Qirg‘iziston Yozuvchilar milliy uyushmasi va Chingiz Aytmatov nomidagi «Issiq-Ko‘l forumi» xalqaro tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra, o‘zbek tilida ijod qiladigan O‘shlik yozuvchi Begijon Ahmedovning «Sayyoh» asari «2020 yilning eng yaxshi kitobi» deb e’lon qilindi. Adibni ushbu yutuq bilan qutlagan holda, asar haqda yozilgan taqrizni e’lon qilamiz.
O‘zini izlagan odam
(taqriz)
Qardosh yozuvchi Begijon Ahmedovning “Sayyoh” qissasini o‘qib tugatar ekanman, ko‘nglimda anchadan beri yig‘ilib turgan savollarimga bir qadar javob olgandek bo‘ldim. Darhaqiqat, falsafiy, ruhiyatni boyituvchi, javobsiz so‘roqlaringga javob topishga ko‘mak bo‘luvchi asarlarni qayta-qayta o‘qiging kelaveradi. Muallif garchi Qirg‘izistonda tug‘ilib yashab kelayotgan bo‘lsada, asarni o‘zbek tilida bitgani, albatta quvonarli. Uni o‘zbek kitobxonlariga targ‘ib qilish foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero biz O‘rta Osiyo xalqlarining turmush tarzi, muammolariyu o‘y fikrlari bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketgan.
Kitobni varaqlarkanman, mening e’tiborimni avvalo, har bir bobga qo‘yilgan aforizmlar tortdi. Hikmat va maqollar shunchalik ustalik bilan tanlanganki, o‘sha bobning mohiyatini ochib beradi. Hind maqollaridan tortib Rumiygacha, Drayzerdan tortib Navoiygacha, ko‘plab biz bilgan va bilmagan allomalardan go‘zal va tarbiyaviy iqtiboslar keltirilgan. Bobdan bobga o‘tar ekansiz, o‘zingiz uchun yangi aforizm va maqollarni kashf etib boraverasiz. Qissaga bejiz “O‘zligini anglagan – Robbisini anglaydi” hadisi epigraf qilib olinmagan. Ushbu jumlalar asarning bor bo‘yini shu to‘rt so‘zda ifoda etadi.
Asar nomiga kelsak, kitob mohiyatiga nisbatan biroz sodda tuyuldi: Sayyoh. Ha, qahramonimiz chindan ham sayyoh, ammo u oddiy sayohatchilardan ancha farq qiladi. Asar g‘oyasi – eskirmaydigan mavzuni qamrab oladi: inson nega tug‘iladi, nima uchun yashaydi, maqsadlari, orzulari qanday, insoniyatning muammolari, Yaratganni izlash va ruhiyatni tozalash. Syujet chizig‘ida ikki obraz turadi: Anvar Aliyev hamda Ona ayiq. Ikkisining o‘z hayoti bor, taqdir ularni bir yerda uchrashtirdi. Yarim oy davomida ular nimani topdiyu, nimalarni yo‘qotdi, asar davomida bilib borasiz.
Badavlat odam nega birdaniga qo‘rqmay kimsasiz yerlarga jo‘nashga qaror qildi? Yo‘q, u “qurollanib” olgan: zamonaviy texnologiyalarning barchasi bor ediki, bitta tugmachani bosishi bilan uning xavfda ekanini bilib vertolyotda qutqarish uchun zudlik bilan yetib keladi. Lekin u qiyin ahvolda qolganda ham yordamga hech kimni chaqirmadi.
Anvar Aliyev shaharda qalbini saqlab qolmoq uchun ko‘p harakat qildi, ammo zamona shunday ediki, dinsizlikka asoslangan sobiq tuzum parokanda bo‘lgach ilmni tijoratga almashtirishga majbur bo‘ldi, kitob o‘rniga jarag‘-jarag‘ pul ushladi, oqibatda yolg‘iz qolmoq va o‘zligiga qaytmoq uchun sayyoh bo‘lishga, odamlardan uzoqlashishga ahd qildi. O‘sha davrda u qatori ko‘plab bilimli, ilmli odamlarga jabr bo‘ldi. Z.Freyd, A.Dyuma, Balzakni, nihoyat Hayyom ruboiylarini yod olgan ma’naviy yetuklikka intilib yashovchi insonning bardaniga tijorat sohasiga o‘tishi, texnologiyalar olamiga sho‘ng‘ishi, maishatga ko‘milishi, ustozlar sabog‘i o‘rniga ta’magirlarning yaltoqlanishlari oxir oqibat uni dunyodan bezdirdi.
Asarda shu bilan birga Ona ayiq obraziga ham to‘xtalinadi. Ayiq – tabiat ramzi sifatida tanlangan. U shunchaki ikki dilbandi bilan tinch yashashdi istaydi, ammo odamzot bunga halal beradi. “Qoravoy”i otib o‘ldirilgach, Ona ayiq voqeligida kulminatsiya o‘quvchi yuragini larzaga soladi. Qotil ham o‘z jazosini oldi. Bu manzarani kuzatib turgan Anvar esa ushbu vaziyatda o‘z turiga – insonga emas, ayiqqa chindan achindi. Tabiatga zarar yetkazayotgan insoniyatdan nafratlandi.

Yozuvchi an’anaviy tibbiyot, matematika, tarix, zamonaviy meditsina, tabiatshunoslik, falakiyot, dinshunoslik, adabiyot kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirgani, qissani yozish uchun ancha muncha izlangani sezilib turadi. O‘quvchi nafaqat voqealar rivojiga kirib ketadi, balki o‘zi bilmagan kerakli ma’lumot va faktlarni ham yodida saqlab qoladi. Jumladan, ayiqlarning yo‘qolib borayotgani haqdagi faktlar, o‘simliklarning foydali jihatlari, zamonaviy texnologiyalarning xususiyatlari haqdagi ma’lumotlar kitobxonni bilimiga bilim qo‘shadi. Qissada bir qator muammolar ham ko‘tarilgan. Deylik, shaharliklarning kasallikka chalinishga moyil bo‘lishi, kimyoviy dorilarga ruju qo‘yishi, oqibatda immun tizimi shikastlanishi, shifokorlarning dorixonalar bilan yashirin til biriktirishi, bemorlarning cho‘ntagini shilish uchun kerakli-keraksiz tekshiruvlarga jo‘natishi kabi holatlar afsus bilan tilga olinadi. Qahramonimiz Anvar Aliyev ham bu kabi hodisalardan bezdi: u tanini sog‘lomlashtirish, ruhiy orom topish va Xudoni tanish uchun Robinzon Kruzo yo‘lini tanladi. Robinzon-ku, falokat tufayli kimsasiz orolga borib qoldi, ammo Aliyev buni o‘zi ixtiyor qildi. Bu qarorga kelish odamdan katta jasorat talab etadi. Darvoqe, Xudoni tanish. Qahramonimizni dinsiz deya olmaymiz, u Yaratgan borligiga ishonadi. Unga taqdirning tuhfasi bo‘lgan rafiqasi Nasiba namoz o‘qishga qancha targ‘ib qilmasin, Aliyev buning uchun o‘zida kuch topolmaydi. U ibodatlarni majburan emas, qalbi buyurgani uchun qilishni istaydi, lekin bu istakni kuchaytiruvchi manbaani topolmaydi. Ehtimol, unga azon aytuvchi muazzinning ohangi yoqmagani uchundir, balki ota-onasi diniy ta’lim-tarbiya bermagani, kommunist g‘oyalarini singdirib yashagani uchundir, ehtimol g‘arb falsafiy kitoblarini ko‘p mutolaa qilgani uchundir… Shularga qaramay, u Xudoni tanishni, topishni, topinishni istaydi. Kimsasiz makonda, o‘zi bilan tanho qolib u Xudoni topa olarmikin? Qissaning tuguni shu savoldan boshlanadi.
Asarda jamiyatimizdagi ayrim insonlar tanqid ostiga olinadi. Masalan, Xaj ziyoratini o‘tab qaytgan ayrim xojilarning asl yuzi ochishga harakat qilinadi, Allohning uyiga ruhini tozalash, gunohlardan forig‘ bo‘lish uchun emas, el ko‘ziga Xoji bo‘lib ko‘rinish, o‘zini ko‘z-ko‘zlash uchun otlangan; o‘z shahrida spirtli ichimlikdan totishdan uyalib, xorijda qadah cho‘qishtirayotgan odamning kirdikorlariga guvoh bo‘lgan Anvar Xajga borish niyatini keyinga suradi. Keyinchalik ortga surish fikri xato ekanini Subuday darasida Hakim otadan olgan saboqlari tufayli anglab ketadi. Hakim ota obrazini ramziy ma’noda olsak, iymon timsoli deyish mumkin. U Anvarning to‘g‘ri yo‘lni topishiga katta yordam berdi, Yaratganning o‘zi ularni uchrashtirdi. Bundan tashqari, din niqobidagi buzg‘unchi terroristlar, o‘zini xarob qilayotgan giyohvandlar, pul uchun hech balodan qaytmaydigan brokonyerlar obrazlari ham bejiz kiritilmaganki, ularning qilmishlari qahramonimizning kimsasiz darada kechirayotgan hayotiga bir qadar daxl qiladi, ammo Anvar Aliyev barcha sinovlarni engib o‘tadi.
Uni turli balolardan tasodiflar emas, Yaratgan asradi. Jinlar darasidan sog‘ chiqishida ham, ochlik azobidan tabiatning o‘zi asraganida ham, qo‘llari boylanganda ayiq bolasi yordam qilganida ham, tog‘dan qulab soyda cho‘kib ketganida ham hikmat bor edi. U hali yashashi, o‘zini anglashda davom etishi kerak! Zero Yaratganning istagi shudir. Agar istasa bir xas bilan ham jonini olishi mumkin edi, ammo Nasiba aytganidek, u erini Yaratganga topshirdi, eson-omon qaytib kelishiga qattiq ishondi. Ishonch esa hamisha kuch bag‘ishlaydi.
Anvar Aliyev yarim yildan so‘ng qadrli darani tashlab uyga qaytganida qanchalar o‘zgargan edi, nimalarni topgandiyu nimalarni tark etgandi, buni asar nihoyasida bilib olasiz. Ma’naviyat inqirozga yuz tutayotgan bugungi asrimizda iymon, e’tiqod, diyonat kabi tushunchalarning yo‘q bo‘lib ketmasligini istagan muallif kechinmalari kitobxonga ham yuqadi. O‘z ruhiyatini boyitishga, Yaratganni tanishga, chin inson bo‘lib yashashga bel bog‘lagan odamlar bor ekanki, insoniyat halokat yoqasiga borib qolmaydi.
Publitsistik ruhga yaqin janrda yozilgan ushbu qissada ko‘plab foydali manbaalardan foydalanilgan. Ba’zi o‘rinlarda badiiylikdan ko‘ra maqolaviylik ruhi seziladi. Darvoqe, qissa real hodisalarga asoslangan, qahramonimiz yon atrofimizdagi insondir, ehtimol, siz ham uni tanirsiz. Uning ruhiyati shunchalik sizga yaqindirki, balki uni o‘z o‘rningizga qo‘yib mutolaa qilgandirsiz.
Xulosa qilib aytish mumkinki, “Sayyoh” qissasi Tolstoyning “Iqrornoma”si singari azaliy savollarga qahramon tilidan javob izlaydi. “Iqrornoma”dan farqi o‘laroq, savollar, muammolar, vaziyatlar o‘zbekona, bizga yaqin, tanish holatlardir. Anvar Aliyev umri davomida aql-tafakkurini o‘stirdi, boyligini oshirdi, ammo Yaratganni va o‘zligini topish yo‘lida olis safarga chiqdi va niyatiga bir qadar etdi. Oldinda uni yana yangi safarlar kutib turibdi. Ushbu safarlar ko‘ngilli kechishida esa biz kitobxonlar qahramonga sabr va qanoat tilaymiz.
Nodirabegim Ibrohimova