ShO‘RING QURSIN, POLKOVNIK!

0
239
ko'rishlar soni

ESSE

Quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronning uyasi bo‘lgan katta shaharlarda qanaqa bilmadim-u, lekin kichik-kichik shaharlar, taraqqiyotdan uzilib qolgan tumanlar va chekka qishloqlarda xo‘rozlar jangi haligacha ahyon-ahyonda uchrab turadi. Odamlarning qo‘l jangidan deyarli farq qilmaydigan bunday janglarda xuddi ular kabi ikkita xo‘roz bir-birini o‘lasi qilib kaltaklaydi, ustiga chiqib tepkilaydi, sakrab tumshug‘i yoki jag‘iga tushiradi, kiprik qoqmay qonini to‘kadi. Yutgan xo‘roz qahramonga aylanadi va olqishlarga ko‘miladi, yutqazgani boshini xomush egadi va mabodo qaytib janglarga yaramasligi taxmin qilinsa sho‘rva uchun mayda bo‘laklarga bo‘linib, qaynab turgan qozonga tashlanadi.

 Ularning jangini atrofga yig‘ilgan yigirma-o‘ttiz, ba’zida yuz chog‘lik bekorchi shinavandalar baqir-chaqir qilib, his-hayajonlarini jilovlay olmay, ashaddiy muxlislik ishtiyoqi bilan yongancha atrofni larzaga keltirib kuzatishadi. Nazdilarida qiziqarli kasb etgan jang ta’sirida ular yorug‘lik tezligida o‘zlari ustidan butun nazoratni, o‘zlarini boshqarish xususiyatini yo‘qotishadi. Jonivorlar egalarini endi tasavvur qilavering. Tabiiyki, ular atrofdagilardan farqli ravishda jangga yanayam sinchkov, ikki karra hayajonlanib e’tibor qaratishadi. Biri tiz cho‘kib olib, kaftini yerga ura-ura  sochini yuladi, xo‘rozini qarg‘aydi, bo‘ralab so‘kadi, o‘zini yer yuzidagi eng noshud va omadsiz hisoblab Xudoga zorlanadi. Ikkinchisi ikki yuzi yal-yal yonib jonivorini tahsinga ko‘madi, qarsak chalib har bir harakatidan so‘ng ruhlantiradigan so‘zlarni marjon kabi ipga tizadi, ko‘z tegmasin deb lablari cheti tupukka to‘lganicha “cuf senga pahlavonim” deyishni kanda qilmaydi. Alaloqibat, yutgan jonivor egasi xushnud, yutqazganniki xafsalasi pir bo‘ladi.

Ba’zida men ham shu xo‘rozlar jangini guvohi bo‘lib turaman. Kichik shaharda yashaganim bois qo‘shni mahallalardagi yoki o‘zimizning ko‘rimsiz guzarda bu hol oyda bir ro‘y berib turadi. Qish chillasida atrofga pag‘a-pag‘a qor yog‘ayotganida ham, kech kuzda oyoq ostiga xazonlar to‘kilib achchiq ifori dimoqqa urilgan paytda ham, erta bahorda shig‘alab yomg‘ir yog‘ayotganida ham, yoz jaziramasida quyosh tepadan yerni qizdirib yotganida ham mabodo moliyaviy tomondan da’vogar va tashkilotchilar kelishsa janglar o‘tkaziladi.  Qiziqish o‘lsin-a, qiziqish. Yo‘ldan o‘tayotib gohida mashinamni chetga olib, motorini o‘chiraman-da, bir guruh qiziqib kelgan bekorchilar orasiga men ham o‘zimni uraman.

Ko‘pincha men bosh suqqanimda jang yarimlagan, xo‘rozlardan biri yuz-ko‘zi qonga belanib, abgor holatda jangni davom ettirayotgan, ikkinchisi uning zaif himoyasini yorib o‘tish uchun tinimsiz payt poylab, qulay fursatni qo‘ldan boy bergisi kelmay irg‘ib-irg‘ib hujumga o‘tayotgan bo‘ladi. Men ulardan ko‘ra ham atrofdagi odamlarga nazar solaman. Ularni deyarli nuqsonga aylangan  kuzatuvchanligim bilan birma-bir siylayman. Barchasining diqqati jangda, lablari, og‘zi, burni yoki ko‘zlari qimirlab pirpirasa-da, sho‘rpeshona jonivorlarning hatti-harakatlaridan sira ko‘z uzishmaydi. Bu jang ularga olam-olam lazzat bag‘ishlayotganini  mastona suzilgan ko‘zlaridagi shodonlikni turli rakurslarda berilayotgan ifodasidan ilg‘ash qiyin emas. Birgina men bu lazzatni his qilmayman, xolos.

Ularni kuzata turib, oralarida Gabriel Garsiya Markesning Polkovnigini uchrataman. Ha, o‘sha “Polkovnikka hech kim yozmaydi” asaridagi xo‘rlangan va haqoratlangan qariyani. U odamlar orasida ko‘zga tashlanib-tashlanmay misoli soyada turganicha bir qo‘ltig‘idagi nimjon va oriq xo‘roziga, bir murosasiz jang o‘tkazayotgan daroz va qaddi tik xo‘rozlarga tikilganicha mulzam tortadi. Qo‘lidagi xo‘roz o‘sha asardagi xo‘rozning o‘zginasi. Markes amakim tasvirlagan xo‘roz. Quyib qo‘ygandek, ikki tomchi suvdek unga o‘xshaydi.  Polkovnik o‘zi va xotini yeb-ichmasa-da, birgalikda och qolishsa-da, hatto kunlab tuz totishmasa-da, muntazam yeguliklar bilan parvarish qilib turilgan xo‘roz. Polkovnik buyuk janglar uchun mo‘ljal qilib, astoydil boqqan xo‘roz. Polkovnik hukumatdan o‘ziga bir peso ham nafaqa tayinlanavermagach, ertangi kuni va kelajagini ta’minlash uchun bor umidini tikkan xo‘roz.

U Polkovnikning qo‘ltig‘ida mung‘ayib turadi. Shu holatda jangni kuzatadi. Hurkib, lekin diqqat bilan.  Go‘yo jang o‘tkazayotgan xo‘rozlarning alplarga xos bo‘lgan jussasini, chaqqon harakatlarini va qonga to‘lgan qo‘zlaridagi vahshiyliklarini kuzatayotib,  tobora egasi bag‘ri ostiga cho‘kib ketayotgandek, u yerda yo‘q bo‘lib mangulikka singib ketishni-da bo‘yniga olgandek tuyuladi. Polkovnik ham undan kam mung‘aymaydi. U ichiga botib xunuk kirtaygan ko‘zlari, sharti ketib parti qolgan, enkaygan gavdasi, quruqshab oqarib ketgan sochlari va jonivorini ohista ushlagan qoqsuyak qo‘llari bilan tobora kichrayib yer ostiga kirib ketayogandek sezadi o‘zini.

Xo‘rozlar jangi esa shiddatli tusda davom etadi. Polkovnikning xo‘rozi hatto mag‘lub bo‘lishga yaqin turgan xo‘rozdan ham zaif, kuchsizga o‘xshaydi. Shu yerda yig‘ilganlarning barchasi buni ta’kidlashga shaydek orada unga masxaraomuz qarab-qarab qo‘yishadi. Polkovnik o‘zi ham buni ilg‘agandek alamli bir xo‘rsinadi. Shuncha kundan beri o‘zi yemay- ichmay unga luqma tutgani, yeguliklar keltirib qornini to‘yg‘azgani yaxshi jangchi bo‘lishi uchun sirayam kifoya qilmaganiga ochiq osmon ostida iqror bo‘ladi go‘yo va o‘zini bir fursat yo‘qotib dami ichiga tushib ketadi. Lablarini tishlagancha xo‘roziga achinadi. Shu tobda uni manavi dahanaki jangga tashlasa uvol ketishini, g‘olib bo‘lishga yaqin turgan xo‘roz uni qandaydir soniyalar ichidayoq urib-tepkilab chalajon bir ahvolga keltirishini o‘ylab yuragi batamom siqiladi. Ruhiyatida qo‘qqis ikkilanish yuzaga keladi. Odamning qonini ichadigan shubha va gumonlar bilan o‘tmaslashgan aqli munozaraga kirishadi. Vijdoni xo‘rozini qo‘ltiqlab bu iblisona davrani kechiktirmay tark etishini uqtiradi. Ochqagan qorni uyga biror bir yegulik olib borishi lozimligini, uyda hatto qotgan non ham qolmaganini zo‘r berib ta’kidlab, faqat xo‘rozi jangda qatnashibgina uni yutsa bu amalga oshishi mumkinligini qulog‘iga shipshitadi. Dahanaki jang chetida aql, vijdon va oshqozonning murosasiz bahsi kuzatiladi. Polkovnikning vujudidagi bu murosasiz jang vaqt o‘tgan sari talato‘p va po‘rtanani atrofga yuzaga chiqaradi va mo‘ysafidning borlig‘ini ostin-ustun qilib yuboradi. U nima qilishini bilmay yanayam ruhan cho‘kadi, xuddi yerdan boshigina tashqariga chiqib turgandek faqat oqargan sochlari ko‘zga tashlanishni boshlaydi. Bir paytlar ne-ne yurtlarni zabt etgan, buyruqlariga minglab jonlar quloq solgan, og‘zidan chiqadigan bitta gapi shamolning yo‘nalishini o‘zgartirib, kerak bo‘lsa daryo suvni teskari oqishini ta’minlagan, harbiy cho‘rtkesarligi va jiddiy qiyofasi odamlar yuragiga  vahima va dahshat solgan, kaftida butun boshli mamlakat taqdiri yashiringan, qanchadan qancha loy va qonlarni lo‘kkilattib kechgan Polkovnik bir lahza ilojsiz, mushkul bir ahvolda qismat charhpalagida aylanadi. Aylanadi, aylanadi, aylanadi.

Oxiri u bir qarorga keladi. Ortiga o‘giriladi-da shiddatli yakunni va’da qilib turgan  jangni tark etadi. Oyoqlarini kergancha avaylab qadam tashlab, boshini quyi solgancha yer chizib, xo‘rozini qo‘ltig‘iga mahkam qistirib. Uning ortidan men ham ergashaman.

-Polkovnik,- deyman ortidan qolmay uni izma-iz ta’qib qilarkanman. -Axir, uyingizda hecham yegulik yo‘q-ku! Barcha umidingiz shu xo‘rozingizdan emasmidi?

U menga shoshilmay o‘giriladi. Tomog‘ini qirib yo‘taladi. Ingichkalashgan ovozi bilan ming‘irlaydi. Balki g‘o‘ldirar. O‘zbekcha gapiradimi yoki ispanchami- farqi sezilmaydi. U savolimni tushunadi. Tushungandek boshini irg‘aydi. Shunga yarasha javob berishga taraddudlanadi. Hatto hazin jilmayib qo‘yadi bir-ikki. Qo‘ltig‘idan panoh topgan va ko‘zlarini ortiq qo‘rquv ta’sirida katta-katta ochmayotgan xo‘roziga siniq nigohi bilan shunchaki uzoq tikiladi.

-Yaxshisi bandargohga boraman,- deydi shundan so‘ng menga boshini burib.- Balki nihoyat bugun pochtachi kema menga maktub olib kelar.

U pochtachi kema bugun ham, ertaga ham, hatto indiniga ham unga maktub olib kelmasligini, bu kema yukxonasida bo‘lgan minglab rang-barang pochta markalari yopishtirilgan konvertlar orasida unga atalgan shapatidekkina bo‘lsa-da konvert bo‘lmasligini yaxshi biladi. Shunga qaramay o‘zini umid bilan ruhlantiradi va shundoq ko‘rinib turgan tog‘ tizmalariga qaraydi (bizning ko‘chada havo ochiq paytlari purviqor tog‘lar xuddi yaqindek ko‘rinib turadi). Ortidan men ham o‘sha tomonga diqqatimni qarataman. Bir payt bu osmono‘par tog‘lar o‘rnida mavjlanayotgan ulkan ummon qad rostlaydi. Bandargoh paydo bo‘ladi. Polkovnik bandargoh chetiga turgancha olislarga ko‘zini tikib xayolga cho‘madi. Shirin xayolga emas, albatta. Achchiq xotiralarga yo‘g‘rilgan xayolga.  Ehtimol o‘tmishda-yoshlik va kamolotga to‘lgan yillarida daryo-daryo qon kechib hukumat uchun ayovsiz jang qilgan yillarini eslar. Ehtimol unga yuz pesomi, ikki yuz pesomi, qancha bo‘lmasin nafaqa tayinlash haqida o‘ylamayotgan, buni hech xushiga keltirmayotgan, millat oldidagi katta xizmatlarini butkul unutgan hukumatni o‘ylar. Ehtimol bor umidini bergan xo‘rozini qanday qilib jussasi, tumshug‘i va jag‘ini mustahkam qilishni, uni haqiqiy jangchi qilib voyaga yetkazish uchun yana nimalar qilishi kerakligi xususida bosh qotirar.

Har holda u o‘ychan alpozda suvlari ko‘m-ko‘k, tepasida chag‘alay va baliqchi qushlar chirildoq ovozlari bilan ketma-ket baliq ovlayotgan ummonga sassiz boqib turadi. Lohas, toliqqan qiyofada, o‘zini unutar darajada. Ummon kengliklarida bo‘m-bo‘sh nigohi suv ustida eshkaksiz qayiqdek chayqalib-chayqalib boradi. Bag‘rida bo‘zchining mokisiday borib-kelib yurgan, esnagan odamni yodga soluvchi sekin suzib yurgan pochtachi kemalarni, nafaqat ularni,  balki duch kelgan turli-tuman, katta-kichik kemalarni shuurida so‘roqlaydi. Ularning har bir matrosi, lotsmani yoki kapitanigacha savolga tutib, o‘ziga biror maktub bor-yo‘qligi xususida surishtiradi.

-Polkovnik, sizga maktub yo‘q,- deyishadi barcha xuddi kelishib olgandek.

Kapitan ham, lotsman ham, yoshu-qari matroslar ham. U bundan qanoatlanmay, ko‘ngli joyiga tushmay xayolan kemalar palubasiga irg‘ib tushib, ulardagi har bir xonadan tortib yukxonalargacha erinmay titkilab chiqadi. Markesning asarida qilmagan ishini qilib pochta jomadonidagi minglab konvertlarni shartta ochadi va  ularni surbetlarcha ovoz chiqarib o‘qib ko‘radi:

-Bu maktub Davos xonimga, bu Pereyraga, bu Kastiloga, bu Luis Alfonsoga, bu Tereza kampirga…

Ammo ular ichidan nomiga bitilgan maktub chiqmaydi. Afsuski, mamlakatning turli burchaklari va  tashqarisidan yuborilgan, konvertlarga solingan maktublar orasida nomiga bitilgan maktub hech qachon bo‘lmaydi ham. Hukumat unga biror bir nafaqa tayinlamagan bo‘lsa-da, kelgusida tayinlashi yoki bu ishni ko‘rib chiqayotgani haqidagi mazmunni o‘z ichiga olgan maktubni ham yo‘llamaydi. Agar shunday bo‘lganida ehtimol Polkovnikdagi  joni uzilayotgan, mo‘rt umid jonlanib yengilmas bir kuchga aylangan, shunda u ortiq bechora xo‘roziga o‘zi va xotinining ertangi kunini ishonib topshirib qo‘ymagan bo‘larmidi. Maktub esa yo‘q, shunday mazmundagisi ham. Yoki hukumat uni hadeb umidlantiravermay, bira to‘la unga nafaqa tayinlanmasligini ham lo‘nda qilib yozib yubormaydi. Shunday bo‘lganida  u hadeb maqsadsiz tentirab, o‘lik ko‘chalarni qishin-yozin kezganicha bandargohga kelib, ko‘zlari to‘rt bo‘lib pochtachi kemani ilhaq kutmasdi. Pochtalon og‘ziga nafasini ichiga yutganicha qarab, bamisoli  otasi qo‘lidan o‘ziga atalgan xo‘rozqandni  olishni ko‘zlagan yosh boladek og‘zi tamshanmasdi. Xotini ikkisi aniq taqdirga tan berishardi.

U baribir umidini so‘ndirmaydi. Balki qo‘ltig‘i ostida endi ko‘zlarini yumib olgan xo‘roziga chin dildan achinar. Boyagi jangdagi daroz xo‘roz uni shaksiz soniyalar ichida tor-mor keltirib, patlarini yulib, qonga belab tashlaydi. Shundan so‘ng u tanasi shalvirab, yarim jon bo‘lib, piyozli sho‘rvaga go‘sht bo‘lishdan boshqa narsaga yaramay qoladi. U ro‘y berishi muqarrar yoki ehtimoli yuqori bo‘lgan shu qismatni ko‘z oldiga keltirib xo‘roziga ichi achishadi. Uni dahanaki janglarda qatnashtirish uchun toblab, boqib, parvarish qilayotganidan mudrab yotib birdan uyg‘ongan vijdoni qiynaladi. Xotini va o‘zi yemay uni kelgusidagi janglar uchun jussasini kuch-quvvatga boy bo‘lishini maqsad qilganidan yuzi shuvut bo‘lib izzaligi sarhad bilmaydi. Hukumat nafaqa tayinlamagani uchun ertaga och qolmaslikni o‘ylab shu zabonsiz jonivorni o‘zini yakka-yu yagona boquvchisi sifatida ko‘rayotganidan uyalib, suyak-suyaklarigacha zirqirab og‘riydi.

-Yaxshisi bandargohga boraman, -takrorlaydi u  yuqoridagi so‘zlarini ilkis bilinar-bilinmas.- Balki nihoyat bugun pochtachi kema menga maktub olib kelar.

U bunga shubhalanib turganimni his qiladi. Ich-ichidan his qiladi holatimni. Xuddi gaplarini bir qulog‘imdan kirgazib ikkinchi qulog‘imdan chiqarib yuborgandek, boz ustiga ensam qotib turganimdan qalbi azoblanadi. Keyin yakuniga yetgan xo‘rozlar jangi tomon ko‘z qirini tashlaydi. Menga ham qo‘llarini paxsa qilib, “u yerga qara” degandek ishora qiladi.

-Bundan ko‘ra hukumatning nafaqa tayinlashini bir umr kutganim yaxshi emasmi?! – davom etadi so‘ng boshini chayqab-chayqab ovozini ko‘targanicha.- Bandargohda ertalabdan kechgacha maktub kutib o‘lib ketganim yaxshi emasmi?!

2021 yil, yanvar

Sherzod Ortiqov 

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting