ChO‘PON

    0
    186
    ko'rishlar soni

    Sanjar Tursunov

    «Tog‘ hikoyalari» turkumidan

    – Hey, oq bola deyman, nimachun go‘shtni oqini yemayapsan? Ol, oqidan e, semirasan…

    Sakson yoshli Murod bobo meni oq dumbalardan yeyishga undaydi, chimxo‘rligimdan jahli chiqadi. Oftob nurida yana ham qizargan yanog‘ini silab-silab qo‘yadi.

    – Kampir, birinchi uling tug‘ilganda nechi yosh eding, – deydi tishsiz og‘ziga go‘sht tiqayotgan kampiriga qarab. Ishtahasi bug‘ilgan kampirini jahli chiqadi.

    – E, aytmayman, – deya kampiri menga qarab ko‘zini qisib qo‘yadi.

    Chol yana so‘raydi. Oxiri toqati toq bo‘lgan kampir:

    – Yergina yutsin siz bemazani, – deb dasturxon boshidan turib nari ketadi.

    – Uyaldi, – deydi bobo. – Saksonga kirsa ham qitig‘i o‘lmaganda buni. Uyaladi. Noz ham qiladi.

    Mening esa xayolim ho‘v ko‘rinib turgan tog‘ning orqasida – qishlog‘imizda. Boboning o‘g‘li qachon tug‘ilganiyu uyalgan, qitig‘i o‘lmagan kampiri bilan ishim yo‘q. Ichimda bo‘ralatib Bo‘riboyni so‘kaman. Xotining ham shuncha ko‘tarib, kelib-kelib shu kunga tug‘moqchi bo‘ladimi? Yana uch kungina kutsa bo‘lmasmidi. Xotindor Bo‘riboy, ota bo‘lmoqchi bo‘lgan ham u, lekin jabrini mana – men tortayapman.

    – Nechaga to‘lding, – deydi bobo tovoqdagi go‘sht moyini non bilan botirib-botirib og‘ziga solarkan.

    – Nimaydi, – deyman ensam qotib.

    – E, buni qara, – deydi bobo kampirini chaqirib. – Eshitmay qolding-da. Zo‘r gapirdi lekin.

    – Indamang. Bolani tinch qo‘ying. Ketsa ketavursin. Biror ishi bordir-da. Bo‘lmasa avvallari haftalab yonimizda yurar edi-ku, – deydi.

    – Erkaklarni ishiga aralashma. Bor. – deydi bobo biroz jahllanib. Ammo jahli erkalashga o‘xshab ketadi. Menga tikilib turadi-da: – Yotib damingni ol. Asrdan oldin qo‘y boqqani ketamiz. Charchagansan. – deydi. Keyin fotiha o‘qib o‘rnidan turadi-da, soy tomonga tushib ketadi.

    Qovog‘imni o‘yib o‘tiraveraman. Momo oldimga keladi.

    – Bolam, bovangdi gapiga xafa bo‘ma. Siqilib ketganidan hazil qiladi. Lekin seni yaxshi ko‘radi. – deydi. Va yutunib qo‘shib qo‘yadi: – go‘sht yemading. Imirqa qovurib beraymi, balam.

    Yuzimni yana teskari buraman: kerakmas.

    Momo tikilib turadi. Sekin o‘rnidan turib choli ketgan tomonga bir ikki qadam bosadida:

    – Yana shamollab qolmang. Buloq suvi sovuq, – deydi. Soy tomondan cholini to‘ng‘illagan ovozi eshitiladi. Kampiri diqqat qilib turadi, gapiga tushunmagach, menga qarab gapiradi. – Bovang esini yegan. O‘zini haliyam o‘n sakkiz yashar yigitman, deb o‘ylaydi. Har kun oftob tikkaga kelganda soyga borib cho‘miladi. Sovuqda qotib o‘lib qolmasa go‘rgaydi… Kichkina hovuz ham qilib olgan.

    Momo hovuz so‘ziga urg‘u berib, meni qiziqtirmoqchi, soyga tushirmoqchi bo‘ladi. Lekin men qilt etmay o‘tiribman.

    Yana Bo‘rivoyni so‘kaman. Dunyoda undan yomon odam bo‘lmasa kerak.

    …Yarim tunda darvozamizni kimdir taqqilatdi. Meni ismimni tutib bir-ikki chaqirdi. Itimiz hurib yugurib borgandi, “Qoplon, qoplon, men Bo‘riman” deb uni shashtidan qaytardi. Otam bilan hovliga chiqsak, Bo‘rivoy cho‘ponimiz o‘tiribdi.

    – Uxlovmidinglar, — deydi. Otam bilan ko‘rishayotib.

    – Yo‘q, – deydi otam ham odob yuzasidan.

    Bet qo‘lini yuvib mehmonxonaga kirgach, ikki bo‘lak noni yegachgina tilga kiradi.

    – Bir haftadan beri tushim buziladi, aka. Keliningiz yukli edi. Mayning oxirida tug‘aman degandi. Tong otsa yigirma to‘rtinchi may. Boboga aytdim: bormasam tug‘maydi, tamom. Xotinlarni bilasizku, bizdikiyam o‘shalarni bittasi. Kelmasang, tug‘mayman, degandi. Shunga bobodan javob olib kelavurdim. Tong otishi bilan shaharga ketaman. Shunga o‘g‘lingiz bir hafta boboga yordam berib tursin. Men keliningizni tug‘dirib, qaytaman. – Men e’tiroz bildirishga og‘iz juftlagandim, ammo Bo‘ri gapirtirmadi. – Qo‘ylarni tuzi ham tugagan. Bilasiz, hozir tuz bermasa, keyin qishda to‘lda qiynalamiz.

    – Xo‘p. Mayli.

    Bu otamning ovozi edi. Bu ovozga qarshi turadigan birorta qo‘rg‘on yo‘q. Aytildimi, tamom – bajariladi. Miroxo‘r tog‘am aytgandi: otangni ovoziga qarshi – Chingizxonning qo‘shini ham turolmaydi.

    Kunga boqar – kimga boqar,

    Kunga boqar – menga boqar.

    Shu qo‘shiqni aytib bobo soydan chiqib keldi. Yaktagi badaniga yopishgan. Soch-soqolida suv zarralari yaltirar edi. Belbog‘iga yuzini artaturib, kampiriga tegajog‘lik qilishni ham unutmaydi.

    – Kampir, birinchi uling tug‘ilganda nechi yosh eding…

    Kampiri bu safar menga qarab ko‘zini qismaydi, choliga o‘qrayib bir yomon qaraydi, bir yomon qaraydi… Choli yuzini sidirib artarkan, bir muddat tikiladi keyin menga qarab gapiradi:

    – Uxlamading-a. Mayli o‘zing bilasan. Lekin bugun ketmaysan.

    Bobo osmonga tikiladi. Uning nigohi qadalgan tomonga men ham qarayman. Tog‘ning ustida tasmaday bulut qorayib ko‘rinadi. Bobo uzoq termilib turgach:

    – Kampir, kapani ustiga kigizni yopib qo‘ygin. Bu kecha yomg‘ir yog‘adi. Sel ham kelishi mumkin. – nimadir esiga tushgandek, – e, jin urgir, yana qayta boshdan hovuz qilamanmi endi.

    Tajanglashib kapaga kirib ketadi. Kampir ham osmonga – o‘sha qora bulutga qaragach choli aytgan yumushga unaydi.

    Boboning yomg‘ir bashoratiga ishonqiramay bulutga tikilaman.

    – Nechaga kirding, — deydi bobo xayolimni tumanday tarqatib.

    – O‘n oltida, -deyman o‘zim ham bilmasdan. Negadir birdan jahlim ham tarqab ketganday bo‘ladi.

    Ikkisi ham “nima deding” deya goh menga, goh bir-birlariga qarab qolishadi…

    Tan olishim kerak, meni jaxlim tarqay boshlagandi. Ularning har bir gap so‘zidan ich-ichimda maza qilardim. Bular – negadir qishlog‘imizning bobo-momolariga o‘xshamasdi.

    Bobo yonimga kelib yonboshlaydi. Ikkimizning ham ko‘zlarimiz tabiatning go‘zalligini tomosha qiladi. Bir mahal bobo:

    – Nega ketmoqchi bo‘lding? – deydi.

    – Ertaga bitiruv oqshomimiz. Hamma sinfdoshlarim bayram qilishadi.

    – Maktabni tugatasanmi?

    – Yo‘q. To‘qqizinchi sinfni.

    Bobo ajablanadi.

    – Keyin maktabga o‘qimaysanmi?

    – Nega endi? O‘qiyman. Ikki yil…

    – E, qochey… Men hali maktab adog‘iga yetdi deb o‘ylabman. Yana ikki yil o‘qirkansanku. Shunga shuncha arazmi. Sadqaye yigit degan nom ket.

    Bobo etagini qoqib nari keta boshlaydi. Shunda men:

    – Tishim og‘riyotgandi. Shunga go‘sht yeyolmadim. Og‘rig‘i haliyam qolmadi, – deyman deyarli baqirib. Bobo to‘xtaydi. O‘girilib menga qaraydi va:

    – Shuni vaqtli aytsang o‘lasanmi? Beri kel. – Kampiriga qarab baqiradi. – Anavi Spirt bor-ku, o‘shani olib kel. Keyin archani shoxidagi go‘shtdan qovur. Bobo-nabira bir maishat qilaylik…

    – Imonsiz bo‘lmang. Sizku qarib chirib bo‘lgansiz. Bolani yo‘ldan urmang, – deydi momo deyarli zorlanib.

    – Ey, matalchining qizi, menga matal to‘qima. Tez bo‘l.

    Momo archa tomon yo‘rg‘alab ketadi. Bobo menga qarab, bopladimmi, deganday kerilib qo‘yadi.

    Boshqatdan o‘tiramiz. Bobo Spirtni ikkita piyolaga to‘lirib quyadi.

    – Shundan bitta ichsang, tishingni og‘rig‘i taqqa to‘xtaydi. Bo‘ri ahmoq paxtaga spirtni quyib tishiga bosardi. Odam bo‘lmaydi u.

    Tomog‘imni kuydirib o‘tadi piyoladagi suyuqlik. Ko‘zimdan yosh chiqib ketadi. Boshim hatto tomirlarim ham qizib ketadi go‘yo.

    – Go‘shtdan ye. Maza qilasan.

    Qo‘yosh bir qadam ham jilmasdan bobo ikkimiz ag‘anab qolamiz. Tepamizda momo girgitdon. Nuqul javraydi. Gaplari juda uzoqdan eshitiladi.

    – Ana oxiri imonsiz ketdingiz. Bolani ham rasvo qildingiz. Qanaqa odamsiz-a, tovba, tovba…

    – E, o‘chir ovozingni. Yarim asrdan ko‘p vaysab jonimdan to‘ydirding, sen shum kampir…

    – Nega ichasiz? Nega? Siz tengilar besh mahal nomozini o‘qib, tovba qilib yotibdi. Siz bo‘lsangiz…

    – E, esi yo‘q kampir. Ular tovba qilsa qilibdi. Mening tovba qiladigan gunohim yo‘q. Ozroq mizg‘igani qo‘y.

    Momo javrab-javrab nari ketadi. Bobo sekingina:

    – Mast bo‘ldi deb o‘yladi. Ichganim yo‘q-ku, qanday mast bo‘laman.

    Men ajablanib boboga tikilaman. Shunda bobo kulib:

    – Sendan zo‘rlarni ham dog‘da qoldirganman. Soqolni shunisi yaxshi. Suvni shimib oladi. Ichganday bo‘lib soqolimga to‘kaman. Bu bechora ham jimgina shimadi, qo‘yadi. Mayli, sen uxla. Men birozdan so‘ng qo‘yni anavi qalin archazor tomonga haydayman. Uyg‘onganingdan so‘ng ortimdan borasan…

    Avval shitir-shitir ovoz eshitdim. Biroz vaqt o‘tib itning yo‘g‘on hurgani kapaniyam zirillatganday bo‘ldi go‘yo. Yonginamdan boshlandi yana, degan tovushni ham ilg‘adim. Boshida qayerda ekanligimni bilolmadim, keyin angladim: dashtdaman-ku. O‘rnimdan otilib turdim.

    – Kapadan chiqqaningda tayoq bor, shuni olgin. Bobong tashqarida, – dedi momo.

    Tashqarida yomg‘ir shiddat bilan yog‘ar, soy tomonda daryoningmi vashillagan ovozi eshitilardi.

    – Bu tomondaman, – dedi bobo baqirib. – Tishingni og‘rig‘i qoldimi?

    Men boboga yaqinlashgach bobo yana gapga tushdi:

    – Qo‘ydek axmoq hayvon dunyoda yo‘q. Yomg‘irni ovozidan ham qo‘rqib bir tomonlarga ketib qoladi. Yomg‘ir ham tinmadi. Bugun archazorda ayiq izini ko‘rdim. Qo‘rquvim shu polvondan. Hozir bostirib kelsa hech nima qilolmaymiz.

    – Kelmasa kerak. O‘libdimi shu yomg‘irda…

    – Yomg‘irda kelsinda…

    Yomg‘ir yana tezlashdi. Soydan endi toshlarning gursillagan ovozi ham eshitila boshladi.

    – Hovuz ketdi. Yana qaytadan qilish kerak.

    Bobo bu gapni juda ham o‘kinch bilan gapirdi.

    – Erta o‘zim hovuz qilib beraman.

    Bobo gapimni eshitmadi. Qo‘ylar hurkib o‘zlarini bir tomonga urishdi. Bobo ovozini boricha baqirib tinchlantirishga urinar, bunga sari qo‘ylar batdar hurkar edi. Shu chog‘ bo‘yi men tengi keladigan bir maxluqqa ko‘zim tushdi: ayiq.

    – Bobo, ayiq…

    – Otini aytma. Jim. – Keyin bobo ayiq tomon yura boshladi. – Polvon. Assalomu alaykum. Yoshim saksonda. Xotinim ham men tengi. Tengdoshmiz. Eski maktabda uch yil o‘qiganmiz. Keyin shu qo‘yni izidan ketganman. O‘n besh yoshimda kampirimni opqochib ketganman. Bir yildan so‘ng bolali bo‘ldik. O‘g‘il. Ha, o‘g‘il. – Ayiq joyida qotgan. Goh-goh boshini qimirlatib, xuddi ma’qul, eshitayapman, degandek bo‘lardi. Bobo bo‘lsa xuddi jo‘rasi bilan gaplashgandek ayiq bilan gurung qilardi. – Zang‘ar nomiga mos bo‘ldi, lekin. Yigit bo‘ldi. Erkak bo‘ldi. Afg‘onga ketdi. Qaytmadi. Temir tobutni bolam deb ko‘mdik. Yig‘lamadim. Men yig‘lamadim. Kampirim ko‘p yig‘ladi. Keyin shu tog‘u toshlarga olib chiqib ketdim. Polvon bu qo‘ylar kalxo‘zdiki. O‘zimda qirqta qo‘y bor. Mayli bitta oling, mayli ikkita oling. Lekin qo‘ylarni qo‘rqitmang. Yurakkinasi yorilmasin…

    Ayiq biroz qarab turdi. So‘ng indamay ortiga burildi. Bitta-bitta qadam tashlab ketaverdi. Men karaxt edim. Bir boboga, bir ayiq ketgan tomonga qarayman.

    – Sen nima qilasan erkaklarni oldiga, bor uyga jo‘na, – boboning rostakamiga jahli chiqib ketdi. Qo‘lida qo‘shog‘iz miltiqni ko‘tarib olgan momo joyida serrayib turaverdi. Men momoga yaqinlashdim.

    – Yuring, momo…

    Ikkimiz kapaga kirdik. Gapimiz qovushmadi. Momo go‘yo tilini tishlab olgan edi. Boboning qadam tovushi eshitildi. Kapaga kirayotib:

    – Xudoga shukur. Endi uxlasak bo‘ladi, – dedi.

    Oradan bir muncha vaqt o‘tmay bobo uxlab qoldi. Menda esa uyqu yo‘q. Negadir bobo bilan ayiqni o‘ylasam ko‘z oldimga Sevara kelardi. Ha, u sinfdoshim. Bir-birimizga sirli-sirli qarab-qarab qo‘yamiz. Ertangi bayramda birga raqs tushmoqchi edik. Bo‘ri… Xotini tug‘dimikin? Ayiq nega qaytib ketdi? Gapga tushunarmikin… Boboning bitta o‘g‘li bor ekan-da. Shu ham urushda o‘lgan. Nega unda bobo, birinchi ulingni tuqqaning nechi yoshda eding, deb kampiriga qitmirlik qiladi. Erta Sevara meni topolmasa, xafa bo‘lishi aniq. Qaytib betimga qaramasa kerak. Balki shaharda akasining uyiga ketib… o‘shayoqda o‘qisa kerak. Shunaqa shivir-shivirni eshitgandim…

    … O‘zim uyg‘onib ketdim. Tong otgan. Momo echki sog‘ayotgan ekan. Havodan namchil is kelar, kecha yomg‘iru oyoq ostidan toptalgan o‘tlar bosh ko‘tarishga qiynalar edi go‘yo. Boboning hovuzi esimga tushib soy tomonga yurdim. Soyda mening quchog‘imga ham sig‘maydigan toshlar, loyqa, balqich ko‘pirib turar edi. Boboning hovuzi. Esiz.

    Momodan bobo qayoqqa ketganini so‘radim. Aytdi. O‘sha tomonga yurdim.

    Men bir hafta emas, roppa rosa qirq besh kun qolib ketdim. Bo‘ri birdaniga chaqaloqni chillasini chiqarib keldi.

    Bir oqshom qo‘y boqayotganimizda boboning o‘g‘li haqida Bo‘ri akadan so‘radim.

    – O‘g‘il? Ularni farzandi yo‘q-ku.

    – Bor ekan. Afg‘ondan o‘lib kelganakan.

    Bo‘ri aka indamadi. Kechki payt qo‘yni qo‘tonga haydab kelayotganimizda:

    – Afg‘onda o‘lib kelgan mening otam bo‘lgan, – dedi.

    Qishloqqa qaytadigan kunim bobo yana momoga:

    – Kampir, birinchi uling tug‘ilganda nechi yosh eding. Ayt, shu bola bilib ketsin, – deydi.

    – E, aytmayman, – deydi.

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting