Mavluda Boychayeva. She’rlar

0
234
ko'rishlar soni

Ketsam, ketaversam tugamasa yo‘l,
Bir yorug‘ yo‘l bo‘lsa cho‘kmasa zulmat.
Bir ravon yo‘l bo‘lsa qadamim shodon
O kelmagan bo‘lsa ishqdan «qora xat»…

Bo‘lmasa yelkamni bosib turgan yuk,
Qushday yengil bo‘lsam, tongday osuda.
Ko‘rmasam achinish tusli nigohlar
Taqdir osh tutmasa kemtik kosada…

Meni tanimasa xorlik, nochorlik,
Tunnimas, kunduzni eslatsa o‘tmish.
Do‘st bo‘lsa, do‘st bo‘lsa Xudoday yaqin,
Qo‘rqitsa g‘animni yonimdan o‘tish…

Istasam, yulduzlar tushursa narvon,
Oson samovatga burulsa yo‘lim.
Men desa, malomat yuzini bursa
Hech sodir bo‘lmasa ko‘nglimda o‘lim…

***

Sochilib yotibdi hazondek shahdim
Mezon ayriliqdan keltirgan xabar.
O so‘nib boryapti ishqning shiori:

«Mangulik qadar»…

Bo‘g‘ilib ketyapman o‘ylasam seni
Bo‘g‘zimdan olyapti notanish g‘ulu.
Hovurim uchirmoq uchunmi osmon
Tortayapti uvv…

Ko‘zini ololmas yerdan muhabbat,
Kuz — mening holatim chizgan musavvir.
Yig‘layman, ko‘p muddat saqlolmaydi sir
Haqiqat axir…

Dengizlar toshganday, to‘fon turganday
Loyqalanib ketgan shuurim, dilim.
Azizim, qay tilda aytay, topganin
Sadoqat o‘lim…

***

Tun. Meni tark etgan sokinlik,
Haddan ortiq tin olgim kelar.
Yulduzlarning yoniga borib
Yo‘qolgim kelar…

Charchaganman g‘ussa ko‘tarib,
Qaqshayapti ruhim, vujudim.
Gurlayapti ko‘ksimda olov
Yongim kelar jim…

Ming yildirki yig‘iga yuvdim,
Tozarmadi qozonrang yodim.
Sizga yetib bormadi hamon
Mening faryodim…

Haddan ortiq alamzadaman,
Umri buncha uzun kutishning…
Xavotirga solmasmi sizni
Vaqtning o‘tmishi…

***

Sen kelding…
Angladim ― ko‘zlarim ravshan,
Kamalak tus oldi rangsiz lahzalar.
Sen kelding, men uchun nihoya, azal,
Yechildi ruhimdan ming yillik kishan…

…Billur samo uzra parvoz etdi qush,
Bas endi, qafasda termaydi uvol.
Men emas, jigari lat yegan xayol,
Tog‘larga bosh urib borganlarim tush…

Sen kelding…
Yozildi kitobim qayta,
Endi piyolamda bo‘lmaydi chega
Bo‘lmaydi umrimga malomat ega
Munojat o‘rnida bir inju baytlar…

Sen kelding…
Ishq-u baxt hamdamligida
Iztirob titradi, hijron cho‘kdi tiz.
Yaraldi peshona o‘lchami keng qiz.
Sen kelding ― his etdim odamligimni!..

Sen kelding…

***

Aka, men akamni sog‘indim o‘sha
Nigohlari tiniq, hayrati tirik.
Xuv baland tog‘lardek yelkalari tik
To‘rt fasli bahordek, Otamga o‘xshab…

Hadigin haydagan yovvoyi qizning
Hech qachon bo‘lmagan lug‘atida «tek»
Kitobin bo‘yasam, saqlamagan kek
Vatan deb, Onamning suratin chizgan…

-«Osmon chayqalarmi, oy-chi, u nima,
Quyosh qayga borar, bo‘lganida kech?»
Sersavol singlisin tergamagan hech
-«Osmon bu dengizdir, oy, quyosh kema»…

Xomushlik umrida begona ism,
Chiniqib ulg‘aygan qirlarda ruhi
Ko‘ksimni tilmagan ko‘zda anduhi
(Iztirob ufurgan manov odam kim)…

Aka, men akamni sog‘indim o‘sha…

***

Yig‘lab o‘qiyapman nomalaringni
Ruhimda, ko‘nglimda chirt-chirt ovozlar.
Sudralib, sudralib ketayapti ishq
Qismat pichog‘ini qatlga sozlar…

Intiho bo‘lmagan jangda qurbonsiz,
Azaldan raqibdir visol va hijron.
Axir qish, tabiiy hol emasdir shafaq
U mening ohimdan sachrayotgan qon.

Jon bergan men edim kecha qarshingda
Yo‘q-yo‘q ko‘zin olib qochgan qiz bo‘lak.
Azizim, u mag‘rur og‘ochlar edi
Men edim yuzlari loylangan yo‘lak.

Yig‘lab o‘qiyapman nomalaringni…

***

Sarg‘ardim dilingning ostonasida,
Tuynuk ham topolmay bo‘ylamoq uchun.
O, dilim kutishdan ketdi toliqib,
So‘nmadi, sinmadi, hislarim yupun…

Nur bo‘lgim kelgandi befayz umringga,
Xayolda goh oyga, yulduzga do‘nib.
Gar qaqroq bo‘lsa ham sening dunyoing
Yashil dunyoimdan kechmoqqa ko‘nib.

Har lahza yashadim ilhaq, intizor,
Na chehram, na dilim eshigi mahkam.
Nobud bo‘laverdi umidlar bir-bir
O‘zimni aldadim: «vaqt odil hakam».

…Bekordek tilanib yurganim imdod,
Na shavqim qiziqdir, na senga dodim.
Angladim… tan olmoq garchi alamli
Seni ta’qib etar, kimningdir yodi…

***

Ko‘zimga qadalgan qum deyman,
Yo piyoz bo‘ladi bahonam.
Tilsizman, tilsizman, Dadajon
Ko‘zimni sho‘rlatgan peshonam…

Judayam og‘riydi vijdonim,
Judayam achiydi joningiz.
Oz emas men yopgan eshiklar…
Siz uchun hamonki «ona qiz».

Avj olar ichimda yig‘ilar,
Urchiydi iztirob, ko‘ksim qon.
Keladi dod solib hayqirgim:
«Qizingiz yolg‘onchi, Dadajon».

Va degim keladi -«kechirmang,
Imkonin o‘ldirgan qotil u.
Bor bo‘lsa dunyoda bir beburd
Mana shu, mana shu, mana shu»…

Sezaman ko‘nglingiz darzlarin,
Qirdayin qaddingiz nuragan.
Va degim keladi, -«qachondir
Qiz bo‘lgum siz Haqdan so‘ragan».

Hozircha yo‘lsizman, Dadajon…
Tilsizman, tilsizman, Dadajon…

Avvalgi sahifaSkripka
Keyingi sahifaMa’nisiz masal
Ulashish

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting