Gijjalar

0
259
ko'rishlar soni

Xaruki Murakami

 (hikoya)

Uni ko‘p yillardan buyon biladigan kishi sifatida aytishim mumkinki, o‘ziga tegishli bo‘lgan narsani miridan-sirigacha eslab qoladigan noyob xotira egasi edi u; shu bois menga u o‘zi bilan bog‘liq g‘alati qusish hodisasini qachon boshlanib, qanday to‘xtaganini juda aniq qilib aytib bera oldi. U birinchi marta 1979 yilning quyoshli to‘rtinchi iyunida qusishni boshlagan va o‘sha yilning o‘n beshinchi iyuligacha davom etgan bu hol. Yosh bo‘lishiga qaramay u yaxshigina illyustrator edi, men u bilan ilk bor jurnal buyurtmasiga ko‘ra sevishganlar uchun reklama maketini birgalikda tuzish jarayonida tanishgandim. U ham menga o‘xshab eski plastinkalarni yig‘arkan, faqat farqi tanishlarining xotini va oyimchalarini yo‘ldan urib ular bilan to‘shakda yotishni yaxshi ko‘rardi bu padari qusur. U nari borsa mendan ikki-uch yosh kichik. Ta’assufki biz uchrashgan choqqacha u juda ko‘p do‘stlari va tanishlarining oyimtillalari va xotinlari bilan yotishga ulgurgan edi. U ko‘pincha ularni ko‘rish uchun borgan, uy egasi bu go‘rso‘xtaga pivo olib kelish uchun chiqqanda, yoki cho‘milayotganda unga tegishli beka bilan jinsiy aloqa qilishga vaqt topa olgan. U bunday holatlar haqida alohida ilhom bilan jo‘shib gapiradi:

— Jinsiy aloqaga nima deysiz? — so‘rayman tuyqusdan deydi u. Ular shoshib qoladi: — Men sizga o‘zim xabar beraman.

— Bu dahshatli ko‘ngil ochar narsa.

Men shunda vaqtni boy bermayman. Amalga oshirish kerak bo‘lgan hamma narsani deyarli yechintirmasdan va iloji boricha tezroq bajaraman.

… Bugungi kunda insoniyatning aksariyati bu jarayonni faqatgina uzaytirishga harakat qilmoqda, buni sezganmisiz? Vaqti-vaqti bilan qarama-qarshi yo‘nalishga harakat alohida ma’noga ega bo‘lishingizga ko‘maklashadi.

Tanish narsalarga bo‘lgan nuqtai nazar o‘zgaradi, bunday pallalarda o, men  zavq dengizida suzaman!..

Albatta bunday jinsiy sayohatlar uni xayolini to‘liq egallagan deb bo‘lmasdi; u o‘lchovli, shoshqin jinsiy aloqalardan o‘zi uchun ma’no topgan. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, agar bularning barchasi uning do‘stlarining suyukli oyjamollari va zavjalari bilan sodir bo‘lsa, u bilan tanish bo‘lishning o‘zi falokat. U meni uqqandek so‘z qotadi:

— Faqat yomon fikrlarni o‘ylamang, sizning xotiningizni yo‘ldan urish rejam yo‘q, aks holda bularni  sizga aytib o‘tirmasdim. Men to‘shakda boshqa erkaklarning rafiqasi bilan bo‘lganimda, ularni men bilan oilaviydek, xuddi o‘z oilasining a’zosi kabi mehribon bo‘lishlaridan hayratlanaman, tushunyapsizmi? Axir bu oxir-oqibat, shunchaki jinsiy aloqadan boshqa narsa emas…

— Siz hech qachon qo‘lga tushmadingizmi? — undan so‘rayman men.

— Albatta yo‘q! Axir qanday qo‘lga tushishim mumkin… — u ovozida biroz afsuslangannamo ritm qo‘shgancha javob beradi: — Tushuning, bunday aloqalar hech qachon fosh etilmaydi, agar siz albatta o‘zingiz xiyonat qilmasangiz… Sizga kerak bo‘lgan narsa bu — aqlingizni yo‘qotmaslik, axmoqona ishoralar qilmaslik va har kimni oldida sirli yuz ifodalari bilan raqiblaringizni o‘zingizga jalb qilmasligingiz. Yana siz uchun eng muhimi, boshidanoq munosabatlaringiz mohiyatini aniq belgilab qo‘yish. Shunday belgilab qo‘yingki, u bularning barchasi shunchaki o‘yin ekanligini tushunib yetsin, buning uchun siz unga hamdardligingizni to‘liqroq  ifoda etishingiz mumkin. Hech qanday davom etish bo‘lmaydi va bundan biror tirik jon azob chekmaydi. Bularni barchasini kinoya bilan tushuntirish kerak.

Bunday «nou-xau» uning uchun doimo va hamma joyda beg‘ubor ishlaganiga ishonish qiyin. Biroq bu arzon shon-shuhrat uchun maqtanishga o‘xshamasdi, har holda men uni shunday taxmin qildim.

— Ha, aksariyat hollarda ayollar o‘zlari shunga intilishadi, — davom etdi u. — Ularning erlari va yigitlarini deyarli barchasi ko‘p tomonlama mendan ustun, ayrimlari odob-axloqiga ko‘ra, ba’zilari aqli bilan, boshqalari esa olatini kattaligi bilan mendan o‘zib ketgan, har holda ular mening do‘stlarim, uncha-muncha bilaman ularni… Ammo men sizga bir sirni aytaman: ayol bularni hech qaysiga ahamiyat bermaydi! Uning sherigi bo‘lish uchun oqilona, muloyim bo‘lish, uni kichik holatlarda ham his qilish kifoya — shunda barchasi ko‘ngildagidek bo‘ladi. Ayolga chindan ham bitta narsa kerak — kimdir nihoyat erning yoki oshiqning turg‘un rolidan chiqib, uning faqat o‘ziga xosligi uchun qabul qilishi, u uchun muhim. Albatta, men o‘ylaymanki tashqi motivlar ham sezilarli rol o‘ynaydi — axir unga bu narsalar kerak, ehtimol hammasi boshqachadir…

— Masalan…

— Aytaylik, masalan, u eridan «eksplatatsiya» uchun qasos olmoqchi balki. Yoki monoton bir xil hayotdan zerikkan. Ehtimol shunchaki o‘ziga eridan tashqari boshqa erkaklar ham qiziqishi mumkinligini isbotlash istagi bordir.

… Men darhol bu kabi holatlarni tushunaman, buning uchun ayolning ko‘ziga qarashim kifoya. Va bu yerda hech qanday «nau-xau» yo‘q. Aksincha qandaydir tug‘ma qobiliyat bor. Bu ba’zilarda bor, ba’zilarda esa yo‘q…

Men uni albatta tushunar edim, chunki u so‘qqabosh.

Qolaversa u ham men kabi musiqa  ixlosmandi bo‘lgani uchun biz yaqin bo‘lib qoldik va vaqti-vaqti bilan eski plastinkalarni o‘zaro almashtirib turardik. Ikalamiz ham asosan oltmishinchi, yetmishinchi yillarning jaz albomlarini to‘plardik, bu musiqiy geografiyada bizning didimiz deyarli sezilmasada, lekin tubdan ajralib turardi deb ayta olaman. Men asosan G‘arbiy Sohilning oq jazz guruhlari bilan qiziqardim, u esa, Koulmen Xoukins yoki Layonel Xempton singari yulduzlarga qiziqardi. Agar unda «Peter Jolli uchligi» aytgan  to‘plamlar bo‘lsa, menda Vik Dikenson standartlari bo‘lardi va tez orada biz plastinkalarni bir-birimiz bilan o‘zaro almashtirardik, tabiiyki, bu hol ikkimizga ham quvonch bag‘ishlardi. Shundan so‘ng biz butun oqshom pivo ichardik, plastinkalarni birga eshitardik, kasetalarning sifati va ijrochilarning xizmati haqida bahslashardik va ko‘pincha muvaffaqqiyatli bitimlarga kelardik. U bizning ana shunday «rekord» uchrashuvlarimizning birida g‘alati qusish hodisasi haqida gapirib qoldi. Biz uning uyida viski ichib suhbatlashib o‘tirardik. Birinchidan musiqa haqida, keyin viski haqida, lekin viski haqida suhbatlashayotganimizda biz allaqachon mast edik.

— Bir marta ketma-ket qirq kun qusdim! — u bu haqda shunday so‘zlay boshladi. — Bu ichimlikdan emas yoki biron kasallikdan ham deb o‘ylamang, mukammal deb ayta olaman sog‘ligimni. Lekin shu hodisa ro‘y bergach, oshqozonim har kuni bir martadan meni olib borib kela boshladi. Tasadduqki, bu hol qirq kun davom etdi, tasavvur qilayapsizmi?! Men deyarli aqldan oza boshladim. Birinchi marotaba 4-iyul kuni ertalab soat sakkizda qusdim.

Biroq bu birinchi marotaba bo‘lgani uchun hech qanday alohida shikoyatga o‘rin yo‘q edi. Kechqurun ko‘p miqdorda viski va pivo aralashtirib ichganim uchun ichimda hammasi aralashib ketgan deb o‘yladim. Kunduzi do‘stlarimdan birining xotini bilan jinsiy aloqada ham bo‘lgandim. Nechog‘ki, 1979 yilning 4-iyuniga o‘tar kecha avvalida shu hol ro‘y berdi. Ertalab hojatxonada bir kun oldin ichgan hamma narsani qaytarganimda bular menga mutlaqo tabiiydek tuyulgandi — hayotda bu kabi holatlar ro‘y berib turadi axir. To‘g‘risi universitetni bitirganimdan buyon bu kabi noqulaylikka hali tushmagandim. Shunga qaramay odam ichganidan keyin ertasi kuni ko‘ngli aynishida g‘alati biror narsa ko‘rmayotgandim. Hamma joyni saranjomlab, bu jirkanch ko‘ngil ag‘darilishini kanalizatsiyaga daf qilgach, xonaga qaytdimda stolga o‘tirgancha ishlarimga tutindim. Sog‘ligim doimgidek  bir xil muvozanatda edi. Kunni nihoyatda mazmunli va quvnoq o‘tkazganim shundan darak berardi har holda. Ishni davom ettirarkanman, tushga yaqin ochiqqanligimni his qildim. Tushlikda bir emas, ikkita sendvichni paqqos tushirdim, — birida dudlangan cho‘chqa go‘shtiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lsa, ikkinchisi bodringlik edi, darvoqe, bir butilka pivo ichganimni ham inkor qilmayman. Yarim soat ham o‘tar-o‘tmas ikkinchi marotaba qusish ro‘y berdi, ikkala sendvich ham oxirgi porasiga hojatxonaga ag‘darildi, yaxshi chaynalmagan non va dudlangan cho‘chqa go‘shti bo‘laklari suvda cho‘kishni istamay suzib yurardi. Bu kabi ko‘ngilsizliklarga qaramay eng kichik darajada bo‘lsa ham biron-bir bezovtalikni boshdan kechirmadim. Men shunchaki qusdim — bor gap shu. Avvaliga tomog‘imga nimadir tiqilganday tuyuldi; lekin hojatxonaga engashganimda tomog‘imni qirguday bo‘lib ko‘zboylog‘ichning shlyapasidan quyonlar, kaptarlar, bayroqlar osongina uchib chiqqanday, ichimdagi boru-yo‘q narsa quyushqondek potrab chiqa boshladi. Men hamon beparvo edim. Qachonlardir talaba bo‘lganimda mast bo‘lganim esimda. O‘shanda avtobusda ko‘nglim ag‘darilgan va o‘zimni dengiz kasaliga yo‘liqqandek his qilgandim.

…Ammo bu safar butunlay boshqacha qusayotgan edim! Bu hissiyotni o‘zgacha ta’riflay olmayman — vohki go‘yo oshqozon tomog‘imga qadar ko‘tarilib kelgandi… Shunchaki yutilgan hamma narsa lop etib tashqariga sakrab chiqardi go‘yo. Hech qayerda muqim turmasdan va tiqilib qolmasdan o‘zini tashqi urardi po‘rtana. Ha bu ko‘ngil aynishi edi, lekin unda qusqu hidi yo‘q, umuman hech narsa yo‘q edi! O‘shanda o‘zimni qo‘lga ola bildim. Ikkinchi marotaba qusish bu hazilakam narsa emas! Albatta qo‘rqib ketdim va o‘sha ondayoq kelajakda bir tomchi ham alkogol ichmaslikka qaror qildim… Ertasi kun ertalab ko‘ngil ag‘darilishi uchinchi marotaba sodir bo‘ldi. Kecha yegan taomlarim ham, endigina nonushtaga yegan murabbom, yana ingliz blinchiklari, hamma-hammasini qaytarib tashladim. Hojatxonadan faromush bo‘lgach, tishlarni yuvib xonaga qaytganimda telefon jiringlayotgandi. Ko‘tarsam qandaydir noma’lum erkak ovozi, u mening ismimni juda aniq biladigandek g‘alati alfozda chaqirdi, javob berishga ulgurmasimdan aloqa uzilib qoldi. Men kechagi xotin bilan bir kun oldin yotganim uchun biror kor hol ro‘y berdimikan deb xavotirlandim.

— Uni eri yoki yigiti bormidi? — so‘rayman undan.

— Qanaqasiga bo‘lmasin, albatta bor, — norozi bosh chayqadi u. — Shunisi qiziqki, men do‘stlarimning barchasini ovozidan yaxshi tanirdim. Ammo go‘shakdagi ovozni birinchi marotaba eshitishim edi.  Ha, bu haqda sizga aytishim kerak bo‘lgan narsa bor!  Tasavvur qiling, bu telba ovoz egasi kvartiramga har kuni qo‘ng‘iroq qila boshladi, tushunyapsizmi?..  Har kuni bir xil, o‘sha g‘alati ovoz, faqat ismimni aytib chaqiradi, so‘ng aloqa uziladi, tasavvur qiling bu holatni?..  Bu mening qusish davrimga to‘liq mos kelgani yana ham g‘ayritabiiy edi menga!

— Men tushunmaydigan narsa bor bu yerda, — undan izoh so‘rayman. — Telefon bezoriligi bilan birovning qusishi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin?..

— Men ham shuni tushunmayapman-da? — og‘ir xo‘rsindi u. — Shu paytga qadar tushunishga qancha harakat qilsam ham baribir nimadir tushunishga monelik qilmoqda. Qo‘ng‘iroq har doim bo‘lardi menga. G‘alati ovoz egasi ismimni aytardi va go‘shakni qo‘yadi. U kuniga bir marta shunday bezovta qilardi meni. Ammo bu nusxa vaqtni ham o‘ziga moslab  belgilardi. Goh tongda, goh tushdan so‘ng, goh yarim tunda qo‘ng‘iroq qilib qolardi u. Bunday vaziyatlarda eng osoni telefonni o‘chirish va uni  ko‘tarishdan xalos bo‘lish. Ammo telefonsiz mening ishim to‘xtardi, inchunun har qanday vaqtda biron xonim qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, tushunyapsizmi?

— Ha, albatta, — dedim men.

Xullas qusishni davom ettira boshladim. Deyarli yegan narsamni qusardim. Qusishim bilan biron kuchliroq ovqat iste’mol qilardim. Kuniga uch marta ovqatlanardim. Balki shu sababdan ham oyoqqa turgandirman. Chunki bir martasini oshqozon hazm qilmasdi. Men o‘zimni ushlab turishim kerak edi. Xudo jonimni olmasa edi, deb o‘ylardim.

— Kasalxonaga bormadingizmi?..

— Shifokorgami? Ha, albatta mahalliy klinikaga bordim. Borganim juda yaxshi bo‘ldi. Ular u yerda meni rengenografiya qilishdi, allaqanday testlar topshirtirishdi, hatto saraton kasaliga tekshirdilar. Qancha tekshirishmasin biron-bir kasallik bo‘y ko‘rsatay demasdi. Oxiri o‘ylay-o‘ylay: «Surunkali oshqozon disfunksiyasi va umumiy stress» degan tashxis qo‘yishdi. O‘zimni esa hapdori ichirib, uyimga javob berib yuborishdi.

Lekin meni alday olishmasdi. Men oshqozon disfunksiyasi nima ekanligini bilaman. Buni bilmasligim uchun eshak bo‘lishim kerak. Disfunksiyada oshqozonda og‘irlik, tomoqda esa chanqoq bo‘lmaydi, ishtaha-da butunlay yo‘qoladi. Menda aksiga olib bu kabi alomatlarning birortasi yo‘q edi. Barchasi aksincha: faqatgina qusish — bundan bo‘lak hech narsa yo‘q edi! Oshqozonni vaqti-vaqti bilan buralishini aytmasa buqadek sog‘lom edim. Stressga kelsak, men unga qayerda va qachon uchraganimni tasavvur qilolmasdim. Axir menda oyimtillalar bilan yotoqda  hammasi yaxshi. Qolaversa har uch kunda basseynda suzishga boraman… Xo‘sh, shunday bo‘lgach, stress qayerdan kelib chiqadi, o‘zingiz ayting?!

— Hmmm… Haqiqatan ham haqsiz, — men nima deyishimni bilmay yer chizaman.

Ha, haqiqatan ham u haq edi, u bor-yo‘g‘i qusardi, bu yerda boshqa gap yo‘q, tamom!.. Ikki hafta ketma-ket har kuni qusdi, kvartirasida esa g‘alati qo‘ng‘iroqlar yangrashi davom etdi. O‘n beshinchi kuni uning sabr-toqati tugab, ishini yig‘ishtirdi-da, hech bo‘lmaganda qo‘ng‘iroqlardan xalos bo‘lish uchun oteldan bir xonani band qilib o‘sha yerga ko‘chib o‘tarkan, xuddi detektivlar kabi shundoq burnining tagidagi televizorni yoqib shu yerda bir-ikki haftani o‘tkazishga qaror qildi. Birinchi kuni hammasi ko‘ngildagidek boshlandi. Tushlikda u qovurilgan mol go‘shti va qushqo‘nmas  bilan salat iste’mol qildi va jismu-joni bu yeguliklarni nihoyatda xotirjam qabul qilganidan quvondi.

Sahnalarning o‘zgarishi ijobiy ta’sir ko‘rsatdimi-yo‘qmi ma’lum emas, ammo taomlar oshqozonda yengil hazm bo‘lgani, go‘yo yaqin orada hech qanday muammo yo‘qligiga ishontirayotgandek edi. Kelishuvga ko‘ra, soat to‘rt yarimlarda mehmonxonaning kofe zalida eng yaqin do‘stining suyukli ayoli bilan uchrashdi, u bilan gilos pirogi yedi va shakarsiz kofe ichdi. Avvalgi safardagidek bu gal ham hech qanday dahshatli oqibatlar bo‘y ko‘rsatmadi. Keyin o‘sha ayol bilan xonaga qaytib birga yotishdi. Jinsiy aloqa vaqtida ham zarracha muammo sezilmadi. Oqshom tushganda u xonimni mehmonxonadan kuzatib yubordi va yolg‘iz o‘zi ovqatlanishga qaror qildi. Otelga qo‘shni bo‘lgan miniaturalar bilan bezatilgan restoranda u loviyali tvorog, Kiota uslubida qovurilgan jo‘xori va bir piyola guruch yedi. Aytish joizki, og‘ziga bir tomchi spirtli ichimlik olgani yo‘q. Kechki ovqatni tugatganida soat olti yarimni ko‘rsatardi. Xonaga qaytarkan, televizorda kechki yangiliklarni tamosha qildi, so‘ng «87-Politsiya bo‘limi» turkumidagi yangi romanni o‘qiy boshladi. Bu paytda soat to‘qqiz edi, u o‘zini bezovta qilayotgan gijjalarni his qilmayotgandi — bunday chog‘ qanday yengil tortmaslik mumkin. Keyingi ikki hafta ichida ilk bor xotirjamlik tuyib bundan zavqlandi. U allaqachon juda xursand edi, axir hamma narsa yaxshi tomonga o‘zgargandi va nihoyat hayot o‘z yo‘liga qaytishga yuz burgandek edi. Kitobni yopib, yana televizorni yoqdi, masofadan turib pult tugmalarini o‘zgartirib kanallarni o‘zgartirdi va alal-oqibat eski g‘arb teledramasini ko‘rishni tanladi.

Roppa-rosa o‘nda teledrama tugadi va kechki yangiliklar dasturi boshlandi. U barcha yangiliklarni qoldirmasdan oxirigacha ko‘rdi, shundan so‘ngina televizorni o‘chirdi. Chindan ichishni xohlayotgandi, shu bois uyqu oldidan viski ichish uchun yuqori qavatdagi barga borishni o‘yladi, lekin darhol bu fikrdan voz kechdi. U ichishni yoqtirardi, ammo kun davomida erishganlarini alkagol ichib, yana loyqalatishni istamasdi. Shu bois karavot yonidagi chiroqni o‘chirib adyolga o‘raldi. Yarim tunda yana telefon jiringladi. U ko‘zlarini ochganida soat 2:25 edi. Uxlab yotgani uchun bemahalda bu shayton telefon nega jiringlayotganini uzoq vaqt anglay olmadi. Boshini zo‘rg‘a ko‘tarib go‘shakni qulog‘iga tutdi: — Men tinglay boshladim, -dedi u menga, — o‘sha g‘alati xira ovoz. U meni ismimni aniq talaffuz qildi, ovozi qulog‘imda qoldi.

— Qayerda ekanligingizni hech kimga aytmaganmidingiz? — hayron bo‘laman men.

— Axir nega aytaman?! Buni o‘sha men bilan yotgan oyimtilladan boshqa hech kim bilmasdi.

— U hech kimga aytmaganmikan?

— Nega u bu haqda birovga aytishi kerak?! — savolni bunday shakllantirishimga rozi bo‘lmaydi u. — Shundan keyin bilasizmi, nima bo‘ldi?! Men hojatxonaga bordim va kun davomida iste’mol qilgan hamma narsamni uzoq vaqt davomida qusdim.

… Guruch, baliq va boshqa hamma narsalarni… Men bu la’nati telefon chaqirig‘iga javoban barcha to‘g‘onlarni ochib yuborganmanu u yerda to‘planib qolgan barcha ashqol-dashqollar go‘yoki o‘zini tashqariga urgandi…

Qusib bo‘lgach, vannaning bir chetida o‘tirdimda, bu jahannamga qanday qilib tushib qolganimni tushunishga harakat qila boshladim. Xayolimga kelgan birinchi narsa: qandaydir hazilkash sadist uzoq vaqtdan beri zavq bilan meni masxara qilmoqda deb o‘yladim. Lekin mening bu otelga kelishimni u qanday bildi, bu alohida jumboq. Ammo bularning barchasida kimningdir shafqatsiz fantaziyasining makkorona loyihasi jamuljam ekanligi ko‘rinardi. Ikkinchi bir holat bilan ham o‘zimni tushunishga urindim: menimcha men eshitish gallyusinatsiyasidan aziyat chekaman shekilli. Garchi «Men o‘z gallyusinatsiyalarimning qurboniman» degan fikrning o‘zi  ham ishonchsiz tuyulsada, uni hozirgi holatimda rad etishim mumkin emas edi. Mening fikrimcha bu hol shunday sodir bo‘lardi: avvaliga men telefon jiringlayotganday tuyuladi va men go‘shakni olaman, keyin go‘yo go‘shakdan kimdir meni ismimni aytayotganday tuyuladi. Aslida esa hech narsa bo‘lmaydi.

…Axir prinsipial jihatdan, bu mumkin, shunday emasmi?

— Shundayku-ya, umuman, — men unga nima deyishimni ham bilmayman.

— Men nima qilganimni bilasizmi?! Darhol mehmonxona ma’muriga telefon qildim va allaqanday kimsani aniqlashtirishda yordam so‘radim. Foydasiz ekan. Ularning aytishicha, faqatgina mehmonxonadan qilingan qo‘ng‘iroqlar ro‘yxatga olinar ekan, tashqaridan qilingan qo‘ng‘iroqlarni ular aniqlay olishmas ekan! Shunday qilib menga qo‘ng‘iroqlar bo‘ldimi-yo‘q, aniqlash imkoni bo‘lmadi — hammasi no’malumligicha qoldi, hech qanday dalilni qo‘lga kiritolmadim, afsus…

Siz shu kecha mehmonxonada fikrlarim necha marotabalab o‘zgarganini tasavvur qilolmaysiz! Men qusishim va qo‘ng‘iroqlar haqida o‘ylardim…

Lekin men bir to‘xtamga kela boshlagandim, har ikala hodisaning ham bevosita va bilvosita o‘zagi birligiga endi zarracha shubham qolmagandi. Agar bular boshqa-boshqa hodisa bo‘lganda ham endi avvalgidek nopisandlik bilan emas, bularga jiddiy qarash kerakligini tushunib etdim…

Otelga yana bir kecha yotganimdan so‘ng uyga qaytdim. Qusish ham, qo‘ng‘iroqlar davom etib borgan sari holdan toydirib borardi. Bir-ikki bor ekspriment uchun men bir oqshomga do‘stlarimnikiga tashrif buyurib ko‘rdim. Ammo la’nati qo‘ng‘iroqlar meni har yerda ta’qib qilishi rost bo‘lib chiqdi! Buni yana bir e’tibor tortadigan jihati, bu xuddi avvaldan buyurtma qilingandek, men yolg‘iz qolganda sodir bo‘lardi! Bu biroz qo‘rquv uyg‘ota boshladi, bunday lahzalarda hatto sochlarim tikka tura boshlaganini payqadim. Menga ko‘zga ko‘rinmas kimdir ortimda turgandek, har bir harakatimni kuzatayotgandek, yolg‘iz qolishimni aniq bilib qo‘ng‘iroq qilayotgandek va har kuni ko‘nglimni ag‘darish uchun iblisona barmoqlarini ichimga tiqib huzur qilayotgandek tuyulardi… Bu paranoid shizofreniyaning alomatlari bo‘lishi mumkinmi?

— Bilmasam, men paranoid shizofreniya tugul, shizofreniyaning o‘zimi bu yoki boshqasimi bu borada sizdan ko‘p narsa bilmayman deb o‘ylayman.

— Gapingizga qaraganda bilmasligingiz ko‘rinib turibdi. Shuning uchun siz shuni bilib qo‘yishingiz kerakki paranoid shizofreniyada hech qachon qusish bo‘lmaydi.

Universitet kasalxonasida bir psixiatr buni menga tushuntirdi. Shunga qaramay meni ularni bezovta qilishim psixiatrlarga ham ma’qul bo‘lgani yo‘q. Ular men kabi «noaniq alomatlar»  bo‘lgan bemorlarni sezishgan hamonoq hozir darhol qabul qila olmasliklarini bildirishadi. «Noaniq alomatlar» bilan kasallanganlar — shahar metropolitenining har bir vagonida hozir ikkitadan beshtagacha uchraydi. Ularning har biri bilan alohida shug‘ullanish uchun kasalxonadagi psixatrlarga kuch va vaqt yetishmaydi… «-Qusayapsizmi?» «Terapevtga uchrashing?» «Telefon bezoriligidan shikoyatingiz bo‘lsa, politsiyaga murojat qiling» Ularning javoblari shunday edi. Politsiya jabrlanuvchidan minnatdor bo‘lmaydigan ikki turdagi jinoyat borligini bilsangiz kerak. Bulardan biri albatta telefon bezoriligi, ikkinchisi esa velosiped o‘g‘irlanishidir. Har ikkala jinoyat turida ham ishlar shunchalik ko‘pki, ularning haqiqiy zarari allaqachon ahamiyatsiz bo‘lib qolgan, madomiki bu ishlarning har biri jiddiy munosabat bilan ko‘rib chiqilganda politsiya idorasidagilar shunchaki falaj bo‘lib qolishardi! Men ularga murojat qilganimda, politsiyadagilar hatto qog‘ozlaridan bosh ko‘tarmagan holda meni tinglashdi:

— Sizga nima kerak o‘zi? 

— Menga anonim qo‘ng‘iroqlar bo‘lmoqda, — holatimni ularga tushuntirdim men.

— Xo‘sh, u sizga nima deydi?..

— Ismimni aytadi nuqul?

— Faqat shumi?

— Ha, shu…

— Mana bu shaklni to‘ldiring, keyin mana bu qutiga tashlang, agar yana biror marta qo‘ng‘iroq qilsa darhol xabar bering…

Mana butun suhbatning mazmuni. Bunday g‘alati narsalar ularga qiziq emas. Umuman hech kimga qiziq emas. Agar buni yana davom ettirsangiz ular sizni jinni deb o‘ylashadi.

…Umuman olganda, men na tibbiyotdan, na politsiyadan yordam kutishim mumkin emasligini angladim. O‘zimni kuchimdan boshqa umidvor bo‘ladigan narsam yo‘q edi. Buni anglaganimda telefon va qusish epopeyasining yigirmanchi kuni o‘tib borardi. Men shu paytga qadar o‘zimni kuchli odam deb hisoblab kelgan bo‘lsamda, shu lahzalardan boshlab, sog‘ligim ham, asabim ham ortiq bunga dosh berolmasligini tushundim…

— Aytmoqchi, siz yotgan o‘sha ayol va do‘stingizni o‘rtasidagi munosabatlar chindan ham yaxshi edimi? — so‘rayman men.

— Bo‘lmasam-chi?! Albatta, yaxshi edi! Do‘stim Filippinga ish safari bilan ketib qolgandi. Ikki haftaga… Siz jumboqning tuguni shu yerda deb o‘ylayapsiz shekilli?!

-Xo‘sh, siz u bilan birga bo‘lganingizda hech telefon jiringlamadimi?

— Ha, yo‘q shekilli… Kundalik tutumimni yaxshi eslayman. Bunday bo‘lgani yo‘q manimcha.

Avval ta’kidlaganimdek g‘alati ovoz egasi faqat men yolg‘iz qolganimdagina qo‘ng‘iroq qilardi! Ta’ajjubki, men ham faqat yolg‘iz qolganimdagina qusardim. Axir keyin o‘ylay boshladim: qanday qilib hayotimni shuncha vaqt yolg‘izlikda o‘tkazdim? Axir o‘ylasangiz har kuni yigirma to‘rt soat yolg‘izman! Mening hayotim bo‘ydoqlikdan iborat. Uyda ishlayman — hamkasblar bilan uchrashishning hojati yo‘q, mijozlar bilan bo‘ladigan barcha muammolarni telefon orqali hal qilaman…

Men yotadigan ayollarning barchasi birovlarniki, hech kim menga ovqat hozirlamaydi. Men doim biron joyda ovqatlanish uchun yugurgilab yuraman va keyin uyga so‘ppayib qaytaman… Men hatto vaqtni o‘ldirish uchun o‘zimga g‘aroyib sport — uzoq masofaga suzishni tanlaganman! Yagona sevimli mashg‘ulotim bugungi kunda hech kim eslamaydigan musiqa plastinkalarini yig‘ish. Men ishda diqqatimni jamlashim uchun albatta yolg‘izlik zarur. Shuning uchun men yangi tanishlar orttirmayman, yoshlikdagi tanishlar yetadi, agar ularni olti oy bir marta ko‘chada uchratsam ham o‘zimni baxtli deb hisoblayveraman… Bu haqda sizga yana nima ham derdim, har holda men shunday o‘ylayman, qolaversa bu hayot sizga ham juda  tanish, shunday emasmi?..

— Ha, qaysidir ma’noda shunday, — rozi bo‘laman men.

U o‘ziga to‘latib viski quyadi, barmoqlarini liqirlatib ichimlikdan ho‘playdi.

— Umuman olganda, — deydi u, — keyin bu haqda ko‘p o‘yladim. Nima qilish kerak va bundan keyin qanday yashashim kerak? Ehtimol endi o‘lgunimcha qusishga va bir telbaning qo‘ng‘iroqlarini tinglashga mahkum bo‘lgandirman.

— Siz uylanishingiz kerak va buning uchun imkoniyatingiz bor, — deyman men.

— Ammo men bunday qilishga qodir emasman!

— Shunchalik oson taslim bo‘lmoqchimisiz?

— Ha, bundan keyin ham butun umr uylanmayman. Achchiq qusish va bir telbaning qo‘ng‘iroqlari tufayli odatlarim va hayotimni o‘zgartirmoqchi emasman! Aksincha barcha jismoniy va ruhiy kuchlarimni jamlab kurashishga qaror qildim va bu qarorim alal-oqibat to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

— Hmmm-mm! — men odatdagiday er chizib turaverdim.

-Xo‘sh, sizningcha buni qanday uddaladim janob Murakami?

— To‘g‘risi… bilmayman. Hatto tasavvur ham qila olmayman, Xudo haqqi! — javob qildim men.

— Ha, mayli, eshiting unda. Xullas, menda gijjalar g‘ulg‘ulasi bo‘lgan qusish va qo‘ng‘iroqlar davom etardi. Hatto ozib keta boshladim. 4-iyunda men oltmish to‘rt kilogramm vaznga ega bo‘lganman. Yigirma birinchi kuni oltmish bir, o‘ninchi iyulda esa naq ellik sakkiz kiloga tushdim. Ellik sakkiz kilo-ya?! Vodarig‘, kiyimlarim egnimga osilib qoldi. Shimni ham qisqartirishga to‘g‘ri keldi.

— Siz qo‘ng‘iroq egasining ovozini magnitafon lentasiga yozib olishga harakat qilmadingizmi?

— Nega qo‘rqayotganimni ko‘rsatish uchunmi?.. Qanday qilib qutilish kerakligini o‘ylab kechalari qo‘ng‘iroq kutib uxlamasligim kerakmi? O, yo‘q! Men bir qarorga kelib bo‘lgandim. Kimdir bir kuni charchashi aniq edi. Yo, men o‘laman, yo u zerikib axiyri to‘xtaydi, ehtimol qusish ham shu bilan yakun topadi. Men shunga ishona boshladim. Ortiq bu taxlit yashab bo‘lmasdi. Vazn yo‘qotishim g‘irt telbalik. Men avvalgidek yashayman va ishlayman degan qarorga keldim… Hatto yana ichishni boshlab yubordim. Ertalablari bir shisha pivo, kechqurun esa viski, azbaroyi yurak nimani xohlasa, shuni o‘zimga ravo ko‘rdim. Chunki endi farqi yo‘q edi. Ichsam ham, ichmasam ham qusardim. Qani mantiq. Menga ichish yaxshiroq tuyuldi, shirakayf holatda hamma narsa osondek edi go‘yo. O‘zimga e’tibor qila boshladim. Bank hisob raqamimdan munosib miqdorda pul yechib olarkanman, o‘zimga yaxshi kostyum va ikki juft shim sotib oldim. Do‘kondagi oynaga qaraganimda hozirgi qotma ko‘rinishimga yangi  kiyimlar binoyidek yarashib turganligini sezdim. Tushunyapsizmi? Qusishda hech qanday dahshatli narsa yo‘qligini his qildim. Aslida gemorroy yoki kariyes kasalligidan odamlar ko‘proq aziyat chekadi. Diareyada undan ham ko‘proq noqulayliklar mavjud.

Men kuniga bir marta qusaman. Saratonga chalinganlar esa, butun umr qiynalishadi. Xullas, o‘ylab qarasam keksalikka qadar menda tashvishlanadigan hech narsa yo‘q ekan… Darvoqe, Amerikada ozishni istaganlarga qusish uchun maxsus tabletkalar berishadi!

— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? — uni mulohazalardan chalg‘itaman men. — O‘n to‘rtinchi iyulda qusish ham, qo‘ng‘iroqlar to‘xtadi, shundaymi?

— Bir daqiqa, hozir aniqlik kiritaman, — kundaligiga ko‘z yugurtiradi u. — Aha!  So‘ngi marta mana, o‘n to‘rtinchi iyul kuni ertalab non qovurdoq, pamidor salati va sut ichgan ekanman, barini qayt qilib tashlaganman. So‘ngi noma’lum qo‘ng‘iroq, oqshom mahal, soat o‘ndan yigirma besh daqiqa o‘tganda bo‘ldi. Bu vaqtda men mijozlarim taqdim etgan mutlaqo hashamatli brend — «Seagram» viskisini ichardim va Errol Garnerning «Dengiz bo‘yidagi konserti»ni tinglayotgandim… Men bularni barini kundaligimga yozib qo‘yganman. Ko‘ryapsizmi, janob Murakami kundalik yozish qanchalik ajoyib!

— Hmm, qulayligi ko‘p! — deyman.

— Shundan so‘ng hammasi yo‘qoldi, -davom etadi u. -Qusish ham, qo‘ng‘iroq ham g‘oyib bo‘ldi! Hitkokning qushlar haqidagi filmi esingizdami? Ertasi kuni ertalab uyning eshigini ochasiz, go‘yo bu dahshatli tushlar bo‘lmagandek, u yerda hech kim bo‘lmaydi… Xullas shundan so‘ng meni hech narsa bezovta qilmadi.

Tez orada vaznim oltmish uch kilogramga qaytdi, tabiiyki yangi kostyum va shimlar shkafda abadiy qoladigan bo‘ldi. O‘tmish xotiralari uchun estalik sovg‘alari ham kerak-ku?!

— Qo‘ng‘iroq qiladigan yigit boshqa bog‘lanmadimi? — so‘rayman men.

U boshini sal chayqab rad etadi. So‘ng nimadir yodiga tushadi shekilli:

— Ha, oxirgi marta biroz boshqacha gap aytdi, — deydi. — Avvaliga har doimgidek, mening ismimni takrorladi. Keyin: — Mening kimligimni tushunyapsizmi? — dedi va jim qoldi. Men javob bermadim, kutgancha tinglab turaverdim. Shunday qilib biz u bilan o‘n besh soniya bir-birimizni kutdik. Mendan sado chiqmagach, u go‘shakni qo‘ydi. Men uzoq qo‘ng‘iroq ovozini eshitdim.

— Faqat shunday dedimi: «- Mening kimligimni tushunyapsizmi?»

— Ha, so‘zma-so‘z shunday. Juda tushunarli va odob bilan aytdi. Meni xotiram pand bermaydi. Har holda, so‘ngi besh yilda bunday ovozli odamni uchratmaganman, bu haqiqat.

— Balki yoshlikdagi tanishlaringizdandir?!

— Men ulardan birini shuncha vaqt jim yurib, endi esa to‘satdan paydo bo‘lib, noma’lum sabablarga ko‘ra, qasos olishi mumkinligini tasavvur qilolmayman. Chunki men umrim davomida hech kimga yomonlik qilmaganman. Hamkasblarim va tanishlarim orasida ham hech kim bilan hatto gap talashmaganman, hech kim bilan dushman bo‘lmaganman. To‘g‘ri, ayollar tarafidan biroz zaiflik joyim bor. Buni tan olaman, o‘zimdan farishta yasamoqchi emasman. Ammo shu ma’noda kimnidir xafa qilgan bo‘lsam, men uning ovozini bittada anglab yetar edim.

— Shunga qaramay munosib odam to‘shakda do‘stlarining ayollarini konveyerini o‘rnatmaydi, — ta’kidlayman men.

— Boshqacha qilib aytganda, siz janob Murakami, o‘ylaysizki, mening xayolimning bir burchida o‘zim sezmagan holda, dahshatli aybdorlik hissi yetilib, tashqariga chiqishga boshqa yo‘l topolmay, gallyusinatsiyalar bilan qusish shaklida o‘zini namoyon qildi, shundaymi?..

— Men bu haqda gapirmayapman. Buni o‘zingiz aytayapsiz, — tuzataman uni men.

— Hmmm, — u viskini ho‘plagancha, shiftga tikilib qoladi.

— Menda bir fikr bor, — deyman men. — Menimcha hammasi juda sodda. Sizning do‘stlaringizdan birovi sevgilisi bilan munosabatingizdan xabar topib detektiv yollagan, u sizni kuzatib borgan va sizga dars berish yoki qo‘rqitish uchun telefon orqali har kuni sizni chaqirgan. Qusish esa bu odatiy xastalik, tasodifan bular bir xil vaqtda to‘g‘ri kelib qolgan. Bor gap shu…

— Ikala taxminingiz ham ishonchli eshitilmoqda, — menga tik boqdi u. — Yozuvchilarning miyasida shunaqa syujetlar keladiki, hayron qoladi odam! To‘g‘ri, bu taxminlaringizda jon bor. Men haqiqatan ham do‘stimning sevgilisi bilan yotishni davom ettirdim! Lekin savol tug‘iladi: nega keyin telefon jiringlamay qoldi?.. Shu yerda muammo bor?

— Oxir-oqibat u juda charchagan bo‘lishi mumkin. Yoki aytaylik detektivni ushlab turish uchun endi unda pul tugagan… Nima bo‘lganda ham bular faqat taxminlar. Men versiyalar tuzishni yaxshi ko‘raman. Men ularni siz uchun kamida yuzta, hatto ikki yuzta tuza olaman! Lekin asosiysi siz ulardan yashashni davom ettirish uchun qaysi birini tanlaysiz va bu voqeyliklardan nimani o‘rganmoqchisiz?..

-O‘rgatasizmi? — ajablanib so‘raydi u. So‘ng yarim bo‘sh stakanni yuziga bosgancha o‘ylarkan deydi: — Sizningcha bu erda nimani o‘rganish mumkin? Yo, Xudoyim, agar hamma narsa yana takrorlanadigan bo‘lsa, nima qilish kerak?! Qanday qilib keyingi safar uni bir oyga yetkazmaslik mumkin? Bu nima uchun boshlangandi va nima uchun tugadi, buni bilasizmi? Qayta boshlanmasligiga kim kafolat beradi? Shu haqda menga ayting, — kulib yubordi u kutilmaganda. So‘ng negadir qorayib ketdi: — Hammasi juda g‘alati-ya?! Sizningcha, bu yana sodir bo‘ladimi?..

— Men qayerdan bilaman?! — elka qisaman.

U muz tezroq erishi uchun stakanni qalqitib indamay viskidan ho‘plab qo‘yadi. — Agar nimadir bo‘lsa, bu safar men bilan emas, balki boshqa kishi bilan bo‘lar-a?! Masalan, siz bilan janob Murakami?..

— Nima uchun men bilan?

— Shubhasiz, siz taniqli yozuvchisiz, shunga qaramay siz ham qanotli farishta emassiz?

Ko‘p sirlar ochilib ketmasligi uchun mavzuni shu yerda to‘xtatdim. Biz hali ham u bilan uchrashamiz, plastinkalarni almashtiramiz, eski avangardcha jazz musiqalarini tinglaymiz va har qanday narsa haqida suhbatlashamiz. Albatta, juda ko‘p uchrashamiz deb aytolmayman, yiliga ikki-uch marta ko‘rishamiz shekilli. Men o‘zim kundalik yuritmaganim uchun necha marta uchrashishimizni aniq aytib bera olmayman. Men bir narsani bilaman: o‘sha suhbatdan so‘ng, Xudoga shukr, na unda, na menda gijjalar bezovtaligi va qutqusi tufayli yuz beradigan qusish va noma’lum qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan emas.

Rus tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting