Ma’nisiz masal

0
243
ko'rishlar soni

hikoya

Xulio KORTASAR

         Bir kimsa so‘z va hayqiriqlar savdosi bilan shug‘ullanar, hatto bahosini talashib arzongarov so‘rovchilar ham anchayin topilib uning ishi baroridan kelardi. Bu odam mijozlariga yon bosib peshvoz yurganidan ko‘cha savdogarlariga ozmuncha hayqiriqlar, moliyachi senorlarga turli ichikish-u, xo‘rsinishlar, yana bir talay shiorsifat so‘zlar, chaqiriqlar, iltimosnomalar va yaltoq hikmatlar sotishni uddalagandi.

         Nihoyat bu odam, o‘ziga xosligidan bebehra mustabidcha kabi mustabidcha bo‘lgan – mahalliy mustabidcha qabuliga kirish payti etganligini anglab qoldi; u esa so‘z savdogarini generallari, kotiblari qurshovida bir finjon qahva ustida qabul qildi.

         — Men sizga so‘nggi kalomingizni sotishni istardim, — dedi so‘z savdogari. – Vaqti kelganda siz, busiz lom deyolmay qolasiz, so‘zlar o‘z-o‘zidan risoladagiday chiqmaydi; sirasini aytsam, nima desangiz dengu, bu so‘zlar bexato va shaksiz tarixda iz qoldirishda hal qiluvchi og‘ir damdagi nutqingiz uchun qo‘l keladi.

         — Tarjima qil, nima deb valdirayapti… – hukm qildi mustabidcha tarjimoniga.

         — Hazrati oliylari, u argentinalik bizning tilimizda so‘zlayapti.

         — Argentinalik? Nega unda men hech vaqoni tushunmayapman?

         — Rostini aytsam chunon tushundingiz, — dedi so‘z savdogari. – Takrorlayman, men sizning so‘nggi kalomingizni sotmoqchiman.

         Mustabidcha bunday vaqtlarda mustabidchalarga xos o‘zini tutishga monand o‘rnidan otilib turdida, ovozidagi titroqni bazo‘r bosib, bu odamni qamoqqa olishni va shaksiz hukumat uylaridagi mavjud qamoqqa tashlashni hukm etdi.

         — Afsus, — iddo qildi so‘z savdogari uni olib ketishayotganlarida. – Axir unday qilsangiz ham, bunday qilsangiz ham vaqti kelib siz so‘nggi so‘zni aytishni istab qolasiz, qayga bosh urmang aytishga to‘g‘ri keladi, axir bu har nechuk tarixda iz qoldirish. Men aynan shu so‘zlarni sizga sotishga chog‘langandim, mobodo bu so‘zlarni avvaldan yodlab olmasangiz muhim payt kelganda tilingiz aylanmay qoladi.

         — Men ularni iroda etishni istarkanman, ne sabab ayta olmayman? —  so‘radi mustabidcha endi boshqa bir finjon kofe qarshisida turib.       

          — Chunki sizni qo‘rquv bosadi, — dedi ma’yuslik bilan so‘z savdogari. – Siz bir ko‘ylakda sovuq, ham dahshat ichida tishlaringiz taqillab, bo‘yningizda sirtmoq bilan turasiz, shu sababdan bir og‘iz kalom ayta olmaysiz. Jallod va uning qo‘l ostidagilar orasida mana bu senorlardan qaysilaridir bo‘ladigan vaqtda odamshavandalik niyatidagina ikki daqiqaga sabr qilishadilar va sizning ijrongizdagi avf so‘rab yolvorish bilan hiqichoq aralash ingroqni eshitganlari zahoti ularning bardoshlari tugab sizni osishadi.

        Fitnakorlik! Barcha mulozimlar, ayniqsa generallar betafiqni aslo kechiktirmasdan otish zarurligini talabi bilan mustabidchani qurshab olishdi. Ammo murda kabi bo‘zday oqargan mustabidcha jaydarichasiga barchani quvib solib, so‘z savdogari bilan yolg‘iz qoldi – har qalay u, so‘nggi so‘zini sotib olishga qaror qilgandi. 

         Pirovardida bu kabi munosabatdan haqarotlangan generallar va kotiblar o‘tgan vaqt oralig‘ida isyon tayyorlashib, ertasi kuni tongdayoq mo‘jazgina jannatmakonida uzum yeb, huzurlanib o‘tirgan mustabidchani qamoqqa olishdi. Mustabidcha o‘zining so‘nggi so‘zini aytib ulgurmasligi uchun uni zudlik bilan otib tashlashdi. So‘ngra, isyonchilar hukumat uyidan yo‘qolgan so‘z savdogarini qidirishga kirishishdi; uni hech bir qiyinchiliksiz topishdi, chunki u tovlamachi-tabiblarga mahsulot maqtov luqmasini pullab bozorda izg‘ib yurgandi.  Uni mirshab moshinasiga tiqishib, qamoqqa olib borishdi va u yerda mustabidchaning so‘nggi so‘zi nima bo‘lishini bilgilari kelib qiynoqqa solishdi. So‘z savdogaridan hech bir iqrorni ola bilishmagach, o‘lguday tepkilashdi.

O‘sha odamdan chaqiriqlarni sotib olishgan ko‘cha savdogarlari ko‘chalarda hayqirish bilan mashg‘ul bo‘lishdi, keyinroq shu hayqiriqlardan biri yana bir isyonga chaqiriq, maxfiy so‘z vazifasini o‘tab  generallar va kotiblarni ado qildi. Ulardan ayrimlari o‘limi oldidan, buning hammasi aslida qabih qo‘zg‘olonning davomi deya faraz qilishgancha gangib qolishib, so‘z va chaqiriqlarni qat’iy aytganda sotishga urinsa bo‘ladi-yu, sotib olish umuman mumkin emas, garchi buning hammasi aftidan kurakda turmaydiganga o‘xshaydi degan farazga borishdi.

         Shu tariqa hammalari ham chirib ketishdi: mustabidcha ham, so‘z savdogari ham, kotiblar-u, generallar ham, chaqiriqlar esa vaqti vaqti bilan ko‘chalarda hamon quloqqa chalinib qoladi.

                                                  Rus tilidan O‘ktam Odilov tarjimasi  

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting