Ruhimni parishon aylar Pikasso,
Jumboq yaratgan-da inson zotini.
Yo‘qsa oshqozonga tushar narsaga
Tanlab qo‘yarmidi rassom otini?
Zaminga andaza mitti zamincha,
Ona yer hidiga belar uyimni.
Tuyqus esga solar kartoshka dala
Va unda yo‘qotgan qora qo‘yimni.
Achomlashib o‘t-u o‘lanlar bilan,
«Xola-xola»o‘ynab keyin kun bo‘yi.
Umrimda birinchi marta qo‘y boqdim,
-Keyin-chi?
Topolmay qoldim shu qo‘yni…
Otning qashqasiday ma’lumdir o‘zi,
Qoqqan qoziqdayin jilmasa joydan.
Dunyoda eng yuvvosh, shu odobli qo‘y,
Na yerda ko‘rindi va na oydan…
Qaytdim.
Ko‘nglimgacha cho‘kdi go‘yo shom.
Otam ranjidilar, yo‘qdir urgani.
Mahzun yuragimdan o‘chmaydi hamon,
«Odam bo‘lmaysan» deb ilk bor so‘kkani.
Odam bo‘ldimmikan bilmayman hanuz,
Yelkamda o‘ttiz yil o‘sgan tog‘lar bor,
Men odam bo‘lmasdan bukchayib qoldim,
Men katta bo‘lmasdan kichrayib qoldim.
Eksang, kulib unar yana kartoshka,
Tirnoqdan kichigi kaftga sig‘maydi.
Bashar haqli emas, bu sirli baxtga,
Insonni ko‘msangiz-o‘sib chiqmaydi!!!
O‘sib chiqmaslarim, qaytmaslarim, oh!
Siz ketgach, tuproqqa dahlimni tuydim.
Izim ham, ko‘zim ham uzilmas yerdan,
Men odam bo‘lishni o‘ylamay qo‘ydim.
Bugun dardlashaman kartoshka bilan,
Ertaga piyozga beraman yig‘lab.
Ufqqa tutashgulik o‘y-xayolimni
Shu to‘rtta devorga qo‘yganman mixlab.
Otamsiz, onamsiz uch bolam bilan,
Baxtli bolalikni qumsab yashayman,
Sabza maysazorin ortda qoldirib,
Shaharda adashgan qo‘yga o‘x shayman.
Qo‘y-ku topib kelgan o‘shanda uyni,
O‘rnak ololmadim loaqal qo‘ydan.
Ota, axtaryapman hali yo‘limni,
Ota, bo‘lolmadim haliyam odam…
Ruhimni parishon aylar Pikasso…
***
Ichikib boraman Ichan Qal’aga,
Meni kutib olar Ota Darvoza,
Otam otalarin ko‘rgan darvoza,
Otamday ko‘ksini kergan darvoza.
Ota Darvozaning erka bolasi,
Seni istab keldim ko‘rsa xumorim,
Xiva boshidagi ko‘m-ko‘k cho‘girma,
Cho‘k tushgan ko‘k soqol
Kalta minorim!
Kalta minor…
Bo‘yi o‘smay qolgan
Ko‘ngli Kaaatta minor!
Rukusida qotib qolgan zohiddayin
Na yotasan,
Na turasan shartta minor…
Kalta minor,
Bisotingda armon bisyor,
Ko‘k ayvonin ko‘k ustuni bo‘lmoqchiyding,
Madaminxon zinalaring ko‘zga surtib,
Boshing uzra Buxoroni ko‘rmoqchiydi.
Alal boshi bo‘zlab yotar Tehronlarda,
Tanasi-chi ko‘hna Saraxs tomonlarda.
Madaminxon boshsiz qoldi-
Boshsiz qolding…
(Boshsiz u ham
Xuddi senga o‘xshab qoldi)
O‘ylagansan:
«Bir insofli tamomlar-da!»
Kalta minor,
Yillar bitdi — sen bitmading.
Xonlar ko‘z-ko‘z qildi qudrat, davlatini.
Birortasi tiriltirmoq istamadi
Otasining, akasining shavkatini.
Kim ham yodga olar dedi yarim ishni,
Tamomlasak, yoyib xonning shuhratini…
Kalta minor,
Hasading ko‘p,
Havasing ko‘p,
Sal balandsan gujumlardan, chinorlardan.
Iching to‘la ustalarning nolalari,
Azon kelsa boshqa-boshqa minorlardan.
Kalta minor,
Bitmay qolgan yaradaysan,
Boqsam, bag‘rim burdalaydi
Kalta bo‘ying.
Shu holda ham Xivaga xo‘p yarashgansan,
Baland-baland minoralar bosmas o‘rning!
Tasbeh o‘qir feruzarang karbichlaring
Xudoga qo‘l cho‘zgandaysan har g‘isht bilan!
Aka ishin davom qilmas har ukaning
Boshiga bir urging kelar karbich bilan!
Kalta minor
o‘kinmagin o‘ylaringda,
Aylanayin, o‘zim kalta bo‘ylaringdan.
Sen mehrdan, oqibatdan bir saboqsan,
Dunyo ichra minorlardan yuksakroqsan
***
O‘zimcha she’r tashlab sakkiz yil,
Yo Kamyuga o‘xshadimmikan?
She’rlarimni suvga ayttimi,
Yo she’r yutib yashadimmikan?
Singlim, suv ber, bir kosagina,
Bor mehringni singdirib bergin.
Onamning eng yaxshi so‘zlarin,
Opamga deb endirib bergin.
Qo‘shgin otam duolarini,
Aytgin jur’at, ayt dadil, dadil,
Ular mendan roziligin ayt,
Ishonib ayt, keltirib dalil.
«Oy qizim» de, «opoq» qizim de,
«Seni yaxshi ko‘raman», — degin,
Baxtli bo‘lgin, quvnoq, qizim de,
Men bu suvni ichaman sekin.
Qon-qonimga singib borguncha,
Hujayramga kirib borguncha,
Bir ohista sipqoray obni
Yuraklarim orom olguncha…
Ho‘plaganday Kavsar suvini,
Yutinganday «Zam-zam» suvini
Bir kosa suv kuchi-la toki,
Chalib o‘tay hayot kuyini…
***
Opa, uzumlarni ip bilan
bog‘lab chiqdim.
(Suhbatdan).
Rishta azal zarur bizga hayotda,
Xilqatlar toji-yu aql-hushimiz.
Ba’zan bilim bilan, bilaklar bilan
Bir ip qilgan ishga yetmas kuchimiz.
Bir uchim — bolamda,
Bir uch — ro‘zg‘orda
Ikki kunim — uyda,
Uchi bozorda…
Ko‘rinmas bir shaffof uchi shubhasiz,
Meni kutayotir… mozorda…
Hayot — bir-biriga chalkashgan iplar,
Bir uch — farishtalar,
Bir uchi — itlar.
Yechib uchib ketsam chigalliklarni,
Qanotini berib tursa burgutlar…
Uka,
Ota uyim yolg‘iz yodgori,
Ming chaqirim olisda
Sen menga kuchsan.
Yo‘lingda qoqilsang, yurak to‘xtaydi,
Tomirim bog‘langan eng muhim UCHSAN!
***
Siz meni tushunmang!
Menga qayg‘urmang:
Odamday ko‘rinsam, bir «nari-beri».
Sukutga aylansam, ustimdan kulmang!
Duduq,
Uzuq-yuluq o‘qisam she’rni…
Siz meni tushunmang,
Siz meni qo‘ying…
Garchi ilm meros Odam Atodan.
Mayli, shoir bo‘ling, ulamo bo‘ling,
Meni tushunmaydi boshqa Xudodan!
Siz meni…
hech qachon tushunolmaysiz
Va, illo, umrbod tushunmang meni.
Meni tahlil qilish, his qilish uchun
Yashashingiz kerak menday taqdirni..
Daydi sog‘inch xayol qushida,
Umid ila izlaydi seni.
Tentak qalam tili uchida
Ko‘rsatishga urinar meni.
Har kuni…
Har kuni…
Har kuni…
***
Jayhunni to‘ldirar qutlug‘ ko‘z yoshlar…
M.Abdulhakim.
Oqizib yubordim sen bor tushlarni,
Jayhun uzra qalqdi mavjli, keng izi.
Muazzin, xokisor ular shunchalik,
Hademay to‘lg‘usi Orol dengizi.
Armon pechagiga ilashib tolma,
Qaddingni qayrag‘och qilaver — qaytma!
Ko‘hna Oks ostiga cho‘kar Xorazm,
Faqat tushlaringni Amuga aytma!
I think this is a real great article. Really looking forward to read more. Awesome. Eden Purcell Bergstrom