Gulrux Xudoyorova. She’rlar

1
147
ko'rishlar soni

Azizim!

Tugamagan janglar hali ham,

Janglar davom etmoqda hamon.

Daxshatlidir ular yanayam,

Bu janglarda o‘lyapti vijdon.

Bu janglarda gina va araz

Borgan sari avj olayotir.

Bu janglarda qancha haqparast,

Ikki pulga sotilayotir.

Bu janglarda kimdir oridan,

Kim nomusdan ajralayotir.

Bu janglarda nomardlar bisyor,

Bu janglarda ko‘p emas botir.

Ammo bular mayda yo‘qotish,

Muhim emas hatto u qadar.

Jangda oyoq- qo‘lidan ajrab

Qaytib kelgan qancha jangchilar.

Ammo biror janggohda hali,

Yuragidan o‘q yesa agar

Yengib bunday og‘riq mahalin

Qaytgan emas birorta askar.

Mayli,

Ayril shodliklaringdan!

Ayrilganday oyoq – qo‘lingdan.

Sira ketmam sening yoningdan.

Ehtiyot bo‘l faqat dilingdan,

Yuragingni yo‘qotishingdan,

Yo yurakka o‘q otishingdan,

Xudoyimning o‘zi asrasin!

Faqat ko‘ngling yaralanmasin.

(Qolganiga Haq berar to‘zim)

Sen qalbingni yo‘qotma faqat,

Yuragingni asra, azizim!

***

Qadamlari og‘ir mardlarmi tog‘lar?

Ko‘ksimdagi mayda dardlarmi tog‘lar?

Yoxud kiprikdagi gardlarmi tog‘lar?

Tog‘lar ko‘hna erur, savollar ko‘hna,

Tog‘lar yoniga bor, yonimga qaytma.

Til bilarlar ko‘pdir, dil bilar qayda?

Chol-kampir yashagan kulbalar qayda?

Mendayin, mendayin telbalar qayda?

Kulbalar ko‘hnadir, telbalar ko‘hna,

Sog‘lar yoniga bor, yonimga qaytma.

Mendan ming yil avval tug‘ilgan dardlar,

Hissizlar qalbidan quvilgan dardlar,

Qabrman. Ichimga ko‘milgan dardlar

Dil qadar ko‘hnadir, ishq qadar ko‘hna,

Baxtlar koniga bor, yonimga qaytma.

Nomardning tilida mung‘aygan so‘zlar,

Kitoblar qatida sarg‘aygan so‘zlar,

Jimlikdan, jimlikdan ulg‘aygan so‘zlar,

Naqadar ko‘hnadir, naqadar ko‘hna,

Gar ishqdan so‘zlasang yonimga qaytma.

Jim bo‘lgin!

Jim bo‘lgin!

Sevdim deb aytma!

***

Bog‘ yengidan tortib qo‘ydi kuz,
Daraxtlarga tushdi hayajon.
Sariq yaproq yerga qo‘ydi yuz,
O‘z yurtida bergan kabi jon.

Pishganini angladi olma,
Shoxdan asta uzilib tushdi.
Gul yaprog‘i — ko‘kdagi kema,
Yerga sekin suzilib tushdi.

Pishib shira olgan qovunlar,
Dum uzdilar tunda pinhona.
Kulcha nonlar uzildi nogoh,
Pishganini qilib bahona.

Men ham kuzni intiq kutgandim,
Umidlarim ko‘p edi undan.
Yuragimni kuzga tutgandim,
Uzmoqchiydim ko‘nglimni sendan.

Lekin sendan dil uzolmadim,
Bildim, yo‘lim ayro tushmagan.
Sababini hech bilolmadim,
Balki mening dilim pishmagan.

***

Yig‘lamang demangiz, qo‘ying, yig‘lasin,

Siz esa ko‘zyoshin artingiz faqat.

Ayol ko‘zyosh to‘kib turgan chog‘larda,

Eng buyuk ishlarga topadi qudrat.

Yig‘lamang demangiz, qo‘ying, yig‘lasin,

Axir ko‘zyoshlarda qancha hayo bor.

Ayoli yig‘lashni bilmagan elning

Ori yo‘q, millatman degani bekor.

Yig‘lamang demangiz, qo‘ying, yig‘lasin,

Ko‘zyosh to‘ka bilgan ayollar – botir.

Ayollari orsiz bo‘lgan millatda

Ori baland erlar o‘smaydi, axir.

Yig‘lamang demangiz, qo‘ying, yig‘lasin,

Ojizligi husn qo‘shsin husniga.

Diydasi qotmasin, qalbi qotmasin,

Suyanib bosh qo‘ysin yorin ko‘ksiga.

Yig‘lamang demangiz, qo‘ying, yig‘lasin,

Va lekin ich-ichdan chekmasin faryod.

Ayol yo‘qotmasin nafosat hissin

Ayol ayol bo‘lib qolsin umrbod.

***

Uyg‘ondi-yu shoshildi ishga,

Kitob to‘la sumkasin sudrab.

So‘ng baxt haqda so‘zladi asta,

Baxti to‘kis odamga o‘xshab.

Kezdi sinf xonasin mag‘rur:

“O‘tkazmangiz umringiz bekor.

O, mazmunga to‘la umrimiz”.

Doskalarni to‘ldirdi shior.

Hamma yozdi: Umr bu – hikmat!

U o‘qidi bari barini.

Yaxshiyamki o‘quvchilari

Sezmadilar yig‘laganini.

Ishdan qaytdi. O‘ylab qoldi so‘ng,

Hayotining mazmuni haqda.

Topolmadi.

Asta otdi tong.

Va hammasi boshlandi qayta.

***

Og‘rib qoldim.

G‘amlarim, dardim,

Shodliklarim – hammasi betob.

Yostig‘imning ostida g‘amgin

Isitmalab yotibdi kitob.

Og‘rib qoldim. Og‘ridi chunon

Orzularim, baxtlarim bari.

Tushlarimga kirdi o‘sha on,

Qishlog‘imning musichalari.

Og‘rib qoldim. Yondim go‘yoki,

Dardga davo muhabbat derlar.

Shu tun og‘rib chiqdi hattoki,

Muhabbatdan yaralgan she’rlar.

Og‘rib qoldim. Horidim qattiq,

Olovlanib boryapman mana.

Tuguningga solib isiriq,

Yo‘lga chiqqin mushtipar ona.

Og‘rib qoldim. Onajon, shoshil,

Unutmagin dardga darmonni.

Quchib yotsam shifo topaman,

Otam kiyib yurgan choponni.

***

Aldayvergin, men ishonaman,
Qasam ichma osmon, yer bilan.
Ko‘nglim topmoq judayam oson,
Aldash mumkin bitta she’r bilan.

Men aldansam hech narsa emas,
Bir she’r yozsam o‘tib ketadi.
Bir chiqadi jahlim quyoshday,
So‘ng quyoshday botib ketadi.

Qaytaman de, men ishonaman,
Ortiqcha so‘z aytib netasan.
Gar aldaging kelsa qattiqroq,
Bir misra she’r yozib ketasan.

Iz ham qolmas gunohlaringdan,
Yuragimga botib ketadi.
So‘ng jilmayib yashayveraman,
Bir she’r yozsam o‘tib ketadi.

Meni alda, boshqani emas,
Yolg‘onlarning barin menga ber!
Xiyonatni yengolmas o‘zga,
Axir ular yozmaydi-ku she’r.

Men aldansam hech narsa emas,
Bir she’r yozsam o‘tib ketadi…

***

Seni kechirganman so‘zimning rosti,

O‘zingni ayblashdan to‘xta, azizim.

Seni tushunganman, so‘zimning rosti,

Yig‘lay-yig‘lay oxir kechirgan ko‘zim.

Seni kechirganman so‘zimning rosti,

Boshingni xam qilma gar meni ko‘rsang.

Dunyoda eng buyuk qayg‘u bu asli

O‘zingning g‘amingni o‘zing yeb yursang.

Senga ayb qo‘ymoqqa sira haqqim yo‘q,

Senga achinaman, rahmim keladi.

Suyanmoqqa o‘zidan o‘zga do‘sti yo‘q,

Bo‘lganlarni qanday ayblab bo‘ladi.

Seni kechirganman so‘zimning rosti,

Ichingda bor axir olam alami.

Faqat o‘zin sevib yashaydi chunki

Dunyoning eng yolg‘iz, baxtsiz odami.

1 ta izoh

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting