Muallif: Alber Kamyu
Frans Kafkaning mahorati shunda ediki, u o‘quvchini asarni qayta o‘qishga majbur qila olardi. Asarlaridagi syujet yechimi mohiyatga ishora qiladi, biroq u darhol aniqlanmaydi, uning mohiyatiga yetish uchun o‘zgacha nigoh ostida asarni qayta o‘qib chiqish kerak. Ba’zida asarni ikki tomonlama talqin etish imkoniyati mavjud bo‘ladiki, bu omil, tabiiyki, asarni qayta o‘qish zaruratini tug‘diradi. Muallif erishmoqchi bo‘lgan narsa esa aynan mana shu. Ammo butun e’tiborni mayda detallarga qaratishga urinish mutlaq befoyda. Ramz doimo yaxlitlanish jarayonida aniqlashadi va asarni tahlil qilish davomida so‘zma-so‘zlikdan qochgan holda, uning umumiy xarakteri tiklanadi. Biroq, ramzlarga to‘la asarni tushunishdan ko‘ra murakkabroq biror narsaning o‘zi yo‘q. Ramz doimo muallif o‘ylagan g‘oyalardan o‘zib ketgan. Shu nuqtayi nazardan, asarni tushunishning eng ishonchli yo‘li – uni oldindan qabul qilingan ko‘rsatmalarsiz, undagi sirli oqimlarni izlashga bo‘lgan urinishlarsiz mutolaani boshlashdir. Xususan, F. Kafka asarlari uchun, odatdagidan farqli o‘laroq, uning shartlarini qabul qilish va roman, dramalariga dastavval asarning shakli nuqtayi nazaridan yondashish to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Hali hech nimadan voqif bo‘lmagan o‘quvchi avvalo, qahramonlarning g‘ayrioddiy sarguzashtlari va qo‘rquv natijasida yuzaga kelgan qaltiroqlaridan shavqqa tushadi, biroq o‘zlari hech qachon aniq ifodalab berolmaydigan savollarni izlashda sobit turishadi. “Jarayon” romanida Yozef K… sud oldida hozir bo‘lishi kerak, biroq u nimada ayblanayotganini bilmaydi. Advokatlar uning ishini jiddiy deb bilishadi. Shu mahalda K… sevish, yeyish va gazeta o‘qishda davom etaveradi. Keyin esa sud boshlanadi. Ammo sud zali qorong‘i edi va K… ko‘p narsani tushunmaydi. U faqat mahkum etilganini taxmin qilar, biroq o‘zini qanday jazo kutayotganini so‘ramasdi. Bundan tashqari uni jazoga hukm etishlariga shubha qiladi va odatiy hayotini yashashda davom etaveradi. Uzoq vaqt o‘tgach, ikkita yaxshi kiyingan va xushmuomala janob kelib, unga o‘zlari bilan birga ketishni taklif etishadi. Yuksak ma’daniyat bilan K…ni shahar tashqarisidagi kimsasiz joyga olib boradi. Boshini toshga qo‘yishni buyuradi va o‘ldiradi. O‘limdan avval mahkum faqatgina “Xuddi it kabi” deya oladi, xolos.
Eng xarakterli jihati tabiiylik hisoblangan romanda uning ramzlari haqida gapirish qiyin ekanligini ko‘rib turibmiz. O‘quvchilar uchun jarayonda ro‘y berayotgan voqealar tabiiy hol bo‘lib tuyuladigan asarlar bor, va yana boshqa toifadagi shunday asarlar borki (to‘g‘ri, ular kamdan-kam uchraydi) personajning o‘zi u bilan sodir bo‘layotgan voqealarni o‘ta tabiiy qabul qiladi. Shu yerda g‘alati, biroq ravshan ko‘rinib turgan bir paradoks yuzaga keladi: qahramonning sarguzashtlari qanchalik g‘ayritabiiy bo‘lsa, asarning tabiiyligi shu qadar yaqqol seziladi. Bu munosabat inson hayotining g‘ayrioddiyligi va insonning o‘zi qabul qiladigan tabiiylik bilan mutanosib, aslida. Ko‘rinishidan, bu tabiiylik Kafkaga xos. “Jarayon” bunga dalil bo‘la oladi. Biz allaqachon mavjudlik falsafasi haqida gapirgandik, biroq “Jarayon” bir vaqtning o‘zida ham sodda, ham murakkab. Aytmoqchimanki, roman mohiyati bir vaqtning o‘zida Kafka uchun g‘ayritabiiy va shu bilan birga aynan uning o‘zigagina xos. Kafkaning qaqramoni mahkum. Buni u romanning boshidayoq aniqlab olgan. Sud da’vosi qahramonni ta’qib etyapti, biroq, agar Yozef K… bu ishlarga barham berishga uringanida, Kafka bu urinishlarni hech bir ajablanishlarsiz va aralashuvsiz ko‘rsatib berardi. Biz esa doim unda hayrat yetishmasligidan ajablanishda davom etaveramiz. Aynan mana shu qarama-qarshilik absurd asarning birinchi belgisi hisoblanadi. Ong mana shu reallik orqali o‘zining ruhiy fojiasini ko‘rsatib beradi.
“Qo‘rg‘on” romanini amaldagi ilohiyot deb atash mumkin, garchi unda avvalo dunyodagi barcha moddiyatdan o‘zining eng oliy sirini bilishga urinayotgan, ayollardan esa ularga yashirilgan Tangrining muhrini izlayotgan insonning najot izlab yurgan darbadar ruhi tasvirlangan bo‘lsa ham. “Evrilish” hikoyasi o‘z navbatida tiniq aql etikasining mujassamlashuvi. Biroq, shu bilan birga, u o‘zini hasharot kabi his qilayotgan vaqtda, biror urinishlarsiz ana shu hasharotga aylanib qolgan odamning cheksiz taajjubining mahsuli hamdir. Kafkaning siri esa aynan mana shu ikkilikda yotadi. Uning butun ijodi davomida tabiiylik va g‘ayrioddiylik, shaxs va jamiyat, fojiaviylik va reallik, absurd va mantiq, muayyan ovoz va uning mohiyati o‘rtasida doimiy muvozanat saqlangan. Absurd asarlarni tushunish uchun bu paradokslar haqida eslab qolish va bu qarama qarshilikka bor e’tiborni qaratish lozim. Chindan ham, ramz sizga ikki g‘oyani, fikr va kechinmaning ikki olamini, shuningdek, ular o‘rtasidagi uyg‘unlikning lug‘atini taklif qiladi. Eng qiyini mana shunday lug‘atlar uchun leksikalarni keltirish. Lekin bu ikki olam mavjudligini tushunish – ularning yashirin aloqalarini topishni boshlash demakdir. Kafkaning bu ikki dunyosi – xayoli va real hayoti edi. Kafka doim Nitsshening “Buyuk muammolarni ko‘chadan izlang” degan jumlasiga amal qilgandek tuyiladi. Mana shu nuqtada – mavjudlikning asosiy absurdligi va bir vaqtning o‘zida uning inkor etib bo‘lmas buyukligi, mohiyatan inson mavjudligini talqin etuvchi barcha badiiy asarlar birlashib ketadi. Tabiiyki, har ikki g‘oya ham bir-birini inkor etmaydi. Har ikkisi ruhning baland ishtiyoqi va vujuddagi o‘tkinchi huzurning bema’ni ixtilofini aks ettiradi. Absurdligi shundaki, ruh vujudga qamalganiga qaramay, unga qaraganda nihoyatda mukammal. Bu absurdni tasvirlamoqchi bo‘lgan yozuvchi konkret parallellikda unga hayot berishi kerak. F. Kafka aynan real hayot orqali fojiani, absurd orqali mantiqni ko‘rsatib bera oladi. Aktyor fojiaviy qahramonni tasvirlashda qanchalik ko‘p energiya sarflasa, uni qayta ijro etishdan shunchalik qo‘rqaveradi. Agar tabiiy me’yor hissi saqlangan bo‘lsa, u yuzaga keltirayotgan dahshat o‘lchovsiz darajada kuchli bo‘ladi. Bu jihatdan ayniqsa, yunon tragediyalaridan ko‘p narsa olish mumkin. Tragik asarlarda qismat tabiiylik va mantiq niqobi ostida ishonchli his qilinadi. Edipning qismati avvaldan sizga ma’lum. G‘ayritabiiy kuchlar ta’sirida u qotillikka yo‘l qo‘yadi. Butun dramaning harakatlari xulosadan xulosaga qadar qahramonning baxtsizligini yakunlaydigan mantiqiy zanjirini ko‘rsatishdan iborat. Bu g‘ayrioddiy qismat haqida bizga avvalboshdan xabar berish – umuman dahshatli emas, boisi bunga aql bovar qilmaydi. Agar bizga ehtiyoj jamiyatning real hayoti, davlat, oilaviy munosabatlar chegarasida ko‘rsatib berilsa, ana shunda mantiqli fojia yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Insonni butkul egallab olgan va “Bu imkonsiz” deb aytishga majbur qiluvchi nafratda ham buni sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonchsiz bir umid mavjud bo‘lgan doim.
Yunon tragediyalarining butun bir siri, hech bo‘lmaganda bir jihati aynan mana shunda. Biroq, Kafkani tushunishga imkon beradigan boshqa bir yo‘l ham mavjud. Inson tabiati taqdir deganda faqat o‘limnigina tushunushdek noqis bir odatga ega. Biroq, o‘z o‘rnida baxt ham biror mantiqqa ega emas, boisi u ham muqarrar. Zamonaviy odam uning manbai nima ekanligini tushuna olmay, baxtni qandaydir harakatlar yoki xizmatlar evaziga oladi. Bundan tashqari, yunon tragediyalaridagi tanlanganlar, afsonalardagi Uliss kabi sevimli qahramonlar shunday rivojlanadiki, ular o‘zlarini mustaqil holatda xunuk tarixdan olib chiqib keta olishadi.
Nima bo‘lganda ham, absurd asarlarda yashirin munosabat mantiqiy va real munosabatlar bilan birlashib ketishini unutmaslik kerak. Mana, nima uchun “Evrilish” qahramoni Zamza aynan savdo korxonasining xizmatchisi. G‘ayrioddiy hasharotga aylanib qolgan bu odamni tashvishlantirayotgan yagona narsa – uni ish joyida emasligidan xo‘jayinining norozi bo‘lishi. Zamzadan panjalar o‘sib chiqadi, yelkasini sovutday suyak qoplaydi. Bu uni mutlaqo hayratlantirmadi, deyolmaymiz, aks holda, bu evrilish o‘quvchida hech qanday taassurot qoldirmasdi. Biroq bu o‘zgarish Zamzada faqatgina yengil bezovtalik tug‘dirganini aytish kerak. Kafkaning butun san’ati mana shu nozik ishorada. Kafkaning asosiy asarlaridan biri “Qo‘rg‘on” romanini ham kundalik hayot tafsilotlari egallagan. Biroq hech nima oxiriga yetmaydigan va yana bari boshidan boshlanadigan bu asardagi asosiy jihat, aytilganidek, najot izlab yurgan darbadar inson ruhiyasidir.
“Jarayon”dagi qahramonning ismi Shmidt yoki Frans Kafka bo‘lishi ham mumkin edi. Biroq, uning ismi Yozef K… U Kafka emas, lekin bir vaqtning o‘zida Kafka. U oddiy bir yevropalik. U ham xuddi boshqalar kabi. Biroq undagi o‘ziga xoslik hanuz unga yechim topishni talab qilib kelyapti. Absurdni ifodalash uchun Kafka mantiqiy aloqadan foydalanadi. Hammomda baliq ovlagan savdoyi haqidagi hikoya ko‘pchilikka ma’lum. Psixiatriya borasida o‘z qarashlariga ega shifokor savol beradi: “Ilinyaptimi?”. Savol izidan darhol “Tentakmisan, yo‘q, albatta, axir bu vanna-ku!” degan javob oladi. Bu shunchaki kulguli voqea bo‘lishiga qaramay, mantiqan ortiqcha narsadan qanchalik absurd effekti paydo bo‘lishini yaxshi namoyon etadi. Frans Kafka dunyosi hech nima tutib bo‘lmasligini anglaganing holda, vannada baliq ovlashdek og‘riqli hashamni o‘zingga ravo ko‘radigan imkonsiz koinot. Shunday qilib men, bu yerda absurd asarlarning asosiy liniyalarini ko‘raman. “Jarayon”dan bunday belgilarni ko‘p topish mumkin. Bu asarda hamma narsa bor: yetilmagan norozilik, aniq va so‘zsiz umidsizlik, roman qahramonlariga to o‘limiga qadar zavq beradigan o‘zgacha hatti-harakatlar erkinligi. Biroq, dunyo bizga tuyiladigani kabi yopiq va sirli emas. Kafka umidni o‘zining umidsiz dunyosiga g‘ayrioddiy bir yo‘l bilan olib kiradi. Shu jihatdan “Jarayon” va “Qo‘rg‘on” romanlari bir-biriga o‘xshamaydi. Ular bir-birini favqulodda to‘ldiruvchi asarlardir. “Jarayon”dan “Qo‘rg‘on” romaniga o‘tish vaqtida erishish mumkin bo‘lgan sezilmas o‘sish chiqish yo‘lini izlashdek muammoni hal etgan kabi g‘alabani beradi. “Jarayon” ma’lum bir ma’noda yechimi “Qo‘rg‘on”da yashirilgan muammoni taqdim qiladi. Birinchi romanda yuzaga kelgan muammoga hech bir yechim berilmaydi, ikkinchi romanda esa unga ma’lum darajadagi izohlar beriladi. “Jarayon” tashxis qo‘ysa, “Qo‘rg‘on” muolajani taklif etadi. Ammo, bu o‘rinda taklif etilayotgan malham davolamaydi. Bu faqat kasallikni normal holatga keltiradi, unga moslashish imtiyozini beradi, ma’lum ma’noda sizni uni qadrlashga undaydi (Kyerkegorni eslaymiz, shu o‘rinda). Yer o‘lchovchi K… unga zulm qilishlaridagi tashvishdan o‘zga bir tashvishni tasavvur ham qilolmaydi. Hatto atrofdagilar ham bu bo‘shliq va ismsiz og‘riqni sevishga tushishadi, xuddiki, og‘riq bu yerda imtiyozli rutbaga ega edi. “Qanchalar menga muhtojsan, – deydi Frida yer o‘lchovchiga. Sen yonimda bo‘lmaganingda o‘zimni qanchalar yolg‘iz his qilgan bo‘lardim”. Bizni yo‘q qiluvchi hamma narsani sevishga majbur qiladigan bu omil, umidsiz dunyoda hamma narsani o‘zgartirib yuboradigan keskin ruhiy “sakrash” jarayonida yana umid tug‘diradi. Ekzistensial inqilob va “Qo‘rg‘on” romanining siri ham shu omilga taqaladi.
K… qo‘rg‘onning yer tuzuvchisi yetib tayinlanib, qishloqqa keladi. Biroq qishloq va qo‘rg‘on o‘rtasida aloqa yo‘q. Yuzlab sahifalarda K… yo‘lini izlaydi, qo‘rg‘onga kirish uchun ayyorlik bilan bo‘lsa ham yangi va aylanma yo‘llarni qidiradi. Biroq u bu urinishlarni hech bir bezovtaliksiz, g‘azab yo biror tushkunliksiz amalga oshiradi. Jumboqli e’tiqod bilan K… o‘ziga ishonib topshirilgan vazifaga yo‘l ochadi. Har bir bob – yana bir muvaffaqqiyatsizlik, lekin shu bilan birga, yangi bir urinishning boshlanishi, mantiqiy boshlanishi emas, balki, ma’lum ketma-ketlikni yangilash. Bu qat’iyat ko‘lami asarda fojiaviylikni yuzaga keltiradi. K… qo‘rg‘onga qo‘ng‘iroq qilganida kulgi, mubham ovozlar, uzoqdan eshitilayotgan bir chorlovni ilg‘aydi. Bu uning umidini rahbatlantirish uchun yetarli edi, xuddi bizga yozgi osmondagi noaniq belgilar yo tungi o‘ylovlar ham idrokni uyg‘otish uchun ba’zan yetarli bo‘lganidek. Bu haqiqatdan ham M.Prust asarlarida yoki Plotinusning falsafiy nutqlarida mavjud va yo‘qotilgan jannatga bo‘lgan nostalgiya deb atash mumkin bo‘lgan Kafka melanxoliyasining siri. “Ertalab Barnabe menga qasrga ketayotganini aytganda meni melanxoliya qamrab oladi, — deydi Olga, — ehtimol, bu yo‘l foydasiz, ehtimol, kunlar boy berib bo‘lingan, ehtimol, umid ham manisiz”. F. Kafka asarni mana shu “ehtimol” ishorasiga quradi. Biroq, bu yerda hech narsa rol o‘ynamaydi, bu izlov doim kuzatuvchanlik bilan amalga oshadi va Kafka personajlari bo‘lib kelgan bu jonli avtomatlar bizga o‘z ermaklarimizni yo‘qotsak, qay ahvolga tushishimizni ko‘rsatib beradi. “Qo‘rg‘on”da har kunlik itoat bora-bora axloqqa aylanishi ham ko‘rsatiladi. K… ning eng katta umidi – qo‘rg‘onga qabul qilishlariga erishish. Normal va sog‘lom insoniy turmushga erishish. Endi uning o‘z telbaligiga ergashishga madori qolmagan. K… mulohazakor bo‘lishni va uni qo‘rg‘onga begona qiladigan la’natdan xalos bo‘lishni istaydi. Frida bilan bog‘liq voqeliklar bunga dalolat bo‘ladi. U Fridani avvaldan qo‘rg‘on xizmatchilaridan biri sifatida tanigani uchun, xushtor sifatida tanlaydi. U undan o‘zinikidan ustun bo‘lgan allanimani topadi va bir vaqtning o‘zida uni qo‘rg‘onga noloyiq qilib turuvchi boshqa jihatni ham anglab qoladi. Bu holat S.Kyerkegorning Regina Olsenga bo‘lgan g‘ayrioddiy sevgisini eslatib yuboradi. Ba’zi erkaklarni komiga tortgan olov shu qadar kuchliki, u nafaqat o‘zining, balki, uni o‘rab olgan atrofdagilarning qalbini ham yondirish kuchiga ega. “Qo‘rg‘on”dan olingan bu epizod biz Xudoga unga mutlaqo tegishli bo‘lmagan nisbatlarni berishimizdek muqarrar bir xatoning tasviri. Ehtimol, Kafka uchun bu xatolik emasdir. Bu bir nazariya va ruhiy “sakrash” mahsuli: “Xudo buyurganidan ortiq hech nima sodir bo‘lmaydi”.
Qizlarning kattasi – Amaliya qo‘rg‘on xizmatchilaridan birining jirkanch taklifini rad qiladi. Navbatdagi la’nat uni Xudoning marhamatidan abadiy mahrum qiladi. Xudo uchun o‘z nomusidan mahrum bo‘lishga qodir emaslik uning marhamatiga nomunosib bo‘lish demakdir. Va ayni jarayondan biz ekzistensial falsafaning doimiy mavzusini bilib olamiz: haqiqat har doim axloqqa zid bo‘ladi. Ushbu mavzudan keyin F.Kafka qahramonni Fridadan Barnabe opa-singillariga olib boradigan yo‘lni ya’ni ishonchli muhabbatdan absurdni ilohiylashtirishga olib boradigan yo‘lni tasvirlaydi. Yozuvchining fikri shu o‘rinda yana S.Kyerkegor bilan birlashib ketadi. “Barnabe hikoyasi” asarning oxiriga joylashtirilganligi hayratlanarli emas. Yer o‘lchovchining so‘nggi urinishi – bu inkor qilish orqali Xudoni topish, uni yaxshilik yoki go‘zallik tushunchalari orqali emas, balki, uning befarqligi va adolatsizligining quruq va xunuk ko‘riniishlari orqali topish. Qo‘rg‘on tomonidan qabul qilinishga intilgan bu begona odam o‘zidan qochganligi, axloqiy, mantiqiy va ruhiy haqiqatlaridan ajralib, ilohiy marhamat hududiga o‘zining mantiqsiz umidlari bilan kirishga uringanligi uchun sayohati davomida maqsadidan yanada uzoqlashadi. (Bu fikr faqat Kafka sizga qoldirgan “Qo‘rg‘on”romanining tugallanmagan varianti uchun o‘rinli, biroq yozuvchining asarning so‘nggi boblarida roman ohangining birligini buzganligi o‘ta g‘alati) Bu o‘rinda “umid” so‘zi kulguli ko‘rinadi, asli. Biroq Kafka ilgari surayotgan shartlar qanchalik fojiali bo‘lsa, u shu qadar og‘ir va shafqatsiz umidni yuzaga chiqaraveradi. “Jarayon” qanchalik absurd tuyilmasin, “Qo‘rg‘on”dagi shavqli “sakrash” shunchalik hayajonli va g‘ayriqonuniy ko‘rinadi. Biz shu o‘rinda yana ekzistensial fikr paradoksiga duch kelamiz. Masalan, S. Kyerkegor ifoda qilgan “Yerdagi umidni o‘ldirish kerak, shundagina haqiqiy umid yordamida najot topasan” fikrida. (“Qalb pokligi”dan) F.Kafkaga kelganda buni quyidagicha talqin qilish mumkin: “Qo‘rg‘on”ni yozishni boshlashdan avval “Jarayon” ni yozish kerak”. Kafka haqida yozganlarning aksariyati uning ijodini “odamning boshpanasiz qolgandagi umidsiz yig‘isi” deb ta’riflaydi.Fikrimcha, bu nuqtayi nazar qayta ko‘rib chiqilishga muhtoj. Umidning turli ko‘rinishlari mavjud. Masalan, Anri Bordoning optimistik ijodi menga umiddan mutlaqo mahrum bo‘lib tuyiladi, chunki undagi qahramonlarning hissiyotlari hech qanday to‘siqqa duch kelmaydi. A. Malroning fikrlari doim tetiklikni saqlaydi. Biroq, har ikki holatda ham biz turli xildagi umidlar va umidsizliklar haqida gaplashamiz. Men absurd asarlarda o‘zim xalos bo‘lishni istagan noaniqliklarga yetaklab borishi mumkin bo‘lgan yo‘lni ko‘raman. Samarasiz sa’y-harakatlarning to‘xtovsiz takrorlanaverishi asarni illyuziya beshigiga aylantirib qo‘yadi. Bu esa umid tushunchasini tushuntiradi va unga ma’lum bir shakl beradi. Muallifning o‘zi ham endi o‘z ijodidan ajrala olmaydi, bu endi ro‘y berishi muqarrar bo‘lgan fojiali o‘yin bo‘lmay qoladi. Bu endi ijodkor hayotiga ham mazmun bag‘ishlay boshlaydi. Shunisi e’tiborga loyiqki, ekzistensialistlar orasida F. Kafka kabi absurd va uning oqibatlariga yo‘naltirilgan (masalan, S.Kyerkegor yoki L.Shestovaniki) asarlar oxir-oqibatda umidning baland ovozlarda kuylanishiga olib keladi. Ular o‘zlarini komiga tortayotgan Xudo bilan cho‘lg‘anib ketishadi. Umid itoat qilish orqali singib ketadi, sababi inson mavjudligining absurdligi ularni g‘ayritabiiy haqiqat mavjudligiga ko‘proq ishontiroladi. Agar insonning hayot yo‘li Xudoga olib borsa, demak, chiqish yo‘li ham bor. S.Kyerkegor, L.Shestova yoki F.Kafka qahramonlarining o‘z harakatlarini qayta takrorlayverishidagi o‘jarligida ham ishonchning o‘ziga xos kafolati bor. (“Qo‘rg‘on”dagi umiddan butunlay mahrum bo‘lgan obraz – Amaliyadir. Unga yer o‘lchovchi katta kuch bilan qarshilik ko‘rsatadi)
F.Kafka o‘z Xudosiga ko‘rsatiladigan axloqiy buyuklik, aql-idrok va mehribonlikni rad etadi va bu faqatgina uning bag‘riga o‘zini boshqa bir yangi kuch bilan otish maqsadidagina amalga oshiriladi. Absurd tan olinadi, qabul qilinadi, odam unga bo‘ysunadi va ayni shu vaqtdan boshlab u endi absurd bo‘lib tuyilmay qo‘yadi. Inson mavjudlikdan o‘zini olib qochganidan ko‘ra ana shu insoniy mavjudlikning ichida ekanligini his qilish holatida ko‘proq umid mavjud emasmi, aslida? Shunday qilib, men ekzistensial fikr, qarshi fikrlarga qaramay, nasroniylikning vujudga kelishiga va go‘dak – Isoning tug‘ilishi haqidagi xabar qadimgi dunyoni ostin-ustin qilib yuborishiga katta umid qilgan deb hisoblayman.
Ammo har qanday ekzistensial fikrni tavsiflab keluvchi “sakrash”da va ilohiy tabiatning qat’iy bo‘linishida o‘zini inkor etish alomati yaqqol ko‘rinadi. Biz bunda najot yo‘lini beruvchi mag‘rurlikni ko‘rishimiz mumkin. Ushbu chekinish samarali bo‘lib ko‘rinadi va bu o‘sha mag‘rurlikning axloqiy qiymatini pasaytirmaydi, hatto uni behuda deb e’lon qiladi, sababi haqiqat ham uning ta’rifidan kelib chiqqan holda, behudadir. Hamma narsa berilgan va hech nima tushuntirilmagan dunyodagi barcha aniq hodisalar kabi har qanday qiymat va falsafaning samarasi – ma’nisiz fikrlardir.
Bu yerda har qanday holatda ham F. Kafka ijodi qaysi tafakkur an’analariga mos kelishini kuzatamiz. “Jarayon”dan “Qo‘rg‘on”ga olib boruvchi yo‘lni to‘g‘ri chiziq deb qabul qilsak, chindan xato qilamiz. Yozef K… va yer o‘lchovchi K… – bu Kafkani o‘ziga jalb etuvchi ikki qutb. F. Kafkaning so‘zlaridan foydalanib shuni aytish mumkinki, uning asari, ehtimol absurd emasdir va bu uning buyukligi va universalligini ko‘rishimizga to‘sqinlik qilmaydi. Kafka asarlarining bu fazilatlari haqida alohida gapirishimiz kerak, chunki muallif har kuni umiddan melanxoliyaga, umidsiz donolikdan ixtiyoriy so‘qirlikka o‘tishini shunday namoyish qiladi. Uning asarlari insonlar uchun odamlardan uzoqlashib qolgan va hayot o‘limning qo‘rqinchli alifbosi sifatida ko‘rinayotgan vaqtda dunyoning mana shu qarama-qarshiliklari umid va ishonchga sabab bo‘loladigan darajada universaldir (aslida, absurd asarlar universal emas, tabiiyki). Uning asarlaridagi universallikning yana bir sababi ilohiy turtki natijasida yaratilgan ular. Barcha dinlarda bo‘lgani kabi, undagi odam ham o‘zining shaxsiy va maishiy hayoti yukidan xalos bo‘ladi. Men bu universallikni tan olaman va unga qoyil qolaman. Biroq universal bo‘lgan narsani emas, balki, haqiqatni izlayman. Bu ikki tushuncha doim ham bir xil bo‘lmasligi mumkin.
Umidsizlik hissi qarama-qarshi mezonlar orqali aniqlanadi va baxtli odamni umiddan mahrum qilganimizda tragik asar shunday yuzaga keladi desak, mana shu yo‘l orqali tushunish osonroq. Hayot qanchalik hayajonli va qoniqarli bo‘lsa, uni yo‘qotish shu qadar absurdlashadi. Ehtimol, Nitsshe ijodidagi sovuqqonlikning siri shundadir. Ushbu g‘oyalar doirasida, balki, u absurd estetikasidan favqulodda xulosalar chiqaradigan yagona yozuvchi, chunki uning nihoyatda aniqlik bilan yozilgan so‘nggi maktubi har qanday tasallini inkor etadi.
Agar xulosalarni maqolaning boshida bayon qilingan pozitsiyalar bilan taqqoslasak, “Qo‘rg‘on”romani shaklining chuqurligini, uning sirli mohiyati, K…ning mag‘rur izlanishlari fonining tabiiyligi va bu asarning naqadar buyukligini ko‘ramiz. Ushbu fikrlar bizga inson tafakkuri chegaralariga olib boradigan Kafka asarlarining ahamiyatini ochib berish uchun bir turtki bo‘loladi. Uning asarlaridagi har bir narsa o‘z o‘rnida muhim. Ular to‘la-to‘kisligicha absurd muammolarini sizga ko‘rsata oladi. Agar nostalgiya bu insonparvarlikning alomati bo‘lsa, unda hech kim bu qo‘msash ruhini bu qadar jonli tasvirlay olmagan bo‘lardi, shu bilan birga romanda absurd asar talab qiladigan maxsus ulug‘vorlik yo‘q. Agar san’atning xususiyati qismlarni o‘zining butunlariga birlashtira olish bo‘lsa, absurd asar ijodkorining buyukligini har ikki dunyo o‘rtasida o‘rnatish mumkin bo‘lgan og‘ish va muvozanat nuqtasi jihatidan to‘g‘ri baholay olishimiz mumkin. Uning siri shundaki, ular eng keskin qarama-qarshilikda shu ikki dunyo birlashadigan nuqtani topishadi.
Darhaqiqat, toza qalblar insonning bu dunyodagi o‘rnini darhol aniqlay oladi. Faust va Don Kixot hatti-harakatlarining buyukligi asarni yuksak darajaga yetakladi. Biroq, albatta ong o‘zining harakatlaridagi haqiqatlarni inkor etadigan vaqt keladi bir kun. Shundan keyin qahramonlarning taqdiri fojiaviy emas, jiddiy qabul qilina boshlaydi. Ayni paytda inson umidni his qila boshlaydi, vaholanki, bu uning vazifasi hisoblanmasa ham. Uning maqsadi men Kafkaning butun olamga qarshi qo‘zg‘agan o‘sha mashhur sud jarayoni so‘ngidan topgan bahonalarni eshitish emas. Asar oxirida chiqarilgan hukm esa hatto ko‘rsichqonlar ham umid qilishga jazm etadigan bu jirkanch dunyoni oqlaydi.
Yuqoridagilarning barchasi, albatta, F.Kafka ijodining ma’lum talqinidir. Biroq, bularni faqat estetik nuqtayi nazardan ko‘rib chiqishga hech nima to‘sqinlik qilmasligini aytib o‘tish ham lozim. Masalan, B.Gretuizen “Jarayon”ga yozgan o‘zining ajoyib so‘zboshisida o‘zini boshqalarning xayolotiga ergashish bilan cheklaydi. Biroq u so‘zboshining ustun tomoni shundaki, unda faqat taxminlar bor, hech qanday hukm yo‘q.
Rus tilidan Navro‘za o‘girmasi
Assalomu alaykum. Navro’za, go’zal tarjima bilan va eng muhimi kerakli ishni amalga oshirganingiz bilan tabriklayman. Qoyilotun.
Shunaqa tarjimalardan kõp bõlsin. Navrõzaga rahmat
Qandaydir saviyada tarjima bo‘lgan bo‘lsa ham baribir rahmat. Lekin, Kamyuni umuman ko‘rmadim, his qilmadim. Qat’iylik yo‘q jumlalarda…