“Ilohiy komediya”ni qaytadan yozamiz

0
277
ko'rishlar soni

esse

Buning uchun birinchi navbatda bizga Gerbert Uells va Dante Aligyeri kerak bo‘ladi. Nega Gerbert Uells demoqchimisiz? Savolingiz haqli. Janob Uells prozaik bo‘lgan, uni poeziyaga daxli yo‘q deyishingiz mumkin. Shu yerda men ham aniqlikka havas qilmay mudom uni chetlab o‘tishga odatlanganimni ta’kidlashim joiz. Aslida gapning boshida Gerbert Uellsga emas, qurib ketgur “Vaqt mashinasi”ga ehtiyojimiz tug‘ilishini aytishim maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda ortiqcha savollarga hojat qolmasdi.

“Vaqt mashinasi”ni absurd, noreal voqe’lik deb jar solishga shay turganlar aslo lop etib og‘iz ocha ko‘rmang. Maslahatim shoshilmang. Shoshilgan qiz erga yolchimaydi. Mabodo shoshilsangiz shu fe’l-atvoringiz bilan to‘rt tomoningiz qibla ekanligini yodda tutgancha darhol daf bo‘ling. Shoshilmay, doim mulohazasini ishga solib, yetti o‘lchab bir kesadiganlar “Vaqt mashinasi” haqida bosh qotirish uchun birlashamiz. Xuddi keraksiz va bir tiyinga qimmat, insoniyat va jamiyatni chalg‘itib, ustiga minadigan, umrini egovlaydigan turli xil uyushma, partiya yoki klublarga emas, shunchaki bir missiya uchun vaqtincha arzimas birdamlik harakatining libosini kiyamiz. Libos juldurvoqi bo‘ladimi, kir-chirmi, nima qizig‘i bor. Pushkinning qotili bo‘lgan olifta Dantes unga qarata “qarshi bo‘lmasangiz duelni boshlaymiz, Aleksandr Sergeevich” deganidek bizning ham na ustavi, na kengashi, na a’zolik bileti bo‘lgan birdamlik harakatimizda qarama-qarshi ovozlar bo‘lmasa, ko‘zlangan missiyamizni bajarish uchun astoydil ishga kirishamiz.

 “Vaqt mashinasi”ni Uells yashagan paytda “bema’ni fantaziya” deb atagan edi ingliz jamiyati. U zamonlar tamaddun hali bunchalik ilgarilab ketmagan, insoniyat tafakkuri  hamin qadar cheklangan va ramkaga solingan, fan endigina rivojlanib, jadallik bilan oldinga siljishda davom etayotgan bo‘lsa-da, kosmik tasavvur uchun hali yaroqsiz hisoblanardi. Qolaversa inglizlardek mutaasib konservatorlar turmush tarzida bunday yangilikka tamomila zarurat ham yo‘q edi (ular hozir ham o‘shandek, bir tuklariyam o‘zgarmagan holda boshqa tartiblarda kun kechirayotgan qolgan bani bashar avlodi  bilan bir osmon ostida nafas olishyapti).

Hozir yigirma birinchi asr. Yigirmanchi asrdan farqli ravishda bu asrda istalgan tentaklik bilan inson aqli va tasavvuri tez chiqisha oladi. Shunday ekan “Vaqt mashinasi”ni yaratib ko‘rishga urinsa, Uellsning ilmiy asoslangan fantaziyasi xuddi ayrim qonunlardek faqat qog‘ozda qolib ketmasligiga ishonsa va nihoyat uning ko‘magida istalgan o‘tmish zamoni sari sayohat qilsa bo‘ladi. Biz uchun bu ayni muddao, chunki bizga o‘n ikkinchi asrdagi Florensiya va tirik Dante Aligyeri kerak.

Bu niyatimizni amalga oshirish uchun shubhasiz, qorni katta va sochi to‘kilib ketgan, mijg‘ov va ezma fiziklardan yoki jilla qursa zerikishning koni bo‘lgan fiziklar jamiyatiga yozma murojaat asosida “Vaqt mashinasi” uchun buyurtma berib ko‘ramiz. Mashina ko‘rinishi Leonid Gaydayning mashhur retro kinofilmdagidek abgor va kulguli bo‘lsa ham mayli. Indamaymiz. Maylimi? Jim turamiz xuddi og‘zimizga talqon yutgandek. Bir marta bo‘lsa-da uni ochmaymiz. Jamiyatdan tegishli tartibda buyurtma tasdiqlangani mazmunidagi maktubni olsak shodon holda o‘rnimizda sakraymiz, boshimizni mamnun  irg‘aymiz, ko‘zlarimizni xuddi ishonmagandek baqraytirib ochamiz. Nima farqi bor, janoblar? Mashina hashamatli ko‘rinishga ega bo‘ladimi yo abgormi, bu nimaniyam hal qiladi? Bu temir-tersaklar jamlanmasi mo‘jiza ko‘rsatib, bizni o‘n ikkinchi asrdagi Italiyaga, uning maftunkor va tillarda doston bo‘lgan shahri Florensiyaga olib borsa bo‘ldi-da. Shungayam ota go‘ri qozixonami?

Xullas, istalgan ko‘rinishdagi “Vaqt mashinasi” o‘tmishdagi Italiyaga borishimiz uchun zarur bizga. Biz u yerga Danteni yo‘qlab boramiz. Janob Dante Aligyerini! Shuni unutmanglar. Barchamiz Florensiyaning tabiati yoki tarixiy obidalarni tomosha qilish, Arno daryosida cho‘milib oftobda toblanib yotish, og‘zimizni mazali italyan taomlari qarshisida lang ochib yig‘ishtirolmay qolmaslik uchun emas, Danteni qidirib topish uchun yo‘l olamiz. Maqsadimiz mushtarak- “Ilohiy komediya”ni o‘zgartirilishiga yoki qayta yozilishiga erishish. Garchi oramizda ko‘pchilik uni o‘zbek tilida Abdulla bobo tarjimasidagi “Do‘zax” qisminigina o‘qigan bo‘lsa-da, sir boy berish yo‘q. Surbetlarcha baqir-chaqir qilib, bezbetlik bilan o‘zimizni aqlli ko‘rsatib, uning “Jannat” va “Arosat” qismini ham o‘qigandek tutamiz. G‘urur va nafsoniyatni pastga urish yo‘q, janoblar! O‘zbekning g‘ururi barcha narsadan baland! Biz turkiylarmiz, turkparastlikdan voz kechish yo‘q! O‘zi yetadi bizga Amir Temurning Sulton Boyazid bilan jang qilgani. Bu ikki turkiy o‘rtasidagi jang qalbimizni dog‘lab, g‘ururimizni sindirgan. Illo Sohibqiron o‘shanda yutmagan, balki yutqazgan. Yutqazgan, yutqazgan! O, mening turkiylarim, turkiylarim! Endi qandaydir “Ilohiy komediya” borasida g‘ururimizga yana gard yuqtiramizmi? Hech qachon!

Yana bir kichkinagina jihat borki, u juda muhim. “Vaqt mashinasi” bizni olis o‘tmishdagi Florensiyaga olib borishigina emas, vaqtida yetkazishi ham shart. Bizga Dante tug‘ilib bo‘lib, emaklab, tetapoya qilib, shataloq otib yurgan  yoki Beatriche bilan maysazorda yonboshlab yotgan davr emas, u tug‘ilishidan oldingi davr, aniqrog‘i onasi unga homilador bo‘lib, homilaning oltinchi yo yettinchi oyligi davom etayotgan davr kerak. Shuni mo‘ljal qilib, mashina o‘lgurni ishga tushiramiz. Buni fiziklar jamiyati e’tiborga olishi va mashina xususiyatiga yetarlicha me’yorlar kiritishini ham yozma tarzdagi murojaatnomaga alohida band tariqasida tirkab qo‘yamiz.

“Vaqt mashinasi” tayyor bo‘lgach, uni o‘t oldirib, to‘ppa-to‘g‘ri Dantening uyiga borib tushamiz. Onasi ehtimol bu payt deraza oldida o‘tkinchilarni kuzatib o‘tirgan yoki qozon osib piyozli sho‘rva qaynatayotgan bo‘lar. U onasi qornida jimgina uxlayotgan yoki qorin devorlarini tepayotgan bo‘lar. Biz istalgan sahna ro‘parasidan chiqishga rozimiz. Missiyamiz prologi- Danteni Florensiyada tug‘ilishini oldini olishdan iborat bo‘ladi. Janoblar, bu missiyani tushunmaganlar bo‘lsa, yuqoridagi shoshqaloqlar bilan shu zahoti qo‘shmozor bo‘linglar!

Dante tug‘ilmay turib o‘tmishdagi Florensiyaga borishimizning ahamiyati katta. Agarda maqsadimiz “Ilohiy komediya”ni o‘zgartirish yoki qayta yozilishiga erishish bo‘lsa, albatta bunga jiddiy yondoshish talab qilinadi. Basharti bunga erishsak, uni onasi bilan birga Arabiston yarim oroliga olib ketamiz. Iordaniya yoki Iroqqa. Iroq qulayroqmikin?! Axir, Bag‘dodda doim hamma yoq tinch bo‘lardi-ku (Bag‘dodda hammayoq tinch, hammayoq tinch, hammayoq tinch… )! ”Vaqt mashinasi”da ketmaymiz u yerlarga. O‘sha paytdagi asosiy transport vositasi bo‘lgan ot arava yoki tuyalar karvoniga ona-bolani mingashtirib olib ketsak, hatti-harakatimizda go‘zallik va nafosat, o‘rta asrlarga xos bo‘lgan romantikani o‘zida mujassam etgan Don Kixotga xos ritsarlik unsurlari ko‘zga tashlanadi. Ertaknamo bo‘lsa nima qipti Florensiyadan haydalish kuyi. Ammo, bir minus tarafi bor buning. Yuqoridagi arab mamlakatlari juda issiq, qishin-yozin quyosh tig‘ida tana bechora yuz-ko‘zlarga qo‘shilib “voy dod” deb yuboradi. Qo‘lini sovuq suvga ham urmagan Dante qiynalib qolsa kerak. Undan ko‘ra Italiyaga yaqin bo‘lgan Ispaniyaga olib ketsak-chi? Ispaniya o‘sha paytda arablar mustamlakasi bo‘lgandi. Andalusiya, G‘arnota yoki Qurdoba shaharlaridan biriga olib borsak bo‘ladi ona-bolani. Menimcha, Andalusiya ma’qulroq. Iqlimi qulay. Italiyanikiga o‘xshab ketadi. Quyosh me’yorida toblaydi tanani, po‘rtahol va olcha daraxtlari ko‘p. Bandargohi ham bor. Dengiz mavjlanib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilib turadi u yerdan. Dante qiynalmaydi, o‘lay agar. Jon deb boradi. Arno daryosi o‘rniga sarhadsiz dengiz qirg‘oqlarida daydib yuraveradi. Yalangoyoq, och qoringa hushtak chalib, yalpiz chaynab, soch-soqoli o‘sgan holda miyasidan Beatricheni ketkaza olmay. O‘zi shundoq ham Florensiyadan u baribir surgun bo‘lib ketadi-ku!

Demak, joy hal- Andalusiya. Dantening onasini u yerdagi arablar istiqomat qiladigan, oyoq ostiga tosh yotqizilgan, pastak kulbalardan tarkib topgan jinko‘chalardagi uylardan biriga joylashtiramiz. E, farqi yo‘q qanaqa uy bo‘lishini. Tomi yopilgan, qudug‘i bor, derazalari ko‘chaga qaragan bo‘lsa, ijarachisi sudxo‘r bo‘lmasa kifoya. Uyga joylashtirgach, birortamiz unga doyalik qilamiz. Oramizda ayollar ham bordir bu missiyaga xizmat qilishni istagan. O‘shalar doyalikni bo‘ynilariga olishadi va kichkintoy Dantening yorug‘ olamga kelishida mehr bilan jonbozlik ko‘rsatishadi. Bu paytda biz erkaklar ko‘chaga chiqib turamiz (albatta agar betimiz charmdan bo‘lmasa).

Dante qaysi vaqtda tug‘ilishining ahamiyati yo‘q. Ertalab tug‘iladimi yo yarim tundami, kun yarmidami yo shom paytidami, bizga onasi qornidan eson-omon pastga osilib tushsa –shu  yutug‘imiz. Uni yuvib-chatib, kindigini bog‘lab qo‘yamiz. Elga osh berish-  o‘zbekchilikdagi odat. Yana birortalaring bozordan bir kalla go‘sht, ozgina yog‘ va guruch olib kelib, elni oshga chaqirib yurmanglar (odamni xijolatga qo‘yib).

Dante sog‘lom bo‘lib o‘sishi ham diqqatga molik jihatlardan biri. Ko‘cha changitib o‘ynayotganida, churvaqa o‘rtoqlariga ilakishib daydiganida, qo‘shnilarning meva daraxtlariga o‘g‘irlikka tushganida, kimdir shubhasiz unga ko‘z-quloq bo‘lib turishi kerak. U Italiyadan farqli ravishda Andalusiyada musulmon bolalar maktabiga boradi. Axir, musulmon mahallasida katta bo‘lgach, shu maktabga boradi-da. Nasroniy yoki Yahudiylar maktabiga borarmidi. U Andalusiyada-ku, Florensiyada emas!

Xarobadan farq qilmaydigan maktabda ko‘knoriga oshiq bo‘lgan musulmon muallimi uning xat savodini chiqaradi. O‘sha yerda bolakay harf taniydi. Bu dunyoni, borliqni, o‘zligini anglaydi. O‘zi tug‘ilgan makondagi din asrorlari va tartiblarini qunt bilan o‘rganadi. Vaqti kelib arifmetika, poetika, metafizika, mantiq, riyoziyot bilan shug‘ullanadi. Xuddi musulmon bolalar kabi o‘qiydi, bilimlarni egallaydi va ulg‘ayib kamolga yetadi. Har yakshanba kunlari Cherkovga emas, aksincha har Juma kunlari masjidga borib, Yaratgan egamga iltijo qiladi. Masjiddagi ruhoniylar, islomni qabul qilgan onasi, musulmon qo‘ni-qo‘shnilari unga Xudo bittaligini, u tug‘ilmagan va undan tug‘ilish ham bo‘lmasligini, uning na xotini, na o‘g‘li borligini, Iso Masih shunchaki bir banda ekanligini, Muhammad payg‘ambar Allohning rasuli ekanligini uqtirishadi. Qo‘liga qur’on tutishadi. E, janoblar! Sizlarga nima bo‘lyapti. U Florensiyada emas-ku qo‘liga Injilni olgani. Biz “Vaqt mashinasi”da o‘n ikkinchi asrga borib, onasi qornidaligidayoq uni Andalusiyaga olib kelmadikmi, u shu yerda tug‘ilmadimi?! Biz ham o‘n ikkinchi asrdamiz hozir. Yigirma birinchi asrni unutinglar.

Andalusiyadagi Dante bilan Florensiyadagisi o‘rtasida tafovut bo‘ladi-da. U Florensiyada nasroniy bolalar maktabiga qatnagan, Cherkovda ibodat qilgan, nasroniy ruhoniylar va qo‘ni-qo‘shnilari unga Bibi Maryam -Xudoning xotini, Iso Masih- o‘g‘li ekanini uqtirishgan, uni muqaddas jomdagi ariq suvida cho‘qintirib qo‘liga Injil tutqazishgan, Muhammad payg‘ambar va Islomdan, uning sahobai ikromlari hamda Qur’ondan nafratlanish ruhida tarbiyalashgan. Buni bilish uchun daho bo‘lish shart emas. Bu ikki karra ikki to‘rtdek gap. Bunga izoh berishimning o‘zi bir be’manilik. Biz hozir boshqa missiya bilan ovoramiz.

Bolakay Dante shu tarzda Islom dini an’analari ruhida tarbiya topadi. Florensiyada yashaganida ashaddiy nasroniy bo‘lib ulg‘aygan bo‘lsa, Andalusiyadagi arablar mahallasida ashaddiy musulmon bo‘lib voyaga yetadi. O‘smirlik vaqtida bu yerda ham undagi shoirlik iste’dodi ko‘zga tashlanadi. Albatta, biz undagi bu iste’dodni bo‘g‘maymiz. Bizning missiyamiz buni o‘z ichiga olmaydi. U xuddi Florensiyada bo‘lgani kabi go‘zal she’rlar mashq qilishni boshlab yuboradi, o‘z iste’dodini to‘laqonli namoyon etadi. Beatriche ismli suluv, betakror husn va malohat egasi, qalb go‘zalligida tengsiz qizga atab istaganicha she’r yozadi. Qo‘yib beramiz. Faqat Beatriche nasroniy qizi emas, musulmon qizi, millati ham italyan bo‘lmay, arab bo‘lgani uchun ismi boshqacha bo‘ladi. Ismi Xadicha yoki Sora bo‘lgani ma’qul. Boisi o‘sha paytdagi arablarda eng ko‘p tarqalgan ismlar shular edi-da.

Yosh Dante ulg‘ayib, kamolotga to‘lib, hayotiy tajribasi oshib, bir kuni nihoyat Andalusiyada “Ilohiy komediya”ni yozgani o‘tiradi. Shaharning bir chekkasidagi xilvat go‘shadami yoki pastak kulbalaridan biridami, ishqilib sham yorug‘ida, qo‘liga patqalam va siyohdon olib bo‘sh qog‘ozlarni she’riy satrlar ila to‘ldirishni boshlab yuboradi. Biz uni sukunat ichida kuzatamiz. Unga bu jarayonda bor-yo‘qligiyam sezilmaydigan emas, hech bo‘lmaganda o‘zini borligini bildirib xona ichra uchadigan chirkin pashshadek hamrohlik qilamiz: qish kunlarida pechkasiga o‘tin qalaymiz, yoz kunlarida yelpig‘ich bilan manglayi tepasida elpib turamiz, xastalanganda choyqoshiqda og‘ziga achqimtir dori, qorni ochqaganda bir kosa ovqat tutamiz. U mashhur epik dostonini yozishni boshlaydi. Bizga uning “Jannat” va “Arosat” qismlarini qizig‘i bo‘lmaydi. Chunki ularni til bilmaganimiz uchun o‘qimaganmiz. Abdulla bobo ham xafsala qilib tarjima qilmaganlar. Shuning uchun “Do‘zax” qismi yozilishini kuzatamiz, xolos.

Dante Aligyeri endi yosh bolakay yoki she’riy mashqlar qoralab yurgan o‘spirin emas, katta shoir maqomida yetib keladi bu ulug‘ yumush uchun. U shu maqomda yozadi bu dostonini. Bir shoir va bir musulmon kabi yozadi bu olamshumul asarini. Florensiyaning fuqarosi, Iso Masihning ixlosmandi, Rim Papasining muridi, Cherkovga sodiq nasroniy sifatida emas, Andalusiya fuqarosi, Muhammad payg‘ambarning ummati, Andalusiya bosh ruhoniysini o‘ziga pir deb bilib Masjid ahqomlariga sodiq musulmon sifatida yozadi.  Missiyamizning bosh maqsadi aynan shu “Do‘zax” bo‘limida bo‘y ko‘rsatadi. Komediyaning shu qismida bizni eng qiziqarli o‘zgarish, biz qayta yozilishini rosa istagan va kutgan, bizni hayratlantirishi aniq bo‘lgan, na kulishga va na yig‘lashni bilmay tosh qotishimizga majbur qiladigan, yetti uxlab tushimizga kirmagan sahna epizodlari  tomdan tarasha tushgandek bizga peshvoz chiqadi.

Florensiyada Dante Aligyeri tomonidan qog‘ozga tushirilgan “Ilohiy komediya”ning “Do‘zax” qismida Vergiliyga ergashib, Muhammad payg‘ambar va Islom ulamolari-yu-sahobalarini jahannam olovida azoblanib va jizg‘anak bo‘lib kuyib-yonayotganliklariga duch kelgan bo‘lsak, Andalusiyada yoziladigan “Ilohiy komediya”ning shu qismida ular o‘rniga Iso Masih va o‘n ikkita havoriy, shuningdek barcha Rim Papalari bilan nasroniy avliyolarini shu holatda uchratamiz. Shoiri zamon bo‘lgan Dante Andalusiyada bu bo‘limni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Shu bizni hayratlantiradi. Shu bizni na kulishni va na yig‘lashni bilmay ikkilanishimizga zamin hozirlaydi. Shu yetti uxlab tushimizga ham kirmaydi. Ammo, missiyamizning portlovchi intihosiga aylanadi…

“Ilohiy komediya”ni qaytadan yozish imkonsiz. Buni bilaman, janob shoshqaloqlar va mulohazalilar. Deyarli ilojisi yo‘q buni. Lekin agarda Gerbert Uelssning “Vaqt mashinasi” chindan real hayotda bo‘lganida edi, shaksiz bunga urinib ko‘rgan bo‘lardim. Hatto, birortangiz sherik bo‘lishni istamagan taqdiringizda ham bu yo‘limdan qaytmasdim. Chunki nasroniylarga to‘la Florensiyada ashaddiy bir nasroniy tomonidan yaratilgan “Ilohiy komediya” bilan Andalusiyadagi arablar mahallasida bir musulmon tomonidan yaratiladigan “Ilohiy komediya” o‘rtasida istaymizmi yo‘qmi, albatta kattagina farq bo‘lardi.

2021 yil, yanvar

Sherzod Ortiqov

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting