kelsa, opam aytgandek ularni urishardim. Ular baribir menga tegisholmaydi, chunki akamdan hammasi qo‘rqadi, ayniqsa, armiyaga borib kelganlaridan keyin. Sanam opamning dugonalari ham meni erkalatib qo‘yardi, «Quvonchbek Sanamning himoyachisi», deyishardi…

    «Yoki Sanam opamni akam xafa qildimikan, to‘yimga borma degan bo‘lsachi. Ha, akam xafa qilgan, tunov kuni ham «Bo‘ldi, Sanamlarnikiga borma», degandi menga. Nega unaqa qiladi? Opam yaxshilar-ku. Bermayman. Sanam opam yozgan xatlarni senga bermayman, o‘zimda olib qolaman endi. To‘yingni ham anavi ichadigan oshnalaring bilan qilaver. Men shu yerda o‘tiraman, bormayman to‘yingga, she’r ham aytmayman, o‘ynamayman ham. Sanam opamni sen xafa qilgansan, armiyaga ketganingda ham yig‘lagandilar, o‘shandayam sen xafa qilgansan…» ariq yoqasiga borgunimcha ham, tol tagida o‘tirganimda ham faqat shu gaplar xayolimdan qayta-qayta o‘tardi.

     Qancha o‘tirdim, bilmayman. Tog‘amning o‘g‘li kelib olib ketdi. Qancha harxasha qilsam ham, to‘yga olib ketdi.

    Goh ayam, goh otam qo‘limdan olib davraga sudraydi. Ularning qo‘lidan yulqinib chiqib chetga o‘tib ketaman. Bu hol bir necha marta takrorlangach ayamning jahli chiqib, urishib berdi.

       — O‘ynamayman. To‘ylaringni o‘zlaring qilaveringlar. Kerakmas! — dedim men yig‘lab, hamma menga qaradi. Oradan daqiqa ham o‘tmasdan hammasi joyiga tushib, mendan e’tiborlarini olishdi. Yosh bolaning oddiy injiqligiga yo‘yishgani aniq, mening ichimda nima borligini qayerdan ham bilishardi. Hech qaysisining xayoliga Sanam opam kelmasdi, hammasi qiyqirib, xursand o‘ynab yotishibdi kattalar ham, bolalar ham.

    «Sanam opamni hammang yig‘latgansan.»

    *     *     *

       Sanam opam avvalgidek  burnimni chimchilamaydigan, qulog‘imdan beozor tortqilab erkalamaydigan bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham ularnikiga deyarli har kuni borardim. Opam boshqacha bo‘lib qolgan, umuman avvalgiday emas. Deyarli kulmasdilar, har doim g‘amgin yuradilar, ishlarini ham qo‘l uchida qiladi, Risolat yangam esa urishadi. Opamga hamdard bo‘laman, nima gapligini aniq bilmasam ham shunday qilaveraman. Ortlaridan qolmayman, ularga qo‘shilib men ham g‘amgin yuraman, ba’zi — ba’zida mayusgina jilmayib yuzimdan o‘pib qo‘yadilar, shunaqa paytlarda ko‘nglim yorishgandek bo‘ladi, opam meni oldingidek yaxshi ko‘ryaptilar deyman. Ammo, bu shunchaki, minnatdorlik belgisi ekanini his qilaman. Shu asnoda oradan uch oy vaqt o‘tdi.

     Sanam opamning to‘yi bo‘ldi. Sanam opamni olib ketishdi. Sanam opamni yig‘latib olib ketishdi. Sanam opamni to‘y qilib olib ketishdi…

     Risolat yangamlarnikiga bormaydigan bo‘ldim, lekin har kuni bo‘ylayman, opam kelgandir deyman. Yo‘q, opam kelmaydi. Tunlari o‘ylab chiqaman, «Opam kechqurun kelib ketayotgan bo‘lsachi, men bilmay qolayotgan bo‘lsamchi», deyman.

     Har kuni ikkita sigirimizni ariq yoqasiga boqib kelaman. Uydagilar «Bo‘ldi, endi mol tashqaridan bir narsa olishi qiyin» deyishadi, lekin men baribir xaydayveraman, chunki Sanam opam kelsalar bexabar qolmay deyman, mol boqish bahonasida Risolat yangamlarning uyining oldidan o‘taman, to‘xtab-to‘xtab o‘taman, yo‘l qarab — yo‘l qarab o‘taman. Bolalarga qo‘shilmayman, bir chekkada o‘tiraman. O‘zi mol boqadigan bolalar siyrak bo‘lib qolgan, shunisi yaxshi. Panalab — panalab yig‘lab olaman, nimadir deb yig‘lagim keladi, kimnidir ayblab yig‘lagim keladi, lekin nima deyman? Faqat g‘o‘ldirayman, nima deyayotganimni o‘zim ham bilmayman, yig‘layman.

    Ba’zida qandaydir ish bilan Risolat yangamlarnikiga borib qolsam, so‘rayman deyman — Sanam opam haqida, qachon kelishlari haqida, ko‘p narsani so‘ramoqchi bo‘laman, lekin so‘rolmayman, nimadir ushlab qolaveradi, qanaqadir bema’ni chegara turadi. Faqat alam qiladi.

     O‘sha kuni har doimgidek sigirlarimni uyga haydab kelayotgandim Risolat yangamlarning darvozasi yonida turgan mashinaga ko‘zim tushdi, sigirlarimni yo‘lga solib yubordimda o‘sha tarafga yurdim. Sanam opam kelganini ko‘nglim sezib turardi, deyarli ikki oydan beri kutaman, axir… Darvozaning qiya ochiq turgan eshigidan boshimni suqdim: hovlida begona odamlar yuribdi. Sanam opamni ko‘rdim. U meni ko‘rmadi, mehmonxonaga kirib ketdi. Xursandligimdan shoshib hovli ichiga yugurdim, lekin iymanibmi, boshqa sabablimi uy yoniga yetmasimdan to‘xtab, turib qoldim. Avvallari bu hovlida o‘z uyimdagidek yurardim, endi esa begonalashib ketgandekman, shu o‘tgan vaqt davomida bu hovli meni unutgandek, mendan «Kimsan?», deb so‘rab turganday tuyilardi. Qo‘lida patnisda nimalardir kutarib Risolat yangam chiqib qoldi. Negadir menga hayronlik aralash sovuq nigoh bilan qaradilarda oshxonaga kirib ketdi.

       — Quvonchbek, uylaringga bor sen. Bu yerda yurma. — dedi Risolat yangam oshxonadan chiqqach. Gaplarini sovuq ohangda aytdimi, yo menga shunday tuyildimi, xo‘rligim kelib ketdi. Qanday tez kirgan bo‘lsam shunday tez chiqib ketdim, chunki allaqachon yig‘lay boshlagandim.

     Yana ariq bo‘yiga yo‘l oldim. Tol tagiga yetishni kutolmasdim, yo‘lda yig‘lab borardim, o‘ksib-o‘ksib yig‘lardim, alam bilan yig‘lardim. La’natlar o‘qirdim, o‘zim bilmagan, qancha o‘rinsam ham tushunolmagan sabablarga la’nat aytardim. O‘zimdan ayb izlayman, Sanam opamni mendan uzoqlashtirgan, Risolat yangamni menga yomon qaratgan aybimni izlayman. Topolmayman. Yana nimalardir deb yig‘layapman, ammo «opa» degan so‘zimdan boshqasini tushunolmayman. Yig‘imning ovozidan o‘zim qo‘rqib ketdim qanaqadir vahimali edi. Og‘zimni kaftim bilan yopib yig‘layman, endi faqat shunaqa yig‘lashimni bilib yig‘layman, yig‘imga ham bema’ni chegara qo‘yib yig‘layman.

     Holsiz bo‘lib qoldim, jim bo‘lib qoldim, ulg‘ayib qoldim. Badanimni titroq bosib, sovuq yegandek bo‘ldim. Ichim bo‘shab qoldi. Xayolimda bir gap qoldi: «Hamma to‘y qiladi, demak, hamma yomon.»

    2020-yil

    Shahobiddin Luqmon

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting