Leonardo Gaston Xermann. She’rlar

0
988

Leonardo Gaston Xermann — Argentinalik shoir, pedagog va madaniyat xodimi. 1975 yilda tug‘ilgan. Argentinadagi “Voces del Viento” adabiy jurnali direktori. “Xalqaro yozuvchilar mitingi” tashkiloti asoschisi va rahbari. Shu kungacha “Tuproqdan anonim tirilish”, “Chegaralangan maktub”, “So‘z barrikadalari”, “Inson injili” kabi she’riy va nasriy kitoblari chop etilgan.

O‘LIMNING ZAFARI

(ballada)

Piter savdogarning qiyofasi va uning tangalar to‘la xaltasini teskariga yo‘naltiruvchi sharni kuzatmoqda. Bredaning burjua qishloqlari ufqning xira chizig‘i bo‘ylab tarqalgan. Derazalar bir-birini yoqalab uchayotgandek go‘yo. Samoga misoli o‘t qo‘yayotgan qo‘ng‘iroqlarning tovushi ortida urushning alomati ko‘zga tashlanadi…

Xuddi changalzorda

Noqulay vaziyatga tushib qolgandek

Bo‘ronda yo‘ldan adashgan qushlarni

Ko‘zlarim ko‘rgan burchak erlarda,

Ekilgan urug‘dan shira kutgandek

Yemirgancha go‘yo aybsizligin

Farishtalar murdasini vaqt

Kavlayotgan chorrahalarda,

Tepalikdagi labirintlarda,

O‘rmonga cho‘kkan tunlarda,

Ajdodlar sadosi ostida

Ichiga qurtlar in qurgan

Ko‘pik aralash bog‘langan

Bosh chanoqlarida,

Yuz yil oldin portlagan

Yulduzlarni eslatuvchi suyaklarda,

Bir uyum kulga aylangan

Esxolatik alifbo, ilohiy fol kitobida,

Qorasonning har bir qismidagi

O‘tkir jon talvasasida-

So‘nggi faryodimning soyasi yotadi.

Ufqqa Isodek xochlanib

Tulporlarin ustixonlari-yu

Aravalari bilan g‘amgin

Ot yeldirib ketayotgan

Dushman chavandozlarida,

Furiyalar*ning berahm qo‘shini

Qamali paytida tutab nuragan

Qal’alar devorlari qoldiqlarida,

Holdan toygan o‘laksaxo‘r qushlar

Tamaddi uchun mayl bildirgan

Qilichdan o‘tkazilgan birma-bir 

Bani odam ichki a’zolarida,

Vaboga chalingan yurt o‘g‘illari

Tanalaridagi qop-qora dog‘lar-u

Ko‘kraklaridagi qizil xochlar-la

Olib ketilayotgan yuk kemalarda,

Tanaga botib, suqilib kirgach

Uni bo‘laklarga ajratadigan

Nayza qurg‘urning to‘rt tomonida-

So‘nggi faryodimning soyasi yotadi.

Daydi, darveshmonand hofizning

Aft-angorni bujmaytiradigan

Bo‘rttirma tasvirli xonishlarida,

Quyosh  qizdirgan daqiqalarda

Jang maydonidagi irigan

Jasadlardan mazoxist kalamushlar

Uyushtirgan ziyofatlarda,

Bichilgan qul kabi kimsalar

O‘z aravalarida norasidalarning

Jasadlarini ortib ziyorat uchun

Davom etgan yo‘llar ortida,

Va nihoyat vatanimning

Har bir parchalangan qismida-

Eng so‘nggi faryodimning soyasi yotadi…

…Breda qo‘ng‘iroqlari misoli fil suyagidek gap. Parka** suyaklarning iplarini mudom qirqqani va qismatda ne yozilganiga qaramay o‘lim hech qachon g‘olib bo‘lmaydi.

Furiyalar- yunon mifologiyasidagi urush keltirib chiqaradigan yovuz ayol qahramonlar.

Parka- rim mifologiyasida tug‘ilish xudosi.

Ingliz tilidan Sherzod Ortiqov tarjimasi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting