MATEO MANSILYa-MOYYa — meksikalik ispanzabon shoir. 1994 yilda Meksika poytaxti Mexiko shahrida tug‘ilgan. Meksikadagi Klaustro-de-Sor-Xuana universitetini tamomlagan. 2016 va 2019 yillarda Mexiko va Buenos-Ayresda (Argentinada) ikkita she’riy kitobi nashr etilgan. Meksikadagi nufuzli hisoblangan “Mood magazine”, “Por Escrito”, “El puro cuento” kabi adabiy jurnallarda muntazam ravishda she’rlari chop etilib turiladi. Ayni paytda Meksikadagi “Sardenal” adabiy jurnali muassis va muharrirlaridan biri hisoblanadi.
***
Odatimiz bo‘lardi
Yayov alfozda kezish
Bolakaylar cho‘rtanbaliqning
Qumga tashlashgan chirik tanasin
Hidiga po‘rtahol daraxti isi
Qorishib dimog‘da sezilmaydigan
Daryoning narigi qismi yoqalab.
Bu shunday kunlar ediki
Bizniki bo‘lardi osmon rangi,
havoga ko‘tarilgan ko‘rfazdagi tuz
Burnimizni tirnardi o‘rnab.
Daryoni do‘st tutib o‘rganardik
Quyosh bilan o‘ynash sirini birga,
quloq tutib tinglardik kimdir
Qayerdadir bizni kutayotganin.
Rost edi boxabar bo‘lganligimiz
O‘simliklar zabonidan-da,
Mos nom qo‘yardik ularga topib
Ko‘mib gurungimizga soyalarini.
O‘zimizni his qilmoq uchun
Uydagi kabi go‘yo
Bu bizga berib tasalli
Garchi ilingan bo‘lsa-da ko‘mak
Vatan deyilgan zaminda lekin
Bilardik bir ajnabiydek
Baxtga qarshi bir-birimizni.
***
U paytlari tun
Tovush chiqarardi
Texascha raqamlar ilingan
Ko‘k rangdagi eski Mustangning
V8 motori kabi.
Ko‘chaning bir muyulishida
Boshlangan bunday g‘uvillash
Titratardi deraza oynalarini
Va shunaqangi ko‘tarardi chang
Natijada ro‘paradan chiqqan
Mashinalar oshiqardi
Katta yo‘lning chetiga cho‘chib.
Ko‘k Mustangning shu’lasi
O‘tib ketarkan
Deraza oldidan misli arvohdek
Suyak-suyagimizgacha muzlatib,
o‘chirardik-da chiroqni shitob
Kutardik u ko‘zdan yo‘qolgunicha
Trotuar loyqa yo‘lga o‘rnini
Bo‘shatadigan eski mahalla
Qabristonidagi bo‘ynini cho‘zgan
Za’faron qabrtoshlar mavjud
Ko‘chaning boshqa bir muyulishida.
Keyin mo‘ralardik
Darparda chetidan pusib,
ilg‘ardik ko‘kda zulmatni,
chang-to‘zonni bosilmaguncha
Asfaltga tushib uzala.
Va anglardik tin olib yengil
Yostiqqa bosh qo‘yib nihoyat
Xotirjam uxlash mumkinligini.
***
Sen bilasanmi
Ne ekanin sog‘inmoq
O‘zi hech qachon yo‘q bo‘lgan narsani?
Bu g‘ayritabiiy…
Bunda o‘zingni his qilasan
Kuni kelib tariximizga
Aylanishi mumkin bo‘lgan nimadir
Joy olishi lozim qog‘ozning
Qarshisida o‘tirgandek
Qo‘lingda ruchka bilan
Lekin siyohsiz.
Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimalari