Bugun Yozuvchilar uyushmasida bir nechta yangi asarlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jumladan, shoir Shodmonqul Salomning «She’r sayyorasi» nomli kitobi ham muxlislar uchun kutilgan sovg‘a bo‘ldi. Unga shoirning 200 ortiq saralangan she’ri kiritilgan. Kitob “Adib va jamiyat” rukni ostida “Adabiyot” nashriyotida chop etildi. Quyida kitobga kirgan sara she’rlarni e’tiboringizga taqdim etamiz.
Tangrim, meni “yo‘q” de so‘raganlarga,
Manzilimni o‘chir yuraklaridan.
Tush ko‘rganday bo‘lsin bul qari morboz,
Sira ko‘rinmayin istaklarida.
Yo‘q, qo‘l siltamadim, tushundim xolos,
Asli erta chiqdi mening savodim.
Buncha ko‘ngli nozik ko‘ngil bergansan!
Ruhimning taqvosin buzdi hayotim.
Tangrim, karaming keng, qattiq yashirgin,
Odam bo‘yi yetmas joylaring borku.
Qushlarning tushiga meni yashirgin,
Va’dangda tug‘ilmay yashash ham borku!
Yuragim sovqotdi, nazar qil, Egam,
So‘raganimni ber, so‘rmagandan qo‘rq!
Ustimni yopib qo‘y, ochilmas qilib,
Bilasan – ustimni ochgiligi yo‘q!
***
QISH
Keksa kampir un elar,
Kelinlarni shoshirib.
Ilohiy tuxumlarni
Oq supraga yashirib.
Yo‘llarning chetlarida
Maktabdan qaytar izlar.
Sumkada qor, bilmasdan
Qaytib kelyapti qizlar.
O‘zi bilmay ulg‘ayar,
Nigohlar—o‘t, kamalak.
Qizlarning siynasini
O‘stiradi yaxmalak.
Qorboboning burnini
G‘ulomquyon yeb qochgan.
Qorning jim-jit shovqini
Pok yuraklarga ko‘chgan.
Tokchalarda gultuvak,
Mehmon qizday jim, hayron.
Pechka turar gurillab,
Mezbon cholday mehribon.
Uylarning mo‘rilari
Qo‘shni uyga boqyapti.
Yangi tushgan kelinchak
Qorda gilam qoqyapti.
Yonboshlab yotar dala,
Ketmon ta’tilga chiqqan.
—Tomdan tushgin, hey bola,
Avayla, yiqilasan.
Urchuqdagi so‘zondan
Ertak to‘qiydi kampir.
«Murodga yetmay» bola
Uxlab qoldi baribir.
Shundan beri uxlayman,
Shundan beri umrim tush.
Bu murodli uyqudan
Uyg‘ongim kelmas emish.
Keksa kampir un elar…
***
Cho‘pon hikoyasi
Qor yalagan shamollar
Yomg‘ir olib qaytadi.
Yolg‘iz bo‘ri uvullab,
Tunga singib ketadi.
Besaranjom, domangir,
Iniga olov ketgan.
Jufti-yu bolalarin
Nomardlar pulga sotgan.
O, uning makonini
Joni ichra jonini.
Zamin-u osmonini,
Butun bir vatanini
Nomardlar pulga sotgan
Bo‘ri ovulga yaqin,
Qari itlar hid olar.
Bu ovulda bir kuchuk
Tug‘ilmish — bo‘ri bilar.
Jondor olar kuchukni
Keksa cho‘pon biladi.
Kechalari yashirib
Naprachlarga soladi.
G‘ingshiydi hali go‘dak,
Bo‘rining bolasiday.
Lek ko‘zida bir olov
Yashinning tolasiday.
Buni bo‘ri sezadi,
Har tun yaqin keladi.
Bir to‘p galvars ko‘paklar
Suruvga berkinadi.
Cho‘pon bilar bu tog‘da
Faqat bir jondor qolgan.
U ham o‘lsa onasi —
Shu tog‘lar qasos olgay.
O‘q bo‘shaydi, havoda
Ajal hayron muallaq.
Pusinib kelar jondor,
Ajal qachon bo‘lsa naqd.
Bo‘rining ko‘zlariga
Qarab, chidab bo‘lmaydi.
O‘lsa, alamdan o‘lar,
Yo‘q ajaldan o‘lmaydi.
Jondorning hasratidan
Keksa cho‘pon vayron, lol:
Men befarzand odamman,
Kel, mening bo‘g‘zimdan ol.
Nigohlar so‘ylashadi,
Alamlar bo‘ylashadi,
Chol miltiqqa suyangan,
Bo‘ri g‘amga tayangan.
Bir vatandan ayrilgan,
Bir vatansiz qarigan.
Nigohlar tillashadi,
Tuyg‘ular sirlashadi.
Xuddi qadim dunyoday,
Xudolar birlashadi.
Chol o‘rtanar, jondorsiz
Xosiyatsiz bu tog‘lar.
Bo‘rining ko‘zlarida
Egasiz turar dog‘lar.
Men so‘ngi odam emas,
Bu esa so‘ngi jondor.
Bo‘ri anglar, bu cholning
Yo‘qlik degan kami bor.
Chol va jondor tonggacha
Kiprik qoqmay turarlar.
So‘ng qorda iz qoldirib,
Ikki tomon yurarlar.
U chol marhum. Lek tog‘da
Hanuz cho‘ponlar yurar.
Mol yo‘qotgan kishilar
Bo‘ri galasin ko‘rar.
***
«TOSHKENT BILAN TANISHUV»
Toshkent, men bugun keldim
Yo‘q “kecha” kelganim yo‘q.
Oftobingdan jon oldim,
Hali jon berganim yo‘q.
Ostonangga kelganda
Yolg‘onlarni o‘ldirdim.
Huzuringga yonayotgan
Yuragimni keltirdim.
Yuragimni to‘ldirdi
Jayhunning viqorlari.
Senga salom aytdilar
Boysuntog‘ning qorlari.
Seni yo‘qlab keldim men,
Hayratlarning dastida.
Isyon qilmoqda bulbul
Qovurg‘amning ostida.
Toshkent, uni tinglagil,
O‘zing yetgin dodiga.
Xiyobonlar solmoqda
Qodiriyni yodiga.
Anhoringda baliqlar
Oybek bo‘lib “qaqshaydi”.
Xayol surgan majnuntol
Mirtemirga o‘xshaydi.
Toshkent, baxt so‘rab keldim
Baxt nimadir aslida?
Mening telba safarim
Faqat so‘zning qasdida.
Toshkent, mendan kulmagin,
Toshkent, bunday qarama.
Mayli, shafqat qilmagin,
Faqatgina aldama.
***
XITOB
Lab titramay, kiprik qoqmay, nigoh uzmay,
Uxlamasdan, tush ko‘rmasdan, ta’bir tizmay,
Asrlardan asrlarga tommay, sizmay,
Sado bermay, qimir etmay, qadam uzmay,
Yuraklarning faryodini bilmay, sezmay,
Burovdagi qo‘rg‘oshin ruh olam kezmay,
O‘t kuydirgan qanotlarni qayta yozmay,
Jim turishda kim yutarkin – shartni buzmay,
Turganlardan bir bor rostin so‘rarim bor,
Ko‘rganlarin ko‘nglim bilan ko‘rarim bor.
Asrlarning gardi bor bu tegirmondan,
Jonni yanchib, shon chiqargan lomakondan,
Dil tashlasa alam chiqqan u tomondan,
Armon solib quvonch kutgan go‘l insondan,
Do‘l* og‘zidan sachrab qochgan bitta dondan,
Chumolini aldab yurgan Sulaymondan,
Navbati hech kelmayotgan shul dehqondan,
Sukunatdan kar bo‘p qolgan olomondan,
Imo qilib, nido qilib so‘rarim bor,
Poylariga tiz cho‘kib zor borarim bor.
Ko‘nglimga tun cho‘kkanda sham yoqolganlar,
Parvonaning dog‘iga jim boqolganlar,
Bir ohiga chohdan bandi chiqolganlar,
Qamishlarni shamol chalsa, yig‘lolganlar,
O‘zi yonib, o‘zi o‘chib chidolganlar,
Hur qiz ketib payg‘ambarni tug‘olganlar,
Oppoq tongni ko‘zlarida sog‘olganlar,
Yonog‘imga, derazamga yog‘olganlar,
Bilmaganim bildiring-ey, so‘rarim bor
Ko‘nglim ko‘rmoq istaganni ko‘rarim bor.
Qay asrda oq suyagim topsa kulol,
Tokchasiga olib qo‘ysa, qilmay uvol,
Bir bag‘riqon qo‘lga olsa, kelmay malol,
G‘uborimni, hasratimni artib ro‘mol,
Ko‘hna nay deb chalar bo‘lsa, vayronu lol:
Meni yoqib o‘chirmasdan ketgan shamol,
Yo oftobning nazaridan topgan kamol,
Yo yomg‘irning pardasidan berib jamol,
Yo esnagan yuraklarda o‘lgan savol –
– Tillariga she’rday takror kelarim bor,
Bandi ruhga taskin berib turarim bor.
Manzilim – yo‘l, yo‘lim – hijron, borarim bor,
Aytarim bor, tilarim bor, so‘rarim bor.
*Do‘l – tegirmonning don solinadigan bo‘g‘zi.
***
Zebo, qo‘llaringni olma qo‘limdan,
Oltin kipriklaring terma yo‘limdan,
Ne istasang kutgil junun tilimdan,
Fosh bo‘lgim kelyapti mening shu kecha.
Zebo, hayotimda shamol bo‘lib yel,
Ko‘nglim qirg‘og‘iga suv ichgali kel,
Kiyikday suvga kel, suvlar tubida
Tosh bo‘lgim kelyapti mening shu kecha.
Armonday eshilgan soching tollari,
Isyonga o‘xshaydi ko‘zing yo‘llari,
Zulfingdan xabardor, ko‘zingdan ogoh,
Qosh bo‘lgim kelyapti mening shu kecha.
Zebo, iqbolimga dunyo bo‘ylolmas,
Kamol kamolimga yaqin kelolmas,
Bu jonni olmasang, bu jon o‘lolmas,
Losh bo‘lgim kelyapti mening shu kecha.
Ey, o‘t, otashingda uch umr ko‘rdim,
It umrim soyadek ortingdan yurdi.
Qush umrim qalbingda qafasda turdi,
Oshiq umrim, mana, ming yoshga kirdi,
Yosh bo‘lgim kelyapti mening bu kecha.
Besh dona oqqandday beshta barmog‘ing,
Yomg‘irli tunimni asta chertadi.
Zebo, qo‘llaringni olma. Qo‘limdan
Shu kecha hayotim o‘tib ketadi.
Zebo, qo‘llaringni olma qo‘limdan,
Hilolday termulay tirnoqlaringga.
Beshta oy chiqmoqda bitta tunimdan,
Besh oy botib ketgan titroqlaringga.
Zebo, qo‘llaringni olma qo‘limdan,
Fosh bo‘lgim kelyapti mening shu kecha…