KUZ MANZARASI
Og‘ir portfel ko‘targan bola,
Istaklarga bosilgan qamchi.
Bulutlarga qadalgan ko‘zim,
Yaproqlarni o‘pgan ilk tomchi.
Zavqlanish va yel o‘pgan sochlar,
Yomg‘irpo‘shsiz qolib ketgan qiz…
Sukunatga ochib qulochlar,
Va hayqirib aytilmagan so‘z.
…Teeez orada o‘zgargan dunyo,
Qo‘lsoatdan o‘zib ketgan vaqt.
Nigohlari sustlashgan, go‘yo
Xastalikka chalingan daraxt
BOSHQACHA ODAM
Suv ham chiqmay qo‘ygan buloqlarimdan,
Olisda jimgina gullaydi dashtlar.
Sukunat pichirlar quloqlarimga,
Quvonchli lahzalar so‘raydi dastxat.
Ko‘zyoshlar bug‘lanar, yig‘layman qanday?
Begona hodisa bo‘lmoqda sodir.
Bir keksa o‘limtik taxlab qo‘yganday,
Dunyo ham nedandir olar havotir.
Har jism o‘shqirar mendan tashqari,
Hayqirar jimlikning g‘orchalaridan.
Uzoq-uzoqlarga — yog‘dular sari
Boqaman zulmatning darchalaridan…
Notanish hislardan seskanadi dil,
O‘ylarim yo‘qlikka tashlaydi qadam.
Boshqacha emasmi, bir tasavvur qil —
Zulmatdan yorug‘lik izlagan odam?!
ISHTIBOH
Kuni kecha ko‘rdim, kuzatdim,
Bir it hurdi senga termulib…
Yiroqman, azizam, men seni
Hilolga o‘xshatmoq fe’lidan.
Ammo bir hodisa
zarra yo‘l qo‘ymas,
Fikrdan qaytishga
undar bir fursat —
Tunda oyga qarab hurib chiqqan it,
Tongda seni ko‘rib hirillab tursa…
AJALNING ShAKLI
Chiroqni o‘chirdim,
Zulmat paydo qildim xonamda.
Boshiga o‘t chaqdim sigaretaning:
dudlandi xotira,
dudlandi kitoblar,
dudlandi o‘pkam.
Pufladim,
shakli paydo bo‘ldi
ajalning…
***
Hammadan ertaroq uyg‘onib qo‘ydim,
Ko‘zlarin ishqalab yotganda tonglar.
Yozlarda sovqotib, qishlarda kuydim,
Balki xato qildim hayotni anglab.
Qaysi odam bog‘ni xushlamas, deysiz,
Hech kirgim kelmaydi za’faron boqqa.
G‘amgin chinorlarga termulib o‘ysiz,
Har kun derazadan boqqanim boqqan…
Baxtiyor olamda yurmasman mulzam,
Istiqomat qilib darveshlar kabi.
Ko‘nglimda dunyoni ko‘targan bo‘lsam,
Nega og‘ir botar bir qizning gapi?!
Sochaloq qilishar ko‘ngil mulkimni,
Eng toza hislarni o‘rtaga surib…
Mo‘ysafid dardini chekish mumkinmi,
Hali yigirmaga kirmasdan turib?!
Ajoyib satrlar! Humoyun, ukajon! Ko’z tegmasin))