Maftuna Muhammadaminova. She’rlar

0
296
ko'rishlar soni

Ko‘zyosh ortib qoldi,
Tundan va mendan.
Xali iztirob ko‘p, taskin hali yo‘q,
Yurakni bo‘shatmoq kerak Hayotga
Dard bergan, o‘zing ham yig‘lashib yubor!

Men uchun bu kecha mendek yig‘lagin,
Pushaymonlik yig‘isi bo‘lsin u,
Afsus bo‘lsin u.
O‘rnimda bo‘lishni istamay yig‘la,
O‘zingni ko‘rsatsin tasavvur ko‘zgu.

Qanday azob bo‘lding menga, sevgilim,
Bilgin, bo‘g‘zingdagi achchiq bo‘zim – sen!
Ko‘nolmay, tiyolmay hech o‘zingni oq,
Oqib tush dard bo‘lib o‘z yuragingga.

Ikkilan,
xadiklan va albat o‘rtan,
Ikki ko‘zing to‘ksin ikki xil ko‘zyosh
Biri achchiq bo‘lsin, birisi shirin
Biri qadrim, biri qadrsizligim.

Yulduzlarga boqib, bir lahza “uh” tort,
Labingda jimirlab xotira ta’mi.
Baribir men uchun yig‘layotganingni unutma.
Baribir meni to‘k ko‘zyoshlaringda
Xuddiki ko‘nglimni to‘kkaning kabi.

Ko‘zyosh ortib qolmasin,
Sendan va mendan.

***

Men qasoskor emasdim, ishon.
Barmoqlarim edi tirnoqsiz.
Moviy bo‘lgan qonim har qachon.

Ko‘zyoshim ham qalbim sharbati
Yig‘laganman sog‘inchdan faqat
Yig‘laganman sevganim sari.

Bugun esa ko‘zlaring ko‘rib
Parcha qildim nigohlaringni
Axir yakson bo‘lganman, yakson.

Bugun esa juda ko‘-o‘-o‘p o‘ldim.
Qotilingman!
Mening qotilim!
…Suratingni
pichoqlab
qo‘ydim…

***

Dunyo!
Sinayman deding, yo‘g‘onlashdi ta’bimiz.
Ko‘ngil degan yoqlarda kamaymadi kamimiz.
Jon ham buncha mevaday shirinlashib borarmi?
Jonga jahd deb tobora achchiqlashdi ta’mimiz.

Dil nima, uchib to‘ymas ko‘ksingdagi kukkudir,
Shirin tushga aldangan g‘aflat to‘la uyqudir.
Faqat ishonch haqiqat, faqat rostlikdir mehr
Aldovlar aldovlarga, alamlarga ulgudir.

Bilsang yer va osmonning o‘rtasida ip edim.
Bandaman-ku yoki men farishtaman debmidim?
Axir faqat suydim-ku, o‘z hushimga sotildim,
Mening shu holimga ham kulishlaring ko‘pmidi?

Buncha g‘ami ko‘p ekan do‘st qilgan malomatni,
Bermas ekan har kimning diliga daromadni.
Suyaklarim singanda keltirdingmi zar kovush
Ayt, boshimga uraymi kechga qolgan omadni?

Sabrdan tillo bo‘ldim, tillodan ko‘shkim qayda?
Mana boshim omonu, bu boshda hushim qayda?
Dunyoda bekor qoldim, qo‘llarimni qaytib ber,
Mingta ko‘z tegib o‘tgan ishq degan ishim qayda?

Endi qolgan toshlaring bu jonimga yuk emas,
Senga aytib bermoqqa cho‘pchagim ham ko‘p emas.
Takrorlab nima qildim o‘lsam ham o‘lmasligim
Jonimning qirqligiga ishonchlarim yo‘q emas.

Kulib-kulib g‘am bergan g‘animimga zafar ber,
Juda ham ko‘p og‘rindim, endi biroz safar ber.
Hayot-mamotga keldim yoshlikning poygohida
Yo yashayin yo kechay, xabar ber yo xatar ber.

***

O‘ninchi qavatga ko‘tarildim jim,
Eshiging oldida qildim taraddud.
Yurakka taqlidan chertdi barmog‘im,
Ko‘rinding – qo‘lingda ko‘nglimga kalit.
Kel, deding,
nigohing biroz arazli,
Boqding ko‘zlaringda shodlik pinhona.
Jim qoldik, xayollar ketdi parvozlab
Sukutni buzmoqqa topmay bahona.
Indamay ortingdan ergashdim sassiz,
Rang hidi chulg‘agan xonangga tomon.
Men keldim.
Ishonmay boqding toqatsiz,
Nafas oldirmaydi bir dam hayajon…
Yodimdan axtarib biror yaxshi so‘z
Derazang oldidan izladim panoh.
Titratib yubordi bir sohir tovush
Gitarangga tegib qo‘llarim nogoh.
Keyin gullab ketdim.
Arazlar barbod!
Ikkimiz kuyladik, kuyladik uzoq!
«Senga yuragimni olib beraymu
Ko‘kdan olma kabi yulduz teraymu…»
Yo‘q, ishqim.
Yuraging o‘zingda bo‘lsin.
Men shunday betalab sog‘indim seni!
Hayron bo‘lmaysanmi firoqdan o‘lsam,
«Ishqing o‘tida yondirma meni!..»
Qani hech bitmasa bu qasam qo‘shiq,
Ko‘zimiz jiqqa yosh, tilimiz jimdir.
Bu telba xayollar qars yopdi eshik
Mening eshigimni qoqqanda kimdir.

***

Ey, ma’yus ko‘z,
Ey, parishon Kuz!
Menga nelar aytmoq istaysan?..
Xo‘p, tushundim.
Tanish, bu — ko‘nglim.
Bular esa… eski hislarim.
Sovuq urgan gullarim o‘sha
Qurbonlari qaysidir Qishning.
Mening dardim, mening sirimni
Nega keldi bunchalar bilging?
Yo‘llarimga to‘shab xazonlar
Ergashmagin, yurma izma-iz.
Derazamga tikilib tunlar
Meni buncha sevaverma, Kuz!
Boqishingdan qo‘rqaman ortiq,
Sukutlaring dog‘uli biram.
Jimligingda o‘kirar borliq
Chidayolmay bo‘zlaymi men ham?
Senga juda o‘xshayman to‘g‘ri,
Mana, sirim oshkor bo‘lmoqda.
Ko‘p yig‘ladim suratimizni
Ko‘rib qolgan kunim ko‘lmakda.
Goho sening ruhing mayliga
Ketib qolgim kelar tentirab.
Hech kim meni senday sevmagan
Men dunyodan qoldim yotsirab.
Ey, oshig‘im, darding dardimga
Borgan sari mezonlar bog‘lar.
Huvillaydi bizni chaqirib
Ikkimizga qolganday bog‘lar.
Sen kutasan meni har zamon,
Toqatingni qilarsan fido!
Boshingda shu qop-qora osmon,
Egningda shu sap-sariq rido.
Men boraman!
Ne bo‘lsa bo‘ldi!
Qo‘llaringga tutarman qo‘lim!
Yig‘lamaslik shartlari ila
Ishq yo‘lida ketamiz o‘lib…
…Kimdir tarsak tortar yuzimga,
Gunohkorday titrar vijdonim.
Sudrab qaytar meni o‘zimga
Bahor bilan ahdu paymonim.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting