MARKESNING KITOBI

    0
    497
    ko'rishlar soni

    hikoya

    Oktyabrni yaxshi ko‘raman. Unda ko‘proq shamol esadi, ko‘proq yomg‘ir yog‘adi. Havo ham aksari bulutli bo‘ladi. Oyoq osti sarg‘imtir barglarga to‘lib, atrofdagi xazonrezgi ko‘ngilga qandaydir sokinlik baxsh etib, tasalli beradi.

    Kecha shamol esgandi, bugun yomg‘ir quydi. Kechga borib u tingan bo‘lsa-da, yerdan atrof bo‘ylab tarqagan achqimtir va nam hid haliyam dimoqqa uriladi. Harorat kechga borib ancha tushib ketdi, shunga bo‘lsa kerak ravonda turaverib sovqotib ketdim va ichkariga kirdim.

    U yerda birinchi bo‘lib ko‘zim tushgan narsa uzun va katta kitob javoni bo‘ldi. Uni oldiga kelib bir lahza nima qilishimni bilmay turdim. Shu tobda kitob o‘qishga maylim yo‘q edi. Boshim simillab og‘rir, yuragim siqilardi. Bunday vaziyatda kitob o‘qigandek ham bo‘lmaysan kishi.
    Xonadagi bitta-yu bitta kresloga cho‘karkanman, oxirgi kunlarda bo‘lgani kabi Nafisani kitob so‘rab chiqmayotgani tag‘in esimga tushdi. U so‘nggi bor o‘n kuncha oldin Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” asarini o‘qish uchun olgandi. Shundan beri uning daragi yo‘q. 

    Vaqt o‘tishi bilan boshimdagi og‘riq kuchaydi. Dori ichmasam bo‘lmasdi. Shunga o‘rnimdan turib bosh og‘rig‘iga qarshi dori ichdim. Ketidan yangitda o‘zim damlagan achchiq qaxvadan ho‘pladim. Shundan so‘ng, xonada bo‘zchining mokisidek u yoqdan bu yoqqa borib kela boshladim… 

    …Ikki oy burun ro‘paramdagi xonadonda yashagan o‘ris kampir vafot etgach, oilasi bilan unikiga ko‘chib kelishgandan beri Nafisa mendan kitob olib o‘qirdi. Bu yerda kampirning xorijdagi o‘g‘li zudlik bilan ularga uyni sotibdi degan gap yurardi. Nafisaning otasi shahardagi harbiy qismda ishlar, o‘zi adashmasam qaysidir maktabda ingliz tilidan dars berardi. 

    U shaxsiy kutubxonam borligini qo‘shnilardan eshitgan shekilli, mendan bu haqida o‘zi hech so‘ramagandi. Chunki ko‘cha-ko‘yda menga duch kelganida biror narsa so‘rash tugul lom-mim demas, iymanib salomlashishdan nariga o‘tmasdi. Men ham istihola qilib uni ortiqcha gapga tutmasdim. 

    −Kitoblaringizdan o‘qigani olsam bo‘ladimi?- dedi u bir kuni nogahon xonadonim eshigida paydo bo‘lib.

    Boshida rosti hayron bo‘ldim. Bu yerda hech kim mendan kitob so‘ramasdi-da. Shunga qaramay uni ichkariga taklif qildim. 

    −Buncha kitoblaringiz ko‘p.

    Nafisa kutubxonamni tomosha qilarkan, xuddi yosh boladek quvonib ketdi. Men indamasdan deraza oldida labimga sigaretimni qistirgancha turaverdim. Unga javob qaytarishni istamadim. Javob qaytarsam u yana savollar beradi, deb o‘yladim. Sigaret chekayotganimda birovga javob berishga odatlanmagandim. 

    −Jek Londonning “Martin Iden” asarini olsam bo‘ladimi?- dedi u ko‘p o‘tmay.

    Unga orqa o‘girgancha sigaret tutunini ichimga tortarkanman, boshimni qimirlatib roziligimni bildirdim. Nafisa kitobni olgach, menga minnatdorchilik izhor qildi.

    −Katta raxmat sizga! Uni tezda o‘qib chiqaman.

    Uning birinchi olgan kitobi “Martin Iden” bo‘lgandi. Keyin, har uch yo to‘rt kunda u oldimga chiqishni odat qildi. Biz aytarli ko‘p suxbatlashmasdik, u bir oz tortinchoq edi yoki kamgapligimni ko‘rib og‘iz ochgani uyalardi. Meni deraza oldida ko‘pincha indamay sigaret chekib turganimni ko‘rgach, u o‘qib bo‘lgan kitobini avaylab joyiga qo‘yar va javondan o‘ziga keraklisini olib tezda xonadan chiqib ketardi. 
    Bu holat bir muddat shunday davom etdi. Lekin so‘nggi marta u oldimga chiqqanida bari boshqacha bo‘ldi. Negaligini o‘zim ham bilmayman. Bu gal deraza oldida unga orqa o‘girgancha sigaret chekib turmadim. Aksincha, kresloga joylashib undan ko‘zimni uzmadim. U ham xonaga kirganiyam bilinmay, bir kitobni qo‘yib, ikkinchisini olgancha darrov chiqib ketmadi. Go‘yo kitob tanlashga qiynalgandek, javonni odatdagidan uzoqroq titkiladi. Cho‘zilib ketgan titkilashlardan so‘ng, Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” kitobini qo‘liga oldi va tik turganicha, xonaning o‘rtasida ancha vaqt uni varaqlab turdi.

    −Siz ko‘proq jahon adabiyotini o‘qirkansiz-a?- dedim ilk marta unga sinchkovlik bilan tikilarkanman.

    Nafisa unga tikilib o‘tirganimni payqagach, avvaliga lavlagidek qizarib ketdi. 

    −Shunday, ko‘pincha jahon adabiyotini o‘qiyman, -dedi biroq o‘zini qo‘lga olib kitobni varaqlashda davom etarkan.

    Zimdan razm solinsa, uni jozibali deyishga odam ikkilanardi, boisi u sirayam o‘ziga e’tibor bermasdi. Ustiga judayam nozik ko‘rinardi. Shunday bo‘lsa-da, uni o‘zini tarbiyali tutishi, harakatlari va fe’l-atvoridagi bosiqlik, ko‘zlarida porlab turgan hayotga chanqoqlik hissi odamni o‘ziga jalb etmay qolmasdi. 

    −Bu yerdagi kitoblarning hammasini o‘qib chiqqanmisiz?- dedi u bir mahal kitobdan boshini ko‘tarib, men tomonga qararkan.

    −Deyarli hammasini,- dedim javon tomonga bir zum nazar solib.

    −Sizga havasim kelyapti,- davom etdi u kitobni yopib, qo‘ltig‘iga qistirgancha ketishga taraddud ko‘rarkan.

    −Qahva ichishga nima deysiz?- dedim u bo‘sag‘aga yetgach, nogoh o‘rnimdan turib. −Ayni qahva ichadigan havo bo‘lyapti-da.

    Nafisa qiya ochiq turgan deraza tomonga boqdi.

    −Mayli, agar sizga malol kelmasa,- dedi so‘ng xijolat bo‘lib. 

    −Sizga shakarli bo‘lsinmi yo shakarsiz?

    −Shakarsiz bo‘la qolsin.

    Qahva ichish davomida men kamgapligimni unutdim, u tortinchoqligini. Men asosan, o‘qigan kitoblarim hamda o‘zim qadrlagan adiblar xususida uzoq gapirdim. U meni diqqatini bir yerga jamlab, qiziqish bilan eshitdi. O‘zining navbati kelgach, o‘qigan kitoblari xususida mendan sira qolishmagan tarzda zavq bilan gapirdi. Uni tinglarkanman, dunyoqarashi o‘zimniki bilan ikki tomchi suvdek o‘xshash inson bilan suhbatlashish injiq ko‘nglimga yoqayotganini, unga yillar bo‘yi etishmagan shirin halovatni yo‘q joydan topganimni tushundim. 

    U chiqib ketgach, kitoblar qarshisida yana o‘zim qoldim. Doimgidek yolg‘iz. Yolg‘izlikka ko‘nikkan yuragim bu safar ham o‘zining xilvat go‘shalarida sayru sayohat qilishni boshlaydi, deb qattiq yanglishdim. Birinchi marta bunday bo‘lmadi. Ilk daf’a judayam yolg‘izligimni, to‘rt devor ichidagi bu yolg‘izlikning butun pastu-balandini ko‘nglimdan chuqur o‘tkazdim. 

    Ertasiga uydan chiqarkanman, ko‘chada Nafisaga ro‘para bo‘ldim. Uning yonida maktabga boradigan singlisi bor edi. Har doimgidek, u bilan qisqa salomlashdim, avtobus bekatigacha churq etmay, orqama-orqa ketdim. Gapirgim keldi, lekin jur’atim yetmadi. Balki atrofdagi odamlardan uyalgandirman.
    Bekatda men taksiga, u avtobusga chiqib ketdi. Taksida ketayotganimda uni o‘qigani olgan kitobi yodimga tushdi. Shunda xayolimning sarxadlarini bu safar ham kitobni u tezda o‘qib chiqarmikin, degan o‘y bearmon kezib chiqdi. Oxiri, zumda o‘qib chiqadi degan qarorga keldim. 

    Shu tariqa oradan to‘rt kun o‘tdi. Oldiniga hech narsa bilinmadi. Beshinchi kunga borib, Nafisani kitobni almashtirgani chiqmayotgani kutilmaganda ruhimdagi osoyishtalikni siqib chiqarib, unda tiyiqsiz bezovtalikni yuzaga keltirdi. Oltinchi kuni tabiatimga zid ravishda yuragim siqilib, rostakamiga asabiylashishni boshladim. Yettinchi kuni odatimga ko‘ra deraza oldida sigaret chekib turarkanman, Markesning o‘sha kitobini bir haftada o‘qib tugatmaslik mumkin emas, degan xulosaga keldim va shu xulosa tutoqib ketishimga sabab bo‘ldi. 

    Kecha ruhiyatimdagi holat yanayam yomonlashdi. Sug‘urta tashkilotidagi ish joyimda shu tufayli risoladagidek ishlay olmadim. Uch yuz sakson olti betdan iborat bo‘lgan kitobni bunchalik uzoq o‘qilishi sira tasavvurimga sig‘may, nuqul shu haqida o‘yladim. Turli xil savollar ham miyamda g‘ujg‘on o‘ynadi. Balki, Nafisaning vaqti bo‘lmagandir kitob o‘qishga, dedim qo‘lim ishga bormay. Hech qancha vaqt o‘tmay shunchaki kitob unga yoqmagan, shunga tokchasida chang bosib yotibdi, menga qaytarish esidan chiqqan xolos, degan o‘y shuurimni qamrab oldi. 

    Ish joyimdagilarning ko‘pi kitob o‘qishga qiziqmas, faqat “Risklar va xatarlar” bo‘limidagi Feruza opa onda-sonda kitob o‘qib turardi. U o‘ttiz besh yoshlar atrofidagi, samimiy va judayam ziyoli ayol edi. Tanaffus paytida undan butun o‘y-fikrimni egallab olgan Markesning mazkur kitobi xususida so‘rab-surishtirmoqchi bo‘ldim.

    −Feruza opa,- dedim oldiga kirib.- Sizdan bitta narsa so‘rasam bo‘ladimi?

    Feruza opa stoli ustidagi bir uyum qog‘ozlarni tartibga keltirayotgandi.

    −Mayli, Humoyun,- dedi u ishidan boshini ko‘tarib.

    −Hajmi uch yuz sakson olti bet bo‘lgan kitobni siz necha kunda o‘qib chiqqan bo‘lardingiz?

    Feruza opa bir oz o‘ylanib turdi-da:

    −Bu qanday kitobligiga bog‘liq. Agar u meni qiziqtirsa, yetti kunda o‘qib tugataman. Agar qiziqtirmasa, bir oyda ham o‘qib tugata olmayman,- dedi.

    Ish davomida xuddi shu savol bilan o‘zimga yaqin bo‘lib qolgan mijozlardan biriga ham murojaat qildim.

    −Xafsala qilsam ikki haftada o‘qib chiqsam kerak,- dedi u ozgina o‘ylanib turib.

    Ish vaqti tugab, uyga qaytayotganimda bu savolni taksi haydovchisiga berganim barchasidan o‘tib tushdi.

    −Ochig‘i, kitob o‘qishga qiziqmayman,- dedi u orqa o‘rindiqni ko‘rsatib turuvchi oynadan menga kulib qarab.

    Uyga kelgach, ichkariga kirmay devorga suyangancha yo‘lakda turdim. Bu turishimdan Nafisa kelganimni derazadan ko‘rgan bo‘lsa, ehtimol kitobni almashtirgani chiqar, degan maqsad bor edi. Yigirma daqiqagacha cho‘zildi bunday turishim. Ammo eshik taqillamadi. Bundan kayfiyatim tushib, shimimning cho‘ntagini kavladim. U yerdan sigaret qutisini oldim. Quti deyarli bo‘m-bo‘sh edi. Ichida baxtimga bir dona sigaret qolgan ekan. Uni labimga qistirib, burnimning tagida gugurt chaqdim. Sigaretni tutatganimcha, kitob javonining oldiga keldim. U erdan bir nechta kitoblarni qo‘limga oldim. Ularning biri ikki yuz ellik to‘rt, ikkinchisi bir yuz sakson uch, uchinchisi bir yuz yigirma to‘rt betdan iborat edi. Shu uchinchisini qoldirib, qolganlarini qaytarib javonga solib qo‘ydim. Kitobni picha qo‘limda ushlab, erinmay boshidan oxirigacha varaqlab chiqdim. Nafisa chiqqudek bo‘lsa, o‘qigani endi shuni tavsiya qilsammikin, degan fikrga xam bordim. 

    Xonada u yoqdan bu yoqqa yuraverish ko‘p o‘tmay oyog‘imni charchatdi. Yana kresloga cho‘kdim. Dori ichganimga boshimdagi og‘riq qolishni boshladi. Lekin yuragim xamon siqilardi. Kresloning chetiga boshimni qo‘yib, bir zumga ko‘zlarimni yumdim. Ko‘z oldimdan Nafisa, uning tashqi ko‘rinishi va fe’l-atvori birma-bir o‘tdi. Shunda o‘n kun ichidagi bezovtalik, asabiylashish, ruhiyatimning yomonlashishi — barchasi uni kutayotganimning hosilasi ekanligini his qildim. Hech kimdan hech narsa kutmaslikka o‘rgangan kamina mana necha kunki uni kutib yashayotgandim. Uni yana oldimga chiqishini, bu yerda menga bir og‘iz gapirishini, yoqimli ovozi shu xona bo‘ylab qisqa vaqtga bo‘lsin taralishini intiqlik bilan kutayotgandim. Darhaqiqat, shunday. Yolg‘on gapirib nima qildim: Markesning kitobini qancha vaqtda o‘qilishini aslida men uchun ahamiyati yo‘q edi.

    Bu xaqiqatni tan olgach, birdan qah-qah urib kulib yubordim. Kulgumda alam, sog‘inch, xijron o‘z ifodasini topgandi. Tinmay kulardim. Borgan sari balandroq va betizgin. Shu payt eshik taqillagandek bo‘ldi. Avvaliga e’tibor bermadim. Tag‘in taqilladi. Uni borib ochishdan oldin haligacha almashtirilmagan ustimdagi ish kiyimimni tartibga keltirdim: bo‘ynimda qiyshayib turgan bo‘yinbog‘imni to‘g‘riladim, ko‘ylagimning osilib yotgan tugmalarini qadadim. Keyin, eshikni ochdim. Ostonada qo‘liga kitob ushlagancha Nafisa turardi. 

    −Qiyinchilik bilan o‘qib tugatdim,- dedi u qo‘lidagi kitobni menga ko‘rsatarkan jilmayishga harakat qilib.- Markes meni rosa ter to‘kishga majbur qildi…

    Sherzod Ortiqov

    Avvalgi sahifaChIN MUHABBAT
    Keyingi sahifaYIG‘I
    Ulashish

    Javob yozing

    Izoh yozing
    Ismingizni kiriting