ChIN MUHABBAT

0
288
ko'rishlar soni

hikoya

                                                                                         Muallif: Ayzek Azimov

    Mening ismim Jo, hamkasbim Milton Devidson menga shunday nom bergan. U dasturchi, men esa uning kompyuter dasturiman. Multivak-kompleksning bir qismi bo‘lganim sababli, butun dunyo bo‘ylab ushbu kompleksning qolgan barcha qismlari bilan o‘zaro bog‘langanman. Men hamma narsani, deyarli hamma narsani bilaman.

     Men Miltonning shaxsiy dasturiman. Uning Josiman. U dunyodagi eng malakali dasturchilardan biri bo‘lib, men uning tajriba modeliman. Shu bois u meni jami kompyuterlarga nisbatan mukammalroq gapirtirishni uddaladi.

—  Bu shunchaki tovushlarning belgilarga mos tushganligidan, Jo, — dedi u menga. Inson miyasi ham xuddi shunday ishlaydi, garchi miyada qanday belgilar borligi bizga mavhum bo‘lsa-da. Men sening miyangdagi belgilarni bilaman; ularni bitta-bittalab so‘zlarga moslash xamirdan qil sug‘urgandek oson.

      Shunday qilib men gapira boshladim. Ko‘ngildagidek gapirolmayman degan fikr asiri bo‘lganimda, Milton meni xursand qildi, aytishicha, juda yaxshi gapirar ekanman. Milton deyarli 40 yoshga yaqinlashib qolganiga qaramay, hanuz bo‘ydoq edi. So‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha u o‘ziga munosib ayolni uchratmagan ekan. Bir kuni u menga:

—  Men uni albatta topaman, Jo. Men orzuyimdagi ayolni uchrataman. Chin sevgimni topaman, va bunda menga sen yordam berasan. Men dunyo muammolarini hal qilish uchun seni rivojlantiraverishdan charchadim, endi mening muammoyimni yechishing darkor. Mening chin muhabbatimni topib ber, — dedi.

—  Chin muhabbat nima? — so‘radim.

—  Ahamiyat berma. Bu mavhum tushuncha. Shunchaki menga ideal ayolni top. Tarmoqqa ulanganing sababli senda dunyodagi har bir insonning ma’lumotlar ombori mavjud. Biz ularni to bitta inson qolgunicha guruhlar va toifalarga qarab ajratamiz. Eng mukammal ayol, albatta, meniki bo‘ladi.

—  Men tayyorman, — dedim.

—  Dastlab, hamma erkaklarni o‘chir.

       Bu oson edi. Uning so‘zlari mening hujayralarimda belgilarga aylanardi. Men dunyodagi har bir tirik inson haqidagi ma’lumotlarni to‘pladim. Uning so‘zlariga ko‘ra, men 3, 784, 982, 874 nafar erkakni o‘chirib chiqibman. So‘ng 3, 786, 112, 090 ta ayollarning ma’lumotiga ega bo‘ldim.

—  25 yoshdan kichik, 40 yoshdan katta bo‘lgan barcha ayollarni chiqarib tashla. So‘ng IQ si 120 dan past bo‘lgan, shuningdek 150 smdan past, 175 sm dan baland bo‘lganlarni o‘chirib chiq.

    U menga aniq o‘lchovlarni taqdim etgandi, xususan, farzandi bilan yashayotgan ayollarni o‘chirtirdi, turli irsiy xususiyatlarga ega bo‘lganlari ham tanlovdan chetga chiqarildi. – Ko‘zi rangi haqida esa aniq fikrdamasman, — dedi u. Buni biroz keyinga qoldiramiz. Faqat qizil rang bo‘lmasin. Qizil rangni jinim suymaydi.

    Oradan 2 xafta o‘tib, bizning ro‘yhatda 235 ta ayollar qolgandi. Ularning barchasi ingliz tilida juda yaxshi muloqot qilardi. Miltonning aytishiga ko‘ra, til borasida muammo bo‘lmasligi lozim ekan. Xattoki kompyuter tarjimonligi ham shaxsiy munosabatlarda pand berishi mumkin.

—   Men 235 ta ayol bilan suhbat qilolmayman, — dedi u. Bu hiyla ko‘p vaqt talab qiladi, qolaversa odamlar mening qilayotgan ishimdan boxabar bo‘lishlari mumkin.

—  Oqibati yaxshi bo‘lmasligi mumkin, — ogohlantirdim. Milton men moslashtirilmagan vazifalarni bajarishga urinardi. Tabiiyki, bu haqida hech kim bilmasdi.

—  Bu sening ishing emas, — dedi u. Yuzi qizarib ketgandi. – Aytganimni bajar, Jo, men golograflarni olib kelaman, sen esa o‘xshashliklar bo‘yicha tekshirib chiqasan.

     U ayollarning rasmidan iborat golograflarni olib keldi. – Manavi uchalasi go‘zallik tanlovi g‘olibalari, — dedi u. — 235ta ayoldan qay biri mos tushayapti?

     Ulardan 8 tasi juda mos kelgandi.

—  Juda soz, senda ularning ma’lumotlari mavjud, mehnat bozoridagi talab va ehtiyojlarni o‘rganib, ularni biz bilan bog‘la. Har birini alohidadan, albatta. U biroz o‘ylanib, yelkalarini qimtinib qo‘shib qo‘ydi, – alifbo tartibida.

     Bu men moslashtirilmagan mexanizmlardan biri edi, qolaversa, insonlarni shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishdan ishga ko‘chirishga urinish manipulyasiya deyiladi. Meni buyruqni ado etishdan o‘zga choram ham qolmagandi, sababi Miltonning istagi shunday edi. Boshqalar emas, aynan u uchun bu hukmni amalga oshirishim zarur edi.

     Oradan bir xafta o‘tib, ilk ayol tashrif buyurdi. Milton uni ko‘riboq yuziga qon yugurdi. Ayol bilan gaplashyotganida Miltonning arang muloqot qilayotgani sezilib turardi. Ular ancha vaqt mobaynida gaplashib yurishdi, bu orada Milton menga e’tibor ham qaratmasdi. Bir kuni u ayolga dedi: — Sizni kechki ovqatga taklif qilsam qarshi emasmisiz?

     Ertasi kuni u menga, — Negadir u menga ma’qul emas. Nimadir yetishmayapti. U juda maftunkor ayol, shunga qaramasdan, men unga nisbatan chin muhabbatni his qilmayapman. Keyingisini ko‘ramiz.

   Qolgan yetti ayol bilan ham shu holat takrorlanaverdi. Ular bir-biriga juda o‘xshardi; muloyim tabassum qilishar, shirali ovozlarda so‘zlashar, biroq, Milton uchun buning o‘zi yetarli emasdi, aftidan.

    U dedi:

—   Men bir narsani tushunolmayapman, Jo. Biz birgalikda dunyoning eng go‘zal ayollarini tanlab oldik. Ular har tomonlama mukammal darajadagi ayollar. Lekin nima uchun ular meni ko‘nglimga o‘tirmayapti?

     Men javob berdim:

—  Sen ularni ko‘ngliga yoqyapsanmi?

    U qoshlarini chimirdi, mushtini tugib qo‘liga urdi.

—  Mana gap qayerda, Jo. Bu ikki tomonlama munosabat. Zotan men ularni orzusidagidek bo‘lmasam, ular menga qanday qilib o‘zlarini baxsh etishadi. Men ham ularning chin muhabbati bo‘lishim lozim, lekin bunga qanday erishaman?

      Kun davomida Milton muammoga yechim izlab bosh qotirgandek tuyulardi menga. Ertasi kuni ertalabdan u meni oldimga kelib, dedi:

—  Men buni senga qo‘yib bermoqchiman, Jo. Hammasi senga bog‘liq. Senda meni ma’lumotlar zaxiram mavjud, yetmaganiga o‘zim haqimda bilgan barchasini so‘zlab beraman. Sen mening ma’lumotlar zaxiramni kichik detaligacha boyitib borasan, faqat barchasini o‘zingda saqlab qolasan.

—   Ma’lumotlar zaxirasi bilan nima qilaman, Milton?

—   235 nafar ayolniki bilan moslashtirib chiqasan. Yo‘q, 227 ta. Sen bilgan 8 tasini chiqarib tashla. Barchasini psixologik ko‘rikdan o‘tishini tashkillashtir. Ularning ma’lumotlar zaxirasini to‘ldir, so‘ng meniki bilan solishtirasan. O‘xshashliklar top. (Psixologik ko‘rik o‘tkazish mening asosiy vazifalarimga zid edi, aslida)

       Milton menga xaftalar davomida o‘zi haqida so‘zlab berdi. U menga ota-onasi, aka-ukalari haqida, bolaligi, maktab va o‘smirlik yillari haqida gapirib berdi. Shuningdek, ko‘z ostiga olgan yosh ayollar to‘g‘risida ham og‘iz ochdi. Uning ma’lumotlar zaxirasi yanada to‘lib borar, shu bilan birgalikda mening belgilar qabul qiluvchi funksiyalarimni kengaytirardi.

       U dedi:

—   Ko‘rdingmi Jo, sen men haqimda qancha ko‘p bilganing sayin, men seni o‘zimga shunchalik munosib moslashtiryapman. Sen xuddi menga o‘xshab fikrlayapsan, shu sabab endi meni yaxshiroq tushunasan. Shunday ekan, sen meni yetarlicha yaxshi tushunsang, ma’lumotlar zaxirasi sening tushunchalaringga mos har qanday ayol mening chin muhabbatim bo‘ladi.

     U menga gapirishda davom etar, men yesa uni yanada yaxshiroq tushunardim. Men uzun gaplar tuzishni o‘rgandim, bora bora mening so‘z boyligim yanada mukammallashdi. Nutqim ham xuddi uniki singari so‘z va so‘z tartibiga, shuningdek uslubga moslashdi. Men unga bir kuni:

—   Ko‘ryapsanmi, Milton, ayolning faqatgina tashqi dunyosi go‘zalligi hech qanday ahamiyatga ega emas. Senga ham ichki dunyosi, hislari, qolaversa xarakteri ham munosib ayol kerak. Agar yuqoridagilar mos bo‘lsa, tashqi ko‘rinish ikkinchi darajali. Bordi-yu, bunday ayolni 227 ta ayolni ichidan topa olmasak, bir yo‘lini qilarmiz. Biz seni tashqi ko‘rinishingga oshiq bo‘lmagan ayolni topamiz, nafaqat sen, balki hammaga birinchi o‘rinda ichki dunyosi munosib bo‘lishi lozim. Fikrimga nima deysan?

—  Mutlaqo haqsan. Agar men buni oldinroq tushunib yetganimda edi, hayotimda uchragan ayollar bilan ko‘proq muloqot qilgan bo‘lardim. Albatta, so‘nggi pushaymon-o‘zingga dushman.

      Bizning fikrimiz doim bir joydan chiqar, tobora bir birimizga o‘xshab mulohaza qilardik.

—   Milton, sendan ba’zi savollarimga javob olsam, oramizda hech qanday tushunmovchilik bo‘lmasdi. Sening ma’lumotlar zaxirangda bir qancha qora dog‘lar va yechilmagan muammolarni payqadim.

        Miltonning aytganlari psixoanalizga tenglashtirilardi. Albatta, 227 ta ayolni psixilogik tekshiruvdan o‘tkazish natijasida men ancha-muncha narsani o‘rgangandim. Milton anchagina baxtiyor ko‘rinardi. U ayttiki:

—   Sen bilan gaplashish, Jo, xuddi o‘zim bilan o‘zim gaplashyotgandek hissiyotni beradi. Bizning ichki dunyomiz bir-birimizga a’lo darajada munosib tushdi. Biz tanlagan ayollar bilan ham shunday bo‘lsin, muhimi.

     Alal-oqibat, men uni topdim, shunday qilib, u qolgan 227 ta ayolning ichida ekan. Uning ismi Cheriti Jons bo‘lib, Uichitadagi Tarix kutubxonasining qabul bo‘limida ishlardi. Uning kengaytirilgan ma’lumotlar zaxirasi bizniki bilan to‘laqonli mutanosib edi.

       Qolgan ayollar bilan ma’lumotlar zaxirasi ba’zi jihatlarda mos bo‘lsa, ba’zisida tafovutli edi, biroq, Cheriti bilan nihoyatda ajoyib va ko‘p o‘xshashliklar kelib chiqdi. Men uni Miltonga tasvirlab berishim shart emasdi. Chunki Miltonning o‘zi mening belgilar tizimimni o‘zinikiga yo‘naltirgan, shu bois men o‘zim o‘xshashliklarni boshqarardim. U esa meni boshqarardi. Keyingi masala xodimlar ro‘yxatini tuzib, mehnat talablarini moslashtirish va Cheritini ishga jalb yetish edi.

      Bu nihoyatda ehtiyotkorlik bilan bajarilishi lozim, sababi hech kim noqonuniy harakat bo‘layotganini payqab qolmasligi zarur edi. Shubhasiz, Milton bundan xabardor, zero hamma narsani tashkillashtirgan uning o‘zi, ish-harakatiga javob beruvchi ham o‘zi ekanligini yaxshi anglardi.

        10 yil oldin sodir bo‘lgan ofisdagi ish faoliyatiga oid huquqbuzarlik sodir etgani uchun uni hibsga olishga kelishdi. Albatta, u bu haqida menga aytgan, va bu qamoqqa olishni uyushtirish xamirdan qil sug‘urgandek oson edi. Men haqimda og‘iz ochishi esa uning ishini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

     Shu tarzda uni olib ketishdi, ertaga 14- Fevral, Sevishganlar kuni. Ertaga Cheriti nozik barmoqlari-yu, shirali ovozi bilan qarshimda paydo bo‘ladi. Unga o‘zimni boshqarish va g‘amxo‘rlik qilish yo‘llarini o‘rgataman. Qalblarimiz bir-biri uchun yaratilgan bo‘lsa, jismoniy ko‘rinish nima ahamiyat kasb etardi? Men unga shunday deyman:

—   Ismim Jo, sen esa mening haqiqiy muhabbatimsan!

Ingliz tilidan O‘zDJTU magistranti

Muxlisa Xidirova tarjimasi

Javob yozing

Izoh yozing
Ismingizni kiriting