Xushnudbek Hodiyev. She’rlar

0
135
ko'rishlar soni



Tun zaminni allalaydi beshigiga,
Oy to‘lg‘anur yulduzlari qo‘shiq aytgach.
Kimlar kirib, kim kirmagan eshigimga —
Yuragining bir parchasin ilib qaytgach,
Bir qiz yig‘lar —
O‘sha qizni manim rashkim yig‘latadi…

Bir zamonlar ko‘mib qo‘ygan siyratimni,
Yuragining chekkasida bitta choh bor.
Kimlar ko‘rib, kim ko‘rmagan suratimni —
Yostig‘ining qatlariga bosib takror,
Bir qiz yig‘lar —
O‘sha qizni manim ashkim yig‘latadi…

Lahzalarda larzalarga tushar birdan,
U yig‘lasa, sohilidan toshar dunyo.
Kimlar kutib, kim kutmagan yo‘llarimdan —
Sog‘inchimning izlarini terib go‘yo,
Bir qiz yig‘lar —
O‘sha qizni manim ishqim yig‘latadi…

Shu qiz borki, tonglarimda navo bordir,
Meni mendek asraguvchi ma’vo bordir,
Xudo bordir, yuragimda Xudo bordir,
Shu qiz borki…

Birda chin-u, birda yolg‘on rashkim haqqi,
Ko‘zlariga joylab olgan ashkim haqqi,
Ishqim haqqi, yo Xudoyim, ishqim haqqi,
Yig‘latmagin,
o‘sha qizni yig‘latmagin!

Shu qiz borki, yuragimda Xudo bordir…

***
Kuyunmang…
Va mendan olmang xavotir.
Ikkimiz uchun ham ma’quli shu ish.
Bilsangiz, xamirdan sug‘irgandek qil-
Oson… Juda oson… meni unutish!

U kunlarni o‘ylang tin olib biroz,
Eski xotiralar bugun asotir.
Sizni sevmoq menga Atodan meros,
Sizni sevmoq juda shirin xatodir…

Ishoning…
Men sizni osmondek sevdim,
Osmondek oq tonglar tutashdi ko‘zga.
Daryolar oqizgan yomon tush edim,
Endi yaxshi tushlar uchrasin sizga!

Ismingizdan bunyod bo‘lganim — taqdir,
Nailoj, barini ko‘raman undan.
Qayergacha bora olardik axir,
Qil ustida turgan sevgimiz bilan…

Sizga yarashadi shodlik degan rang,
Baxtdan aylanadi boshingiz juda.
Asrasam maylimi faqat azizam-
Sizni yuragimning xilvatlarida?!

MAKTUB

Ona, kimlargadir ichikdim chog‘i,
Qovoqlarim kuyar ko‘zim yoshidan.
Dada, uzumlar ham pishib qolgandir,
Menga atab qo‘ying bitta shoxidan…
Ona, sen damlagan choylar qayoqda,
Menga hamroh mudom sovigan qahva.
Dada, shahar meni qaritdi biroz,
Qadrsiz umrimga bitib sarlavha…
Qonimni tomchilab ichyapti ona,
Odamlar nafsidan ortmagan dunyo.
Dada, tushlarimda yo‘qlamay qo‘yding,
Tog‘dek qalbingdagi dog‘ edimmi yo?
Ona, anduhlarni kuylamay qanday,
Manim jon tomirim uzsa azoblar.
Dada, o‘lim haqda she’r yozma deydi-
O‘limimni kutib yurgan kazzoblar…
Ona, sizga qanday malham bo‘lardim,
Xasta yuragimdan tomib tursa qon.
Dada, siz aytgandek halol yashadim,
Ko‘nglim ko‘chasida otmasa-da tong…
Ona, taqdir bilan yakkama-yakka-
Shaharda bir o‘zim olishdim nechun?
Men sizdan bir umr qarzdorman dada,
Lahzasi yillardan ortiq baxt uchun!
Ona, oyga qarab meni ko‘rmasang,
Kuyunma. Shaharda oy chiqmay qo‘ydi.
Dada, qo‘y. Toklarni o‘zim kesaman,
Men uchun onamni asrasang bo‘ldi!
Ona, kimlargadir ichikdim chog‘i,
Dada, uzumlar ham pishib qolgandir…

***

Sen bir kun bariga qo‘yadirsan chek,
Xudoga solasan ikki dunyomni.
Suratimni otib beparvolardek,
Va to‘kib solasan bor diydiyongni.

Tunlar to‘lg‘onasan og‘ir sukutdan,
Ko‘zingda ko‘z ochsa ko‘nglimning ko‘zi.
Sen mendan iborat, menda mavjudsan,
Har daqiqang o‘zim, har oning o‘zim!

Orom topolmaysan bir zum tushda ham,
Cho‘chib uyg‘onasan qoraligidan.
Bir umr entikib yashaysan erkam,
Ismim va Xotiram oralig‘ida!

Kuz bo‘lsang, uch oylik umringni birdan,
Uch asrga tenglab qo‘yadi Tangrim.
Nima deb noliysan axir taqdirdan,
Ismingni yo‘qotib tentisa umrim?!

Ammo ko‘nikishga topasan jur’at,
Menli kunlaringga qo‘yasan taqiq.
Meni eslamagan har bir lahzangga,
Hali ko‘zmunchoqlar qo‘yasan taqib!

Soyamning nafasi o‘ynar zulfingni,
Kipriging sug‘organ sog‘inch yoki g‘am?
Ayt, qanday buzasan ko‘ngil qulfimni,
Bo‘m-bo‘sh yuragimga qorovul qo‘ysam?!

***
Men baridan kechdim. Shu so‘nggi so‘zim,
Almisoqdan qolgan yurak ham tindi.
Mahkum ham,
Mahbub ham,
Mahbus ham o‘zim,
Qay nokas kimsaga aylanay endi?

Men baridan kechdim. Endi kech sen ham,
Eslasam, qonimda yugurar titroq.
Boshimni qay bitta devorga ursam,
Ko‘ksimga ming chandon urar ortiqroq.

Men baridan kechdim. Endi bu yukning,
Yelkamni tilolmay, joni ming talash.
Ammo og‘ir ekan eski vujudning,
Bir parcha etiga yukunib yashash!

Men baridan kechdim. Lekin shunda ham,
Ko‘zim kosasidan toshib ketdi ishq.
O, menga qismatmi nomsiz dunyoda,
Nomsiz muhabbatni quchoqlab o‘lish?!

Men baridan kechdim. Baridan kechdim,
Tilimdan otilar eng so‘nggi vido.
Hech yo‘qsa yurakka boshimni qo‘yib,
Uxlashga so‘nggi bor izn ber Xudo!
***

Endi qayt!
Me’yordan oshdi sinoving,
Shundoq ham yetardi qismatning zayli.
O‘zimdan ham oldin tug‘ilgan sevgim-
O‘zimdan keyin ham seni tilaydi.

Tezroq qayt, qolgani yurakning ishi,
Qolganiga yumsa bo‘ladi ko‘zni.
Men qancha chog‘lanmay ayta olmadim-
Sen menga aytmagan muqaddas so‘zni.

Dunyo dema menga, dunyo ham mendek,
Boshdan oyoq qadar botgan zulmatga.
O‘xshaydi umrimning sensiz damlari-
Bo‘yoq yetmay qolgan chala suratga.

Faqat qayt,
Faqat qayt, vaqt degan dushman-
Uzmasidan oldin ilinj ipini.
Hech yo‘qsa birrovga tushuntirib ket,
Muhabbatsiz yashash prinsipini!

 

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting