Nargiza ODINAYEVA. She’rlar

0
1089

ONAM

Bir dasta gul terdi tongda saralab,
Yo‘l soldi so‘ng sog‘inch, azob oralab.
Gulzorda qolgandi joni to‘kilib,
Bir qirga tirmashdi tolib, egilib.

Ortidan sudralib kelardi umri,
Poyiga yomg‘irday yog‘ardi ko‘ngli…
Hayot, ko‘zlaringni etib tur pana…
O‘g‘lining qabriga gul qo‘yar ona.


***
Bobotog‘ning boshiga qor tushdi, ota,

Aka, daraxtlarning elkasi bo‘m-bo‘sh.

Odamning bir marta o‘lishi xato,

Ajal ko‘kragimda haydab yurar qo‘sh.

Qachondir umrimiz jilg‘alar edi

Osmonga hayqirgan daryo boshlandi.

Halovat topmayman qaygacha endi,

Qulflangan sandiqda nima tashlandi.

Sog‘inchlar ko‘zimda to‘lg‘ongan humo,

Suyagimni yorib chiqadi tishday.

Yashayman – o‘lchovim muhabbat, ammo

Og‘ir yumushim yo‘q havo yutishday.

Dundan ichkarida, dundan eshikda

Yig‘lash farosatin hammaga bersin.

Olam oqib borar ulkan qo‘shiqda

Men jimjit turibman, Xudo kechirsin.

Kecha – mo‘ljalimdan ortib qolgan yo‘l,

Bugun – maromiga etmagan fursat.

Mening yelkamda ham bo‘m-bo‘sh turgan qo‘l

Ichda so‘ngsiz yoqqan qorlar bor faqat.

***

Seni bir kun sog‘inaman, do‘st,

Undan keyin… vaqtning hasrati.

Tushunib ol, ko‘zyoshdagi tus –

Jarayonga ichimning xati.

Osmondagi oy – oltin lagan,

To‘rtta fasl – borliqqa savol.

Bu yoqlarda adashib qolgan

Odamlarga surinib shamol.

Ertak kutgan ko‘ngillir uchun

Tillar so‘zga qobardi ancha.

Ko‘zlarini yumib turdi tun,

Yog‘ib o‘tdi yomg‘irlar qancha.

O‘limgacha hammasi oson,

O‘limgacha hammasi qiyin.

Bizga yozar qanday dasturxon

U yoqda tong otgandan keyin.

***

Bahorini qish urgan dunyo,

Yozlarida quyoshi yo‘q ko‘k.

Ko‘rgazganing bor-yo‘g‘i savdo

Tushay desam tegirmoning yo‘q.

Ko‘zlarimga tikilgan chodir

O‘n besh kunda oy almashmaydi.

Hamma narsa sodir bo‘lar, bir

Osmon bilan yer tutashmaydi.

Anglaganim sig‘mas bahoga,

Kamalakning

Rangiday

Qadim-

Yunusbaliq cho‘kkan daryoga

Yuragimni otib yubordim.

Yelkasiga havolar botgan,

Ildiziga o‘sgan sadaman –

To‘rt tomoni huvillayotgan

Odam otlig‘ vayronadaman.

Shomda gullar gulxan yoqadi,

Yer aylanar bo‘g‘ini bo‘shab.

Tomirimda og‘riq oqadi

Isrofilning suriga o‘xshab.

***

Yo‘lsiz ketaversang bir yo‘l axtarib,

Bismillo gullasa so‘ngaklaringda.

Dunyoni ko‘rmasang kiprik ko‘tarib,

Bir U aylansa bosh chanoqlaringda.

Darddan ortiq bo‘lsa ko‘kayingdagi,

Egningdagi faqat taqdir bo‘lmasa.

Qo‘lni qaritmasa tashvish kundagi,

Ichingdagi biror azob o‘lmasa.

Kunlar tortqilasa salom bilmagan,

Bir «oh»cha ham siring chiqmasa tandan.

Qor, yomg‘ir, qirov deb nom qo‘yilmagan

Hodisalar yog‘sa osmon tomondan.

Shunday tengsiz borsang boraringgacha,

Nigohidan boshqa hech ne sezmasang.

Joning azroilni topar ongacha

Yashasang, yashasang, so‘ngsiz yashasang.

***

Sudralaman, yelkamda tog‘ bor,

Amallayman bo‘g‘zimda jonni.

Ko‘zlarimda aldamchi kibor,

To‘yinaman ushatmay nonni.

Yerga boqib ko‘kni ko‘raman,

Ko‘kka boqib yerni ko‘raman.

Shu milyonlab odam ichidan

Sholi, arpa, oqbosh o‘raman.

Dunyo azal yolg‘onni sevar,

Dunyo azal zarlarga oshiq.

Taqdir nima, ey buyuk chevar?!

She’r yozaman – qo‘lda tol qoshiq.

***

Ketging kelganida keta olsang shaxd,

Yig‘laging kelganda yig‘lolsang to‘yib.

Odam – taqdiriga ekilgan daraxt,

Fasllar o‘tadi muhrini qo‘yib.

Yerda yurganlarning hammasi sobir,

O‘tib kelayapti ko‘nglini qurshab.

Yelkasidan tonglar uchadi bir-bir

Daraxtlarga qo‘ngan qushlarga o‘xshab.

***

Baribir, nimadir kam, baribir, nadir kam,
To‘kis bo‘lolmaydi avval, na oxir.
Ko‘zlarimni yumib, ufqqa tikilsam,
Bunda hech narsa yo‘q havodan og‘ir.

Shomning sukutida kaftlarim zada,
Jonim kelayapti ko‘zimga to‘lib.
Hammasi o‘zgardi, endi olovda
Ko‘nglim o‘ynayapti kapalak bo‘lib.

Qayerda to‘xtaydi yolg‘onning zapti,
Og‘rimay yashashga yana nima shart?
Hozir to‘layotgan oyda yuribdi
Yerning yuragidan oyoqlagan dard.

Bugun ko‘chalarga qarab o‘ylayman,
Qachon bahor edi, qachon kuz edi.
Dunyo ayblamasin, ertak bilmayman,
Murod — labingdagi bitta so‘z edi.

Borliq o‘saversin bo‘yi-eniga,
Oq-qora kunlarga, mana, ko‘ksim — ring.
Faqat… bo‘ylaringni sog‘insam, nega
Cho‘kib borar sening har bahor qabring?

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting