Navro‘za. She’rlar

1
266
ko'rishlar soni

***

Ketdik

Qaldirg‘ochning mung tushlariga

Toki ketmaguncha ot choptirib qish.

Bardoshing yetmagay, qorsiz osmonlar

Ruhsiz o‘ylaringni aylasa taftish.

Ketdik

Taqvimiga o‘t tushgan yurtga.

Bunda «bugun» lar hech yashamas hanuz.

Shonli erta(k)larga so‘zsiz  andarmon

Jasadlar yashagay ― tushlari ma’yus.

Ketdik

Bolalikni ko‘mgan yil tomon,

G‘uborsiz nafaslar ― eng go‘zal tilsim.

Varragi ilinib simyog‘ochlarga

Yig‘lagan go‘dakni ovutaylik jim.

Ketdik

Aytilmagan she’rlar qo‘yniga,

Toki yolg‘on azon tinglamay shu tob,

Mudroq ko‘zlaringga cho‘g‘ qalaguvchi

So‘zlarga quyaylik chimdim iztirob.

Ketdik…

***

«Chorbog‘ daftari» dan

1.

Tog‘larning bag‘riga to‘kilgan osmon,

Ayt, og‘ir keldimi yer bilan diydor?!

Sen kimning ko‘zyoshi,

Anduhi kimning,

Kimning ko‘zlaridan oqqan istig‘for?

Hayqir, bedillarning oqizoq tushi

Ko‘zlaringga tuproq tortganda takror.

Bag‘ringda ishqsirab to‘lg‘ongan toshning

Singroq o‘tinchlari kelganda malol.

Tokay, dengizlarni ko‘zlar nigohing,

Ko‘ksingda titranar tomchilar buncha?

Sahrolar qadami yetmaydi, ishon

Ufqning manglayiga labingni bosib

o‘zing dengizlarga evrilmaguncha!

2.

Bir dam

Tomiri uvishar yo‘llarning,

(Borliq bir foje’ga hanuz intizor)

Yuzlari oqargan havoga

Bir ohang chizadi qo‘llaring.

Yorilar tuproqning qaqragan labi

tashna ildizlarda yetilar fig‘on.

oxir

bag‘rin tilka-pora qilgan zamindan

atrofga sachraydi moviy-moviy qon.

3.

Eh, bu ko‘zgu

sukunatning mahriga tushgan.

Ildizida har kun entikar titroq.

To‘lqinni yetaklab yurgisi kelar

Biroq…

Biroq, chuqur daryo ko‘rmaydi shiddat

Sohilning tizgini qanoting bog‘lar.

Qachongacha tiling tushovlab o‘tar

zilzilalar tuqqan manavi tog‘lar?

***

Aytilmagan har iqrorning zalvori bor

Aytmaguncha tugamaydi safar, bilsang.

Tanglayda zang bosgan asriy so‘zlaring ayt

Kuyla, xarsang!

Hali zamin qulog‘iga chalinmagan

bir asror bor —

Ta’birining ko‘zi yumuq.

Qamishlarning tomog‘iga berkitganing

Kuyla, quduq!

Bu dashtlarning o‘ngi kelmas tushlari mo‘l

Har saharda ko‘zlari yosh, ming taassuf.

Uyqu bilan hazil qilgan bu qismatni

Kuyla, Yusuf!

Hali labim tegib-tegmay isyon qo‘pgan

Yetmish ikki tomirimni aylagan rom.

Bu mavjingda o‘zim cho‘kib ketmasimdan

Kuylagin, jom

***

M. Svetayevaga

Ko‘zingdagi g‘amning rangi eskirdimi?!

Halovat suqilib kirar tobora.

Nega anduhlaring umid rangida

Oyning o‘n beshimas, o‘ttizi qora.

Nahot, taqvimingda baxtli sana bor?!

O‘ylardim: azobga qorilgan loying.

Hissiz shimoldagi do‘ng qabrdamas

Erkning tig‘ yetolmas ko‘zida joying!

O, sen fuqarosi emasding Yerning

Hislaring – samoviy, makoning – yanglish.

“Senday yuraklarni asrab qolmagan

Dunyoga har kuni o‘qiyman qarg‘ish”.¹

Tug‘yon umidingda ming bitta yamoq

Daftarim qatida g‘am atak-chechak.

Ehtimol, she’rlari ko‘zga aylanib

Sendan hamon maktub kutar Pasternak.

Ko‘zingdagi g‘amning rangi eskirdimi?…

¹ Muslimbek Musallam misrasi

***

Qaldirg‘och bo‘g‘ziga tiqilar bahor

Yer milkin yorarga yalpiz hijolat.

Tatirmi bog‘larga ko‘klam,

tun bo‘yi

Bir qiz tizzasini quchadi faqat.

(Shu oqshom cho‘kadi kimningdir ko‘ngli)

Kecha manglayiga bitmoq uchun she’r

yulduzdan so‘z tilar, ohangi – furqat.

Uf tortib, saxarda sindirar qalam,

siyohin ilinmas tunlar – beshafqat.

(Shu kechda cho‘kadi ko‘zing ich-ichga)

Qushlarga entikib tikiladi dasht

qanotini ko‘rib qaqshar kuragi.

Dilgir ildiziga bitta so‘z aytmay

tun bo‘yi piqillab chiqar yuragi.

(Shu kecha cho‘kadi tog‘ning yelkasi)

Bobongning ertagin eslatar osmon

Yoding kissasiga jim tiqasan qo‘l.

Kaftingga ilashmas asov lahzalar

Endi faqat xayol — senda qolgan yo‘l.

(Sen esa bexabar, cho‘kar do‘ng qabr)

***

Tog‘lardan o‘rganish mumkin bemalol:
osmonni kiftida tutib tursa-da
fitratin sukutga yo‘rgaklamoqni.

Va yana mumkindir jim taskin bermoq
dengizga qadami yetmagani-chun,
To‘lqinni tush ko‘rib, og‘risa joni.

Yupanch bo‘lish mumkin yonida uning
tuproqlar chirmagan ildizi qaqshab,
asriy chillasini qarg‘agan oni.

Uh tortib quchoqlash mumkin, bosh qo‘yib
oy bo‘sasin bergan keng lablariga
Odamning junbishga kelganda qoni.

O, ularga hasad qilmaslik mahol
Poyiga minglab kas izin bossa-da
hanuz toza qolgay, mag‘rur zaboni.

1 ta izoh

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting