Tillaniso
Yozuvchi
Yozuvchi hech qachon uxlamas, uning tashlandiq, zax xonasida chiroq doim yonib turar, qattiq charchoq va uyqusizlikdan isitmasi ko‘tarilib yotgan, o‘rnida ko‘zi ilinsa ham, ko‘p o‘tmay, uyqusida ilon chaqqanday sapchib turar, uxlab qolgan kezlaridan keyin boshini changallab tanasini ko‘tarolmay yotar, bunday uyqudan o‘lim afzalligini nadomat bilan o‘z ichida o‘ziga hayqirar, shu bois hayot ne’mati deb ataladigan barcha narsadan qattiq jirkanardi. U odamlarning uyquga mubtaloligiga toqat qilolmasdi. Uyqudan esa uxlash uchun o‘zingni yaxshi his qilishdek ijirg‘antiradigan sabab tufayli nafratlanardi.
O‘zingni yaxshi his qilmas ekansan, bosimdan qaqshagan miya uxlashga izn bermaydi, o‘zingni o‘n daqiqaga yaxshi his qilish ham hammasini unutishday gap, mizg‘ish esa bu unutishni uzaytirar, nogohonda yozuvchi pinakka ketib, qayta uyg‘onsa qiyomatdan keyingi qayta tug‘ilishni boshidan o‘tkazayotgan qurbon kabi jazavaga tushar, shu pallalarda o‘z ongiga nisbatan shubha paydo bo‘lar, ongini o‘rgatilgan hayvon deb his qilar, har qanday chorak soatlik uyqudan keyin bu hayvonni hammasini qayta boshlashga – hayotdan o‘limga yana takror o‘rgatishga to‘g‘ri kelardi.
U azobni tana va qalb darajasida his qilishga intilar, ammo shuncha tajribalar, hayot nishoni bo‘lmish tuyg‘ular naqadar qiynoq bilan tanasidan sug‘irib olinishiga qaramasdan hali o‘zi istagan darajaga erisholmagandi. Ongini hayotdan o‘limga tomon harakatlantirar ekan – unutishdan, uyqudan uyg‘ongandan keyingi pallalarga to‘g‘ri kelardi bu – miyasi kutilmagan tarzda unga aniq fikrlarni taqdim etar, hozirgina o‘limga mahkum odam birdan o‘rnidan sapchib turar, qalbiga tushgan o‘t tanasini yondirar, shunda u men o‘z asarlarimni o‘limning qo‘lidan vaxshiylarcha tortib – timdalab olaman, degan o‘ylarga berilardi.
Tishlab-timdalab olishida chindan jon bor, o‘z-o‘zini qiynashning birinchi bosqichida butun tanasini vaxshiy hayvon g‘ajigan kabi timdalanib ketguniga qadar qo‘l, oyoqlar boldiri va qornining eng go‘shtdor qismlarini uzib chaynagudek darajaga keltirmagunicha qiynaverar, og‘riq zo‘raygani sari g‘oyalari ichida pishar, ammo bunda ko‘nglining hali bir burchagini ham tark etmaydigan qoniqmaslik hissi bor edi.
U to‘g‘ri ilg‘adi – u hali barradek qiynoqni his qilish, azobni muttassil boshdan kechirib yashashda yetilmagan, g‘oyalarining ham alag‘da va chalanjonligi bu holatni yaqqol isbotlardi. Xayriyatki, shataloq otish bilan uyg‘ongan hayot nishonalari ko‘pga bormas, qog‘oz oldiga o‘tirarkan, hech nima yoza olmas, mangu umidsizlik og‘rig‘i qiynoqlarga qo‘shilar, qiynoq zo‘rayishi uchun yana bitta sabab tug‘ilardi.
Yozuvchi o‘zining sharpaligi haqida aniq-taniq shubhaga borar, boshqalar atrofdagilardan qadr tilanib yelib-yugurayotgan bir paytda u yer yuzida umid yo‘qligi haqida qat’iy qarorga keldi. U umid yo‘qligini his etgan dastlabki va kamdan-kam yaratiqlardan, bundan faxrlanib qo‘ymoqchi bo‘lganda darrov o‘zini yig‘ishtirib olar, nimadir muhim narsani tushindim deb o‘ylash yangi farah turtkisi bo‘lishidan qo‘rqib ketar, bu undagi azob darajasini biroz bo‘lsa ham pasaytirishiga xizmat qilgudek bo‘lsa, o‘zini hech qachon kechirolmas, yo‘q, bundan og‘ir azob bor, farah olib qo‘ygan azob o‘rnini yana qaytadan to‘ldirishga, etib kelgan darajasidan xuddi sizif toshidek pastga yumalab, yana azobning avvalgi darajasiga erishishdek bema’ni mashg‘ulotga mahkum bo‘lishi kerak edi. U esa tinimsiz yangi va yuqori darajalarni tusar, shu bois uyqusiz, tamaddisiz, umuman vaqt oladigan har narsadan voz kechib o‘ziga umrbod qiynoqni boshdan kechirishdek qismatni tanladi.
Avvallari bo‘lgani kabi qiynoq va ochlik endi san’at bo‘lmay qolgan, tomoshaga hech kim yo‘q, yaxshiyam uning bu azoblaridan boshqalar voqif bo‘lmaydi va ular uchun mutlaqo qiziqarli emas, agar kimdir uchun qiziq mashg‘ulotni amalga oshirayotganini, buning uchun odamlar tiliga tushishi mumkinligini sezib qolsa, ichida yana o‘zidan qonishga o‘xshagan tuyg‘u uyg‘onib, azob alangasi pasayishi yo qiynoq tana darajasida qolib, ichida yana hayot nishonalari bo‘lgan tuyg‘ular uyg‘onib qolgan bo‘lardi. Yozuvchi uchun bundan daxshatlisi yo‘q.
Yozuvchi g‘ayrishuriy tarzda qalbini og‘ir tosh kabi bosib yotgan haqiqatni his qilar, ammo mohiyatini anglamas, haqiqatning yukidan uning insoniy irodasi chilparchin va mayib bo‘lib yotar – bu jihatdan u o‘zi bilan nafas olayotgan barcha odamlar bilan teng, ayni haqiqat nima ekanini, uning ma’nosini tirik ekansan anglashning iloji yo’q; haqiqat o‘z mavjudligini qalb, ruh va tananing doimiy xorligini istash orqali bildirib turar, yaratiqlar qancha xo‘rlangan, qancha xo‘rlik va qiynoq chekish orqqali isyon qilgan sari yana shuncha xorlikni ularning borlig‘i talab qilib borar, bir savqi tabiiy bilan xorlikdan qutilish va erk istash xohishi qat’iy taqiqlanganini his qilishar, og‘riq va qiynoq hayotning yagona mazmuniga aylangandi.
Yozuvchining chinakam yozuvchiligi o‘z qismatini metaforalarga bog‘lash va qiyoslashgandagina ko‘rinar, uzoq yillardan beri u o‘zini o‘zi yeb tugatadigan pushtirang maxluqcha – katoplepas deb bilar, faqat bunda bitta nozik jihat bor – o‘zini ichidan yeb bitirish, ruhiy yoki qalb og‘riqlari boshqa masala, chinakam o‘z-o‘zingni yeb bitirishni tanadagi og‘riq va qiynoq bilan amalga oshirish mutlaqo boshqa jarayon edi. O‘zi topgan metafora taqdiri mohiyatiga aylandi. Endi yozish uni qiziqtirmas, yo zarra bo‘lsin halovat taqdim etmas, yozishga yaroqsizligini yaxshi bilar – yozuvchi bu olamda o‘zining yaroqsizligini tushinib yetgan kam sonli insonlardan edi.
Umidsizlikning har qanday ko‘rinishi o‘zini yeb bitirishning yangi usul va ko‘nikmalarini taqdim etar, o‘sha pushtirang maxluqchani ham umid tark etgani sayin o‘z tanasini mavh etishini bir necha manbalarni solishtirib, sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqandi. Katoplepasni san’atkorning hayotini izohlovchi metafora sifatida yozuvchi emas, ungacha bo‘lgan buyuk ijodkor yo san’at ixlosmandlari aytib ketgan, ammo yozuvchi boshqa yo‘ldan bordi, u san’at asari yaratishdan ko‘ra, o‘z hayotini qiynoq san’atining nodir namunasiga aylantirishni afzal bildi.
Yozuvchining nainki atrofda ko‘rayotgan borliqqa, odamlarga, do‘stlikka ishonchi qolmagan, hayotga muhabbat uyg‘otuvchi barcha tuyg‘u unga noma’lum kuch tomonidan butun tana a’zolari ilkis yulib olinayotgan kabi sug‘urib olinar, u bundan rohatlanar, tuyg‘ulari va jismidan hayot nishonalari qanchalik yo‘qola borsa, shunchalik og‘riqqa tashnalik his qilar, qalbi qiynog‘ini tanada undan yuz chandon ortiqroq his qilishni istar, ammo qalbdagi kichkina og‘riqning tanadagi aksini ko‘rsatib berish uchun ayovsiz og‘riqlarni kechirishiga to‘g‘ri kelar, shu sabab tanasini qancha azoblashiga qaramay, og‘riqdan qoniqmas, ichkaridagi og‘riqlar zo‘raygandan zo‘rayar, tana esa bu og‘riqlarni to‘liq namoyon qilish uchun o‘zini butkul yeb bitirishi lozim edi.
Og‘riq san’atini zargarona cho‘qqilarga ko‘tarishda unga muntazam o‘qchish yordam berardi. Aynan doimiy o‘qchish tufayli u bu san’atni tana, ruh va qalb darajasida uyg‘unlashtirishi lozimligini tushunib yetdi. O‘qchish shundan dalolat beradi – endi uning tanasida og‘riqdan o‘zgasini qabul qilmaydi va tan olmaydi, atrofdagi dunyo unga butkul begona va boz xalal beruvchi sababga aylanib qoldi.
O‘sha pushtirang maxluqcha, umidsizlik va xorlikning eng yuqori bosqichiga yetgan sayin o‘z qo‘llarini yeyishni boshlaydi – keyin asta-asta boshqa a’zolariga o‘tadi. Yozuvchi qismatini metaforalashtirishga ahd qilar ekan, u ham xuddi shu yo‘ldan bordi. Buning uchun o‘tkir temir asbob-uskunalarni hozirlab, marosimga tayyorgarlik ko‘rgan kabi o‘zini chog‘ladi.
Chap qo‘li barmoqlarini birma-bir yo’gon pichoqda kesib olishga hozirlandi. Og‘riqqa o‘ylaring va vujuding bilan tayyor ekansan, u asl ma’nosini yo’qotadi. Onging og‘riqni kutmagan payti pichoq qo‘lingni tilib ketishidan larzaga tushish mumkin, ammo sen unga tashna va tayyor bo‘lsang, og‘riq seskantirolmaydi, u faqat bardoshingni sinab berishi mumkin xolos. Ustiga ustakk og‘riqdan ham yomonroq tuyg‘u bor – mahkumlik. Mahkumligini tushungan va doimiy his qiladigan odamga og‘riq va azob faqat taskin beradi. Mahkumlik oldida har qanday qiynoq va iztirob ham arzimas bo‘lib qoladi. Afsuski, yozuvchi yashayotgan dunyoda kamdan kam buni tuyishga va dosh berishga qodir edi. Barmoqlarini qiyinchiliksiz, maroq bilan kesdi, undan oqqan qonni so‘ra turib, faqat og‘riqqina hech qanday shubhaga imkon bermaydigan haqiqat ekanini angladi. Hayot esa bizni doim asl haqiqatdan chalg‘itish uchun yo ko‘zimizni bog‘laydi yo adashtiradi, deb o‘yladi o‘sha onlarda.
Og‘riqdan butun vujudi qaqshab o‘qchish boshlandi, ayni shu lahzalarda uzilgan barmoqlarini maydalab chaynab ko‘rar ekan, bir zamonlar Nuh kemasidan uchgan chivinning dunyodagi eng shirin go‘sht odam go‘shti ekanligi haqida xabari chinligiga amin bo‘lardi. Shu tarzda oyoqlari ham barmoqlaridan judo qilindi. Ammo bular yetarli emas – yozuvchi hayotida nimagaki qo‘l urmasin, biror marta o‘zidan qoniqish tuymagan.
Hozir u mana shu tajribalari va kechinmalari uchun quvonar, bu kechmish azob chekishdek buyuk san’atning yaralishi uchun yo‘l ochgan, hamon o‘zi ko‘zlagan natijaga erishmaganiga qaramay, qoniqmaslikning har qanday turi qiynoqlarni avjiga chiqarish uchun yangi ko‘rinishlar , har yangi tarz – behalovatlarcha azob istash uchun vosita bo‘lardi.
Endi u qo‘lini arralashga shoshildi. Qo‘l va oyoqlarini arralash xamirdan qil sug‘urgandek kechdi. Mana shu osonlik uning ko‘nglini g‘ashlardi. Oson bo‘lgani sari o‘zi istagan azob darajasidan uzoqlashardi. Ochlikdan tinkasi qurib ketgan pallalar – eng og‘ir jazo, sezimsizlikka duchor bo‘lishdek ayanchni boshdan kechirishning ayovsiz onlari kutardi uni. Ayni shu sezimsizlik va behushlik azob pallalarini yengillashtirardi. Suyaklarini arralayotganda chiqqan tovush, og‘riqdan ko‘karib ketgan badani, ichida jon deb atashga arzigulik mavhum hissiyot hali- hamon g‘imirlab turgan bo‘lsa, o‘sha jonni qanchalik zo‘riqtirolgani – o‘ziga kerak pallalarida eslab ovunish mumkin bo‘lgan yagona yupanch edi. Qalbingni baxsh etgan mavjudlik o‘zingni qay darajada oxirgi kuching qolmaguniga qadar zo‘riqtira olish, nimalarga qodir va safarbarligingni anglash yashirin istak bo‘lib, yozuvchiga qiynoq damlarida ilhom baxsh etib turardi.
Uzilgan etning aynigan hidi bilan to‘la xonada lazzat sarxushligi bor, orom shiddati kuchayib borar, oromga to‘liq g‘arq bo‘lish damlari tobora yaqin kelardi.
Boldiridagi etni kesib olib chaynab, tuflab tashlarkan, u bularning barchasi nihoyatda tez tugab borayotganidan o‘kina boshladi. Yana nimadir o‘ylab topish kerak. etni omburda qisib uzib olish yo pichoqda birma-bir tilimlab kesish, chaynash, qo‘l va oyoq suyaklarining arralab tashlangani – hali yetarli ruhiy qoniqish bag‘ishlamagandi. Yana qiynoq kerak, yana azobga zor, shunday bir azob bo‘lsinki, hali hech kim totib ko‘rmagan bo‘lsin. U ikki ko‘ziga kichik xanjar sanchib, ko‘zini sanchiq va azobdan rohat bilan soqqasidan chiqarib olishni ko‘zladi. Yo‘q, shunchaki chiqarib olishning o‘zi yetarli emas, ayamasdan ko‘zlariga bir necha xanjar urdi. Har urilganda ruhiy ekstaz holatiga tushar, bu oromdan judo bo‘lishni istamas, tinimsiz qiynoq tusardi. Har zarbdan qalqib va sakrab ketar, yanoqlarining etini avval ombur bilan obdon burab, keyin tilimlab kesib, yuzining eti kesilgan o‘rinlariga tuz separ ekan, mast bo‘lishga chog‘lanish oldidan tortilgan gazakdek nasha qilgandi bu unga.
Hammasidan a’losi qo‘l va oyoq suyaklarini arralayotganda chiqayotgan kuydek taraluvchi tovush bo‘lgan – og‘riqdan ko‘ra g‘irillab chiqayotgan ovoz tinkasi qurigan vujudiga qayta hayot bergandek, uzoq payt cho‘llagan odam suvga yetgani kabi zarralariga qadar tashnalik qudug‘iga botirgandi uni.
Og‘riqdan tug‘ilgan o‘qchish bilan ichi qo‘porilib tushayotgandek tuyilar – ayni shu lahzalarda o‘zi chekayotgan azobni boshqalar tomosha qilishini xohlagandi.
Ko‘z-ko‘zlab chekilayotgan qiynoqlar uchun odamlar uni la’natlar, chunki odamlar o‘zlariga begona bo‘lgan ko‘ngilni aynitar darajadagi og‘riqdan qattiq cho‘chir, qo‘rqar va nafratlanar, ammo tomosha ishtiyoqidan voz kecholmas, u esa lan’atlangani vajidan iztirobga yana mukkasidan ketgan bo‘lardi.
Arralashdan chiqayotgan kuyga mastu mustag‘riq bo‘lgan ko‘yi ixrab ham qo‘ymas, ammo undan keyin tananing qolgan qismiga qonni to‘xtatish uchun qizdirilgan temir bo‘lagini bosar, shu onlarda o‘kirib yuborar, to‘lg‘oqqa tushar, xona kuyundining qo‘lansa hidi bilan to‘lar, gohida u qiynoqqa dosh berolmay hushsiz bo‘lib yiqilardi. Ammo tez o‘zini o‘nglar, behushlik onlari – vaqtini bekorga sovurishning har lahzasi uchun o‘zini kechirolmas, oldinda esa hali navqiron, birovning tushiga kirmagan asl qiynoq o‘z zabtiga olish va to‘la zabt etish uchun kutayotgan edi.
Azob lahzalarining birida bosh terisini shilib olishdek shafqatsiz xayol fikridan o‘tgan, zero u suyak arralayotgan yo o‘z etini qiymalayotganda og‘riqqa dosh berolmay boshini changallar, bu esa azob oldida hech qanday ojizlik his etmaslik uchun kurashayotgan mahkumning nafsoniyatini bulg‘ardi. Azobdan to‘lg‘onib, na o‘kirib na bosh changallab na fig‘on qilib qochishdan orlanar, azob yagona haqiqat ekan, u bilan qo‘shilib ketish, unga fido bo‘lish, doim unga mardonavor va tikkama-tikka yuzlanish yozuvchining yagona maqsadi bo‘ldi.
Azobga bunday munosabat ruhiy qoniqishni jazba holiga olib chiqar, ayni hol esa shiddatli qiynoq va og‘riq qumsashga turtki berib borardi. Bosh terisini nafrat va g‘azabning eng oliy qirrasida suyakdan ajratar, umrini barbod qilgan fikr va xotiralarni tor-mor qilib qasos olayotganidan, o‘yilgan ko‘zlari bilan jarayonni ko‘rmasada ayovsiz azobdan huzurga cho‘mgandi.
Avvaliga dunyoda mavjudligini qabul qilolmaslik natijasi bo‘lib tuyilgan, ayni shu vajdan yozuvchini aqldan ozdirar darajada sevintirgan o‘qchish ham endi oddiy ko‘ngil ag‘darilishi emas, ichki a’zolarining laxta-laxta qonga aylanib to‘kilib tushishi edi. Har qusishda yozuv stoli, to‘shak, gilamlar qonga belanar, xonani uzilgan et va bijg‘ib qolgan qonning sassiq isi tutib ketgandan asta-sekin o‘laksaxo‘rlar xabar topib, deraza oynalariga kelib urilar, o‘laksaxo‘rlar muqarrar va qulay onni poylayotgandi. Shuncha azob va uqubatga, ochlik, uyqusizlik va og‘riqning tinkani quritar sitamlariga qaramay yozuvchi juda o‘zini tetik tuta oldi. Tetik bo‘lish juda muhim, har tomonlama tetik bo‘lmasang, o‘zing istagan darajada ayovsiz azob tortolmaysan va hamma narsani unitib, azob bilan qovushish damidagi ruhiy lazzatga singib keta olmaysan.
Yozuvchi vujudi, tuyg‘ulari va ruhi bilan birga og‘riqdan lazzatlanishning yangi pog‘onalariga ko‘tarilgani, bu lazzatlanishda san’atga xos tiyiqsiz ehtiros, qondirilmas ishtiyoq, jo‘shqinlik va jilo bo‘lganiga qaramay, yozuvchining o‘zi buni yolg‘iz san’atgina emas, hech kim hech qachon muhokama qilolmaydigan, inkor etolmaydigan haqiqat deb bilar, ayni shu sababdan bu haqiqat har qanday qurbonlikka arzirdi. Kimdir o‘zidan ko‘proq qurbonlik qilayotganini bilganda bunga toqat qilolmas, qismatidagi eng shafqatsiz fojea deb qabul qilgan bo‘lardi. Og‘riq va azoblar, har qancha o‘zini bardam tutishga urinmasin, kuchini ko‘rsatar, tinkasi qurib, hushdan ketish hollarida tobora orta boshladi.
Nihoyat, yakun yetib kelganini payqadi. O‘lim behushlikda sodir bo‘lmasligi shart, azob va qiynoq lazzatining eng oliy pallalari bilan qovushishi uchun u eng so‘nggi madori va quvvatini yuragiga jamlagan, birozdan keyin esa bu yurakni sug‘urib stol ustiga qo‘yar ekan, uning hali-hamon tinchimay dukurlab sakrab turishini o‘ylab yuziga betoqat qahqaha yoyildi, eti jimirlab, vujudi entikib ketdi.
Darhaqiqat, ko‘krak qafasini zarb bilan yorib, qovurg‘alarini sindirib, katta va kichik tomirlarini qirqib, yuragini sug‘irayotganda, yurakning bo‘zchining mokisi kabi uyoqdan buyoqqa tebranayotganda, na tiniqish, na toliqish bilmay, o‘ynoqlab, tipirchilab turganini his etardi. O‘z yuragining bunday harakati va nazokatini qo‘llari orqali kuchliroq tuyish (zero, o‘yilgan ko‘zlari bilan ko‘rolmas, faqat tuyishga qodir) va bularning baridan ilkis mahrum qilish uchun yurakni changallab sug‘irib olishga ahd qildi.
Issiq, qaynoq va qaltirab turgan yurakni ko‘krak qafasidan sug‘urib oldiyu, hozir qoshiga etib keladigan o‘lim farog‘atini eslab o‘yilgan, so‘yilgan, qachonlardir odamgami yo biror maxluqqami tegishli bo‘lganini bilish mumkin bo‘lmagan yuziga tabassum yoyildi.
Hatto o‘limi ham behuda ketmaydi. Sasigan jasadining hidi tanballab tashlangan eshik va derazalardan oshib tashqi olamga yoyiladi – o‘laksaxo‘rlar, qurt-qumursqalar mayitni to‘la yeb bitkazish uchun toshib kirishadi.
Yozuvchi so‘nggi bor shunday umidlarga berilgandi. Ammo qo‘lida sug‘irilgan yuragi turar, o‘zi esa hamon tirikligini his qilib qo‘rqib ketdi. So‘nggi umid oqlanmadi. U endi o‘zi istagan kabi umidsizlikning eng yuksak cho‘qqisiga chiqqan ayni lahzada tushinib yetgan haqiqatidan dahshatga tushgan, agar ko‘zlari bo‘lganida edi, haqiqatning mudhishligidan kosasidan toshib chiqar, yuzi esa shuncha chekkan o‘g‘riqlaridan gezarib bo‘zargandan ko‘ra battarroq mayishib, hech qanday jismoniy qiynoqlarsiz ham odam tanimaydigan ahvolga kelardi.
Yigit
Yigit uchun hammasi o‘ttizga kirgan kundan boshlandi. O‘sha kuni o‘zini mudhish uyqudan uyg‘ongandek alamzada va qonsiragan his qila boshladi. U hammasining tugaganini yaxshi his qilar – aslini olganda hayotida tugadi deb aytishga loyiq biror narsa sodir bo‘lmagan, mutassil turg‘unlik, ro‘y bergan har bir o‘zgarish ham, yangilanish ham o‘sha turg‘unlikka berilgan zaifgina zarba – pichoq urishday tuyilar, ammo uni yemirolmas, hech qanday yangilanish turg‘unlikni siljitolmasligi, qaytanga uning mahobati va hajmini ulg‘aytirishi, bu ulg‘ayishni yemiradigan yo to‘xtatadigan hayotda biron kuch mavjud emasligi haqidagi qat’iy ishonch sababchi edi. Agar inson hayotida faylasuflar aytgani kabi ikkita narsagina mutlaqo shaxsiy deb qaralsa va ular o‘lim va nimanidir tushinish ekanini inobatga olsak, tushinish va anglash endi yigit uchun chikora, u bundan ulkan narsani – mayxo‘rlar sharobga doimiy xumor bo‘lgani kabi o‘zini bosolmaydigan tarzda tiyiqsiz istay boshladi.
Uning ko‘zida o‘ziga va atrofga nisbatan tahqir qotib qolgan, dunyodan qadr-qimmat istayotganlarning barchasiga nisbatan haqarotomuz kinoya qilar, shunga qaramasdan o‘zining ichida bosh ko‘taradigan qadr yo o‘rin istashdek bolalarcha istakning bahridan butunlay o‘tish uchun u vahshatga qorishiq yakun tilardi.
Shu paytgacha o‘zini qalban qarib qolgan, hech qanday orzumandlikning o‘zi yo‘q aynigan odam sifatida tasavvur qilib keldi. Mudhish turg‘unlikni yorib o‘tish uchun bir qizni sevib ko‘rmoqchi ham bo‘ldi.
Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, u bilan sevishib yurgan qiz faqat yigitning ojizligi, ojiz ko‘ringani uchun azbaroyi qalbining tozaligi va odamlarni muhabbat bilan qutqarish mumkin degan almisoqdan qolgan inonch orqasidan yaxshi ko‘rayotgandek tutgan o‘zini. Biroq yigitning bag‘rida ham kimnidir kutgan. Yigit bilan qo‘shilar ekan, u buni og‘riqqa bo‘lgan kuchli ehtiyoj tufayli amalga oshirgan va qo‘shiluv lahzasi visol emas, qovushuvning og‘riqli usullarini sinab ko‘rish vositasi bo‘lgan xolos. Albatta, bularni bilganida yigitning dunyosi ostin-ustun bo‘lib ketishi kerak edi, ammo u ta’sirlanmadi, faqat odamlarning kimnidir yo nimanidir kutish haqidagi tasavvurlari taajjublantirib qo‘ygandi.
Shu tariqa har bir odam kutib yillarni o‘tkazib yuborar, o‘ttiz yoshgacha u kishilar o‘zidan qochadi va shu sabab hayotdan mo‘jiza kutib yashaydi deb o‘ylagan bo‘lsa, endi jirkanch haqiqatdan qochish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishlarini ko‘zguda o‘z shaklini oydin ko‘rgani kabi aniq-tiniq anglab turardi. Ojizlik hissidan tug‘ilgan iztirob bora-bora uni isyon cho‘qqisiga olib chiqayotgandi. Bu shunday iztirob ediki, faqat mana shu iztirobni chekayotgan pallangdagina ojizlikning har qanday bosqichlarini mavh etib o‘tishing; iztirob va qiynoq chekishda mukammallashib borganing sari o‘zingni hech qachon ojiz his qilmay qo‘yishing mumkin. Tabiiy, u shu qadar buyuk qiynoq bo‘lishi darkor – tanang, ruhing, qalbing har lahzada qalqib, azobga tushaversin, aynan tana, ong va qalb darajasidagi qiynoqqa biror kuch ta’sir etish yo hukm o‘tkazishga qodir emas va biror kuch uning ro‘parasiga chiqolmasdi ham.
Muhtasham turg‘unlikni zabt etish uchun uning bir yo‘li qolgan, ammo bundan oldin qilishi kerak yumushlari bisyor edi. Shunchaki qo‘l uchida qilinadigan yumushlar bo‘lmagani sabab bunga uzoq vaqt ko‘riladigan hozirlik lozim edi.
Yigit shu paytga dovur nimaiki qilmasin qadr-qimmat uchungina qilgandi. Qadr-qimmat uchun nafas oldi, o‘qidi, ishladi, sevdi, o‘yladi, farzandli bo‘ldi. Lekin bularning birortasi muhtasham turg‘unlikni zabt etolmadi. Oxirgi bor o‘zini sevyapman deb o‘ylaganida ham turg‘unlikdan paydo bo‘lgan bo‘shliqqa batamom cho‘kib ketmaslik uchun shunday qildi. Odatda kimsalar yashash mazmunini yo‘qotgach, qadr-qimmatni his qilib yashash uchun turli shakllar o‘ylab topadi. Sevgi ham shunday bir shakl edi, oila ham. Ammo turg‘unlik bilan bo‘shliq orasida katta farq bor. Bo‘shliq yutib yuborayotgan o‘rinda inson uchun turg‘unlikning o‘zi qudrat va mazmunga aylanishi bilan izohlanardi bu farq. Bu olamdan qadr-qimmatini topa olmasligiga to‘la-to‘kis iymon keltirgandi oxirgi sevgilisi deb atayotgan ayol yigitning ojizligini pesh qilib, uni to‘la-to‘kis toptayotgan pallalarda.
Qizig‘i shundaki, qaysidir harakatlari – ehtirosi, sho‘xligi, irodasi yo hayotsevarligi bilan yigit oldida o‘zini yetuk biluvchi yoki shu fazilatlari tufayli qadr-qimmatini yuqori baholab kelayotgan ayol ham ortiq yigitni toptashdan bahra olmay qo‘ygandi. Endi ular kimning ko‘proq ojizligi va bundan tug‘iladigan azob-uqibatni naqadar mukammal tortish mumkin – shu borada bellashardilar. Azob qadr-qimmatni baholash va tuyishning yagona chorasi bo‘ldi.
Azob va iztirobga o‘zini to‘liq bag‘ishlash istagi muttasil o‘qchishdan keyin boshlanardi. Juvon va yigitda ham bu hol takrorlandi. Endi ular savqi tabiiy bilan nafaqat o‘zlarini, o‘zgalarni ham yo‘q qilishni xohlashar, bu ishni aynan o‘zgalarni qiynash yo barbod qilish uchun emas, azob onlarida tug‘iladigan tiyiqsiz lazzat tufayli amalga oshirishardi. Shunda azobning ham, undan tug‘iladigan lazzatning ham qiymati va hajmi oshib boraverardi. Muntazam o‘qchish esa bir daqiqa bo‘lsin azobdan chalg‘ishga yo‘l qoldirmas, baayni uyg‘otuvchi soatdek har lahzani bekorga boy bermaslikni eslatib turar, shahar ichi ag‘darilib o‘qchishga duchor bo‘lgan, har yerda qon yo zardob qusayotganlarning manzarasi bilan to‘la edi. Azob lazzatiga berilgan odamlarni eng ko‘p qiynaydigan narsa – kutish, azobning eng yuksak cho‘qqisi bo‘lgan onlarni kutish, bunga toqat qilib bo‘lmas, zero azobga tashna va mahkum kimsalar turg‘unlikdagi mahvum kutish pallalaridan bag‘irlari qon bo‘lgancha, o‘zini azobga mahkum qilgan va azob chekish borasida nimanidir kutishga bardoshlari yetmas, endi to‘lig‘icha shiddatli azob lozim edi ularga. Yonidagi o‘tkinchini, uyidagi yaqinini yo o‘z tanasimi –farqsiz – talab, timdalab, g‘ajib ketaverishar, azobga tashnalik vahshiy hayvon kabi ularni quturtirib yuborgan, o‘zga biror narsa bilan na halovat, na o‘rin topa olishmasdi.
Og‘riq zavqiga mukkasidan ketgan kunlarning birida yigit kutilmaganda endigina tili chiqib otasiga g‘aroyib savollar bera boshlagan qizchasini o‘ldirib qo‘ydi. Qizcha avvaliga bularning barini otasi bilan yangi o‘yin deb o‘ylagan edi. Otasining peshonasiga peshonasini qo‘yib ko‘zlariga qattiq termular ekan – kim ko‘p qarshisidagi nigoh qarashlariga dosh ber olishini sinardi – agar otasining kipriklari yumilib ketgudek bo‘lsa, qizcha quvonchdan hayqirib yuborar, yutdim deb o‘ylar, ayni shu vaqtda ota uning bo‘g‘zidan g‘ippa bo‘g‘gan, bolasi esa yangi o‘yin boshlandi degan hayolga borib, kulib turaverardi. Yigit battarroq bo‘g‘ar, bolaga nafas yetmay, chaqnoq ko‘zchalaridan yosh oqib og‘zidan ko‘pik kela boshlagan, yuzlari, badani ko‘karib borardi.
Agar bu dunyoda tug‘ilmaslikning iloji bo‘lganda, hech kim o‘z xohishi bilan tug‘ilgan bo‘lmasdi, ammo tug‘ilish, yaralish shu qadar tabiiy va osonki, kimningdir xayolida paydo bo‘lib, keyin yorug‘ dunyoga lahzalarda tushib qolish mumkin va qolgan barcha istab-istamay tug‘ilganlar kabi hayotingni davom ettirishga mahkumsan deb o‘ylagandi. U farzandining o‘z xayoli maxsuli ekanini fahmlar, yana shuni tushungandiki, farzandlar ota-ona qismatining takrorlovchisi, ular ota-ona hayotini yangilamas, yo turg‘unlikni siljitmas, ular o‘z taqdirlari bilan turg‘unlikning haybati va mustahkamligini oshirishga hissa qo‘shar, ammo xuddi ota-onalari kabi ular ham bu olamda nimanidir o‘zgartirishga qodir emas edilar.
Yigit o‘zining tug‘ilmaslik haqidagi fikrlaridan kuchga to‘lar, agar Shopengauyer hayot bo‘lganda unga hamfikr ekanligidan o‘zini baxtiyor sezgan bo‘lar edi.
Bolaning tanasi ko‘karib, bo‘zarib kelar ekan, yigitning ichida og‘riqqa bo‘lgan tashnalik shu paytgacha kuzatilganidan ko‘proq xuruj qilib, zardob aralash qon qusib yubordi. Tashnalik yigitning qo‘llariga quvvat berar, bolaning nozik bo‘yni yo‘g‘on changallar orasida qisirlab, ezilib va erib ketayotgan misoli qattiq bo‘g‘ardi. Bolaning joni uzilib, shilq etib yuztuban tushganda ham yigit nima qilayotganini anglamas, bo‘zarib qolgan murg‘ak vujud unda vahshat va lazzat, huzur uyg‘otgan, shu rohatdan qonib bahra olishni istayotgandi.
Nihoyat sovib qolgan tanani behuda azoblash yigitga zavq bermay qo‘ydi. Farzandining jonsiz jasadi ustida o‘tirar ekan bundan zarracha afsus yoki o‘kinch tuymas, bu yog‘iga nima qilishni o‘ylar – ichini kemirib kelayotgan tashnalik balosini qondirish uchun jasadning sochlarini siltab-siltab bor kuchi bilan yular–og‘riq, azob va o‘limni o‘z tanasida his qilmaguncha tinchlanmasligini tushinib yetgandi. Bolaning barra qo‘zichoqning yungidek qalin qora sochlari hadeganda teri va etdan ajralmas, nozik vujudi siltanib turar, yigit muttasil og‘riq chanqog‘ini bosolmas, na bolaning o‘limi, na mayitni azoblash unga taskin berolmagandi.
Yigit kutardi – hademay uni olib ketishadi – qonun posbonlari yetib keladi, azob va qiynoqning asosiysi hibsda davom etadi. Oxirgi vaqtlarda posbonlarning kelib mahkumni olib ketishiga ham hojat yo’q, turli qiynoq usullari orqali o‘lishni istaydigan odamlar to‘lib-toshgan, ular arzimagan jinoyat uchun o‘lim hukmini so‘rab, qamoqxonalarga o‘zlari borar, har kimning ham jur’ati o‘z-o‘zini azoblab, barbod qilish darajasiga yetmas, shu sabab qamoqxonalarda insonni uzoq vaqt davomida qiynab o‘ldirishning yangidan yangi texnologiyalari o‘ylab topilar edi. Mahkumlar aybdorlik doimo mavjud degan qoidaga amal qilishar ekan, jazo ham muqarrar bo‘lishini yaxshi tushinishardi. Qiynoqlar ichida o‘limni kutishning ham o‘z gashti bor. Albatta hamma o‘z tanasida qiynoqni his qilishni xohlaydi deb aytib bo‘lmas, o‘zgalarni qiynab rohatlanadiganlar, shunga mubtalo bo‘lganlar ham juda ko‘p – ular qamoqxonadan yaxshi ish o‘rinlari uchun navbat poylar, jazo koloniyalariga yollanadigan har bir xodim – xuddi odamlar og‘riq lazzatiga giriftor bo‘lmasidan avvalgi yillarda gul do‘konlariga kiruvchi har bir ishchi gul bezashning yangi usulini topishi kerak bo‘lgani kabi shu vaqtgacha ko‘rilmagan, eshitilmagan qiynab o‘ldirishning vaxshiylarcha usullarini topish talab etilardi.
Yigit mahkumlarga boqib bu yerda hayotda turli shakl qidirib o‘zini mahkumga aylantirganlarni ko‘rgandi – kimdir siyosiy jinoyatchi, kimdir boshqalarni talagan, zo‘rlagan yoki o‘ldirgan. Shu zayl ular o‘zining shakli va o‘rnini qidirishgandi. Ammo har qanday shakl axtarish benaf ekanligini yo tushinib yo tushinmay jinoyatga qo‘l urar, qamoqqa tushar, arzimagan gunohlar uchun ham tayinlangan o‘lim hukmini kutib yotishardi. Jinoyat va og‘riq chekish odamlarning birdan bir chorasi va ovunchog‘I bo‘ldi.
Yigit o‘limning qanday bo‘lishini o‘ylab entikar, oxirgi paytlarda faqat mukammal qiynoqlar ostida amalga oshiriladigan o‘limni orzular, o‘qchish esa uni bir zumga tinch qo‘ymas, kutish pallalari zerikarli, o‘z-o‘ziga og‘riq va azob yetkazish zavq bermay qo‘ygandi. Uni o‘lim oldidan mashaqqatli jarayonga tayyorlash uchun posbonlar tinim bilmas, har kuni qamchilar, kichrayib ketayotgan tanasini ikki soqchi bir biriga otayotgan kabi yumalatib tepkilab savalar, og‘zidan qon va ko‘pik kelar, ammo yigit og‘riqlarga toqat qilolmas, qoniqmasdi ham. Shu paytgacha uni qiynagan, azoblagan savol va o‘ylarning hammasi faqat og‘riq chekish istagiga aylangan, boshqa har qanday istakni qiynoq lazzati to‘la yo‘qqa chiqargan, shu sabab og‘riq darajasi yuqorilab borgani bilan u o‘z tanasi va ruhida azob chanqog‘ini bosolmas, bundan iztirobga tushar va asabiylashar, posbonlar esa og‘riq tashnaligi va ruhidagi taranglikni orttirish, buning orqasidan o‘limning nihoyatda maroqli bo‘lishini o‘ylab, qatl jarayonini uzoq va chidab bo‘lmaydigan darajada qiynoq yetkazish yo’llari bilan boyitib borishardi. Faqat og‘riq chekishga bo‘lgan ishtiyoq yigitni mahdud qilib qo‘ygan, bu qamoqxonaning to‘rt devori orasida emas, mana shu hissiyot va ishtiyoq ichida qamalganga o‘xshar, o‘qchish esa buning doimiy dalolatnomasi, tepkilangan, qamchilangan, mamataloq bo‘lgan yaralari azobi susaygudek bo‘lsa, qamoqxonani buzib yuborar tarzda dod solar, posbonlarni chorlar, uni ayamasdan qiynash, suyaklarini sindirishar,shunda u vaxshiy hayvon kabi o‘kirishni boshlardi.
Yashamoq mudhish jinoyatni sodir qilib, umrbod unga beriladigan jazoni tahlika bilan poylashga o‘xshaydi. Ammo bu shunchaki kutish emas, ongning, qalb va tananing birgalikda safarbarligi – na ong, na qalb, na tana tin olar va tinim bermas – bora-bora jazoni ham kutishni ham unitib, ong, qalb va tanangda kechayotgan ta’qibdan qutilish uchun aqldan ozasan yoki og‘riq davo bo‘ladi. Na qochib ketish, na qutilishning imkoni yo‘q ekan, og‘riq va qiynoq chekishdan lazzat topishda mantiq bor edi. Yigitning so‘nggi yillari mana shunday safarbarlikda o‘tdi. U bundan charchamadi, aksincha tetiklik bilan jazo oniga intiq bo‘ldi. Yozuvchi boshidan kechirganidek yigit ham og‘riq tortish orqali chinakam farog‘atni his qilish uchun tanadagi har qanday azobga qaramay ruhiy tetiklik zarurligi, diqqatni charchoq bilan chalg‘itish mumkin emasligini yaxshi sezar va nihoyatda bardam edi. Qatl marosimining naqadar puxta va noziklik bilan amalga oshirilishi haqida posbonlar so‘zlar ekan, ichki a’zolari qay yo‘sin sug‘irib olinishi, terisining shilinishi, kalla suyagi yorilib, miyasining otilib chiqishi xususida tasavvurlarga berilardi. Suyaklar mayda-mayda bo‘lgunigacha sindiriladi, tomirlar va paylar bir-bir qirqiladi, go‘shtini esa tilimlab olib atrofini o‘ragan o‘lim kashfiyotchilari mazaxona chaynashadi. Yigit og‘riq va azobning naqadar cho‘qqisiga yetmasin, ruh va tani bu lazzatdan qanchalik qalqmasin, hali o‘zini kutayotgan vahshiy haqiqatdan bexabar edi. Qatl hammasining xotimasi deb o‘ylar va qatl azobi orqali orom topishiga ishonayotgandi. Qizini o‘ldirgach, hayrat va dahshatdan qotib qolgan xotinining qotiliga aylanganda ayol yuzidagi o‘lim sokinligidan shukuhga to‘lgan, qalbining eng ichkari puchmoqlarini qoniqish qoplagan, bu manzaraga soatlab tikilib o‘tirishga tayyorligini his qilgandi u.
U o‘zini ham shunday qismat kutishidan orzumand, ammo o‘ttiz yillik hayoti davomi o‘ylagan barcha yanglish o‘ylaridek xato tasavvur bo‘lib chiqardi bu ham. Ushbu xato tasavvur orqasidagi haqiqat esa uning barcha shubha-gumonlarini tasdiqlar edi.
Afsungar
Afsungar yuqorida aytilgan mavjudotlarni tush ko‘rib yotardi. Bu odamlar o‘z yaralishida qandaydir noqislik borligini sezar edilar. Endi his eta boshlaganlari daryolar bo‘yiga chiqib va yo tog‘lar ustiga chiqib “biz yashagan dunyo – tushmi yo ro‘yo” deb pinhon ko‘z yosh to‘kishar; mavhum o‘ylarga berilishar, keyin o‘ylarining mavhumligidan bezib, turmush tashvishlariga o‘zini urar, bo‘lsa-bo‘lmasa baxt qidirar, baxt yo‘qligini bilib ham o‘zini aldar, qayta-qayta bir tosh boshiga tushishidan iztirob chekishardi.
O‘zining sharpa ekanidan shubhalangan, gohida aynan his etganlarning xatti-harakati boshqacha kechardi. Mo‘jiza kutib yashaydiganlari-da topilardi. Ular butun umr o‘zini kutishning zerikarli yolg‘izligiga mahkum etardi. Hayotida hech narsa sodir bo‘lmasligini bila turib, bir zum bo‘lsin o‘zini kutishdan tiyisholmasdi. Kutishdan mahrum bo‘lish o‘lim bilan doimiy yuzma-yuz kelishday gap, o‘limgacha sodir bo‘lmaydigan hech narsani kuta turib, alaloqibat yolg‘iz o‘lim qarshisidan chiqishini bilganiga qaramay ayni hozirning o‘zida o‘lim bilan ro‘paro kelishga qo‘rqishardi. Ular bunga tayyor emas, dosh berolmasdilar ham.
Afsungar tushida bularning barini jim kuzatar, ayniqsa, tana, ruh va qalb darajasida o‘zining tushdagi sharpa ekanidan shubha qilayotgan mavjudotlardan zavqlanar, ularning bundan naqadar xorlanib, isyon va iztirobga berilishidan hamdardlik va qonish tuyar, qoniqish mavjudotlarning hissiyot va anglash darajasini yanada kuchaytirib, ular o‘zlari ko‘nikkan baxtsizlikni mahv etishni istar, mavh etish istagi isyonga turtki berib, har qanday isyon esa iztirob bilan xotima topar edi. Isyon qilgan sari iztirob ulg‘ayar, bora-bora yaratiqlar yuqori darajadagi azobning o‘zidan boshqa hech narsani talab qilmay, istamay qo‘yishdi. Ular uchun yagona mavjudlikka evrilgandi iztirob va azoblar.
Albatta, yaratiqlar ruhidagi qonsirash o‘z manbasiga ega, qonsirashning manbasi – Afsungarning o‘z yaratiqlarining hech qanday iroda va erkka sohib bo‘lmagan mavjudot ekanini doimiy his etishini xohlashi, mazkur his oldida ularning xorligi, chorasizligi va hech qanday yo’l bilan bu olamdan chiqib ketish mumkin emasligida edi.
Yigit, yozuvchi, umuman, barcha afsungar yaratgan dunyoda sharpa xolos –sharpalar esa hech qachon o‘lmaslik qismatiga mahkum edilar. Biroq shunga qaramay bu olamda ham odamlar o‘lardi va tug‘ilishardi.
O‘lib yana qayta tug‘iladiganlari boshqa ong bilan qaytadan hayot boshlar, ular o‘zining sharpa ekani xususida gumonga borib yo anglab qolgunicha bu hol takrorlanaverar, to to‘la-to‘kis anglamagunlaricha afsungar ko‘rayotgan tush tabiatiga muvofiq yo‘q bo‘lib, yana qaytadan yaralaverar edilar, sharpaligini anglab qolganlarning, o‘lmas, yo’qolmas va yitmas, ularning bu xo‘rlikka yagona isyoni – faqat og‘riq edi.
Afsungar tushda yaralgan dunyodagilar uchun ma’shum, o‘zi uchun sururli bo‘lgan xohishini alangalatgan sari odamlar og‘riqdan shuncha lazzatlanar, og‘riqning yangi-yangi yuqori darajalarini ko‘ngillari tusar, bora-bora hech qanday og‘riq kor qilmay qo‘ygach, erda qon to‘kish odatiy hol bo‘lib, endi har yerda to‘kilgan bemisl qonlarni, jasadlarni, o‘laksaxo‘rlar cho‘qiyotgan o‘liklarni ko‘rish mumkin edi. San’at ham qonga botirildi. Yozilgan asarlardan, ishlangan filmlardan qon ufurar, qon hidi kelardi.
Shu holga keldiki, odamlarning tana, ruh va qalb darajasidagi og‘riqqa muttassil tashnaligi va bunga toqat qilolmasligidan afsungar tushidagi dunyo portlab ketadigandek tuyilardi. Gohida afsungarning o‘zi ham shuni istar, bunday o‘yindan ming yillar davomida zerikkan, o‘zi ham, tushidagi yaratiqlar ham o‘ynashga mahkum bu o‘yin uni og‘Ammo buning iloji yo‘q. Afsungarning yuzi birdan o‘zgardi. Axir xotima uning imkonida emas. U o‘zi istagan taqdirda ham bularning barchasiga chek qo‘yolmaydi. Daxshatli haqiqatdan qalqib tushdi: afsungarning o‘zi ham kimningdir tushi mahsuli edi. Tushidagi sharpalar kutayotgan qiyomat afsuski afsungarning tushiga hech qachon kirmaydi. Shafqatsiz haqiqatni anglab qolgan Afsungarning ruhida chidab bo‘lmas qonsirash jazbasi battar alanga oldi.
2020, noyabr