Antonio Machado. She’rlar

0
169
ko'rishlar soni

Taniqli ispan shoiri Antonio Machado Ruis 1875 yil Ispaniyaning Sevilya shahrida tavallud topgan. Madridda ta’lim olgan. Machado ko‘p yillar davomida fransuz tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritgan. 1927 yilda Qirollik Akademiyasiga saylangan. Qator kitoblari chop etilgan. Shoir 1939  yilda vafot etgan.

* * *

o‘n ikkinchi bora uriladi bong
eru ko‘k chayqalur uning zarbidan
chorlagay bo‘shliqni yorguvchi sado,
sukut dargohida kimdir sur chalar…
tomadi muallaq qumsoatlarning
labidan oxirgi titroq zarrasi,
suzarsan
yodingda qolmagay sohil
va tushlar ko‘rasan noma’lum muddat
va qaysidir tongda,
begona sohilda ocharsan ko‘zing.


Talon etar qalbni behis tuyg‘ular
Xayol zavol topar,
tasavvur-bo‘shliq.
Ruh sassiz o‘lkaga hijrat aylagay
Ichkarimda so‘zlar, ismi begona
Miltillagan cho‘g‘day mavjuddir
ishq va
umid bordir,
qayta unishga gul-gul
Tushlarga-da yakun bitmagan
Ishorat bor sening kutmoqlikga ham

Sukunatning shirin nag‘masin tinglab


Buyuk shahar qo‘shig‘i

Soria
Moviy tog‘lar bag‘rida
binafsha dalalar ichinda
Sen haqingda qancha tush ko‘rdim
Gullagan adirlar ustida
Gvadalkvivirning sokin qo‘ynida
tillarang apelsin raqslarni…


Kumushrang dalalar
Kulrang cho‘qqilar,
qirmiz qoyalar
Duero jimirlab oqar
Sorianing ozod kengliklarida.
Ming yillik emanlar
Serunum turoq va rangin tog‘lar
Tanish yo‘llar,
va yovvoyi teraklar hirgoyalari

Barchasi Soria mo‘jizasidir,
Aytilmagan qadim rivoyatdayin
Bugun esa yurak tubida
Iztirob tuyyapman,
Ishq iztirobin.
O, Soria kengliklarida
toshlar kabi tush ko‘rgandekman.
Men-la birga keting
Kumush dalalar,
Kulrang cho‘qqilar, qirmiz qoyalar…

Yo‘l manzaralari

Qay musavvir chizmish
Qoyalar orasinda
Sohir tushlar ro‘yoblarini,
oltinrang gullaru
moviy rozmarinlarni
Qay musavvir chizmish
Tog‘larning binafsha xayollarini
ufqlarning za’faron suvratlarini
kimsasiz kengliklar ichra
toshlarda yorilgan daryo suvlarin,
maysazorlar,
pushti bodom gullarini ham?

Ispan tilidan Sobir Muhammad tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting