QIZIL IBLISLAR YOXUD GENOTSID QAYG‘USI

0
839

esse

“Manchester Yunayted” futbol klubi bundan o‘n yillar oldin Angliya ichki birinchiligida judayam dahshatli futbol namoyish etardi. U mahalliy stadionda bo‘ladimi yo mehmon stadiondami, o‘z raqiblari bilan kuch sinasharkan, o‘yin oxirida shunaqangi quturib, vahshiylashib ketardiki, natijada raqib jamoa o‘z-o‘zidan yutqazishni istab qolardi. So‘nggi o‘n daqiqalikdagi kulminatsiyasida jangga mengazaladigan o‘yin faqat bitta jamoa jarima maydonchasi atrofida kechar, qip-qizil libosdagi Manchesterliklar raqibni halqasimon tarzda qurshab olib, shiddatli hujumlar tashkil qilishar va birin-ketin uning darvozasini ishg‘ol qilishardi.

Sharhlovchi ularni bir-birlariga to‘p oshirib, tezkor harakatlanishlarini va hujumdagi o‘yinlari tezligini sharhlab ulgurmasdi. Meni esa televizor qarshisida o‘tirib, ko‘zlarim tinib ketar va har safar u baqirib-chaqirib, pafos bilan “qizil iblislar hujumga o‘tishdi” desa yuragim orqasiga tortib ketardi. “Manchester yunayted” futbol klubining norasmiy nomi shunday edi: qizil iblislar. G‘alati nom, shunday emasmi?

Ochig‘i sharhlovchi har gal shu nomni tilga olsa, o‘n to‘qqizinchi asr boshidagi Qo‘qon muxtoriyatini bolsheviklar boshchiligida o‘qqa tutilishi va mahalliy vodiy aholisini dashnoqi armanlar tomonidan ommaviy qirg‘in qilinishi ko‘z oldimga keladi. Boshqacha bo‘lmaydi. Faqat shunday bo‘ladi. Televizor ekranidagi futbol maydoni katta bir qotillik maydoniga aylanadi-da, lahza o‘tmay unda to‘plar gumburlaydi, poroxning achqimtir hididan yuzaga kelib, atrofni qoplagan tutunlar ko‘zni xiralashtiradi, o‘zini qatli omdan qutqarish uchun o‘qqa-cho‘qqa urayotgan yosh-u qari erkaklar, go‘daklar va xotin-xalajning achchiq faryodi quloqqa qo‘rg‘oshindek quyiladi, oldin ham bir tiyinlik qadri bo‘lmagan inson qoni daryo o‘zanidagi suv kabi to‘lib-toshib oqadi, ko‘zlari qonsiragan bolsheviklarning legionerlari-dashnoqi armanlarning pichoq, oybolta va qilichlari ko‘zni qamashtirib quyosh nurida yaltiraydi, yelkasiga miltik osgan bolshevik zobitlarning sigor tutatib, vaziyatni xotirjam kuzatib turgan, “rasstrelyat!” deb rus tilida ko‘rsatma berishganida bir tuki ham o‘zgarmagan sovuq basharalari elas-elas ko‘rinadi.

Negadir doim “Manchester Yunayted”ning o‘yinlarini kuzatayotganimda murakkab ruhiy holatga tushib, anchagacha shu kabi olisdagi o‘tmish manzaralari ta’siridan chiqib keta olmay qolaman. O‘lganning ustiga tepgan qilib, sharhlovchi ham tinim bilmay, pauzasiz sharhlashdan to‘xtamaydi: “Qizil iblislar hujumni kuchaytirishyapti”, “Qizil iblislar raqibni yanchib tashlash arafasida”, “Qizil iblislarning holdan toygan raqibiga havas qilib bo‘lmaydi”, “Birinchi bo‘limdagi holat aldamchi ekan, qizil iblislar go‘l va uzoqni ko‘ra bilmagan o‘ljalarini qopqonga tushirishgandek”, “Qizil iblislarning navbatdagi ayyorona g‘alabasi”…

Qo‘qon muxtoriyati, uning atrofiga to‘plangan jadidlar-u Turkiston ziyolilari haqidagi ma’lum, sub’yektiv va haddan tashqari ideallashtirilgan munosabatlar bayonini, tarixiy faktlarni, ular haqida yozilgan turli-tuman risolalarni shu tobda baham ko‘rish, sharhlash, izohlash yoki ularga raddiya bildirish niyatim yo‘q. Bunday niyatdan yiroqman, alalxusus. Shusiz ham mustaqillik yillarida tariximizning bu og‘riqli qismi haqida ko‘plab ilmiy-ommabop, badiiy va tarixiy risolalar bitilgan, doktorlik dissertatsiyalari yoqlangan, uni yoritganlarga akademik va professor unvonlari ommaviy tarqatilgan. Ma’lumotlar yaxlitlanib, jamlansa bir necha jildlik kitob bo‘ladi.

 Men shunchaki o‘sha paytdagi Turkiston, bu muxtoriyat va uning atrofiga to‘plangan ziyolilar-u jadidlar haqidagi o‘y hamda xulosalarim negadir shu tumanli albiondagi mashhur futbol klubini uchrashuvlarida ko‘pincha vujudimni yorib chiqishini, telba xayollar qurshovida bir o‘zimni yolg‘iz qoldirishini, yuragimni to‘qson daqiqa davomida ezishini  hech tushunolmaganimni ta’kidlamoqchiman, xolos.

O‘sha paytlar shunday edi. Buni tushunmas, tagiga yetolmasdim. Boshqa tomondan nega aynan shanba yoki yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadigan Angliya birinchiligining “Manchester Yunayted” ishtirokidagi o‘yinlari mobaynida bunday bo‘lishi meni goh hayron qoldirsa, goh asabiylashtirardi. Hafta davomida itdek ishlab, bor energiyamni sarflab, bo‘sh turgan qopdan farqim qolmay bo‘shashib, dam olish kunlariga amallab yetib olgach, quvonchim va qiziqishim bo‘lgan futboldan boshqalardek zavq olish o‘rniga yurakni ezadigan o‘ylar girdobida qolishim alam qilardi. Menimcha endi tushungandekman. Shu yerda ozgina lirik chekinishga nima deysiz? 

O‘n yillar oldingi “Manchester Yunayted” futbol klubi hali hanuz esimda. U paytda butunlay boshqacha jamoa edi bu klub. Kuchli, ayyor, badjahl, murosasiz va berahm… Boz ustiga ustozidek jiddiy. Qizil iblislar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda avvaliga raqib jamoa uchun barchasi ajoyib boshlanardi. Uchrashuvdan oldin jamoalar maydonga chiqib kelishar, bir-birlariga qo‘l uzatib iliq ko‘rishishar, maydon chetida dunyoga tabassum ulashgancha jamoaviy suratga tushishar, keyin har biri odob saqlagan holda maydonning o‘zlariga ajratilgan qismiga o‘tishardi. Hakam hushtagini chalib, o‘yin boshlanganini ma’lum qilgach ham barchasi maromida, osuda tarza kechardi. Turib-turib shunga hayron qolardim. Qizil iblislar to‘pni faqat o‘zlari nazorat qilmay, raqibga ham vaqti-vaqti bilan berishar, uni o‘z darvozalari yaqiniga yo‘latib turishar, pozitsion hujum qilishiga qo‘yib berishar va hatto bir-ikkita gol sovg‘a qilishardi. Raqib bundan havo olib, erkin harakat qilishni boshlar, ular bilan tengma teng o‘yin ko‘rsatishga, ulardan hatto ba’zi jabhalarda, masalan qisqa va uzun uzatmalarda ustunlik qilishni-da uddalardi.

Yuqorida aytganimdek, ko‘pincha birinchi bo‘limda qizil iblislar o‘z raqiblariga bitta yoki ikkita gol urish imkonini berishardi. Shunda ham ulardagi xotirjamlik va sovuqqonlikka qoyil qolardim. Ular gol o‘tkazib yuborishgan bo‘lishsa-da, nazoratni yo‘qotishmas va pinaklarini buzmay o‘ynashda davom etishardi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida ham raqib ular tomonidan sovg‘a sifatida olingan erkinlikka to‘la ishonib, bamaylixotir o‘ynashdan chekinmasdi. Natijada, chetdan kuzatgan odamga uning strategiyasi va taktikasida kamchiliklar ko‘zga tashlanar, maqtalgan himoyasi tirqishlarga to‘lib borayotgandek tuyular, hujumi kuchli emasdek, faqat qizil iblislar istashgani uchungina birinchi bo‘limda gollar urgandek tasavvur uyg‘onishni boshlardi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtasiga borib, go‘l va soddaligiga borib, raqib ham jismoniy, ham ma’naviy kuchini maydonda batamom sarflab bo‘lardi. Bo‘limning oxirlariga borib, endi unda himoyalanish uchun ham umuman kuch qolmas, tarkibda birdamlik yo‘qolgani oydinlashar, himoya va yarim himoya o‘rtasidagi bog‘lamlar uzilgani ko‘zga tashlanardi.

Shunda to‘satdan qizil iblislar uyg‘onishardi va xuddi o‘ljasiga uvillab, to‘dalashib tashlanadigan bo‘rilardek raqibni o‘z jarima maydonchasiga qisib qo‘yib, halqasimon qilib o‘rab olishardi. Zahiradan maydonga tushgan legionerlar ularga bu borada ko‘mak berishar, buning samarasi o‘laroq, ular shiddat bilan raqibni ezishni, erkin harakatini bo‘g‘ishni, himoyasini sovun ko‘pigidek parchalab tashlashni, jismoniy tayyorgarlikda ortda qoldirib, qirib tashlashni yo‘lga qo‘yishardi.

Raqib bo‘lsa nima bo‘layotganini tushunmas, o‘zini vakuum ichida sezgandek tobora nafas olishi qiyinlashib, chalajon o‘likdan farqi qolmayotganiga ko‘zi yetar, tezroq o‘yin tugashini, qanday hisobda bo‘lsa-da, bu masxaraomuz qatli om tezroq yakunlanishini istab qolardi. Ko‘pincha o‘yin dahshatli yakun topardi. Tabloda birinchi bo‘limda yonib turgan 0-2 hisobi, o‘yin yakunida qanday qilib 4-2 yoki 6-2 ga aylanib qolganini anglolmay, raqib boshi egik holda maydonni tark etardi.

Yigirmanchi asrning o‘ninchi yillari oxiridagi Turkistonda tashkil qilingan Qo‘qon muxtoriyati atrofidagi voqealarni mana shu “Manchester Yunayted”ning moziydagi o‘yiniga o‘xshataman. Turkistonni Angliyadagi istalgan stadionga o‘xshatish mumkin: “Old traffordga”mi, “Stemford bridjga”mi yoki “Enfild Roud”ga. Uning ziyoli qatlami bolaligidan feodal tuzum ichida katta bo‘lgani uchun siyosiy bilim bobidagi no‘noqlik va sharqona mentalitetdagi go‘l qilib tarbiyalash an’anasi fonida bolsheviklarning hiylasiga uchgan, nog‘orasiga o‘ynagan. Leninning “barcha xalqlar ozoddir, ular o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash huquqiga egadirlar, Chor Rossiyasi yo‘q endi” degan gaplariga ishonish va yaqin kelajakdagi erk fojeasini o‘z vaqtida ko‘ra bilmaslik uchun o‘sha paytda yo siyosiy no‘noq, yo mentalitetida yuqori foizda go‘llik alomati bo‘lishi kerak edi o‘sha jamiyatning. Adabiy bilimi yoki daholik unsurlari yetarli miqdorda bo‘lsa ham, siyosiy bilim kam bo‘lsa, hech qanday davlat qurib bo‘lmaydi. Qolaversa, davlat qurishni istaganlar feodal tuzumda katta bo‘lgan, mentalitet qon-qoniga singib ketgan bo‘lsa, bu ish yanada dushvorlashadi.

Chor Rossiyasi mustamlakasi bo‘lgan Turkiston uning o‘rniga kelgan bolsheviklar siymosida do‘st, hammaslak, ishonchli hamkorni ko‘rishi mantiqsizlik edi. Negaki bir mustamlakachi ketib, o‘rniga boshqasi kelgan, mantiqan olib qaralganda faqat shakl o‘zgargan, ammo mazmun o‘z kuchida qolgandi. Shunga qaramay bir guruh ziyolilar inqilobning dastlabki kunlarida bolsheviklarga ishonishgan, ularning qiyofasida Turkiston ozodligiga erishish yo‘lidagi ko‘makchi ittifoqdoshlarni ko‘rishgandi (buni hech bir tarixchi inkor qila olmaydi, inkor qilayotganlari shunchaki idealistlar, xolos).

Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Qo‘qon muxtoriyati bilan bog‘liq fojea barchaning esida. Menga alam qilgani uni to‘pga tutilib, yo‘q qilingani yoki  atrofidagi ziyolilar tutdek to‘kilgani emas. Bu ham millat fojeasidir balki. Menga alam qilgani boshqa narsa: o‘shanda bolsheviklar va ularga zarur paytda xizmat qilish uchun Farg‘ona vodiysi bo‘yicha aholi orasiga joylashtirib chiqilgan dashnoqi armanlar tomonidan qilichdan o‘tkazilgan minglab odamlar go‘yo hech nimani bilmay, yashin tezligida bo‘lgan qonho‘rlikni xazm qilib ulgurmay ko‘zlari yumilgandi.

Ehtimol armanlar qilich, pichoq va oyboltalarini yalang‘ochlab kelishganida Marg‘ilon, Qo‘qon, Farg‘ona, Andijonda oddiy odamlar ertalab ko‘zlarini ochib, xudoga shukrona qilishgan, yuz-qo‘llarini yuvib, nonushta qilib, xotirjam va halovatda nafas olishayotgan bir payt bo‘lgandir. Kulol o‘zining ertalabki ishiga sho‘ng‘ib, mo‘jazgina kosa, ko‘za va laganlarini yasash, ularni bozorga sotish uchun tayyorlash bilan mashg‘ul, novvoy bo‘rsildoq patir va yog‘li shirmon nonlarini tandirga yopayotgan yoki yuzi qizarib uzayotgan, dehqon engini shimarib, o‘z yerida ho‘kizi bilan omoch haydayotgan, duradgor qo‘shiq xirgoyi qilgancha taxtali romga ishlov berayotgan, etikdo‘z farzandlarini duo qilib etik yamayotgan, tikuvchi chordana qurib, banoras choponlarini tikayotgan bir payt bo‘lgandir. Bozorlarda aholi kundalik ehtiyoji uchun qassobdan go‘sht, tegirmonchidan un, baqqoldan maishiy buyumlar sotib olayotgan bir payt bo‘lgandir. Mo‘min-musulmonlar masjidga namoz uchun to‘plangan, imomning nasihatlarini berilib tinglab o‘tirishgan, rukuga egilib yoki sajdaga bosh qo‘yishgan bir payt bo‘lgandir. Bolapaqirlar xuddi Oybekning “Bolalik” qissasida tasvirlangan bolakaydek ko‘cha changitib, turshak kavshanib chopib yurishgan bir payt bo‘lgandir. Xotin-xalaj davra qurib, paranjilarini bir pasga yechib, yengil tin olib gurunglashib, ko‘k somsa yoki lag‘mon tanovul qilib o‘tirgan bir payt bo‘lgandir…

Istalgancha taxmin va farazlarga berilish mumkin. Istalgancha. Cheksiz ravishda. Ammo shunisi aniqki, bu fojea o‘shanda xalqning yetti uxlab tushiga ham kirmagan va nazarimda shu bois kutilmagan dahshatdan ko‘zi ochiq ketgan qariyalar, beshigida yotgan yerida qorni yorilgan chaqaloqlar, navbatma-navbat zo‘rlangan ayollar, qo‘l va oyog‘i chopilgan erkaklar, qoziqqa o‘tqazilgan o‘smirlar aslida nima bo‘lganini bilolmay ko‘chalarda, o‘z xonadonlarida, bozorlarda, masjidlarda jon talvasasida xirillashgan, “nima uchun” deb Xudoga munojot qilishgan. Ularning bu juvonmarg bo‘lgan jonlari adabiy bilimi maqtalgan bo‘lsa-da, millatparvar va daho sanalgan bo‘lsa-da, yangilik etkazuvchi jadid sifatida ko‘klarga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, feodal tuzumda suyagi qotgani sabab siyosiy bilimi no‘noq bo‘lgani va sharqona mentalitet doirasidan chiqib keta olmay, o‘zbekona soddaligidan qutulishni eplolmagan bir guruh Turkiston ziyolilari bo‘ynida qoladi bir umr.

Boshqalarni bilmadim. Men endi o‘tgan asr boshidagi Turkistondagi siyosiy vaziyat va jadidlar haqida deyarli o‘qimay qo‘yganman. Qo‘qon muxtoriyati haqida ham. Shu genotsid haqida bilib, batafsil o‘qiganimdan so‘ng, chuqur qayg‘u vajidan tarixiy kitoblar va risolalarga nisbatan xafsalam pir bo‘lgan. O‘ylashimcha, Qo‘qon muxtoriyati yoki uning siyosiy rahbarlari haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun biror bir kitobni titkilashga hojat ham yo‘q aslida. Yigirma birinchi asr boshidagi  “Manchester Yunayted” jamoasining tasmaga yozib olingan o‘yinlarini tomosha qilish kifoya.   

2020 yil, noyabr

Sherzod Ortiqov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting