Skripka

0
257
ko'rishlar soni

hikoya

 Yuriy Yakovlev (1922-1996)

      Yomg‘ir yog‘ayotgan paytda musiqa maktabining derazasiga tikilib kimnidir kutganmisiz?…

     Hozir mayda yomg‘ir tomchilayapti. Odamlar shoshilgancha tez-tez qadam bosadi, qayerdandir birdan paydo bo‘lib, mashinalar tutuni orasida ko‘rinmay qolishadi.

    Bayramona bezatilgan musiqa maktabining ochiq turgan derazasidan turli xil musiqa asboblarining ovozi eshitilib turadi. Bino konsert oldidan tayyorgarlik ko‘rayotgan orkestr jamoasiga o‘xshaydi go‘yo. Hozir nimadir sodir bo‘lishi aniq. Balki derazadan bolalarning nay, fleyta, baraban chalib o‘tirgani ko‘rinar yoki eshik lang ochilib, orkestr yomg‘ir ostiga chiqib kuy ijro etar…

   Bola shahar oralab ketayotgandi. Yomg‘ir tomchilayotganiga ham, yerdagi loyqa ko‘lmaklarga ham e’tibor bermasdi. Novvoyxonadan chiqib, nonni yomg‘irdan saqlash uchun paltosining ichiga yashirdi. Non iliq edi va tanani yoqimli isitib turardi. Havo sovuq. Quruq va issiq joy axtarib, hamma birorta bino tomonga shoshilardi. U esa musiqa maktabining derazasi ostida u yoqdan-bu yoqqa yuradi, issiq non kamindek beminnat xizmatda. Har bir deraza ortida o‘ziga xos ovoz, bir-biriga o‘xshamaydigan hayot bor. Kimdir karnay chalyapti. Qo‘shni derazadan gammaning ohista tovushi eshitiladi, go‘yoki nozik va ingichka qo‘llar zinadan arang tirmashib chiqayotgandek. To‘g‘ridagi derazadan bayanning qattiq uvillagani eshitiladi. Bu asbob notalarni prujina kabi cho‘zib, keyin birdan qo‘yib yuboradi. Bola goh nay, goh royal chalinayotgan deraza ostiga bordi. Bayan uni umuman qiziqtirmas, ko‘zlari skripkani axtarardi. Nihoyat topdi. Ikkinchi qavatning derazasidan skripka ovozi yangrardi. Musiqa ko‘z yosh to‘kar, ba’zan jilmayar, osmonda uzoq vaqt parvoz etib, horib yerga qulardi. Barcha musiqa asboblari chalishdan to‘xtadi. Faqatgina bitta xonada chiroq nur sochib turardi. Bolakay o‘sha deraza ostida turar, paltosining yoqasiga yomg‘ir tomchilardi. Kutilmaganda kimdir yelkasiga qo‘lini qo‘ydi.   Cho‘chib ketdi va ortga o‘girilib qaradi. Yo‘lakda qalin sochlari chiroyli qilib o‘rilgan kulchayuzli qizaloq turardi. Qizcha yomg‘irdan xo‘l bo‘lib ketgan violonchelining g‘ilofini ko‘tarib olgandi.

— Haliyam turibsanmi? – so‘radi kulchayuz. Baland ovozidan skripka ohangi ham eshitilmay qoldi.

  Norozi holatda yuzini burishtirib: — Hech kimni kutayotganim yo‘q, — deya ta’kidladi.

— Aldama, — bo‘sh kelmadi qizaloq, — hech kimni kutmas ekansan, nega unda bir soatdan beri yomg‘ir ostida turibsan.

 — Non olib qaytayotgandim.

  Qizcha uning qo‘lidagi nonga e’tibor ham bermay: — Sen Diyanani kutyapsan, — dedi.

— Yo‘q.

   Kulchayuzning bo‘sh kelishni o‘ylamasdi  va: — Sen har kuni shu erda Diyanani kutasan, -dedi.

     Violonchelning katta qora g‘ilofi beso‘naqay chamadondek tuyuldi. O‘sha chamadonni qizchaning qo‘lidan yulib olib loyqa ko‘lmakka otib yuborgisi keldi. Kulchayuz indamay turardi.

    Nima qilishini bilmay issiq nonga qo‘l tekizdi.

— Ketdik, — dedi qizaloq, — yomg‘irda ivib qoldik.

    Musiqa maktabining binosi yomg‘irda erib ketayotgandek ko‘rinardi. Bir necha qadam yurgandan so‘ng qizaloq violonchel g‘ilofini: — Ushla, juda og‘ir ekan, — deya unga tutqazdi.

   Beo‘xshov chamadonni qo‘liga olganidan qattiq hijolatda bo‘ldi. Skripkani joni dilidan yaxshi ko‘rishini, ammo hozir violonchel ko‘tarib yurganini Diyana ko‘rib turgandek tuyuldi. G‘ilof juda og‘irligidan ko‘tarish biroz qiyin edi.

— Ey, sekinroq. Hozir violonchelimni qo‘lingdan tushirib yuborasan. Otning kallasidan ham qimmat turadi-ya bu! — baqirdi kulchayuz.

  Bolakay bir ho‘mrayib qarab qo‘ydi. Hech narsa demadi.

— Seni musiqa maktabining oldida ko‘p ko‘raman, — deya qo‘shib qo‘ydi qizcha.

— Non olgani boraman, — dedi bolakay.

— Ha…

   Kulchayuz endi Diyana haqida o‘ylamasdi. – Bilasanmi… Biznikiga yur, — taklif qildi qildi uni, — senga noktyurn chalib beraman. Birga choy ichamiz.

   U indamadi. Kulchayuzning o‘rnida Diyana bo‘lganda qanday yaxshi bo‘lardi, deya o‘yladi. Agar Diyana: — Senga noktyurn chalib beraman. Birga choy ichamiz, — deb aytganida skripkani violoncheldan o‘n karra og‘ir bo‘lganda ham jon deb ko‘tarib olardi. Zerikarli noktyurnni maroq bilan tinglab, birga choy ichishardi. Kulchayuz bilan gaplashishni istamasdi.

   Qizig‘-a, ma’lum bir toifa odamlar bilan barcha narsani baham ko‘rish istagi kuchli bo‘ladi, boshqalarini esa ko‘rging ham kelmaydi.

— Biznikiga boramizmi?

— Farqi yo‘q, — dedi bolakay.

— Yaxshi. Unday bo‘lsa, ketdik.

   Javobni eshitib, qizning lo‘ppi yuzi yanada dumaloq bo‘lib ko‘rindi.

   Hali yomg‘ir to‘xtagani yo‘q. Chiroqlar, binolar, daraxtlarning sharpasi yomg‘ir tufayli o‘z shaklini yo‘qotganidan unchalik sezilmas, shahar yomg‘ir tomchilari ostida qolgandi.

   Uni kimdir tashqarida kutayotganidan bexabar Diyana xona bo‘ylab sekin va ohista qadam tashlardi. Buning unga hecham qizig‘i yo‘q. Kulchayuzli qizaloq esa yo‘l-yo‘lakay suhbatlashib ketadi, noktyurn tinglashga va choy ichishga ham taklif qildi. Hattoki otning kallasidan ham qimmat violonchelini ishonib qo‘liga tutqazdi.

   Birdan ko‘ngli yumshagandek bo‘ldi. Hamrohiga iliq so‘z aytishni istadi.

— Issiq non yeysanmi? – so‘radi kulchayuzdan.

  Ha, degandek bosh silkib qo‘ygach, bola qo‘ynidan nonni oldi va bir tishlam sindirib berdi.

  Non soviy boshlagan, ammo yumshoq edi.

— Juda shirin ekan, — dedi qizaloq.

   Non ma’qul bo‘lganiga ishonchi komil bo‘ldi.

— Musiqani yoqtirasanmi?

   U ikkala tarafga boshini chayqadi.

— Bu eng katta kamchiliging, — uqtirdi kulchayuz, — ha, mayli, hechqisi yo‘q. O‘zim senga musiqani sevishni o‘rgataman, xo‘pmi?

— Kelishdik.

      Qizaloq endi unga kulchayuz bo‘lib ko‘rinmas, yoqimtoy qizchaga aylanib qolgandek edi go‘yo. Bolani yomg‘irdan, hech qachon erisha olmaydigan skripkadan va Diyanadan uzoqqa olib ketayotgandi.

   Skripka ovozi eshitilib turadigan derazani qidirmaslikka, violonchelni miriqib tinglashga qaror qildi. Skripka ovozini doim yodda saqlash kerak, xolos, deya o‘yladi.

— Sen judayam yaxshi bolasan, — dedi qiz.

    Kutilmaganda toshga qoqilib ketdi. Qo‘lidagi og‘ir violonchel bilan yomg‘irda o‘zi emas, butunlay begona odam yo‘lda ketib borardi.

  O‘sha notanish kimsa  musiqa maktabi binosi, ichkaridagi o‘zgacha muhit, har biridan diltotar kuy taralib turadigan derazalar va Diyana bilan vidolashdi. Barchasi bir zumda qayoqqadir g‘oyib bo‘layotgandi. Uning o‘zi ham…

   Ketayotgan joyida bir lahza to‘xtadi. Qo‘lidagi beso‘naqay violonchel g‘ilofini ko‘p qavatli uyning devoriga suyab qo‘ydi. G‘ilof bo‘yni uzun, boshi kichkina qora kaltakesakka o‘xshardi.

— Xayr, — deya qo‘l silkib, ortga chopdi.

— Qayoqqa? Noktyurn chalib bermoqchi edim-ku senga.

  Kulchayuz unga etolmadi.

        Bolakay ortga qaramasdan faqat oldinga – yana o‘sha musiqa maktabi, skripka, Diyana va eng muhimi o‘zligi tomon shoshilardi.

     Rus tilidan IRODA XOLBEKOVA tarjimasi.

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting